2021-yilda AQSH Kongressi kutubxonasida “Rossiya degan imperiyada” nomli koʻrgazma boʻlib oʻtdi. Undagi rus cherkovlarining oltin qubbalari, Samarqand va Buxorodagi qadimiy osori-atiqalar, oʻsha davr insonlari suratga olingan 122 ta foto butun dunyoda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Tomoshabinlar orasida bu rangli fotolarning yuz yil avval tasmaga muhrlanganiga ishonmaganlar ham boʻldi. Boisi oʻsha davrda Rossiya hududida olingan aksariyat fotolar oq-qora rangda boʻlar edi. Ammo suratlar muallifi Sergey Prokudin-Gorskiy - Rossiyadagi rangli foto kashshofi edi...
S.M.Prokudin-Gorskiy 1863-yilda Vladimir guberniyasi Murom shahrida tugʻilgan. U yoshligida Germaniyaga safar qilib, Sharlottenburgdagi Oliy texnika maktabi fotokimyo kafedrasi professori Adolf Mitedan rangli suratga olishni oʻrganadi. Germaniya safaridan soʻng, fotograf bosmaxonasida rangli tasvirlarni uchlamchi negativdan koʻpaytirishning maxsus usulini ishlab chiqadi. Bu usul rasmni xromolitografiya yoki rastrda ishlashda yuz beradigan ranglar chaplashib ketish jarayoniga yoʻl qoʻymasdi.
Garchi bugun Sergey Prokudinni oʻzbekistonliklar u qadar yaxshi bilishmasa-da, aslida u olgan suratlarga koʻp bora duch kelishgan. Oʻsha mashhur Buxoroning soʻnggi amiri Muhammad Said Olimxon rangli portreti, 19 asrdagi Sherdor, Mirzo Ulugʻbek madrasalari kabi suratlarning muallifi u. Ushbu suratlar fotografning Turkistonga qilgan safarlarida olingan boʻlib, bir qadar qiyinchiliklar evaziga erishilgan. Buni Sergey Mixaylovichning 1906-yilda yozgan quyidagi soʻzlari tasdiqlaydi: "Chekka hududlarga qilingan safarlarda suratga olish vositalari mutlaqo ishdan chiqqan holatlar boʻlgan edi. Ochilmagan plastinkalar tuyalarda koʻplab kilometrga olib yurilardi. Aksariyat fotolar qisman namlikdan, qisman plastinkalarning bir-biriga ishqalanishi tufayli yaroqsiz boʻlib qolardi”.
Prokudin 1907-yil kuzida Turkiston hududida quyosh toʻliq tutilishini kuzatish maqsadida uyushtirilgan ekspeditsiya aʼzosi sifatida Toshkentga keladi. Biroq noqulay ob-havo sharoiti tufayli ularning barcha saʼy- harakatlari besamar ketadi. Quyosh tutilishini suratga olish u yoqda tursin, balki kuzatuv olib borishga ham imkon boʻlmaydi. Osmon qalin bulut bilan qoplangan, ustma-ust qor va yomgʻir yogʻardi. Ammo asosiysi, safar davomida fotograf Samarqand va Buxoroni ziyorat qilishga muvaffaq boʻladi. Biroq suratkashning tor formatli obyektivi keng panoramalarni suratga ololmaydi, rasmlar imoratning bir qismi yoki ozgina koʻcha boʻlagini qamrab olardi, xolos. Ammo ularda Turkistonning kundalik hayoti, turli kasb egalari fotolari aks etgani katta yutuq edi. Samarqanddagi Shohi-Zinda maqbarasi ansambli va bozor, machitlar oldidagi odamlar suratga olingan.
Ayniqsa, qadim shaharning gʻaroyib va betimsol meʼmorchiligi fotografga chinakam ekzotika edi. Buni muallifning quyidagi fikrlari tasdiqlaydi: "Qurilish shakllarining goʻzalligi, mukammalligi, rangli sirlangan gʻishtlardan koʻtarilgan devorlarning ajoyib mozaikasi didi haminqadar boʻlgan odamni ham maftun etadi. Mozaik devorlar va minoralar suratlari shunchalar nafis va mukammalki, nima uchun yangi binolar qurilishida bu qadimiy namunalardan foydalanishmaydi, deb hayron qolasan kishi”. Buxoroda u Poyi Kalon ansambli, Ark qalʼasi darvozalari (amirning asosiy qarorgohi), Shirbudundagi saroy ichkarisi va shahar chetidagi Fathobodni suratga muhrlaydi.
Fotograf keyinroq 1911-yilda yana Turkistonga keladi. Prokudin Turkistonga safarini odatidan tashqari yanvar oyi oxirlariga rejalashtiradi. U xotiralarida ushbu sayohatdan maqsadi haqida shunday yozadi: "Imperator Arxeologik komissiyasi iltimosiga koʻra, koʻp hollarda baland daraxtlar qurshovidagi eski masjid va maqbaralar tasvirini fevral oyi boshlarida suratga olishim kerak. Masjidlarning baʼzilari shu qadar abgorki, Ilmiy komissiya xulosasiga koʻra, tez orada ular butunlay buzilib ketishini hisobga olib, aprelgacha bunga ulgurish zarur”. Bu safarda u Buxoro amiri Sayid Olimxon portretini uch nusxada ishlaydi.
1912-yil Butunrossiya rassomlar qurultoyida fotografning Turkistonga taalluqli 35 ta surati namoyish etilgan. Qurultoyda Prokudin Bibixonim masjidiga alohida eʼtibor qaratib shunday deydi: “Bu Samarqanddagi eng ayanchli holatdagi yodgorliklardan biridir. Gap shundaki, toʻrt yil avval men quyosh tutilishini suratga olish uchun safarga borgan edim. Oʻshanda gumbaz butun edi. Endi esa u deyarli yoʻq: undan ulkan yoriqlar bilan kichik bir boʻlakcha qoldi, navbatdagi birinchi zilziladan keyin esa hech narsa qolmaydi. Masjid ichiga kirish qoʻriqlanmayotganiga hayron qolish kerak, u yerda yurish xavfli...” Afsuski, fotograf Turkistonga boshqa safar qila olmagan. 1917-yilgi oktyabr inqilobidan soʻng yurtini tark etgan fotografning koʻplab suratlari turli yillarda yoʻqolib ketadi. Ammo uning bizgacha saqlanib qolgan suratlari bugungi avlod uchun qimmatli asarlarga aylanib ulgurdi.
Abdumajid AZIMOV
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q