Yangi do‘mbiraga ehtiyoj bormi?


Saqlash
17:03 / 10.03.2022 3283 5

Yaqinda radioda efirga uzatilgan bir xabar e’tiborimni tortdi. Unda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan baxshichilik san’atini rivojlantirishga bag‘ishlangan anjumanda zamonaviy ko‘rinishdagi yangi do‘mbira cholg‘usi taqdim etilibdi. Qiziq, hozirgi paytda ham velosipedni qayta kashf qilish mumkin ekan. Axir, qadim zamonlardan beri yashab kelayotgan milliy cholg‘umiz – do‘mbira o‘z sadosi bilan millionlab odamlarning yuragiga kirib borgan-ku, qulog‘imiz o‘rgangan-ku. Shunday ekan, yangi do‘mbira yaratishga ehtiyoj bormikan? Savolimizga javob olish maqsadida uzoq yillardan buyon xalq og‘zaki ijodini o‘rganib kelayotgan folklorshunos O‘ktam HAKIMOVga murojaat qildik.

 

– Siz ko‘p baxshilar qatori el orasida mashhur bo‘lgan do‘mbira yasovchi ustalarni ham yaxshi bilasiz. Ular haqidagi ma’lumotlarni kitoblaringizga kiritgansiz. Biz bilan ham do‘mbira yasash haqidagi bilganlaringizni o‘rtoqlashsangiz.

 

– Yigirma yildan beri ko‘pdan ko‘p baxshilar, do‘mbira yasovchi ustalar bilan gurunglashganman. Baxshilar og‘zidan terma va dostonlarni yozib olganman. Do‘mbiraning qanday yasalishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Bu haqda “Yuragimning jo‘ri bo‘lgan do‘mbiram” nomli kitobimda ham aytib o‘tganman.

 

Do‘mbira xalqimizning juda qadimiy cholg‘u asbobi, ko‘plab cholg‘u asboblarining onasi deb aytsak, xato qilmaymiz. Milliy dutorimiz, qozoqlarning dombrasi, ruslarning domrasi aynan bizning qadimiy do‘mbiramizdan ulgu olib yasalgani turli tarixiy manbalarda keltirilgan. Buni xorijiy va mahalliy olimlar ham e’tirof etishgan.

 

– Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizda baxshilar, do‘mbira yasovchi ustalar, hunarmandlar haqida muntazam foto va vedio ma’lumotlar joylab borasiz. Xo‘sh, do‘mbira cholg‘usi yasashning qanday sir-asrorlari bor?

 

– Ota-bobolarimiz do‘mbirani faqat mevali daraxtning yog‘ochidan yasab kelgan. Ustalar kech kuzda – noyabr oyi oxiri dekabrning avvalida, hamma dov-daraxtlar uyquga ketganda, meva bermay qolgan daraxtni kesishgan. Do‘mbira yasaladigan yog‘och kamida olti oydan to‘qqiz oygacha, ba’zan bir yilgacha yerga ko‘mib qo‘yilgan. Odatda bitta do‘mbira tayyor bo‘lib, baxshining qo‘liga yetib borguncha kamida ikki yilcha vaqt ketar ekan.

 

 

Do‘mbirasoz ustalardan biri Normurod aka Shaydilov qiziq bir voqeani aytib bergan edi. Usta uzoq yillar boshqa sohada mehnat qilgan. Bir kuni tushiga do‘mbira yasovchi ustalarning ustozlaridan biri Toji bobo Olloyorov kirib, do‘mbira yasang, faqat mevali daraxtdan yasang deb, ustaga do‘mbira yasashning sir-asrorlarini aytgan ekan. Normurod akaning bu gaplarini eshitib o‘ylab qoldim. Do‘mbira yasashda ham bir ilohiylik borday. Fikri ojizimcha, hamma ham baxshi bo‘la olmaganiday, hamma ham do‘mbirasoz usta bo‘lolmaydi. Aslini olganda, baxshi ham, jirov ham, do‘mbira yasaydigan ustalar ham tanlangan odamlar bo‘ladi.

 

Albatta, vaqt hamma narsaga o‘z ta’sirini o‘tkazgani singari do‘mbirani ham o‘zgartirgan. Avvallari do‘mbiraning tori qo‘yning ichagidan yasalgan. Baxshilar auditoriyasi kengayib borgani sari do‘mbiraning sadosi ham baland chiqishi talab etilgan. Shuning uchun ham hozirgi plastik torlarga ehtiyoj sezilgan. Qaysidir ma’noda do‘mbira zamon talablariga moslashgan bo‘lsa-da, bu narsa do‘mbira sadosiga ham, tuzilishiga ham ta’sir qilmagan.

 

– Andijonlik usta tomonidan yasalgan, Milliy baxshichilik san’atini rivojlanish bosqichlari mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida taqdimoti o‘tkazilgan do‘mbira haqida qanday fikrdasiz? Bilishimizcha, siz mazkur konferensiyada qatnashgan, yangi do‘mbira haqida so‘z aytgan ekansiz, shundaymi?

 

– Zamonaviy do‘mbira yasagan usta Abdumalik Madraimov o‘z ishining ustasi, mohir mutaxassis. Ustaning mahoratiga zig‘ircha ham shubham yo‘q. YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni ro‘yxatga olish loyihalarida ekspert bo‘lib ishtirok etgan chog‘larimda Abdumalik Madraimovning ustaxonasiga borganman. G‘ijjaki Boburiy, Dilnavo, Xushnavo kabi qadimiy cholg‘ularga qayta hayot baxsh etgan usta sifatida bilaman.

 

U  kishi yasagan  yangi do‘mbira haqida ba’zi fikrlarimni aytsam, birinchi navbatda yangi do‘mbiraning tashqi ko‘rinishi menga noodatiy tuyuldi. Gap bu yerda do‘mbiraning o‘lchami haqida ketayotgani yo‘q. Qaysidir usta do‘mbiraning dastasini uzunroq, boshqa birovi kaltaroq yasashi mumkin. O‘lcham qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, do‘mbira yasashning an’anaviy yo‘llari buzilmasligi kerak. Asosiysi, qo‘l mehnati saqlab qolinishi shart. Bugungi zamonda do‘mbirani dastgohlarda yasab tashlashdan oson ish yo‘q, albatta. Lekin qo‘lda qilingan mehnatda esa gap ko‘p. Aytib o‘tganimday, YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni ro‘yxatga olish talabi ham shu. Bitta usta bir yil davomida o‘n dona do‘mbira yasadi, deylik. Biroq uning do‘mbiralari hech qachon bir xil chiqmaydi. Birovining o‘lchamida, birovining tovushida, albatta, farq bo‘ladi. Bu avvalo, do‘mbira yasalgan daraxtga, qolaversa, ustaning yurak qo‘ri, mehriga bog‘liq.

 

Bizda turli xil dostonchilik maktablari bo‘lgan. Masalan, Surxondaryoda Sherobod, Kofirun, Qashqadaryoda Qamay, Chiroqchi, Shahrisabz, Samarqandda esa Bulung‘ur va Qo‘rg‘on maktabi vakillari aynan do‘mbira chertib doston va termalar aytib kelishgan. Har bir maktab vakilining ijro uslubi, repertuari, ovoz, ohang, nag‘masida, hatto chertayotgan do‘mbirasida ham o‘ziga xos jihatlari bo‘lgan. Aytaylik, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining uy muzeyida baxshi chalib aytgan do‘mbirasi bor. U juda ixcham va kichkina. Do‘mbiraning uzunligi taxminan qirq-ellik santimetr. Savol tug‘iladi: kattaroq do‘mbira yasash uchun yog‘och yetishmay qolganmi? Yo‘q, bu maktab a’ananalari bilan bog‘liq jarayon. U ham ota-bobolari, ustozlari chertgan shakl-shamoyildagi do‘mbirani ma’qul ko‘rgan. Ya’ni an’analar saqlanib qolgan.

 

Abdumalik Madraimov yasagan do‘mbiraga esa zamonaviy bo‘yoqlarda ishlov berilgan, ya’ni loklangan. Meningcha, bu do‘mbiraning sadosiga salbiy ta’sir qiladi. Maqsad do‘mbiraning tashqi ko‘rinishini chiroyli qilish kerak bo‘lganda, ming yillar ilgari ota-bobolarimiz tabiiy ranglarda uni chiroyli qilib bo‘yagan bo‘lardilar. Do‘mbira yasashning ham o‘z an’analari, sir-asrorlari bor. Qolaversa, ilohiy kuchning ham ta’siri katta. Usta Abdumalik Madraimov yasagan do‘mbiraning ham yaxshi tomonlari bordir. Har qanday musiqiy cholg‘u aniq soz berishi kerak. Musiqa tili bilan aytganda, falsh ovoz bo‘lmasligi lozim. Bu borada Abdumalik Madraimov professional usta. Shu kungacha do‘mbira yasab yurgan ustalar bilan maslahatlashib, ular bilan hamfikrlikda an'anaviy uslubda do‘mbira yasasa, menimcha,  nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

 

– Konferensiyada Abdumalik Madraimov yasagan do‘mbirani baxshilar chertib ko‘ribdi. Ularning bu haqdagi fikrlari bilin qiziqib ko‘rmadingizmi?       

 

– Baxshi eli tortinchoq, og‘ir va vazmin keladi. Davralarda fikrlarini ochiq-oydin aytishdan tiyilib turadi. O‘sha kuni ham baxshilarimiz tomonidan na yaxshi, na salbiy gap aytildi, hisob. O‘zbekiston xalq baxshisi Abdumurod Rahimov o‘sha yerda yangi do‘mbirani chertib ko‘rgan edi. Baxshining aytishicha, yangi do‘mbirada nimadir yetishmaganday bo‘lib tuyulibdi. Xuddi dutorga o‘xshab qolganday, ovozi ham boshqacharoq emish. Qisqasi, yangi do‘mbira baxshining ko‘nglidan joy ololmabdi.

 

– YuNESKOning nomoddiy madaniy merosni ro‘yxatga olish ishlarida ekspert sifatida qatnashgansiz. Aslida YuNESKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritilishi uchun qanday talab va qoidalari mavjud?

 

– Nomoddiy madaniy merosimiz beshta  asosiy yo‘nalishdan iborat. Uning aynan beshinchi yo‘nalishi a’nanaviy hunarmandchilik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalarni o‘z ichiga oladi. Musiqiy cholg‘u asboblarini yasash ham shular jumlasidan. Lekin YuNESKO tomonidan qo‘yiladigan bir qator talab va tartib-qoidalar ham bor. Masalan, nomoddiy madaniy meros sifatida ro‘yxatga olinayotgan element, u xoh cholg‘u asbobi bo‘lsin, xoh ijro sa’nati bo‘lsin hozirgi kunda ham yashayotgan bo‘lishi shart. Faqat yashayotgan narsalargina zamonga moslashishi mumkin. Zamonga moslashishning ham o‘z tartib va talablari bor. An’anaviy usullar va yo‘llar saqlanib qolishi lozim. Shu ma’noda do‘mbira yasashda ham qadim zamonlardan buyon avloddan-avlodga o‘tib, yashab kelayotgan an’analar saqlanmog‘i darkor. Bundan qilinadigan xulosa shuki, do‘mbiramizni ko‘z qorachig‘imizday asrab-avaylashimiz kerak.

 

Azim RO‘ZIYEV suhbatlashdi

5 Izohlar

Abdullayev Ravshanjon Tadqiqotchi

06:01 / 01.01.1970

Men asli Qashqadaryolikman. Yoshligimdan qulog'imga ohangrabodek jaranglab turgan bu cholg'u bobom menga yaralish tarixi-yu ijro imkoniyatlari haqida yetarlicha gapirib berganlar. O'zim ham katta bo'lganim sayin do'mbrani chalib kelaman. Hozirga doktorlik ilmiy faoliyatim ham shu Do'mbra cholg'usi haqida. Do'mbra Odam Ato va Momo Havoyimiz yaratilgan lahzada dunyoga kelgan bo'lib, Cholg'usozlar asosi hisoblanadi. Endi bitta savol tug'iladi , jamiki sozlarning yaratilishiga asos bo'lgan Do'mbrani o'zgartirib yangicha ko'rinish berilsa boshqa sozlarni nima qilmoqchisiz? Demak, javobi yo'q savol. keling siz boshqa bir cholg'u yaratish musiqa madaniyatiga arzirli xissa qo'shing, Lekin Do'mbraning hozirgi holatini buzib yangicha ko'rish berishga qo'l urmang. Men qarshiman. Shu o'rinda aytib o'tmoqchimanki Folklorshunos tadqiqotchi Ustoz O'ktam aka Hakimov ijodi o'xshagan ishlar butun Baxshichilik va Do'mbra cholg'usini ommalashishiga hamda insoniyat tarixida bor me'roslar o'z yurtimizdan ekanligi faxr tuyg'usini xis ettiradi

Vohidjon Saidov

06:01 / 01.01.1970

Xalqimizda bir gap bor "Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin" deb. Biron bir narsaga o'zgartirishni maqsad qilgan inson eng avvalo shu narsalarning ustalariga murojaat qilib fikr almashgani yaxshi bo'lar edi. Aynan ko'rinish jihatdan ming yillardan beri o'zgarmay kelayotgan bu do'mbira cholg'usi o'z ovozi, o'z ko'rinishi va albatta o'z tarixiga ham ega. Mening maslahatim bu cholg'ularning ko'rinishiga e'tibor bergandan ko'ra xalq orasida keng targ'ib etilishiga kuchliroq e'tibor qaratgan ma'qul.

Алишер

06:01 / 01.01.1970

Фольклоршунос Ўктам Ҳакимовнинг шу номдаги мақоласини ўқиб, анча вақтгача ўйланиб юрдим. Бу ҳақда фикр билдириш учун, бироз вақт ўтишини кутдим, чунки ўша пайтда бирон нарса деганимда кимларнингдир кўнглини оғритиб қўйишим аниқ эди. Энди гапнинг индаллосига келадиган бўлсам, янги дўмбирага асло эҳтиёж йўқ!!! Сабаби минг йилдан буён бахшилар қўлида сайраб, унга илҳом бераётган дўмбира созини ўзгартириш, миллатга, унинг қадриятларига хиёнат билан тенгдир. Ҳатто собиқ иттифоқ давридаги мафкурачилар ҳам бу ишга жазм этмаганлар, яъни дўмбира созига ўзгартириш киритилмаган. Хўш мустақиллик даврида, дўмбира ўзгатириладими? Бу кимга ва нимага керак? Кимгадир янги соз керак бўлса майли ясайверсин, лекин дўмбира созини тинч қўйишсин. Бу борада фольклоршунос олимларимиздан, фидойиликни, ватанпарварликни кутиб қоламиз, улар шу соҳанинг эгаси сифатида миллатимизнинг қадриятларидан бири бўлган дўмбира созини асл ҳолида сақлаш учун бор билим ва тажрибаларини ишга соладилар деб ўйлайман. Хулоса қилиб айтганда, бу масала бир ёки ики кишининг фикри билан тўхтаб қолмасдан, барча миллий қадриятларини ҳурмат қилувчи юртдошларимиз муҳокама қилишса кўнгилдагидек иш бўлар эди.

Матлюба

06:01 / 01.01.1970

Думбирани қандай тури бўлмасин агар бахши уста бўлса унга фарқи йўқ қандай дўмбира бўлиши.

Shavkat Abduraxmonov

06:01 / 01.01.1970

Андижон чолғу усталари ясашган янги кўринишдаги чолғу созлари менга ёққан . Айтилишича Бахшилар чалиб кўришибди , овоз ўхшамаса , кўриниш дуторга ўхшаган бўлса Бу чолғуни дўмбира деб аташни нима кераги бор экан... Мени фикрим : ўша уста Бахшилар билан хамкорликда , яъни бирга ишлаб маслахатлар га қулоқ тутиб чолғуни ясаганда яхши иш бўларди. Демоқчиманки дўмиранинг янги (Обновление) кўриниши ёмон бўлмаса керак.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16145
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi