“Sinchalak”ning Olmoniyaga safari


Saqlash
16:10 / 10.03.2022 2279 0

 

Zabardast adib Abdulla Qahhor o‘z zamonasida yuz bergan yangiliklarga, ijobiy o‘zgarishlarga, o‘sha davr ta’biri bilan aytganda, xalqning ozodligi va mehnatkashlarning farovonligiga muxolif bo‘lgan toifani ochiq-oydin qoraladi. Darhaqiqat, u yozuvchi sifatida ma’naviy qashshoqlik, ongsizlik, jaholatga butkul qarshi edi. Bunday qusurlar jamiyatni fojiaga yetaklashini yaxshi bilardi. Shuning uchun u o‘z asarlari orqali, avvalo, ma’rifatsizlikka qarshi kurashdi. “Sarob”, “Qo‘shchinor chiroqlari”, “Sinchalak”, “Shohi so‘zana”, “Og‘riq tishlar”, “Tobutdan tovush” va boshqa ko‘p asarlarida halol insonlarni ulug‘lab, faqat o‘z manfaatini o‘ylaydigan mansabparast, xudbin kishilarni, boylik uchun hech qanday gunohdan qaytmaydigan shaxslarni qoraladi, shafqatsiz tanqid ostiga oldi. Shu tariqa u ham mohir so‘z ustasi, ham hayot haqiqatini teran anglaydigan donishmand hamda halol kurashchi sifatida xalqimiz mehrini qozondi.

 

Uning asarlari xorij tillariga tarjima qilindi. E.Bryummer uning “Sinchalak” qissasini olmon tiliga o‘girib, 1961-yili chop ettirdi. Kitob 1962-yili qayta bosildi.

 

Tarjimon bejiz “Sinchalak”ni tanlamagan, albatta. Qissa qahramoni bo‘lmish Saida sodda, samimiy, nozik, lekin bilimli, o‘z haq-huquqini yaxshi biladigan, atrofda ro‘y berayotgan voqealarga mustaqil fikr-munosabatga ega, o‘zaro qarama-qarshiliklarni yengib o‘tishga qodir, mard qiz sifatida olmon o‘quvchilariga ham ma’qul tushgan. Asarda “Bo‘ston” kolxozining tajribakor raisi, ko‘p mehnat qilgan, ammo manmanlikka berilgan, eskicha dunyoqarashli Qalandarovga katta hayotga endigina kirib kelayotgan, yosh xodima Saida ro‘para qilinadi. Ularning tengsiz to‘qnashuvi orqali yozuvchi butun jamiyatdagi dolzarb voqealarni, kamchilik va xatolarni ko‘rsatadi, ularning sababini ham yoritadi.

 

Qissa olmonchaga atoqli adib Konstantin Simonov amalga oshirgan ruscha tarjimadan o‘girildi. E.Bryummerning yutug‘i shunda ediki, u ishga kirishishdan oldin o‘zbek xalqining ijtimoiy hayoti, turish-turmushini sinchiklab kuzatdi, muallif bilan ko‘p bora uchrashib, maslahatlashdi, adibning boshqa asarlarini ham chuqur o‘rgandi. Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, garchi E.Bryummer o‘zbek tilini bilmasa ham, tarjima jarayonida o‘zbekcha asl matnni ham yonma-yon qo‘yib ish ko‘rgan.

 

Abdulla Qahhor o‘zbek adabiyotida yorqin iz qoldirgani, o‘z asarlarida xalq dardini aks ettirgani sir emas. Olmon tarjimoni o‘sha davr muammolarini aniq-tiniq seza bildi, o‘zbek adibining nimalar uchun kurashayotgani, asosiy maqsadi nimadan iborat ekanini obdon tushundi.

 

Abdulla Qahhor asarlarini olmonchaga tarjima qilish davom etyapti. Quvonarlisi, endi o‘zbek ijodkori Oybek Ostonov adib hikoyalarini mahorat bilan o‘girmoqda. U ilgariroq G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissalarini tarjima qilgan edi. Yaqinda esa Abdulla Qahhorning talay hikoyalarini olmonchaga o‘girib, kitob holida chop ettirdi. Badiiy tarjima hamisha xalqlarni xalqlarga yaqinlashtiradi, do‘stlikni kuchaytirishga munosib hissa qo‘shadi. A.Qahhor asarlari tarjimasi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Sodirjon YOQUBOV

O‘zMU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

“Tafakkur jurnali, 2020-yil 4-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//