Oila mustahkamligiga darz yetkazuvchi “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlaridan biri “Childfree” g‘oyasidir. Mazkur atama “bolalardan xoli hayot” degan ma’noni anglatib, bu yo‘nalish tarafdorlari farzand ko‘rishni istamaydi.
Farzand ko‘rmasdan yashash tarzi o‘tgan asrning 70-yillarida G‘arbda rusum bo‘la boshlagan. “Childfree” tarafdorlari bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish – eskilik sarqiti, degan kurakda turmaydigan bahona bilan o‘zlarini oqlamoqchi bo‘lishadi.
Rossiyaning “TOK” kanali ushbu mavzuda lavha tayyorlab, g‘oya tarafdorlarining bir nechasidan intervyu olgan. Ularning fikricha, intellektual qoloq ayollargina erlarini oilaga bog‘lab olish maqsadida farzand ko‘rib, bolalardan ma’naviy qurol sifatida foydalanadi. Bolalarni yaxshi ko‘rmasliklarini, go‘daklarni ko‘rganda asabiylashishlarini ham aytib o‘tishgan.
Insoniyat uchun falokatli bu g‘oyaga ergashayotgan balog‘at yoshidagi qizlar bola shaxs kamoloti, karera qilishga halaqit beradi, degan mulohaza bilan farzandli bo‘lishni istashmayapti. G‘oya tarafdori bo‘lgan erkaklar esa “Rivojlangan davlatlarda ijtimoiy himoya yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Inson qariganida davlat unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatar ekan, bolaning nima keragi bor?” deyishmoqda.
Ba’zi “aqlli”lar Yer yuzida aholi sonining geometrik progressiya tezligida o‘sishi ekologik muammolarga sabab bo‘layotganini aytib, farzand ko‘rishdan voz kechishga chaqirmoqda. Ayrim juftliklar vaqt o‘tishi bilan bu qarorlaridan afsuslanishsa, boshqalari esa to‘g‘ri ish tutganliklarini ta’kidlashmoqda.
Eng fojiali tomoni, bugungi kunda AQShda “childfree” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi 40 dan ortiq tashkilot mavjud. AQSh milliy sog‘liqni saqlash markazi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z xohishiga ko‘ra farzandsiz hayotni tanlayotgan insonlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Ayollarning 25 foizi shuni maqbul ko‘rishmoqda.
2020-yil ma’lumotlariga ko‘ra, 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan Rossiya aholisining yarmi farzandli bo‘lishni istamayapti. Bularning aksariyatini oliy ma’lumotli, hayotda muayyan maqsadga ega, bolalarni deb o‘z rohat-farog‘ati va karerasidan voz kechishni xohlamaydigan insonlar tashkil etadi.
Albatta, birovning tanlovini muhokama qilish umuminsoniy qadriyatlarga xos emas. Lekin oila va farzandlar odamni egoizm illatidan qutqarib, boshqalar manfaati haqida o‘ylash, sabr-toqat kabi xislatlarga o‘rgatadi. Rizq masalasiga kelsak, Qur’oni karimning “An’om” surasi 151-oyatida “...bolalaringizni kambag‘allikdan (qo‘rqib) o‘ldirmangiz – biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz”, deyiladi.
Amerikalik olim Patrik Jozef Byukenen Amerikadagi demografik inqiroz haqida tashvishlanib: “Odamlarning farzandli bo‘lish va bola parvarishi bilan shug‘ullanishni istamasligi, oila qurmasdan, pala-partish hayot kechirishi Amerikani ommaviy muhojirlikni har jihatdan rag‘batlantirishga majbur qilmoqda. Amerikaliklar o‘z tamadduni, madaniyati va davlatini saqlab qolmoqchi bo‘lsa, bola tug‘ilishi, oila mustahkamligiga e’tibor berishi, bolalar va oilalarga g‘amxo‘rlik esa davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishi darkor”, deb yozadi.
Dildora MIRAKBAROVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tayanch doktoranti
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Rõzimurod
12:01 / 01.01.1970
Manimcha hato fikir
Maxsuma Mahmudboyevna Adashova
12:01 / 01.01.1970
Assalomu aleykum Dildoraxon! maqolangiz juda mazmunli shu bilan birga xushyorlikka chorlovchi ma'lumotlarni o'z ichiga olibdi. Ilmiy faoliyatingizga omad tiliyman