Har bir rejissyor o‘ziga o‘xshagan odamlar haqida film ishlashi rost gap. Agar rejissyor shaxsi qo‘rqoq bo‘lsa, qo‘rqoqlar haqida, mard bo‘lsa, mardlar haqida, silliq bo‘lsa, silliqlar, isyonkor bo‘lsa, isyonkorlar haqida ishlangan filmlar ozmi? Bu gapni Federiko Fellini ham tasdiqlaydi: “Umrim davomida yettita film ishladim, lekin hammasi ham o‘zim haqimda edi...”. Shu formulada jon bor, deb hisoblasak, endi Jaxongir Qosimov hisobidagi obrazlarni tahlil qilamiz: xukmfarmo Asadbek, chapani Bolta Mardon, haqiqatparvar Murodxon aka, donishmand Is’hoqxon Ibrat... Jaxongir Qosimov... Shubxasiz, o‘zbek kinosining keyingi yigirma yillik tarixida uning munosib o‘rni bor. Maqtovlaru tanqidlar, e’tiroflaru e’tirozlar - barcha-barchasi uning tegrasida aylangan paytlar bo‘ldi. Lekin Asadbekning shaxsiyati (“Shaytanat”), Bolta Mardonning chapaniligi (“Suv yokalab” ), Murodxon akaning keskirligi (“Dev va pakana”), Ibrat domlaning zakovati tufayli u barchasini yengib o‘tdi. Kurashdi, g‘olib keldi, boy berdi, qaytarib oldi.... Lekin men ayni damda uning filmlaridagi qahramonlar haqida emas, anashu obrazlarga umrini bergan rejissyorning mulohazalari haqida suxbatlashishni istadim.
– Jahongir aka, yaqinda adabiyotshunos olim, “O‘zbekkino” direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizaev “Hozirgi kunda tarixiy mavzudagi filmlarni tasvirga olishga katta ehtiyoj ham, mablag‘ ham yetarli, lekin, afsuski, salohiyatimiz, bilimimiz yetmayapti” dedi. “Nazira”, “Ibrat” kabi tarixiy filmlar tasvirga olgan rejissyor sifatida Shuhrat akaning bu fikriga munosabatingizni bilmoqchiman.
– Shuhrat akaning yetarli asosi bordirki, gapirgan, mening fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, eshiting: avvalo, ijodkorga ishonish kerak... Gap faqat men haqimda emas... Umuman aytyapman, ijodkorga yetarli sharoit va ishonch bo‘lmas ekan, ming urinsa ham filmi yaxshi chiqmaydi... Sizga bir voqeani aytay: debyut ishim “Changak”ni suratga olganimda Melis Abzalovdek katta rejissyor meni izlab televideniyaga kelgan, “Shu yigitni chaqiringlar, u bilan gaplashmoqchiman” deb erinmay ostonada kutib turgan. So‘ng mashinasiga solib, “O‘zbekfilm”ga olib ketgan. O‘zimda yo‘q xursand edim, chunki ilk filmimdan so‘ng kimsan Melis Abzalov meni yo‘qlab kelib turgan bo‘lsa-yu, do‘ppingni osmonga otavermaysanmi!... Shu ishonch butun hayotimni o‘zgartirib yubordi. Bo‘lmasa haligacha “egizak” ko‘rsatuvlarga rejissyorlik qilib yurgan bo‘lardim...(kuladi)
Qolaversa, kino ishlash degani bu–kitob yozish yoki chizishmas...U boshqa san’at... Bizda tarixiy filmlar ishlash bo‘yicha avvaldan tajriba bo‘lgan...”Vatan” , “Qo‘rg‘oshin”, “Qo‘qon shamoli” kabi tarixiy filmlar ishlandi, qaysisi yaxshiroq, qaysisi bo‘shroq chiqqandir. Lekin “O‘zbekkino” tomonidan berilgan mablag‘ga yarasha film ishlanyapti baribir.
– Ozod Sharafiddinovning bir gapi bor-ku: “Ishinga yarasha mablag‘ ololmasang, mablag‘ga yarasha ish berishni boshlaysan”...
–Albatta, berilayotgan puliga yarasha film ishlanyapti. Buni hamma ko‘rib turibti. Bilasizmi, Hollivud ijodkorlari tarixiy filmlardan pulni ayamaydi. Ijodni ham qiladi, foydani ham ko‘radi. Qaysi ssenariy qancha daromad keltirishini ular oldindan chamalab qo‘yishadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, biz kinoni na biznesga aylantirishni o‘rgandik, na tuzukroq ijod qilishni...Yaqinda rejissyor Orsen Uellsning “Mank” filmini ko‘rdim. Unda ham ijodkorlar dardi ochib berilgan.
– Rejissyorning erkin ijod qilishiga kim yoki nima xalaqit beradi?
– Bilasizmi, bizda bitta rejissyorning ishiga o‘nta ekspert bakovul. Bloger ham, adabiyotshunos ham aql o‘rgatib yotibdi. Rejissyor o‘jar bo‘lishi kerak demayman, ammo prinsipial (to‘xtamli) bo‘lishi kerak. Yaqinda vafot etgan rus rejissyori va aktyori Vladimir Menshov bir kinofestivalda xay’at raisi edi. Manfaatparastlar konvertning ichiga “Xuliganlar” degan sayozroq filmning nomini yozib sahnaga chiqayotgan Menshovga uzatadi. Hammaning oldida “g‘olib”ning nomini e’lon qilib yuboradi deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak-da. Ammo Menshov o‘z bilganidan qolmaydi, barchaning ko‘z o‘ngida konvertni ochib o‘qiydi va yerga tashlab yuboradi. Mana xarakter, mana shaxs... Jo‘n filmlarga uning isyoni shunday edi... Har bir ijodkor shaxs bo‘lishi kerak. Oltmish yoshga kiray, keyin shaxsga aylanaman, ellikka kirsam shaxs bo‘laman deyish noto‘g‘ri. Shaxs odamning ichida yashaydi. Ijodkor yo shaxs bo‘ladi, yoki bo‘lmaydi , vassalom... Hammadan xam lider chiqmasligi mumkin, maktabda ham sinfboshi bitta bo‘lgan-ku. Lekin odam o‘z ichida shaxsni tarbiyalashi mumkin. Rejissyorga nima xalal beradi deyapsiz, unga avvalo shaxsga aylanolmagan ichidagi “rejissyor” xalaqit beradi.
– Gap kelganda, so‘rasam: “O‘zbekkino” dastlabki yillarda turg‘unlik davrini ham boshdan kechirdi, filmlar to‘xtab qoldi, usha paytda ba’zi rejissyorlar chet elga ketishdi. Siz chi? Nega ketmagansiz?
– Qolgan bir men emas, Shuxrat Abbosov, Zulfikor Musoqov, Ravil Botirov ham kolishdi. Gap ketish yo qolishda ham emas aslida. Bu yerda boshqa masala ham borligini unutmaslik kerak. To‘g‘ri, Ali Hamroev, Elyor Eshmuxamedov, Yusuf Roziqovni xam tushunaman, ular 40-45 yoshdan oshgandi. Umr o‘tib ketyapti . Suvoqchilik qilolmasa, g‘isht terolmasa, ijoddan boshqasi qo‘lidan kelmasa, nima qilishi kerak? Odamlar faqat qorin g‘ami bilan yashayotgan og‘ir paytlar edi...
Bunday jarayonlar birgina bizning boshimizdan o‘tgan emas. Masalan, Amerikaga juda ko‘p rejissyorlar chetdan kelgan. Chexiyalik rejissyor Milosh Formanning taqdirini eslang. O‘z yurtida ish topilmadi, buning ustiga u “qora ro‘yxat”ga ham tushib qolgan edi. Hollivudga borib, omadini sinab ko‘rdi, avval yordamchi rejissyor bo‘lib ishladi, o‘n ikki yil deganda “Kakku uyasi uzra parvoz” filmini suratga olib, o‘zining kimligini isbotladi. Ali akani ham, Elyor akani xam ayblamayman. Ketganlar yutqazdi yoki qolganlar yutdi deyishdan ham yiroqman. Har kim o‘z taqdiriga o‘zi javob beradi. Lekin ketib u yokda ham bir narsani qoyillata olmasa, unda qiyin... Yusuf Roziqov dunyoga o‘zining kimligini isbotlab berdi. Temur Qobulov, Jahongir Fayziev, Rauf Kubaev ham film ishlayapti... Milosh Formanning alami ichida edi, unga ko‘p nohaqlik qilishgan, lekin yurtini sotmadi. Tarkovskiy ham SSSRdan ketib, vatanini sotmadi.
– Taniqli rejissyor Yolqin To‘ychiev bir suhbatida “Hozir faqat kinochi kino olishni bilmayapti, qolgan hamma kino ishlashni biladi” deya kinoya qilgandi ...
– To‘g‘ri gap... hozir hamma bakovul dedim-ku, lekin ijodkor muhit tanlamasligi kerak , u qanday sharoitda ishlashidan qat’i nazar, ijod bilan band bo‘lishi lozim. Mixail Bulgakov qayerda ijod qilganini bilasizmi? Yerto‘lada ishlagan, buyuk musavvir Nika Pirosmani-chi? U do‘konlarning reklamasini chizib kun ko‘rgan. Keyin ham qashshoqlikdan chiqolmay o‘lib ketdi. Shu ma’noda Yolqinning kinoyasi o‘rinli. Texnikani sotib olish, aktyorni yollash mumkin, ammo ssenaristni yollab ham, sotib olib ham bo‘lmaydi . U did va savqi tabiiy bilan bog‘liq. Kino esa yaxshi ssenariylarga hamisha muhtoj.
– Amerikalik rejissyor Orsen Uellsning mana bu fikrini yaxshi ko‘rasiz, shekilli, uchrashuvlarda ko‘p qo‘llaganingizni eshitganman: “Kinoda yo xarakter bo‘ladi, yo qurbaqa bo‘ladi. Xarakteri topilsa bu kino, aksincha bo‘lsa bu kino emas...”. Xo‘sh, xarakter borasida qarashlaringiz o‘zgardimi?
–Hozir ham shu fikrdaman. Yoshligimizda bir multfilm bo‘lardi : qurbaqa g‘ozlarga meni xam ko‘tarib, osmonga uching deb iltimos qiladi. Cho‘pni tish layman, ko‘tarib osmonga uchasiz deb o‘zicha “innovatsion” yechim ham taklif qiladi. Shunda odamlar osmonga qarab, ana qurbaqa ham uchyapti desa, bundan hayratlangan baqa “Men o‘ylab topdim, men!” deb baqirib yuboradi va pastga qulaydi . O‘zim xam shunday holatga ko‘p tushganman. “Changak” filmi haqidagi fikrlarni eshitish uchun atay trolleybusga chiqdim, odamlar u haqida o‘zaro so‘zlashayotganini eshitsam, “O‘sha rejissyor menman, hammasini men qildim!” deyishdan har safar zo‘rg‘a o‘zimni to‘xtatib qolardim. Hozir kinoda maqtanaverib qurbaqaning ko‘yiga tushganlar kammi?
– Kuzatsam, ijodingizda yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning o‘rni bo‘lakcha.. Do‘stning o‘rni bo‘lakcha... Albatta, bu hamkorlikdan o‘zbek kino san’ati yut sa-yutdiki, yutqazmadi. Eshitishimizga qaraganda, hattoki “Ibrat” filmi ssenariysi mualliflaridan ko‘nglingiz to‘lmay, baribir u kishiga ko‘z yugurtirib berishini iltimos qildingiz ... Nega, boshqa ssenaristlarga ishonmaysizmi?
– Nega, ishonaman, albatta. Shubxasiz , Murod aka katta yozuvchi... Yozgani boshqa, aytgani boshqacha emas, butun inson, butun yozuvchi.... Bilasiz, “Dev va pakana”, “18-kvadrat” filmlarini birga ishlaganmiz. U rejissyorga yordam beradi.
Bir kuni uyiga borsam, jo‘nroq bir kinoni ko‘rib o‘tirgan ekan. Men borgach ham kino ko‘rishda davom etaverdi. Oxiri, sabrim chidamadi, “Nimasini ko‘rasiz?”, dedim. “To‘xtang-chi, bir narsa chiqib qolarmikin?” deydi. O‘zimcha tushuntira ketaman: “E, hech narsa chiqmaydi , mana siz hikoya o‘qisangiz, bo‘lmag‘ur ekani boshidan ma’lum-ku, to‘g‘rimi, kino xam shunday-da, oxirigacha ko‘rish shartmi?!” desam, “Ha, rostanmi, kinoda xam shundaymi?” dedi. Murod aka hech narsani ko‘zdan qochirmaydi. Yosh rejissyorlarga aytamanki , Shuhrat Abbosov , Bahodir Yo‘ldoshev, Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zamga o‘xshagan shaxslar ijodidan ko‘proq o‘rgangan ma’qul, ular shunchaki so‘zlasa ham behuda chiqmaydi .
– O‘zbekistan xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevni eslaganingiz yaxshi bo‘ldi, u nafaqat shogirdlariga, balki o‘ziga ham o‘ta talabchan shaxs edi. Talabchanligi qaysarligida edi balki... “Dev va pakana” filmida suratga tushishga qanday ko‘ndirgansiz?
– Aslida bu filmni Bahodir aka suratga olishi kerak edi, negadir rozi bo‘lmadi. Sse nariysi bilan tanish edi. Bo‘lmasa Murodxon aka roliga boshqa munosib aktyorlar ham bo‘lgan. Lekin Bahodir aka ijro etishini istadim.
Bahodir akaning qiziq fe’l-atvori bor edi. “Changak”ning ovozasi hamma yoqni bosib ketgan paytlari g‘o‘ddayib yoniga bordim . “Ko‘rdingizmi, bir hafta avval ekranlarda ketdi, fikringizni aytsangiz” dedim. O‘zimcha osmonlarda uchib yuribman-da. Bahodir aka esa “Ko‘rmadim, hamma maqtovni eshitib bo‘lgandirsiz, xo‘sh, endi buyog‘iga nima qilmoqchisiz, shundan gapiring” desa bo‘ladimi! “Axir, Bahodir aka, men siz bilan “Changak” haqida gaplashmoqchiman-ku!” desam, “Buni endi tarixga aylandi, qolganiga nima qilmoqchisiz, shundan gapiring” deydi.
Bahodir aka haqida yana boshqa voqeani aytib o‘tay: “Ibrat” filmini suratga olyapmiz. Po‘lat aka Saidqosimov dunyodan o‘tib qoodi. Ishlar yarmida to‘xtadi. Shunda Is’hoqxon ibrat roliga Bahodir akani taklif qildim. “Diydor” studiyasida uchrashdik, hammasini kelishib oldik. Keyingi hafta tasvirga olishni boshlaymiz deb turganimizda, endi xonasidan chiqib ketayotsam, “To‘xtang, Jahongir” deb qolsa bo‘ladimi? “Nima bo‘ldi?” deb ortimga qaradim, “Po‘lat akaning o‘rniga kim ijro qilyapti?” deydi. “Bahodir aka, bir haftadan beri nimani gaplashyapmiz, Ibrat rolini siz o‘ynaysiz” desam, “ Ha, u rolmidi? Qo‘ying, men juda irimchi odamman. Ozgina yashay endi” deydi. Bo‘lmasa, avvalboshdan shuni gaplashganmiz , bilib turibdi. Nimaga Bahodir aka ustimdan kuldi, haligacha tushunolmayman. Balki bu ham prinsipdir, balki o‘ziga xos men bilmagan biror narsa bordir....
– Jahongir aka, bilamizki, o‘zingiz ham dastlab spektakllar sahnalashtirmoqchi bo‘lgansiz, lekin kinoda tanildingiz. Nima, kinoga muhabbat ustunlik qildimi yo boshqa sababi bormi?
– Sahnada Hamletni zamonaviy kostyumda ham ijro etaverishadi, lekin kinoda bu mumkin emas... Kinoning o‘z yo‘li va uslubi bor. Teatrda Galdonini, Molerni, Shillerni ham qo‘yaverish mumkin. Lekin kinoda milliy qahramonlar bo‘lishi kerak. Hollivudni O‘zbekistonda suratga olib bo‘lmaydi. Bu yerda milliy kino ishlash lozim. Bizga ko‘p bora aytishardi “Teatrdan yiqqan-terganingni kinoga borib to‘kib kelasan, so‘ng yana teatrga to‘plash uchun qaytasan” deb. Spektakl sahnada yaratiladi, kino esa kallada...Siz hammasini boshda hal qilib, so‘ng tasvirga olish maydoniga kelishingiz kerak. Axir, o‘ttiz-qirqta aktyorni So‘qoqqa chaqirib ko‘yib, “E bu yer to‘g‘ri kelmadi, endi ketdik Buxoroda ishlaymiz” deya olmaysiz. Fransuz rejissyori Rene Klerning bir gapi bor: “Film allaqachon tayyor bo‘lgan, faqat suratga olish qolgan, xolos” deydi...Balki shuning uchun ham kino o‘ziga tortgandir...
Tog‘ay Murod aytganidek, “Barcha ekran asarlarining ortida, hatto reklamaning tag zamirida ham adabiyot yotishi kerak”. Ssenarist Tonina Guerro va rejissyor Federiko Fellinining ijodiy mushtarakligi tufayli ko‘plab durdona asarlar yaratilgan. Bizda ham Abdulla Qahhor va Shuhrat Abbosov, Xayriddin Sultanov va Sobir Nazarmuhamedov, Erkin A’zam va Yusuf Roziqov, Abduqayum Yuldoshev va Xotam Fayziev kabi nomlarning ijodiy hamkorligi tufayli kino asarlari ishlandi. Lekin hozirgi kunda negadir bizda mana shu an’ana yuqolib borayotgandek ... Yozuvchi bir tomonda, rejissyor boshqa tomonda qolib ketayotgandek ...
– Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin: Eldor Ryazanov va Emil Braginskiyning “Ishdagi ishq” filmi, Georgiy Daneliya va Viktoriya Tokareva hamkorligida “Mimino” kabi mashhur filmlar yuzaga kelgan. Bu asarlarni zamon shamoli uchirib ketmadi . Necha yillar o‘tsa ham yashayapti.
Xonasi kelganda sizga bir latifa aytay: ikkita sichqon yerto‘lada saqlanayotgan eski kinoplyonkalarni kemirib o‘tirganmish. Kinoplyonkalarning hech mazasi chiqmabdi , shunda biri ikkinchisiga qarab “Ex, baribir ssenariy yaxshi edi-ya” dermish. Rixsivoy Muhammadjonov aytardi: “Yaxshi ssenariyni yomon rejissyorga bersangiz ham baribir yaxshi film chiqadi” deb. Shukur Burhonov esa “Agar pesa yaxshi bo‘lsa, rejissyorning ham keragi yuq” degan. Ko‘ryapsizmi? Hammasi ssenariyga bog‘liq. Butun dunyo yaxshi ssenariyga muhtoj... Ko‘pincha diydiyolarni eshitib qolamiz: ha, nima emish: “O‘zbekfilm”ga ssenariy olib borgandim, o‘tkazishmadi, tanish-bilishchilik kuchli-da, faqat o‘zlarining odamlarining yozganlarini qabul qilishadi deyishadi. Yuq, unday emas ... Qani o‘sha yaxshi ssenariy?
Ssenariy juda murakkab masala. Faraz qiling, Xollivudga bir oyda uch mingta ssenariy keladi, yuzta mutaxassis bo‘lib oladi. Har kuni ikki betdan o‘kiydi. Qiziqsa, maxsus qutiga joylab ketaveradi, qiziqtirmagan ssenariylar chiqindi qutisiga uloqtiriladi. Saralanganlari yana o‘n nafar kuchli ssenaristning qo‘lidan o‘tadi. Shulardan ham o‘tgani bosh muharrir qo‘liga boradi. Uyam tasdiqlasa, kino ishlashga beriladi.
Hech qachon bitta ssenariyga ikki marta film olinganini bilmayman. To‘g‘ri, kinoga aylangan kitoblar bor, Agata Kristining “Erkyul Puaro”, Artur Konan Doylning “Sherlok Xolms” kabi kitoblariga bir necha marta filmlar ishlangan. Lekin bitta ssenariy ikki marta suratga olinmaydi. Shuning uchun yaxshi ssenariy doimo tanqis.
Menga armon bo‘lib qolgan ikkita ssenariy bor edi. Biri Zulfiqor Musoqovning “Vatan” filmi ssenariysi, ikkinchisi Yolqin To‘ychievning “Afg‘on” filmi ssenariysi ... Ikkalasini ham muallifdan so‘raganman, bermagan. Zulfiqorga aytdim “Vatan”ni menga ber, sendan ham zo‘r film ishlayman dedim. Afsuski, u rozi bo‘lmadi. Ayub Shaxobiddinov esa hali juda yosh edi. Shuning uchun “Afg‘on”ni tortib olmadim (kuladi). Nima ham deymiz: yaxshi ssenariylar kelaversin ...
Shohsanam XIDIROVA suhbatlashdi
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son.
“Ijodkorga ishonish kerak…” maqolasi
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q