Badiiy adabiyotning asosini quyidagi poetik unsurlar tashkil etadi: ma’no, shakl, ruh va obraz. Buyuk iste’dod egalarining asarlarida, odatda, ma’no umumbashariy g‘oyalarni ifoda etsa, shakl va ruh millatning tabiatini aks ettiradi. Obraz individual poetik tafakkur mahsuli sifatida yuzaga kelsa-da, o‘zida millatning ruhini ifodalaydi. Milliylikdan xoli tuyg‘uning ta’sir kuchi bo‘lmaganidek, milliy ruhdan mosivo tafakkur ham qanotsiz qushga mengzaydi. Shunga ko‘ra, milliylik – adabiyotning asosiy mezoni. Ta’bir joiz bo‘lsa, jahon badiiy-estetik tafakkuri ko‘rigida muayyan millat adabiyotini ajratib ko‘rsatuvchi bosh xususiyat, o‘zgalardan farqini namoyon etadigan asosiy belgi bu – milliy ruhdir. Shuning uchun milliy ruhning ifoda yo‘sinlarini, tasvir mezonlarini o‘rganish adabiyotshunoslikning o‘zak ilmiy muammolaridan.
Adabiyotda milliy ruh ifodasi, bizningcha, quyidagi tamoyillar asosida namoyon bo‘ladi: 1) millatning asl tabiatini, siyratini aks ettirish; 2) poetik fikr ifodasining milliy tafakkurga tayanishi; 3) poetik obrazning milliy ifoda orqali suvratlanishi. Buyuk shoir va mutafakkir Zahiriddin Bobur nazmiy merosini ana shu tamoyillar asosida o‘rganish tadqiqotlar uchun boy material bera oladi.
Millatning asl tabiatini, siyratini aks ettirish. Mumtoz she’riyatning g‘azal, masnaviy, ruboiy, tuyuq va fard singari janrlarida yuksak badiiy qimmatga ega asarlar yozgan Zahiriddin Bobur lirikasi milliy ruh betakror poetik ifoda etilgani jihatidan qimmatlidir. Ulug‘ shoirning “Yaxshilig‘” radifli g‘azalida bu xususiyat, ayniqsa, yaqqolroq namoyon bo‘lgani kuzatiladi:
Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘.
Buyuk tafakkur egalarining dunyoga qarashi boshqa toifa kishilar nuqtayi nazaridan tubdan farq qiladi. Negaki, ular kamolotning o‘zlari erishmoqqa muyassar bo‘lgan yuksakligi darajasidan fikr yuritadi. Boburning ahli jahondan kim ham yaxshilik ko‘ribdi, modomiki shunday ekan, undan yaxshilik yetmog‘iga ko‘z tutma, deyishi sababini shuning bilan izohlash mumkin. “Ko‘z tutma” – chinakam o‘zbekcha ibora. Baytdagi mazmun yo‘nalishini teran falsafiy mushohada sari burgan ushbu ibora ulug‘ shoir tafakkurining milliy zaminga qurilgani isbotidir. Keyingi baytda yaxshi-yamon, yamonliq-yaxshilig‘ tushunchalari hosil qilgan tazod vositasida fikr ta’sirchan va san’atkorona ifodalangan:
Ey, ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yamonliq asru ko‘p,
Emdi ko‘z tutmoq ne ma’ni har yamondin yaxshilig‘.
Mutafakkir kelgan xulosaga ko‘ra, dunyo shunday qurilgan, yaxshilardanki yomonlik ko‘rganingdan keyin yomonlardan yaxshilik kutish foydasizdir. Hech kimdan yaxshilik kutib bo‘lmasligini teran anglagan, ko‘ngildan his etgan holda ham barchaga birday yaxshilik qilish – odamiylikning yuksak darajasi. O‘zbek – ana shunday fazilatga ega millat. Shu jihatdan, g‘azal shohbaytida ifodalangan mazmun millatning asl tabiatini ifoda etgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q –
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.
Ulug‘ shoirning bunday falsafiy to‘xtamga kelishi sababi teran asosga ega. Negaki, o‘zbek xalqi barchaga, hatto g‘animiga ham yaxshilik qila olishini ko‘pasrlik tarixi davomida qayta-qayta isbot etgani ma’lum. O‘rta asrlar adibi Al-Johiz “Fazoyili atrok” (“Turkiylarning fazilatlari”) asarida ajdodlarimizning nomusli, yuragi toza, yovuz o‘y va botil fikrdan xoli insonlar bo‘lganini; na jangda, na tinch payti hiyla bilmaganini, fursatdan foydalanmaganini; o‘zi ham, so‘zi ham to‘g‘ri ekanini; birovning moliga xiyonat qilish, ikkiyuzlamachilik, kibr-u havo, kattalarga hurmatsizlik ko‘rsatish ularning tasavvuriga ham sig‘maganini ta’kidlaydi. Hazrat Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida yozishicha: “...sortdin tezfahmroq va baland idrokroq va xilqati sofroq va pokroq” bo‘lgan turkiylar uchun barcha zamonlarda ham yaxshi nom qoldirish hayotining asosiy mazmunini tashkil etgan. Boburning “...bori elga yaxshilik qilish” haqidagi g‘oyasi, ana shu jihatdan, millatning siyratini o‘zida mujassam etganini alohida ta’kidlash kerak.
Millatning yomonlikka yomonlik bilan emas, yaxshilik bilan javob qaytara olish fazilati shoir lirikasida o‘ziga xos badiiy talqin etiladi. Shoirning boshqa bir g‘azalidan olingan quyidagi bayt mazmuni ham buni tasdiqlaydi:
Bobur, ul umr seni so‘kkan uchun
Umr borincha duo qilg‘aysen.
Hatto so‘kkan odamning haqiga ham duo qilish, tabiiyki, hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Olijanoblikning, insoniy kamolotning cho‘qqisi bo‘lgan bunday xulosaga kelish osonmi? Ham oson, ham qiyin. Osonligi shundaki, bu nainki shoh va shoir Boburning, balki mansub bo‘lganimiz millatning asl tabiatiga xos yuksak fazilat. Qiyinligi shunda ko‘rinadiki, yomonlikka nafrat – inson fitratiga xos tuyg‘u. Ushbu nafrat yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarishni taqozo etadi. Nafratni yengish, yomonlikka yaxshilik bilan javob berish, shu jihatdan ham oson emas. Buning uchun ushbu fazilat insonga qondan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Shoir she’rlarida millatning mentaliteti bilan bog‘liq quyma fikrlar ohorli ifoda etiladi. “Nimani eksang, shuni o‘rasan”, degan xalq maqoli hayot sinovlaridan o‘tib, tasdig‘ini topgan falsafiy to‘xtam. Millatimiz e’tiqodining asosi bo‘lgan Qur’oni karimdagi “Zalzala” surasi 7-8-oyatlarida ham ushbu mazmun ifoda etilgan: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”. Muborak hadislardan birida ham: “Dunyo – oxiratning ekinzoridir” deyiladi. Demak, xalqimiz to‘rt so‘zda ixcham va lo‘nda ifodalagan “Nimani eksang, shuni o‘rasan” maqolida millatning asl tabiati va e’tiqodiy tushunchalar teran asoslarda uyg‘unlashib ketgan. Mashhur ruboiysida Bobur ana shu mazmunni o‘quvchining qalbini titroqqa soladigan darajada ta’sirli va go‘zal badiiy shaklda ohorli talqin etgan:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur!
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur!
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonliq hargiz,
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur!
Bobur lirikasida faqat o‘zbekkagina xos bo‘lgan tushunchalar ohorli badiiy talqin etilgani kuzatiladi. Masalan, “sevinchi” so‘zi hozirgi kunda xalqimiz orasida “suyunchi” shaklida keng va faol ishlatiladi. Hayotdagi eng quvonchli damlardagina tilga olinuvchi bu so‘zni shoir g‘azalda yor visoli bilan bog‘liq badiiy lavhada mahorat bilan qo‘llaydi:
Xush ulki, bir kishi ko‘zim yo‘lida erkanda,
“Sevinchi!” – deb yugurib yetsakim: “Falon” keldi!”
Bunday satrlar shoirning xalq turmush tarzini teran bilishi, she’rda milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan tushunchalarni san’atkorona talqin eta olishi isbotidir.
“Uying bug‘doyga to‘lgur!” – o‘zbekning ko‘pni ko‘rgan otalari, donishmand bobolari yoshlarga shu so‘z bilan dashnom berishi ko‘pchilikka ayon. Ushbu odat millatimiz oqsoqollarining tanbehi ham yaxshi niyatga yo‘g‘rilgani isbotidir. Aslida, uyning bug‘doyga to‘lishi – farovonlik belgisi. Qandaydir yoqimsiz qiliq qilgan bolani qarg‘amaslik uchun, dashnomni ham shu kabi ezgu niyat orqali ifodalash naslning davomchilariga bo‘lgan tengsiz mehr natijasidir. Mohiyatan, bu qarg‘ish emas, olqish. Buni qalbdan his etgan Bobur ruboiylaridan birida xalqimizning tabiatiga mos ana shu mazmunni go‘zal badiiy talqin etadi:
Ishlar bari ko‘nguldagidek bo‘lg‘usidur!
In’om-u vazifa – bori buyrulg‘usidur!
Ul g‘alla-yu mahmalki, deb erding, berdim,
Mahmalg‘a bo‘yu g‘alladin uy to‘lg‘usidur!
Yoki mana bu baytda shoir hayot falsafasi teran ifodalangan “Men ham edim seningdek, sen ham bo‘lursan meningdek” degan xalq maqoli mazmunidan foydalanib, betakror badiiy umumlashma chiqaradi:
Da’voi ishq etib, g‘ayr, Boburni ayb qilma –
Kim, men edim seningdek, sen bo‘lg‘asen meningdek.
Shoir baytga g‘ayr – raqib obrazini olib kirgan. G‘animiga murojaat orqali bayt mazmunining ta’sirchanligini oshirishga, irsoli masal vositasida badiiyatni yuksaltirishga erishgan.
Ushbu fikrlar Boburning milliy urf-udumlarni, xalq turmush tarzini, eng muhimi, hayot falsafasini teran anglagan va lirik asarlarida betakror ifodalagan shoir ekani isbotidir.
Poetik fikr ifodasining milliy tafakkurga tayanishi. Ushbu tamoyil, boshqacha aytganda, fikrni chinakamiga o‘zbekcha ifodalay olish ma’nosini anglatadi. Bobur lirikasi, bu jihatdan ham, tadqiqotlar uchun boy material bera oladi. Shoir turkiy tilning ifoda imkoniyati nechog‘liq keng ekanini teran his etgan, asarlarida asl turkiy so‘zlardan keng va mahorat bilan foydalana bilgan.
Ne bilg‘aysen mening dard-u g‘amim har soat-u har dam –
Ki, husn usrukligidin oy-u yil, ey oy, oyilmaysen.
Bayt mazmuniga ochqich vazifasini o‘tovchi “usrukligidin” (mastligidan – qavs ichidagi izohlar bizniki – N.J.) hamda “oyilmaysen” (hushingga kelmaysan) so‘zlari Bobur she’riyatida ancha faol qo‘llangan sof turkiy tushunchalardir. Bu hol, o‘z navbatida, shoir fikrlarining toza o‘zbekcha ifodalanishini ta’minlagan.
“Boburnoma”da Andijonni ta’riflab yozgan: “Eli turkdur. Shahri va bozorisida turkiy bilmas kishi yo‘qdur”, degan fikrlarida buyuk adibning o‘zi mansub millatga muhabbati ham aks etgani yaqqol seziladi. Shuning uchun ham ulug‘ shoir lirik she’rlarida turkiy tilning ifoda imkoniyatidan mahorat bilan foydalangan. Quyidagi g‘azal matlai ham ijodkorning tafakkur yo‘sini milliy ekani jihatidan qimmatlidir:
Quyoshim har sorig‘a azm qilsa, zarrae qolmon,
Ne uchunkim, agar ayrilsam ondin, kun ko‘ra olmon.
“Quyoshim” so‘zi ifodalagan istiora hamda ushbu so‘z bilan zarra tushunchasi orasidagi tazod baytning yuksak badiiyatini ta’minlagan. “Kun ko‘ra olmon” – ushbu chinakam o‘zbekcha ibora baytda ifodalangan mazmunning poetik xulosasini aks ettirishdan tashqari, milliy ruhni ifodalagani jihatidan ham alohida ahamiyatga ega.
Mana bu maqta’ baytda Bobur turkiy tilga bo‘lgan chuqur muhabbatini samimiy izhor etgan:
Turklar xatti nasibing bo‘lmasa, Bobur, ne tong,
Boburiy xatti emasdur, xatti sig‘noqiy durur.
Ushbu baytda buyuk mutafakkir turkiy yozuvning nasib bo‘lmaganidan, ya’ni amaliyotda keng istifoda etilmaganidan o‘kinchini ifodalagan. “Xatti Boburiy”ni ixtiro qilgani sababi ham shunda bo‘lgani ma’lum. Baytda aytilgan xatti sig‘noqiy esa arab yozuvining ajdodlarimiz faol qo‘llagan shakllaridan biridir.
Bobur lirikasida hazrat Alisher Navoiy “turk shuarosi xossasi” sifatida ta’riflagan tuyuq janrining ham yuksak poetik namunalari bor. Mana, shoirning milliy tafakkur va millat ruhi yorqin namoyon bo‘lgan tuyuqlaridan biri:
Ne balo, biyikturur davlat tog‘i,
Ko‘hi g‘amni ne bilur davlattog‘i?
Himmate tut, dog‘i davlat istagil,
Himmating bo‘lsa, bo‘lur davlat tog‘i.
Ushbu tuyuqda tajnis bo‘lib kelgan “davlat tog‘i” so‘zi birinchi misrada “davlatning ulug‘vorligi”, ikkinchi satrda “davlatga erishgan kishi”, to‘rtinchi misrada esa “davlat ham” ma’nolarida kelgan. Shoir teran falsafiy mazmunni tajnisi tomm orqali go‘zal badiiy shaklda ifoda etgan. Shuning barobarida, ijodkor ushbu tuyuqda turkiy millatga xos baland himmatni ulug‘lagan.
Mana bu tuyuqda ham o‘zbek tilining ifoda imkoniyati nechog‘liq katta ekani mahorat bilan ifodalangan:
Vasldin so‘z derga yo‘q yoro manga,
Hajr aro rahm aylagil, yoro, manga.
O‘qung etti ko‘p yomon yoro manga,
Marhami lutfung bila yoro manga.
Ushbu tuyuqda har to‘rt misrada tajnis qo‘llangan. “Yoro” so‘zi birinchi satrda “hol, quvvat”, ikkinchi misrada “ey yor”, uchinchi qatorda “yara, jarohat”, to‘rtinchi satrda esa “yaragin” ma’nolarini ifodalab kelgan. Ushbu tuyuq ham Boburning so‘z qo‘llash mahorati baland ekanidan, poetik fikrni o‘quvchining qalbiga yetib boradigan darajada chinakam o‘zbekcha ifodalay olishidan dalolat beradi.
Zamonaviy she’riyatimiz darg‘alaridan bo‘lgan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov milliy ruh ifodasining zarurati haqida mana bunday yozgan edi: “Mayli, buyuklarga intilish bo‘lsin, jahonning, bashariyatning eng ilg‘or fikrlariga oshnolik bo‘lsin, G‘arb, Yevropa, Amerika deysizmi, mayli Lotin Amerikasi, mayli Oymi, Marsmi.... darajasida fikrlashsin, lekin o‘zbek fikrlasin, o‘zbekcha fikrlasin! Agar shu “kichkinagina” shart bajarilsa, qolganiga, albatta erishamiz”. Zahiriddin Bobur lirik she’rlarida teran hayot falsafasini milliy tafakkur asosida, sof o‘zbekcha ifodalagani bugungi zamon shoir-u adiblari uchun ham namuna bo‘la olishini ta’kidlash kerak.
Poetik obrazning milliy ifoda orqali suvratlanishi. Zahiriddin Bobur bu jihatdan ham yuksak badiiy natijalarga erishgan. Quyidagi baytda “it” obrazi, birinchidan mukammal poetik obraz darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, ikkinchidan, muallif konsepsiyasini ifodalagan chinakam o‘zbekcha “yitgaymen” so‘zi orqali mazmunning ta’sir kuchi bir necha baravar oshishiga erishilgan:
Itingdurmen, soching zanjirini bo‘ynumg‘a mahkam qil –
Ki, vodiyi firoqing ichra, qo‘rqarmenki, yitgaymen.
“Soching zanjiri”, “vodiyi firoq” birikmalari ifoda etgan istiora, “itingdurmen” va “yitgaymen” so‘zlari asosidagi tajnis oshiq ruhiyatining foje’ tasviri orqali o‘quvchi ko‘z o‘ngida poetik obrazni yaqqol namoyon eta olgani shoirning tengsiz mahoratiga dalil bo‘la oladi. Bo‘yniga yor sochidan zanjir bog‘lanib, firoq vodiysi uzra yitib borayotgan it obrazi – lirik qahramon tuyg‘ularini bu darajada aniq va ta’sirchan suvratlantirish uchun ijodkor nechog‘liq yuksak salohiyat egasi bo‘lmog‘i zarur!
G‘azalning maqta’ baytida ushbu ta’sirchan badiiy obraz ohorli va teran poetik umumlashma orqali xulosalangan:
Muyassar bo‘lmasa boshimni qo‘ymog‘lig‘ ayog‘ig‘a,
Boshimni olib, ey Bobur, ayoq yetgancha ketgaymen!
Yor oyog‘iga bosh qo‘ymoq umidi – oshiqning ishq tavrida nechog‘liq sodiq ekani isboti ekanidan tashqari, tuyg‘u izhorining sof o‘zbekcha ekani jihatidan ham qimmatlidir. Agar ana shu orzusi muyassar bo‘lmasa, oshiqning boshini olib oyoq yetgancha ketmog‘i – fikrni milliy ruh uyg‘unligida bu darajada mukammal ifodalash uchun faqat Bobur bo‘lish kerak!
Buyuk shoir umrining aksar qismida yor-u diyor firoqida yashadi. Temuriy shahzodalar o‘rtasida ittifoq yo‘qligi, o‘zaro toj-u taxt talashuvlari oqibatida buyuk Sohibqiron Amir Temur asos solgan muazzam saltanat tanazzulga yuz tutganidan iztirob chekdi. Hindistonda ulkan davlatga asos solib, temuriylar hukmronligining umrini qariyb uch yarim asrga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” tazkirasida aytilganidek: “(Bobur) chig‘atoy sultonlarining eng sarasi va zo‘r shijoatlisi edi. Shamshir zarbi bilan Movarounnahr mamlakatlariga ega bo‘lib, uni saqlab qolishda ko‘p sa’y-harakatlar va jonini ayamasdan jahd-u jadallar ko‘rsatdi. Mardona to‘qnashuvlar qildi, ammo taqdir o‘qig‘a tadbir qalqoni dosh bera olmagach, biror natija chiqara olmadi... Mulk qo‘ldan ketgach, tab’ to‘tisi hind shakkaristoniga mayl bildirib, dengiz mavjli e’tiborini Hindiston mamlakatlarini egallashga sarf qilib, qorong‘ulik o‘lkasini quyosh yog‘duli qilichi shu’lasi nurlari bilan charog‘on etib, humoyun tole’ tufayli muxolif lashkariga shikast yetkazib, feruz baxt bilan shohlikning feruz taxtiga hazrat Dehlida komron o‘lturdi”.
Shoh Bobur hayotida kechgan ana shu murakkab va ziddiyatli voqelik shoir Boburning mana bu baytida ta’sirchan tarzda obrazli ifodalangan:
Nekim taqdir bo‘lsa – ul bo‘lur, tahqiq bilgaysen,
Erur jangu-jadal, ranju-riyozat barcha behuda.
Bobur – buyuk qalb va ulkan ijodiy salohiyat egasi edi. Ahillik va ittifoq g‘oyasi betakror badiiy talqin etilgan mana bu baytlari millat farzandlarini ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtirishga qaratilgan da’vat o‘laroq barcha zamonlar uchun ham ibratlidir:
Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutingiz,
Jam’iyatingiz borini davlat tutingiz.
Chun gardishi charx budurur, Tengri uchun,
Bir-birni necha kuni g‘animat tutingiz.
Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur lirik she’rlarida, ular qaysi janrda yozilgan bo‘lmasin, milliy ruh ifodasi yetakchi o‘rin tutadi. Ulug‘ mutafakkir she’riyatida millatning asl tabiati, siyrati mukammal darajada aks ettirilgan. Poetik mazmun milliy tafakkur vositasida o‘ziga xos va ohorli talqin qilingan. Badiiy adabiyotning asosi bo‘lgan poetik obrazlar milliy ifoda orqali mukammal suvratlantirilgan. Bobur lirikasini milliy ruh ifodasi nuqtayi nazaridan yanada chuqur va ko‘lamli o‘rganish adabiyotshunoslikning istiqboldagi dolzarb vazifalaridandir.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor
Til
Falsafa
Tarix
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q