Dunyo haqida har kimning tasavvuri bor. Gohida biz “Eh, bevafo dunyo!” deb qo‘yamiz. Dunyo ortidan chopish, unga muhabbat qo‘yish insonlarga yaxshilik keltirmasligini bilamiz. Lekin dunyoning ne’matlari shirin, uning go‘zalliklari bisyor. Inson qalbini dunyo muhabbatidan ozod qilishi juda mashaqqatlidir. Ulug‘ zotlar dunyoning o‘tkinchi ekanligini bilib, unga bog‘lanib qolmaslik uchun harakat qilganlar. Chunki dunyo ne’matlari uchun intilish, dunyo ne’matlariga erishmoq uchun yashash insonni alal-oqibat xorlikka olib boradi. Masalan, insonning qorni bir kosa ovqatga to‘yadi, bir piyola suv uning tashnaligini qondiradi. Hatto ikki quloch joy uning uxlashi, orom olishi uchun kifoya. Holbuki, biz turfa taomlar bilan dasturxonlar to‘ldiramiz, ichimliklarning sarasini olib kelamiz, dam olishimiz uchun shohona o‘rinlar orzulaymiz. Maqsadimiz ne’matlarga erishishdan iborat bo‘lib qoladi. Shu orzular yo‘lida ayrimlarimiz xatolar qilamiz, o‘zganing haqini yeymiz, kishilarning noroziligiga uchraymiz. Aslida, halol mehnat va Yaratganning zikri bilan osuda va farovon turmush kechirish mumkin. Rizq g‘amida qalbimizni qayg‘uga solmasligimiz kerak. Chunki musulmonlar rizq – Allohning ishi deb biladi. Banda esa harakat qilsa, yetarli. Unga atalgan barcha rizqlar oqib kelaveradi.
Alisher Navoiy bu masalada atroflicha fikr yuritgan. Ko‘plab asarlarida dunyoning o‘tkinchi ekanligini ta’kidlagan. Buyuk mutafakkir o‘z davrining eng boy insoni edi, uning qasrlari, bog‘-u rog‘lari ko‘p bo‘lgan, daromadi ulkan edi. Ammo topgan barcha foydasini beva-bechoralarga, miskinlarga ehson va xayr-sadaqa qilgan. Asarlarida esa dunyodan g‘olib bo‘lishga da’vat qiladiki, Alisher Navoiy muvaffaqiyatining siri shunda bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qolasiz.
Xususan, shoir “Hayrat ul-abror” dostonidagi o‘n to‘rtinchi maqolatda charx (aflok)ni hiylagar va nayrangboz, qo‘g‘irchoqchi, parixon, ayyor va piri zol deb ataydi. Dahr arusi – zamon (yoki dunyo, jahon) kelinchagini alohida tasvirlaydi, charx qo‘shmachi bo‘lib, insonlarni dunyo kelinchagi bilan qo‘shadi, dunyoni ziynatlab odamzodga go‘zal ko‘rsatadi, inson va dunyoni nikohlab, mahr (nikoh to‘lovi) uchun jon va iymonni talab qiladi. So‘ng nafasida insonning jonini va iymonini oladi, so‘ng yana boshqaning to‘shagiga kiradi. Charx va dunyo bir bo‘lib ko‘rsatadigan o‘yinlar ko‘p, masalan, u insonga barcha xush yoqadigan ne’matlarni taqdim etadi, boylikka, shon-shuhratga ko‘madi, hatto taxtga chiqarib, davr-u davron surishi uchun sharoit hozirlaydi. Aldangan inson esa dunyo kelinchagi ortidan oshiq bo‘lib yuguradi. Holbuki, ma’shuqasi kelinchak emas, juda ayyor bir piri zoldir. Bu piri zol esa berganlarini ortig‘i bilan qaytarib oladi.
Inson davlat va iqboli bilan shodlanmasin. Falak ko‘rsatayotgan mehrga aldanib qolmasin. Qo‘lidagi mol va martabaga suyanmasin. Chunki dunyoning hosili, boqiy deb atalgan hamma narsasi, bir so‘z bilan aytganda, “hech”dir. Uning hamma narsasidan darhol voz kechish lozim va bu voz kechishni kechiktirmaslik kerak.
Xo‘sh, dunyodan qanday va qay yo‘l bilan voz kechiladi?
Falak insonni zabun etib, uning jonini olmasdan avval dunyoni xor va faqir bilmoq shart. Uni zabun etgan ma’qul. Agar insonning qo‘lida dunyo, mol va sarvat bo‘lmasa, falak undan nimani tortib oladi? Demak, dunyo ne’matlariga etak silkib, undan qo‘lni tortmoq to‘g‘ri ishdir. Buning uchun inson qo‘lida bor boyliklarni parokanda etsin, ya’ni dunyoni o‘z qo‘li bilan sharmanda qilsin. Qo‘lini quyoshning panjasi kabi ochib, unda bor kumush va oltinlarni olamga sochsin. Chunki falak, albatta, odam bolasining qo‘lini bo‘sh qoldiradi. Shunday ekan, undan avval insonning o‘zi o‘z qo‘lini bo‘shatib qo‘ygani afzal:
Ul seni aylar chu tihi dast bil,
Bilgach o‘z-o‘zungni tihi dast qil.
Iskandar Yer yuzi bo‘ylab qo‘shin tortdi, u zabt etmagan hududlar qolmadi, quruqlik va suv ostini ham o‘ziga bo‘ysundirdi, unga qullik qilish shohlar uchun iftixor edi, Alloh unga shohlikni berdi, O‘ziga do‘st (valiy) deb bildi hamda vahiy yo‘llab, payg‘ambar qilib tanladi. Iskandar har bir ishini hikmat bilan yuritdi. Biroq vaqt yetib, unga ojizlik yuzlandi. O‘lim kelgani ma’lum bo‘ldi. O‘tgan umriga nazar soldi, bunday zavol topish uning ichini o‘rtab, shunday dedi: “Bu nafas xor holda dunyoni tark etyapman, menga oxirat yo‘lining nog‘oralari chalindi. Vasiyatimni hamiyati borlarga yetkazing: ruhim qushi tanamdan uchib chiqqach, meni tobutga solib, qabr sari eltar ekansiz, qo‘limni tobutdan chiqarib qo‘ying. Unga nazar solgan har bir inson tushunsinki, yetti iqlimni zabt etgan podshoh, falak mushkullaridan ogoh bo‘lgan inson jismi jonsiz holda bo‘sh qo‘l bilan dunyoni tark etmoqda. Kim jahon mulkini havas qilsa, mening bu tajribam unga yetarli bo‘lsin!”
Biz bundan shunday xulosa olamizki, inson dunyo matohlariga aldanib qolmasin, lekin dunyodan voz kechdim deb dangasalikka, tanbalikka mubtalo bo‘lmasin. Maqsad boylik topish emas, balki boylikni xayrli ishlarga sarflashdir.
Dunyoda insonni baxtsiz qiladigan omillardan biri zulm hisoblanadi. Zulm odamlar haqini yeyish, ularni behuda va nohaq ranjitishdir. Alisher Navoiy hamisha zulmga qarshi kurashadi. Insonlarni zulmdan qaytaradi, adolatga da’vat qiladi:
Nechukkim, erur adl shahlarg‘a zeb,
Erur ham gado, xokirahlarg‘a zeb.
Ya’ni adolat shoh-u gadolarga, yo‘ldagi tuproq kabi mavqei quyi insonlarga ham zebdir, ziynatdir. Adolat faqat shohning zimmasidagi ish emas, balki har bir inson qilishi zarur bo‘lgan ishdir.
Zulm haqida esa shoir aytadi:
Necha zulmkim elga zolim qilur,
O‘z-o‘ziga ko‘prak qilur – Haq bilur.
Ya’ni zolim elga, odamlarga zulm qiladi, aslida esa bu zulm uning o‘zigadir, u odamlarga emas, o‘ziga ko‘proq zulm qilmoqda, buni Haq bilib turibdi. Shoir ushbu bayt orqali insonni zulmdan qaytaradi, boshqalarga nohaq azob berishning oqibatidan ogohlantiradi. Quyidagi bayt esa ushbu fikrni quvvatlaydi:
Vale kimsakim zulm anga komdur,
Bu olamda mardud-u badnomdur.
Ya’ni kim olamda o‘ziga zulmni odat qilib olsa, odamlar orasida badnom bo‘ladi, uni hamma rad qiladi va nafratlanadi.
Inson adolatni o‘ziga odat tutib, zulmdan saqlanishi kerak. Adolat nima? Adolat barchaga birdek muomala qilish emas, balki har kimga u loyiq bo‘lgan muomalani qilish hisoblanadi. Zulm esa insonga u loyiq bo‘lmagan munosabatda bo‘lishdir.
Umuman olganda, Alisher Navoiy asarlari ana shunday hikmatlarning bebaho xazinasidir. Uni o‘qish va uqish bugungi kun kitobxoniga faqat foyda va manfaat keltiradi. Hayotni anglashda, yashashda ma’naviy yordamchiga aylanadi.
Akrom MALIK
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q