Fotoapparat, eskalator va batiskaf – Hazrat Navoiyning hayratomuz ixtirolari


Saqlash
10:29 / 09.02.2022 2700 0

 

 

Olimlar Navoiy merosini muazzam ummonga o‘xshatishadi. Zangori osmon ostida chayqalib turgan bahri muhitning shiddatkor to‘lqinlari quyoshning munavvar nurlari bilan qorishib, borliqqa yorug‘lik, ziyo baxsh etadi. Ko‘zni qamashtirib, ko‘kka o‘rlayotgan tomchilarning har birida ilohiy nur jilvalanadi. Navoiy merosi ana shunday boqiy, maftunkor. Bu tabarruk zot ijodini o‘rgangan kishilarning qayta-qayta hayratga tushaverishlari sababi ham shunda.

 

Mir Alisher Navoiy hazratlari she’riyat ilmi, tilshunoslik ilmi bilan barobar ilmi unjum, musiqa, tabobat, lug‘atshunoslik, o‘q otish san’ati, adabiyot nazariyasi, qushlar hayoti – zoologiya ilmlarini ham egallaganlar. U zotning tasviriy san’atda ham mashqlar qilib turganlari, hatto Husayn Boyqaroning suratini chizganlari haqida manbalar guvohlik beradi. Hazrat Navoiy chizgan zanjirband sher surati ham mana besh asrdirki, takror-takror munozaralar manbai bo‘lib kelmoqda.

 

Navoiy hazratlari musiqa ilmida ham noyob iste’dod sohibi bo‘lib, bir qancha kuylar ijod qilganlar. Shuningdek, o‘z mablag‘lari hisobidan qurdirgan ko‘priklar, tegirmonlar, hammomlar, bog‘lar, maqbaralar, madrasalar, masjidlar, shifoxonalarning inshoot tarxini ham o‘zlari chizganlar, bosh me’mor sifatida boshqa me’morlarning tarxiga o‘zgartishlar, tuzatishlar kiritganlar.

 

Hazrat ijodining eng hayratomuz taraflari esa u zot asarlaridagi ixtirolar, kelajak texnikasi ta’riflaridir.  

 

 

Hazrat Navoiy asarlarida svetofor va fotoapparat tasviri

 

“Lison-ut-tayr”da (nasriy bayoni) shunday yoziladi: «Inson ko‘nglini turli bilimlar xazinasi qildi va bu tilsim ichida Alloh o‘zini yashirdi». Navoiy yozgan har bir bayt-satrlaridan donishmandlik ufurib turadi. She’riyat sultoni tahayyul otida shunchalar parvoz etolganki, uning oldida nafaqat tezlik, balki vaqt – asrlar ham chikora. Masalan, manzumalarda Navoiy yashagan davr uchun butunlay begona bo‘lgan turli timsollar (obrazlar) uchraydiki, go‘yo Navoiy tafakkurida  bunyod bo‘lgan ilmiy kashfiyotlarni, bashoratlar va farazlarni satrlar qatiga singdirib yuborgandek. Masalan, mutafakkirning go‘zal g‘azallaridan birida shunday satrlar mavjud:

 

Xil’atim to aylamish jonon qizil, sarig‘, yashil,
Shul’ai ohim chiqar har on qizil, sarig‘, yashil.

Shishadek ko‘nglimdadur gulzori husning yodidin,
Tobodoning aksidek alvon qizil, sarig‘, yashil…

 

Garchi yor tavsifiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, bu satrlarni o‘qib, sizning xayolingizda ham bugun butun dunyoda mashinalarning qatnovini tartibga solib turgan yo‘lchiroq (svetofor) gavdalanganiga shubha yo‘q. To‘g‘ri, bir qarashda bu she’r va yo‘lchiroqning bir-biriga umuman aloqasi yo‘qdek tuyuladi. Ammo ranglar silsilasi va ularga yuklangan vazifaga bir e’tibor bering-a. Ma’lumki, qizil rang – taqiq belgisi – yor dastlab oshiqning sevgisini rad etadi, noz qiladi. Sariq rang – tayyorgarlik – oshiqning rangi sarg‘ayib, fig‘oni ko‘kka o‘rlayvergach, jononaning ko‘ngli ham unga iliy boshlaydi. Yashil rang – bu yo‘l ochiq, degani. G‘azalda ham yor turfa ranglardagi kiyimlarda ko‘rinish berib, oshiqning ko‘nglini ezadi. U yashillikka burkanganda vasl ayyomi boshlanadi.

 

Navoiy baytlarida ilk bor namoyon bo‘lgan bu ramz – yo‘lchiroq (svetofor) amerikalik olim Garret Morgan tomonidan 1916-yilga kelibgina kashf qilingan. Endi mana bu satrlarga (“Favoyid ul-kibar”) e’tibor qarataylik:

 

Nega tarking etmay, ey charxki: shomu axtaringdin –
Qarodur yuzing, va lekin… oq erur yuzingda xoling!..

 

Mazkur baytning ikkinchi misrasida fototasvir ibtidosi – negativ ko‘rinishlar (oq rangning qora, qora rangning oq bo‘lib ko‘rinishi) haqida gapirilayotgandek.

 

Birinchi fotoapparat fransuz olimi Lui Jak Dagger tomonidan 1839-yilda kashf qilingan. Ilk negativlar ham aynan shu yili Fox Talbot tomonidan ixtiro etilgan. Navoiy hazratlari esa ulardan deyarli 350 yil oldin bu haqda ma’lumot beryaptilar.

 

 

Televizor va robotlar haqidagi tasvirlar

 

Barchaga yaxshi ma’lum, 1928-yilda Toshkentda ixtirochilar B. Grabovskiy va I. Belyayevskiylar elektr-nur yordamida harakat qilayotgan tasvirni bir joydan uzatadigan va qabul qiladigan apparat yaratib, uni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdilar. Yurtimiz poytaxti televideniye vatani sifatida tan olindi. Hazrat Navoiy esa ulardan necha yuz yillar oldin oynayi jahonni tasvirlab bergan edilar. So‘zimiz isboti uchun “Farhod va Shirin” dostonidan olingan quyidagi misralarni tahlil qilaylik:

 

G‘aroyib ko‘p huvaydo bo‘lg‘usidir,
Bas, anda shakl paydo bo‘lg‘usidir…

Ko‘runib har zamone – ko‘zga bir shakl,
Ko‘z olg‘och – bo‘lg‘usidir … o‘zga bir shakl!..

Chu bo‘ldi jilvagar oshkor yuz nav’,
Anga ham bo‘lg‘usi – timsol yuz nav’!..

 

Ma’lumki, ekranda kadrlar bir sekundda 24 marotaba almashadi va jonli tasvir ko‘rinadi. Shakl bu kadrlar desak, ularning almashinuvidan turli-tuman g‘aroyibotlar, jonli suratlar, rangin qiyofalar silsilasi namoyon bo‘ladi. Eng ajablanarlisi, Navoiy bu qurilmani ham o‘z holicha “Oynayi jahon” deb nomlaydilar. Farhod uzoq Arman o‘lkasining malikasi Shirinning husn-u jamolini aynan shu vosita orqali ko‘rib, unga mahliyo bo‘lib qoladi.

 

“Farhod va Shirin” dostonida oynayi jahon tasviridan tashqari XX asr yaratiqlaridan biri – robotlar haqidagi satrlar ham bor:

 

Bo‘lur darvoza ichra oshkoro,
Temur jismiki qilmish paykar oro.

Erur odamga monandu mushobih,
Ilgida temurdan yoy qilib zih.

Va lekin ushbu paykar roy to farq,
Bo‘lib o‘tdek temur o‘rchin aro g‘arq…

 

Ma’nosi shunday: “U odamga juda ham o‘xshar, qo‘lida o‘tkir o‘q tortilgan temir yoyni ushlab turar edi. Boshdan-oyoq sovutga o‘ralgan bu temir odam ich-ichidan yonib turardi”.

 

 

Hazrat Navoiy va… eskalator!

 

“Xamsa”ning to‘rtinchi dostoni “Sab’ai sayyor”da eskalator va lift haqidagi farazlarni o‘qigan mashhur sharqshunos olim Bertels ham hayratda qolganini yashirmagan.

 

Poyalar maqdamida bo‘lg‘ay past,
Aylagay bir-biri yuziga nishast.

Ul sekiz poya qat’ bo‘ldi tamom,
Aylagach shoh o‘z yerida maqom.

Yana ul poyalar baland o‘lg‘ay,
Taxtidin shoh bahramand o‘lg‘ay.

Kim, qayon  shah bo‘lur nishontagez,
Oz ishorat bila yugurgay tez…

 

Ma’nosi shunday: “Shoh shu taxtga chiqadigan bo‘lsa, pillapoyalar uning qadam qo‘yishi uchun pasayib, bir-birining ustiga yotadi. Shoh shu sakkiz poyaning hammasini bosib o‘tib, o‘z taxtiga o‘tirgach, u zinalar yana baland ko‘tariladi. Shoh qay tarafga qarab o‘tirishni xohlasa, ozgina ishora kifoya. Taxt o‘sha tarafga qarab aylanadi”.

 

Bu yerda 1892-yilda amerikalik kashfiyotchi Jessi Reno tomonidan yaratilgan eskalator haqida gap bormoqda…

 

 

Batiskaf ixtiro qilinishidan 463 yil oldin…

 

“Xamsa”ning beshinchi dostoni bo‘lmish “Saddi Iskandariy” ham bunday timsol va majozlar bilan to‘la. Masalan, Iskandarning suv tubiga tushish uchun shishadan maxsus noyob moslama yasatgani hikoya qilinadi:

 

Qilib suv tubin ko‘rmak andishae,
Hamul hikmat ahli yasab shishae.

Kirib shishaga ranju tashvir ila,
Aning og‘zin berkitib qiyr ila,

Tanobeki, bo‘lg‘ay necha ming qari,
Eshilgan, kelur chog‘da daryo sari.

Bir uchin qilib shisha davrig‘a rust,
Yana bir uchin tushurib elga chust.

Bu yanglig‘ qilib cho‘kdi daryo quyi,
Ani qa’rig‘a chekti daryo suyi.

G‘aroyibki, daryoda bo‘lg‘ay nihon,
Anga zohir o‘ldi jahon dar jahon…

 

Ma’nosi quyidagicha: “(Iskandarda) Suv tubini ko‘rish orzusi tug‘ildi. Olimlar tez orada shishadan bir idish yasadilar. Iskandar xavf-xatar bilan shisha ichiga kirdi. Uning og‘zini mum va po‘kak bilan mustahkamladilar. Dengiz suvi uni o‘z qa’riga tortib ketdi. Shunday qilib, suv tubida no’malum bo‘lmish butun g‘aroyibotlar boshdan-oyoq namoyon bo‘ldi”.

 

Tasavvur qudratini qarangki, hazrat Navoiy – batiskafni ixtiro qilgan shvesariyalik olim Ogyust Pikardan roppa-rosa 463 yil oldin suv tubiga tushuvchi qurilma, uning shakli va qismlari haqida yozib qoldiryapti.

 

 

Hazrat Navoiy avtomobil motori, dvigateli va konditsionerlarga ham ishora qilganlar

 

Hazrat asarlarida bugungi zamonaviy avtomobillarning motori, dvigateliga o‘xshash narsa haqida ham so‘z ketadi:

 

Ichinda namudor andoq tilsim,
Ki ul hufra kunjida bir ro‘y jism.

Kishi hay’ati birla junbushnamoy,
Ul otashgoh ichra haroratfizoy.

Yasab olida dam bila qo‘rae,
Hamul ko‘ra jismida moshurae.

Chu ul qo‘rau damg‘a aylab sitez,
Bu moshura nafxi qilib shu’la tez…

 

Satrlarning nasriy bayoni shunday: “Tilsim chuqurning bir burchagiga joylashtirilgan bo‘lib, ko‘rinishidan odamning gavdasiga o‘xshaydi. Kishining haybatiga o‘xshagan bu tilsimning qaynashidan o‘txonada harorat hosil bo‘ladi. O‘shaning yonida bir dam bilan qo‘ra bor, shu qo‘raga havo beradigan bir nay o‘rnatilgan. Shu dam bilan qo‘raning narigi nayi orqali puflanib, uning ichidagi olov bilan tutashtiriladi”.

Keyingi sahifalarda esa bugun uylarimizga ham issiqlik, ham muzdek havo baxsh etib turuvchi konditsioner haqida gap ketadi:

 

Ki har sori lavhe erur ta’biya,
Birida yelu birda o‘t ta’miya.

 

Ma’nosi shunday: “Chohning ikki yoniga yaxshilab qarasa,  biriga o‘t, ikkinchisiga havo deb yozib qo‘yilgan”.

 

“Farhod va Shirin”dan olingan mana bu bayt ham unga hamohang jaranglaydi:

 

Keturdilar hakimi nuktadoni,
Bilik birla jahon ichra jahone!..

Qilib tunni – yorug‘, kunni qorong‘u,
Suvdin – o‘t yondurub, o‘tdin – sepib suv…

 

Eslatib o‘tamiz, fransuz olimi Jann Shabaness birinchi konditsionerlarga 1915-yildagina patent olgan.

 

 

Hazrat Navoiy tasvirlagan kimyoviy qurol

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1763-yildagi urushda ilk bor kimyoviy-bakteriologik quroldan foydalanilgan. O‘shanda yevropalik istilochilar Amerika qit’asida hindu qabilalarini bo‘ysundirish uchun epidemiya tarqatuvchi kasallikdan foydalanishadi. Navoiy hazratlari esa XV asrdayoq xotirani yo‘qotuvchi, kishini manqurtga aylantiruvchi kimyoviy vosita haqida ma’lumot bergan edilar:

 

Borib pushti a’do arosiga chust,
Azim un chiqordi tegib yerga rust.

Degan to‘rt ish tutdi andin vujud:
Sadou afan, is bila o‘tu dud.

Sado botil etdi fusunlarni pok.
O‘ti kuydurub qal’ani qildi xok.

Fusungar yuzin dudi etdi qaro,
Isi qo‘ymadi nukta xotir aro…

 

Ma’nosi shunday: “Koptoksimon qurol osmonga uchib, dushmanning boshiga yetdi va yerga qattiq tegib, portladi. Undan dahshatli sado chiqdi. Yana sarkash o‘t, qop-qora tutun va badbo‘y hid chiqardi. Sado sehrlarni tamoman botil qildi, yemirdi. O‘t hammyoqni kuydirib, qal’ani xarob ayladi. Tutun sehrgarlarning yuzini qoraytirdi. Hid ularning miyasidagi xotirani yo‘qotdi”…

 

Yuqorida sanab o‘tilgan timsollar, ramzlar, o‘z davri uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan qurilmalar, bashoratlar hazrat Navoiy ijodlarida behisob. Baland minora ustiga o‘rnatilgan bugungi parabolik va sputnik antennalariga o‘xshash qurilmalar, dunyoning nariga chekkasidagi inson bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bir-birini ko‘rib turgan holda (vebkamera orqali) muloqotda bo‘lish, kompyuter, internet, kishining may ichgan-ichmaganini aniqlab beradigan vosita, kibernetika hamda yana boshqa turli g‘ayrioddiyliklar xususidagi farazlar shular jumlasidan.

 

Hazrat Navoiy asarlarida hatto XXI asr odamlari tasavvur doirasidan tashqarida bo‘lgan antiqa timsollar, farazlar uchraydiki, bundan hayratlanmay, qoyil qolmay iloj yo‘q.

 

Hazrat Navoiy ijodlarini muhtasham bir qasrga qiyoslasak, barchamiz uning yonidagina aylanib yuribmiz, xolos. Modomiki, bepoyon tafakkur sarhadlarini fath eta olgan sheriyat sohibqironining oltin merosi millat ruhini, tafakkurini tarbiyalar ekan, u zot ijodini qomusiy ravishda tadqiq va tahlil etish, bu jarayonda, ayniqsa, yoshlarda ragbat uygota olish bugungi kunning eng asosiy vazifalaridan biri bolib qolaveradi.

  

Inomjon ABDIYEV


 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 352
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21316
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//