Sohibqiron solnomasi


Saqlash
20:08 / 13.08.2021 3027 0

1336-yil 9-aprel (hijriy 736-yil 25-sha’bon) – Temurbek (Amir Temur, Buyuk Temur, Sohibqiron Amir Temur) Kesh viloyatida Muhammad Tarag‘ay oilasida dunyoga kelgan.

Otasi – Muhammad Tarag‘ay nufuzli beklardan bo‘lib, katta yer-mulk egasi, hokimiyat ishlaridan yiroq, ma’rifatparvar, atrofida olim-u fuzalolarni to‘plagan kishi sifatida tanilgan. Uning nikohida ikki xotini bo‘lib, kattasi Qadaq xotundan Shirinbeka tug‘ilgan.

Temurbekning onasi Takina xotun (Tegina Begim Moh) Buxoro sadr ash-shariasi Ubaydullo ibn Mahmud al-Mahbubiy avlodlaridan bo‘lgan. Hayoti haqida ma’lumotlar kam.

Bu paytda Alauddin Tarmashirxon (hukmronligi 1326–1334-yillar, poytaxti Buxoro) vafotidan keyin Movarounnahrda Chingiziylar saltanati parokandalikka uchragan, faqat 1343-yilga kelib Qozonxon taxtga chiqqach, nisbatan tinchlik o‘rnatilgandi.

 

1340–1343-yillar bolalik, “Podsho bilan vazir” singari o‘yinlar, tengdoshlar orasida alohida belgilarning namoyon bo‘lishi.

 

1343–1351-yillar – madrasada tahsil. Tog‘larda. Cho‘ponlar huzurida. Ov. Ro‘zg‘or yumushlarini boshqarish.

 

          Kecha-kunduz ishi edi chun shikor,

          Bu ish birla o‘tkarar edi ro‘zg‘or.

                                                    Yazdiy

 

1346-yil, qish mahalliy hukmdorlardan Qazag‘onning (balki Qatag‘ondir, qarorgohi yozda Solisaroyda, qishda Balxda bo‘lgan) Qozonxon ustidan g‘alaba qozonishi va taxtga chiqishi. Poytaxtning Zanjirsaroydan Buxoroga ko‘chirilishi. Movarounnahrda Chingiziylar hukmronligiga vaqtincha chek qo‘yilishi.

 

1352-yil – Muhammad Tarag‘ay bobolardan qolgan odat bo‘yicha ota mulkiga egalik qilish, navkarlarga bosh bo‘lishni o‘g‘li Temurbekka o‘tganini ma’lum qilishi. Amir Qazag‘on xizmatida mingboshi. Xuroson va Xorazm yurishlarida jasorat ko‘rsatdi.

 

1354-yil Temurbekning Qarshi beklaridan Joku barlosning qizi Turmish (Nurmushk) oqaga uylanishi.

 

1356-yil Sohibqironning farzandlari – Muhammad Jahongir va Umarshayx (ba’zi tarixiy dalillardan uning 1354-yili tug‘ilganini taxmin qilish mumkin) dunyoga kelishi.

Temurbekning amir Qazag‘onning nabirasi O‘ljoy Turkon oqaga uylanishi.

 

1358-yil amir Qazag‘onning o‘z kuyovi Qutlug‘ Temur tomonidan o‘ldirilishi. Taxtga amir Abdulloning o‘tirishi. Mamlakat poytaxtining Samarqandga ko‘chirilishi.

 

1359-yil – Movarounnahr amirlaridan Bayon sulduz va Hoji barlosning amir Abdulloga qarshi bosh ko‘tarishi.

 

1360-yil – Movarounnahrning o‘nga yaqin mustaqil bekliklarga bo‘linib ketishi.

 

Bahor – Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurning Movarounnahrga yurishi.

Padari buzrukvor Muhammad Tarag‘ay vafot etdi. Kesh hokimi Hoji barlosning Xurosonga qochishi.

 

1361-yil boshi – Tug‘luq Temur tomonidan Kesh bekligining Amir Temurga suyurg‘ol (mulk) qilib berilishi. Amir Temur va amir Husayn o‘rtasida harbiy ittifoqning vujudga kelishi.

 

Mart – Tug‘luq Temurning ikkinchi marta Movarounnahrga yurish qilishi.

 

Kuz – Ilyosxojaning Movarounnahr xoni deb e’lon qilinishi, Chingiziylar hukmronligi qayta tiklanishi.

Amir Temurning Tug‘luq Temur tomonidan sipohsolor (qo‘shin boshlig‘i) etib tayinlanishi.

 

1362-yil – sipohsolor Temurbekning mo‘g‘ul qo‘shinidan ajralib chiqishi. So‘xori qishlog‘ida pir Sayyid Mir Kulol huzurida. Badaxshonga emas, Xorazm tomonga yo‘l olish.

         Amir Temurning oltmish navkar bilan Xiva hokimi Tavakkal (To‘kal) bahodirning ming kishilik qo‘shinini yengishi.

 

Bahor-yoz – Amir Temurning Moxon (Marv) beklaridan biri Alibek yerto‘lasida 62 kun tutqunlikda bo‘lishi.

 

Yoz – Samarqandda va Achig‘i (Niyoziy) kentida (48 kundan) yashirinib yurishi.

Jeta lashkari Termizni talashi.

 

Kuz-qish – Garmsir viloyatining egallanishi, Zuranjga hujum paytida yaralanib, ikki oy davolanishi. Pir, shayx Zayniddin Tayobodiy tashrifi va ruhiy daldasi.

 

1363-yil – Toshko‘prik (Vaxsh daryosi ustida) yaqinida Ilyosxoja qo‘shinlari ustidan g‘alaba. Keshning egallanishi va Movarounnahrning mo‘g‘ullardan deyarli tozalanishi.

Tug‘luq Temur vafot etadi.

Amir Temur va amir Husayn Gʻuzordagi Xo‘ja Shams mozorida do‘stlik uchun ont ichadi.

 

1364-yil, qish – chegaralarni mustahkamlash maqsadida faslni Toshkentda o‘tkazish.

Qurultoy. Amir Temur – Keshda, amir Husayn – Solisaroyda hokim.

Yom suvi atrofi (Toshariq, Qubbaimetin mavzesi)da Amir Temur va amir Husaynning Ilyosxoja bilan to‘qnashuvi.

 

1365-yil – qishni Qarshida o‘tkazish.

 

Bahor – Ilyosxoja Jetadan qaytdi.

 

21–22-may – Mo‘g‘uliston xoni Ilyosxojaga qarshi Amir Temur va amir Husaynning birlashgan qo‘shinlari o‘rtasida mashhur “Loy jangi” bo‘lib o‘tdi.

Ilyosxoja qo‘shinlarining Samarqandni qamal qilishi.

Sarbadorlarning beboshligi, xalq noroziligi.

 

1366-yil, yoz – amir Husaynning singlisi, Temurbekning rafiqasi O‘ljoy Turkon oqaning vafot etishi bilan Amir Temur va amir Husayn o‘rtasidagi munosabatning uzilishi.

Mironshoh Mirzo tug‘ildi (onasi – kanizak Menglibeka oqa).

 

Kuz – amir Husaynning Amir Temurni hiyla bilan qo‘lga tushirish uchun Chakchak darasida uyushtirgan fitnasining barbod bo‘lishi.

 

1367-yil, bahor – Amir Temur va amir Husayn o‘rtasidagi Chakdolikda to‘qnashuv.

Temurbekning Moxonga ketishi.

 

Yoz – Shirkent orqali 243 yigit bilan Qarshiga hujum qilish va 12 ming askar qo‘riqlayotgan shaharning egallanishi.

Husayn bilan Qarshi, Samarqand va Jizzax atroflarida to‘qnashuvlar.

 

1368-yil – Sohibqironning qishni Toshkentda o‘tkazishi. Amir Husayn huzuridan ulamolarning kelishi va yarashuv.

Balx va Badaxshon tomonlarga nazorat yurishlari.

 

1369-yil – Jeta hukmdori Qamariddinning Toshkentga hujumi.

Sohibqiron hayotidagi eng og‘ir jang (Qo‘ng‘uz alangida 13 kishi bilan badaxshonliklarga asir tushgan 130 otliqni ozod qilish).

Amir Husaynning nobop talablari. Munosabatlarning o‘ta keskinlashishi.

 

1370-yil – Husaynga qarshi hal qiluvchi yurish. Sayyid Baraka Amir Temurga Termizdan 3 yig‘och beridagi Bo‘yoyi mavzeida hokimiyat ramzlari bo‘lmish nog‘ora va bayroqni topshirdi.

 

Mart – amir Husaynning amir Kayxusrav tomonidan o‘ldirilishi.

 

9-aprel – Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragonning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi.

 

1370-yil, kuz – Samarqandda qurultoy chaqirildi.

Shibirg‘onga, Zindachashm ustiga yurish.

Oq O‘rda va Oltin O‘rdadan elchilarning kelishi.

 

1371-yil, bahor – Jeta sari birinchi yurish.

 

1372-yil, bahor – Xorazmga ilk yurish. Xonzodani kelin qilish sharti bilan sulh tuzildi.

Saltanatda jiddiy islohotlarga kirishildi.

 

1373-yil, yanvar – Xorazmga ikkinchi yurish Husayn o‘rniga o‘tirgan Yusuf So‘fi va’dasini bajarmagani uchun uzr so‘raydi, yarim yo‘ldan qaytiladi.

 

1374-yil, mart – Xonzodaning kelin qilib olib kelinishi.

Chegaralarda harbiy to‘qnashuvlar.

 

1375-yil bahori va yozi – Qamariddinga qarshi muhofaza janglari. Jahongir Mirzo asirlar va Dilshod oqani Samarqandga olib keldi.

 

Iyun-iyul – Xorazmga va Jetaga qarshi bir paytda uchinchi va to‘rtinchi yurish.

 

1375-yil, 26-dekabr – mo‘g‘ullar tomon yurish.

Qatvon mavzesida qattiq sovuqdan to‘xtash.

 

1376-yil, 23-fevral – yana Qamariddin izidan. Dilshod oqa Sohibqiron nikohida.

 

Bahor – Jeta ustiga hal qiluvchi yurish. Mo‘g‘ullar qarshiligining butunlay bartaraf etilishi va hududlarda to‘la hukmronlikning ta’minlanishi.

Umarshayx Mirzo – Andijon hokimi.

Jahongir Mirzo vafot etdi.

To‘xtamishning Sohibqiron huzuriga kelishi. Unga O‘tror va Sabronning berilishi.

 

1377-yil, mart – Oq O‘rda ustidan zafar.

To‘xtamish – Dashti Qipchoq xoni.

 

20-avgust – Shohrux Mirzo tug‘ildi.

 

1378-yil – Bog‘ibehisht qasri va chorbog‘i qurildi. Sohibqiron Tuman oqaga uylandi. Qishni Zanjirsaroyda o‘tkazdi.

 

1379-yil, fevral – Xorazm ustiga to‘rtinchi yurish.

Umarshayx Mirzo Andijonda Guliston bog‘ini barpo qilishga kirishdi.

 

1380-yil – Oqsaroy qurilishining boshlanishi.

Mironshoh Mirzo qo‘mondonligida 25 ming lashkar Xurosonga yo‘l oldi.

 

1381-yil, fevral-aprel – Sohibqironning Xurosonga yurishi.

Bobo Sangu, Zayniddin Tayobodiy bilan uchrashuvlar. Fo‘shanj qal’asining olinishi. Hirotning taslim bo‘lishi, Qurtlar sulolasi tugadi.

Tog‘ayshoh Oqabegim vafot etdi.

 

1382-yil, qish – yana Xurosonga yurish.

Mironshoh Mirzo – Xuroson hokimi.

 

1383-yil – butun Xuroson va Mozandaronning bo‘ysundirilishi.

Forsga elchilarning yuborilishi.

Dilshod oqa va Qutlug‘ Turkon oqa vafot etdi.

To‘xtamishning Xorazmga hujumi.

 

1384-yil, bahor – Sohibqironning amir Valiga qarshi Mozandaron, Iroqi Ajam, Sultoniyaga yurishi.

Rayda qishlash.

 

1385-yil, may – Samarqandga qaytish.

 

Qish – Zanjirsaroyda.

 

1386-yil, qish – To‘xtamish Tabrizni taladi.

Uch yillik yurishning boshlanishi. Gurji podshohi Bagratning islomni qabul qilishi.

Fors tasxiriga kirishildi.

 

1387-yil – Sohibqiron Tabriz atrofidagi Ko‘kchatengiz (Urmuya ko‘li) bo‘yiga kelib tushdi. Saroymulkxonim Samarqanddan Shohrux (10 yosh) va Xalil Sulton (3 yosh) bilan vosil bo‘ldi.

 

15-noyabr – Isfahondagi qo‘zg‘olon.

To‘xtamish Zanjirsaroyga o‘t qo‘ydi.

 

13-dekabr – Sohibqiron Sheroz yaqinidagi Taxtiqoracha manziliga kelib tushdi. Ulamolar bilan mashvarat. Mashhur shoir Hofiz Sheroziy (1325–1390) bilan suhbat.

 

1388-yil – Anqa To‘raning Jetadan kelib, Sayramga, Toshkentga hujum qilishi.

 

Fevral – Samarqandga qaytish.

 

Bahor – Xorazmga beshinchi yurish.

Shohrux, Muhammad Sulton, Pirmuhammadning uylanish to‘yi tantanalari.

 

1389-yil, yoz – Mo‘g‘uliston ustiga hal qiluvchi yurish. Oqyor mavzei (Afto, Oqqop, Darband yaqini)da katta qurultoy.

 

         1390-yil – Mironshoh Mirzo Samarqandga, Sohibqiron huzuriga keldi.

 

Kuz – To‘xtamish ustiga yurishning boshlanishi. Toshkentda qishlash.

Qadaq xotun vafot etdi.

 

1391-yil, 19-yanvar – qo‘shin Toshkentdan Oltin O‘rda sari yo‘lga tushdi.

 

21-fevral – Qoraosponda to‘xtash, To‘xtamish elchilarining kelishi.

 

Aprel – Ulug‘ tog‘da minora tikladilar va esdalik toshi o‘rnatdilar. Bu joy hozirgi Boyqo‘ng‘ir kosmodromi o‘rniga to‘g‘ri keladi.

 

9-may – Sohibqironning qo‘shinni ko‘zdan kechirishi.

 

May – Tobol, Ural (Yoyiq), Ik (Iyiq) daryolaridan kechib o‘tish.

 

18-iyun – Samara shahri shimolidagi Qunduzcha (Kondurcha) mavzeida To‘xtamishxon lashkari bilan jang va g‘alaba.

 

Iyul – hozirgi Tolyatti shahri yaqinida qo‘shinga bir oy dam berildi.

Mironshoh Mirzoga Toshkentdan Xurosonga jo‘nab ketishga ruxsat etildi.

 

Oktyabr – O‘trorga kelish. Qishni Toshkentda o‘tkazish.

 

Dekabr – g‘olib qo‘shin Samarqandga qaytdi.

 

1392-yil 21-mart – Sohibqiron Toshkentdan Samarqandga yo‘l oldi. Sirdaryo bo‘ylarida ov.

Pirmuhammad Jahongir Mirzo o‘g‘liga Sind daryosigacha bo‘lgan hududlar hukmronligi topshirildi.

 

24-may – besh yillik yurishning boshlanishi.

 

24-iyun – Buxoroda. Sohibqironning betobligi.

 

Iyul – Eron sari yurish boshlandi.

Omul, Sori, Mohon qal’alari egallandi.

Jayhundan o‘tib, Mozandaron viloyati qayta tasarrufga olindi. Qavmlarni birlashtirish va obodonchilik tadbirlari o‘tkazildi.

 

19-sentyabr – Astrobodga yetib, Jurjon daryosi yaqiniga tushdilar.

 

Kuz-qish – Jurjon viloyatida muqim yashash va Samarqanddan malikalar hamda nabiralarni chorlash.

 

1393 yil, 9 yanvar – qo‘shin yana yo‘lga tushdi.

 

1-mart – Dizpul ko‘prigidan o‘tildi.

 

10-mart – Sheroz tomon yo‘lga tushildi.

 

Aprel – Muzaffariylarga qarshi kurash. Shoh Mansurning yengilishi.

Umarshayx Mirzo – Fors mamlakati podshohi.

 

10-may – Isfahonga yurish. Muhammad Sulton bilan diydorlashuv.

 

Iyun – Isfahonda Hulogu mulkining Mironshoh Mirzoga topshirilishi.

 

Avgust-sentyabr – Bag‘dodga yetib borildi va egallandi.

Tarixchi olim Nizomiddin Shomiy bilan ilk uchrashuv.

Misr podshohi Barquqqa xat va elchilar yuborildi.

 

31-oktyabr – shayx Bahlul mozori ziyorati.

 

9-noyabr – Tikrit qal’asiga yetib keldilar.

 

1-dekabr – qal’a egallandi.

 

1394-yil, 3-yanvar – Ruha shahridagi otashkadani ko‘rdilar.

 

16-yanvar – Umarshayx Mirzo yo‘lda, Kurdistonda halok bo‘ldi.

 

22-mart – Mordin qal’asining ishg‘ol qilinishi va Muhammad Tarag‘ay (Ulug‘bek) tug‘ilgani haqidagi xushxabarning tarqalishi.

 

Aprel – 3–4 ming yillik Homud qal’asi 2-3 kunda egallandi.

 

26-may – Tabrizdan Shohrux Mirzo kelib, Marandga yaqin joyda Sohibqiron bilan ko‘rishdi.

 

8-iyun – Sohibqiron Sultoniyada turgan oila a’zolarini borib ko‘rdi.

 

18-iyun – Avnik qal’asiga yetib keldilar va uning fathiga kirishildi.

 

1-avgust – qal’a hokimi Misr (Qora Muhammadning o‘g‘li) yengilganini tan oldi. Uning gunohi Muhammad Sultonga bag‘ishlandi.

 

6-avgust – hoji Sayfiddinbek Samarqanddan salomlar keltirdi.

 

14-avgust – Ibrohim Sulton tug‘ildi.

 

17-sentyabr – Shohrux Mirzo Samarqandga hokim etib tayinlandi.

 

Oktyabr – Gruziyaga yurish.

Qishni Ko‘ra daryosi bo‘ylarida o‘tkazdilar.

 

1395-yil, 28-fevral – To‘xtamish ustiga yurishning boshlanishi.

Mironshoh Mirzo Xuroson hokimligini tark etib, Ozarboyjonga ko‘chdi. Amirzoda Umarshayx va Jahonshoh ibn Jokuning o‘g‘li Rustam unga hamrohlik qildi.

 

22-aprel – Terek va Ko‘ra daryolari oralig‘ida To‘xtamish ustidan qozonilgan olamshumul g‘alaba.

 

May – Muhammad Sulton – Moskvada.

Rus yerlarida zafarli yurish.

 

26-avgust – Andrean va Nataliyaning iltijolari qabul bo‘lgan kun, ya’ni Sohibqiron Amir Temurning muzaffar qo‘shini Rusga shikast yetkazmay, ortga qaytdi.

 

Noyabr – g‘olib qo‘shin Astraxanda.

Saroy Berka tasxir qilindi.

 

1396-yil, mart – Bokuga kelib tushdilar.

Ramazon oyi Hamadonda o‘tkazildi.

 

18-iyul – Samarqand sari yo‘lga tushildi.

Zafar tantanalari.

Samarqandda obodonchilik ishlari. Bog‘ishamol qasr-bog‘i qurildi.

Vaqtincha hukmdor qilib qoldirilgan Ollohdod o‘rniga Shohrux Mirzo Xuroson hukmdori etib tayinlandi. Unga yigirmaga yaqin taniqli beklar hamrohlik qiladigan bo‘ldi.

 

1397-yil – Ramazon oyi Shahrisabzda kutib olindi.

 

Kuz – Toshkentga tashrif. Shohruxiya shahri qurilishi bilan tanishish. Yassida Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini qurishga farmon.

 

22-noyabr – To‘kalxonim Samarqandga yetib keldi.

 

1498-yil, 19-fevral – Muhammad Sulton Xitoy chegarasidagi Ashparaga yuborildi.

Kesh dovoni yaqinida Taxtiqoracha bog‘i va ko‘shkining bunyod etilishi.

Shohrux Mirzo otasini ko‘rib kelish uchun Astroboddan Keshga keldi.

 

1498-yil, bahor-yoz – Hindiston tomon yo‘lga chiqildi.

Saodatmand qo‘shin Amudan kechib, Xulm, Gʻazni, Samangan, Bag‘lonni ortda qoldirib, Andarobga tushdi. Baland cho‘qqilardan o‘tilib, qoraliboslar murosaga keltirildi.

Keyin Kobulda. Mohigir arig‘i qazilib, shaharga toza suv olib kelindi.

Dashti Qipchoqdan elchilar.

 

31-avgust – Eryob qal’asida xoinlik. Ertasi Shanuzonda.

 

20-sentyabr – Sind daryosi qirg‘oqlarida.

Bir paytlar Sulton Jaloliddin kechib o‘tgan joyda ko‘prik qurildi.

 

5-oktyabr – Jamula va Chinoba daryolari qo‘shilgan Haveli shahriga yetib, daryoga ko‘prik bog‘ladilar. Bu ishni hech kim eplay olmagandi.

 

26-oktyabr – Biyoh daryosi bo‘yida shahzoda Pirmuhammad bilan diydorlashish.

 

30-oktyabr – Janjonda Sohibqiron sharafiga Pirmuhammad Mirzo bazm uyushtirdi.

 

5-noyabr – qo‘shinlarning Ajudanga kelishi.

 

6-noyabr – Sohibqironning shayx Farid Shakarganj qabrini ziyorat etishi.

 

7-noyabr – Batnir qal’asiga kelish va qal’adan roja Dolchinning chiqib, itoatkorlik bildirishi.

 

14-noyabr – Feruz qal’asining olinishi.

 

17-noyabr – Sarasati, Rajabpur, Amaruni qal’alarining olinishi.

 

18-noyabr – Guhna dashtida to‘xtash.

 

21-noyabr – Qahqar daryosi bo‘yida to‘xtash.

 

25-noyabr – Kopla ko‘prigi yonida to‘xtash.

 

29-noyabr – Bakran ko‘prigi yonida to‘xtash.

 

30-noyabr – Somnatda to‘xtash.

 

2-dekabr – qo‘shin Asandi shahrida.

 

3-dekabr – Tug‘luqpur qal’asida.

 

4-dekabr – Panipat shahrida.

 

17-dekabr – Dehli atrofida jang.

 

20-dekabr – Dehlidagi jome’ masjidida Sohibqiron nomi xutbaga qo‘shib o‘qildi.

 

1399-yil 1-yanvar – ortga qaytish, Feruzobodga kelish.

 

2-yanvar – Vazirobodga tashrif.

 

3-yanvar – Mudulga tashrif.

 

4-yanvar – Gataga tashrif.

 

5-yanvar – Bog‘obodga tashrif.

 

8-yanvar – Mirot qal’asida.

 

9-yanvar – Mirot qal’asi yonida jang.

 

10-yanvar – Gang daryosi sohilida to‘xtash.

 

12-yanvar – Tug‘luqpur qal’asida.

 

13-yanvar – Kubla dovoni orqali o‘tish.

 

14-yanvar – Gang daryosiga qaytish.

 

18-yanvar – Suvalak tog‘i yaqinida to‘xtash.

 

19-yanvar – Pirmuhammad Jahongir uyida to‘xtash.

 

20-yanvar – Sava maskanida to‘xtash.

 

22-yanvar – Gandarga kelish.

 

23-yanvar – Jammu viloyatining Bayla qishlog‘ida to‘xtash.

 

Fevral – Suvalak va Karaka tog‘laridagi o‘nlab qal’alar musaxxar etildi, Bag‘roz, Ratan, Bayla, Manur, Lag‘ovarda musulmonchilik joriy qilindi.

 

3-mart – Chinob daryosidan kechib o‘tish.

Tabrizdan Mironshoh Mirzoning a’yonlari sovg‘alar keltirishdi.

 

7-mart – Kashmirning Jahon qishlog‘ida to‘xtash.

 

8-mart – Sind ustidagi yangi ko‘prikdan o‘tildi. Sohibqironning qo‘shindan ajralib, Samarqandga jadal yo‘l olishi.

 

9-mart – Amir Temur Somnatda.

 

11-mart – Bonuga o‘tish joyida to‘xtash.

 

13-mart Nagar qal’asiga kelish va qal’ada ta’mirlash ishlarining boshlanishi.

 

17-mart – Shayx Muborakshoh qishlog‘ida to‘xtash.

 

18-mart – Aramak Dahanga kelish.

 

19-mart – Surxob qishlog‘ida to‘xtash. Kobulga tashrif. Jo‘yinav kanali sohiliga kelish.

 

27-mart – Samangan maskanida.

 

28-mart – Toshqo‘rg‘on (Xulm)da.

 

29-mart – Jayhundan o‘tildi. Zafarnishon qo‘shinning saroy a’yonlari tomonidan kutib olinishi.

 

30-mart – Termizga kelish.

 

31-mart – Termizdan chiqib, Jahonshoh va Turki Garmob qishloqlarida to‘xtash.

 

2-aprel – Obi Baryakda to‘xtash.

 

3-aprel – Chakdolikda to‘xtash.

 

4-aprel – Qo‘zimunchoqda to‘xtash.

 

5-aprel – Dulburjiga kelish.

 

7-aprel – Sohibqiron – Keshda.

 

21-aprel – Keshdan jo‘nash.

 

22-aprel – Chinor maskanida to‘xtash.

 

23-aprel – Qutlug‘ yurtda to‘xtash.

 

25-aprel – Taxtiqorachada to‘xtash.

 

26-aprel – Davlatobodda, Qasrijahonnamoda to‘xtash.

 

27-aprel – Bog‘idilkushoda.

 

28-aprel – Samarqandda. Sohibqironning Qo‘sam ibn Abbos qabrini ziyorat etishi.

 

10-may – Amir Temurning Bibixonim jome masjidi poydevoriga g‘isht qo‘yishi va qurilishning borishini shaxsan kuzatib turishi. Bog‘lar bunyod etilishi.

 

10-sentyabr – yurishning boshlanishi. Muhammad Sulton – Samarqand hokimi.

Sohibqiron Ozarboyjon tomonga jo‘nadi. Sultoniyaga yetib keldi. Mironshoh foliyatiga baho berildi.

 

Qish – Qorabog‘da. Kavkaz tomon yurishlar.

Andijon hokimi Iskandar Mirzoning o‘zboshimchaligi.

 

1400-yil, yoz – Venetsiya savdogarlari Boyazid ustidan shikoyat qildilar.

Boyazid Arzirum va Arzinjonni bosdi.

Sohibqiron Boyazidga xat yozib, elchi jo‘natdi.

 

Avgust – Amir Temurning Kappadokiya (Abuliston) va Malatiyaga yurishi. Sohibqiron qo‘shini Sivosga keldi, 17 kunda qal’a olindi.

 

27-sentyabr – Suriyadagi Biheshti va Ayntob qal’alarining olinishi.

Sulton Farajga xat va elchilar jo‘natildi.

 

Kuz – Iroq va Misrga yurish boshlandi.

 

28-oktyabr – qo‘shin Halabga yetdi. Asirlikdagi Nizomiddin Shomiy ozod qilindi, u Sohibqironni tabrikladi. Olimga kitob yozish topshirildi.

Baalbek shahrida.

 

22-dekabr – Nuh payg‘ambar qabri ziyorati.

 

1401-yil, 8-yanvar – Sulton Farajning Damashqdan Misrga qochishi.

 

15-yanvar – Damashq egallandi. Alloma Valiuddin ibn Xaldun bilan ilk uchrashuv.

 

17-yanvar – xutbaga Sohibqiron nomi qo‘shib o‘qildi.

 

20-mart – Damashqdan qaytish.

 

9-iyul – qirq kunlik qamaldan so‘ng Bag‘dodning ikkinchi marta egallanishi.

 

22-iyul – hazrat Sohibqiron Imomi A’zam mozorini tavof qildi.

 

Kuz – yana Qoraboqqa qaytib keldi.

Samarqanddan Muhammad Sulton keldi. Yo‘lda amir hoji Sayfiddin vafot etgan.

 

1402-yil, qish – to‘rt tomonga qo‘shin yuborildi. Shipka dovoni egallandi.

Araks daryosidan 10 farsax ariq (Barlos nahri) qazildi.

Yevropa mamlakatlaridan elchilar keldi.

Boyazidga yana xat va elchilar yuborildi.

 

12-mart – qo‘shin Qorabog‘dan qo‘zg‘aldi.

 

May – Kamox qal’asining olinishi.

 

Iyun – Sivos sahrosida harbiy ko‘rik.

 

20-iyul – Anqara yonida jang va g‘alaba.

Misr elchilarining kelishi. Qora totorlarning Rum yeridan ko‘chirilishi.

 

Avgust – Muhammad Sulton – Bursada.

Zafarning munosib nishonlanishi.

Xalil Sultonga Samarqand tomon jo‘nab, zafar xabarini saltanat hududlariga yetkazish, Xitoy chegaralarigacha chopqin yasab, muxoliflardan tozalash topshirildi.

 

2-dekabr – Izmir qal’asiga hujumning boshlanishi va tezda egallanishi.

Sohibqironning davlat ishlari bilan band bo‘lishi.

 

1403-yil, bahor – Kavkazda.

 

Yoz – Yevropa va Misr elchilarining kelishi. Misrdan qaytgan elchilar Qohiradagi masjidlarda xutba Sohibqiron nomiga o‘qilganini xabar qiladi.

 

24-iyul – Kartin qal’asiga hujum.

 

27-sentyabr – Abxaziyadan qaytdilar.

 

Kuz – Baylaqonni tiklash. Nahribarlos bo‘ylarida obodonchilik ishlari.

Ulamolar bilan anjuman.

 

16 noyabr – Sohibqiron chorlovi bilan amirzoda Umar Samarqanddan keldi.

Qishni Qorabog‘da o‘tkazdilar.

 

1404-yil, 13-mart – Muhammad Sultonning yillik ma’rakasi o‘tkazildi.

 

26-mart – Samarqand tomon yo‘lga chiqildi.

Qo‘shinning Araks bo‘yidagi Ne’matobodda to‘xtashi.

Xuloguxonning ulusi amirzoda Umar Mirzoga aqd qilindi.

 

12-aprel – O‘g‘loq daryosi sohilida to‘xtash.

 

18-aprel – Movarounnahrdan, Xalil Sulton huzuridan Amir Temur qarorgohiga chopar kelishi. Ardabil va Miyonadan o‘tish. Sarjomada to‘xtash.

 

1-may – Sultoniyaga kelish.

 

3-may – Qazvin dashtida, Sovuqbuloqda to‘xtash.

 

11-may – Sariqamish o‘tlog‘ida to‘xtash.

 

19-may – Feruzkuh qal’asi yaqinida to‘xtash.

 

21-may – Feruzkuh qal’asining egallanishi va u yerdan jo‘nash.

 

30-may – qo‘shinning Jilovga kelishi.

 

2-iyun – Daylamda tog‘ dovonidan o‘tish.

 

4-iyun – Qulzum (Kaspiy) dengizi sohilida Iskandar shayx bilan uchrashuv.

Yetti yillik yurishning tugashi va qo‘shinning Samarqand tomon harakati jadallashuvi.

 

29-iyun – Ko‘shkiarg‘un saroyida to‘xtash.

 

1-iyul – Feruzkuhga kelish.

 

3-iyul – Bistomga kelish.

 

10-iyul – Nishopur orqali o‘tish va Ishqobodda to‘xtash.

 

12-iyul – Jomga kelish va u yerda to‘xtash. Jaqjaron daryosi bo‘yida Sohibqiron Shohrux Mirzo bilan uchrashdi.

Jayhun orqali o‘tish. Termizda to‘xtash. Keshga kelish va Oqsaroyda.

 

19-iyul – Taxtiqoracha orqali Sohibqiron – Samarqandda.

 

Iyul – Kastiliya, Misr, Vizantiya, Rum elchilari Samarqand yaqinidagi Misr qishlog‘iga kelib tushdilar.

 

Avgust – qurultoy chaqirildi va unda ulug‘ to‘y o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

 

7-sentyabr – Sohibqiron Konigilga kelib tushdi. Amirzoda Pirmuhammad yetib keldi. Tantanalar boshlandi.

 

8-sentyabr – Kastiliya elchisi Rui Gonzales de Klavixoning qabul qilinishi.

 

22-sentyabr – Bog‘inavda Kastiliya, Misr, Shom, Vizantiya, Rum va Xitoy elchilari sharafiga ziyofat berildi.

 

17-oktyabr – Sohibqiron Konigildan qaytib, Samarqandga, Saroymulkxonim madrasasiga kelib tushdi.

 

7-noyabr – 60 kun davom etgan to‘y tantanalari xotima bo‘ldi.

 

27-noyabr – qo‘shin Samarqanddan Xitoy sari yo‘l oldi. Oqsulotda sovuq tufayli to‘xtash.

Hirotdan, Shohruh Mirzodan vakillar keldi.

 

25-dekabr – Oqsulotdan yo‘lga chiqildi.

 

1405-yil, yanvar – Uzun otaga kelish.

Yo‘lxo‘jaoyda to‘xtash. Sutkand, Qimorshoh ota, Sultonshayxda qisqa vaqt to‘xtash. Sayxun (Sirdaryo)dan muz ustidan o‘tib, Zarnuqda to‘xtash.

 

9-yanvar – O‘trorga yetib kelindi.

To‘xtamishxondan elchilar keldi. Sohibqiron ular bilan suhbatlashdi.

 

5-fevral – nard va shatranj o‘yinlaridan bosh tortish (Fosih Havofiy ma’lumoti).

 

11-fevral – Sohibqironning isitmasi chiqib, sog‘lig‘i yomonlashdi.

 

18-fevral (hijriy 807 yil 17-sha’bon) – hazrat Sohibqiron Amir Temur vafot etdi.

 

Sohibqiron umri – 70 yil.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 515
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19397
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16602
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi