
Globallashuv sharoitida ma’naviy-axloqiy tahdidlarga qarshi kurashda ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyati tizimida bosh harakatdagi shaxs – o‘qituvchidir. U o‘z shaxsiy potensiali va mahoratini ishga solgan holda talabalar bilan hamkorlikda ijodiy va hayotiy faoliyatini maqsadga muvofiq tarzda tashkil etsa, o‘rganuvchilar uning barcha shakl va ko‘rinishlarida real subyektga aylanadi. Bu jarayonda ta’lim tizimida uchta muhim asosni yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Bunda o‘qituvchi – “pedagogik ong” – “pedagogik g‘oya” – “pedagogik hokimiyat”ga ega mustaqil faoliyat olib boruvchi ta’lim subyekti sifatida faoliyat yuritishi samarali natijalarni beradi.
Zamonaviy ta’lim texnika bilan boshqarilayotgan “aql” va texnikani boshqarayotgan “aql” munosabatlari orasidan o‘z o‘quvchisini sug‘urib olishi va bu jarayonda ularning mavjudligini inkor etmagan holda ular taqdim etgan munosabatdan foydalisiga ishlov berib, undan keyin tezkorlik bilan an’anadagi haqiqatni ilgari surishi zarur bo‘lib qolmoqda.
Respublika ta’lim Markazi direktori Sh.Sattorovning fikricha, shunday mamlakatlar borki, ularda darsliklar yo‘q. Lekin sifatli ta’lim bor. Biz o‘qituvchilarni darslikka qaramlikdan xolos qilishimiz kerak. O‘shandagina ta’limda juda katta o‘zgarish sodir bo‘ladi (Sattorov Sh. Maktabning maqsadi “universal odam yaratish emas”/ “Gazeta.uz”. 14.07.2021 https://www.gazeta.uz/uz/2021/07/14/textbooks). Ammo, amaliyotchi o‘qituvchilarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda yangilangan darsliklar o‘quvchilarni zeriktirib qo‘ymoqda hamda har qanday tajribani to‘g‘ri deb uni qabul qilaverishimiz kerak emas.
Zero, XXI asr o‘qituvchilari faoliyatida, malakasida nimalar o‘zgardi? XXI asr o‘qituvchilari qanday xususiyatlarga ega?
Birinchidan, ular hamkorlik qilishni biladilar. Ular hamkorlik qilishni bilishi va har qanday jamoa bilan ishlab keta olishi kerak. So‘nggi yillarda bu kabi ko‘nikmalarga talab ancha oshdi, ayniqsa maktablarda, ko‘pchilikning fikricha, g‘oyalar va bilimlarni boshqalar bilan bo‘lishish ta’lim samarasini oshiradi. Bilim va tajriba almashish hamda muloqot qilish va o‘rganish ta’lim jarayonining muhim qismidir.
Ikkinchidan, XXI asr o‘qituvchilari moslashuvchan. Ular har qanday vaziyatdagi holatga moslasha oladilar. Zamonaviy dunyoda o‘qituvchi bo‘lish, maktablarda joriy etilayotgan turli yangi vositalar va o‘zgarishlarga moslashishni talab etadi. Sinfdagi doskalar o‘rnini smart doskalar, daftarlar o‘rnini planshetlar egallamoqda. XXI asr o‘qituvchisi ushbu o‘zgarishlar jarayonida o‘zini yaxshi va qulay his etishi kerak.
Uchinchidan, ular uzoqni ko‘ra biladilar. XXI asr o‘qituvchisi talabalarning kelajagi haqida o‘ylaydi va ular qanday kasbda o‘z qobiliyatlarini to‘la namoyon qila olishlarini ko‘ra biladilar. Ularning rejalariga ko‘ra, “Hech bir bola tengdoshlaridan ortda qolmaydi”. Asosiy e’tiborni hozirgi kun bolalarini kelajak hayotga tayyorlashga qaratadilar.
To‘rtinchidan, ular zamonaviy texnologiyalardan mohirona foydalanadilar. XXI asr o‘qituvchisi zamonaviy o‘zgarishlarga shay turishi kerak, eng so‘nggi texnologiyalar, dars yoki baho bo‘lsin, ular o‘quvchilarga yaxshiroq va tezroq o‘rganishga imkon beradi. Ular eng yangi gadjetlarni o‘zlashtirish o‘quvchilarning bilim olishini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini bilishadi. Shu sababli faqat ularning yangi tendensiyalarini kuzatibgina qolmay, balki ularni qanday qo‘llashni ham bilishadi.
Beshinchidan, ular umri davomida bilim olishdan to‘xtamaydilar. XXI asr o‘qituvchilari nafaqat o‘z o‘quvchilaridan doimiy ravishda bilim olishlarini kutishadi, balki o‘zlari ham shunday qilishadi. Ular har doim ta’limning zamonaviy tendensiyalari va texnologiyalaridan xabardor bo‘lib turishadi. Dars rejalarini zamon talabiga moslab o‘zgartirishadi. O‘qituvchining bilimi, uning kasbiy professionalligi – u o‘qitgan o‘quvchilarning ong darajasi va hayotdagi muvafaqqiyati bilan belgilanadi.
“Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi, jamiyat a’zolarining ongi-tafakkurini, hayot falsafasi va dunyoqarashini kengaytirish va boyitishni anglatadi (Sh.Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston strategiyasi – T.: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2021. 272-b). Bu vazifani amalga oshirishda uzluksiz ta’lim tizimining “Hayot davomida bilim olish” tamoyiliga asosan o‘qituvchi va murabbiylarning bevosita ishtiroki talab etiladi. Chunki, nafaqat OAVlari, balki bilim jamiyatida ilm maskanlari va ularning faoliyat turlarining kengayishini inobatga olagan holda ilmiy potensialni oshirish aynan ularning zimmasiga ulkan vazifalarni yuklaydi. Bunda biz voqelikni xalqimiz ongiga obyektiv ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lamiz. Shu sababdan, Respublikamizda ta’lim muassasalari kesimida “Ustozim – g‘ururim va faxrim!”, “Muallim – bilim bulog‘i!” kabi mavzularda insholar, o‘quv loyihalar, rasmlar, videoroliklar tanlovini tashkil etishimiz samarali natija beradi. Bu bir tomondan ularning o‘qituvchi va murabbiylariga nisbatan hurmat-ehtiromini oshirsa, ikkinchi tomondan, ilmiy tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga, jamiyatga daxldorlik hissini yuksaltirishga, o‘qituvchilik kasbini maqsadli tanlashlariga yordam beradi. Ong-u tafakkurida ustozlar faoliyatini tahlil qiladi, “o‘z ideali” sifatida o‘rnak va namuna oladi.
Shuning bilan bir qatorda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi “uzluksiz ta’lim tizimida ma’naviy tarbiya asoslarini kuchaytirish”ni talab etadi. “Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi” deganlari kabi, joylarda ma’naviy-marifiy ishlarni tashkil etishda bu qoidaga amal qilinmayapti. Bu borada bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla tizimi faoliyatida o‘zaro hamkorlik va uyg‘unlikning yo‘qligi ishimizning samarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda (Sh.Mirziyoyev . “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” – T.: O‘zbekiston, 2021. B. 285). Demak, “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvuchilar va taniqli ziyolilarni jalb etish, ularning hayotiy tajribalari va ilmiy asoslangan fikr-mulohazalari orqali o‘quvchilarga (yoshidan qat’iy nazar) ijtimoiy hayotga, kelajakka nisbatan ishonch va motivatsiya ruhini beramiz. Bu bevosita bugungi kunda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarning oldini olishda ijtimoiy fanlarning o‘rni naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini asoslashimizga muhim omil bo‘ladi.
Darhaqiqat, 22 yoshida “Xitoy millatining Buyuk muallimi” deb e’tirof etilgan, 30 yoshida o‘z maktabini ochib, minglab shogirdlariga ustozlik qilgan Konfutsiy ta’kidlaganidek “Eskilikni e’zozlab, yangilikni egallagan odamgina muallim bo‘la oladi”. “Muallimning yo‘li qalbning qa’rigacha faqat rahm-shafqatdan iborat. Uning sabog‘i to‘rt qismdan: olimlik, sa’y-harakat, halollik va sadoqatdan iborat bo‘ladi” (Konfutsiy. Hikmatlar. –Toshkent: “Alisher Navoiy nomidagi O‘zMKN”, 2010. B. 9).
Umida KUDRATOVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot
universiteti doktoranti
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q