Umumiylik, muayyan ustivor yo‘nalishga chambarchas bog‘lanib qolmagan bugungi Ovro‘pa adabiyotida uslub va janrlar xilma-xilligi, biri boshqasining hududiga tap tortmasdan bostirib kirishni tabiiy jarayon tarzida istifoda etayotgan maktab va yo‘nalishlarning o‘zaro ta’sirlarini ko‘ramiz. Maqolada ushbu adabiyotning asosiy uslub va yo‘nalishlarni ajratib, o‘rganib chiqamiz.
Uslub va yo‘nalishlar
Post-postmodernizm. Ayrim tadqiqotchilar bugungi adabiyotda postmodernizmga o‘rin qolmadi hisob, uning qoida va qarashlaridan chekinib bo‘lindi, qabilidagi qarashlarini ilgari surishsa-da, bu yo‘nalish, ayniqsa, intellektual adiblar doirasida o‘z ta’sirini hamon saqlab qolgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllana boshlagani aytiladigan Ovro‘pa postmodernizmi syujetlar noizchilligi, uzuq-yuluq voqealar majmui, metaproza va o‘zlikning chuqur tadqiqi, istehzo va kalaka, ulug‘vor cho‘pchak-narrativlarga ishonchsizlik kabi jihatlari bilan sifatlangan bo‘lsa, bugungi adabiyotda bu singari yondoshuv birmuncha evrilishga uchrab, postmodernizm tajribasini ham inkor etmagan holda, tiriklikdan ma’no va mazmun izlagan modernizm o‘zaniga yana qaytish belgilari ko‘rinmoqda, endigi e’tibor etik-axloqiy, tarixiy va hissiy muammolar tomonga yo‘nalmoqda. Istehzo ohangi ham bir qadar yumshab, o‘rnini samimiyat, beqaror va taloto‘pli zamonda insonga (personajga) dardkashlik va axloqiy mas’ullik sezimlari egallaganday bo‘ldi. Matn ichra matnni birlamchi bilgan avvalgi yuksak postmodernizm intilishlaridan bu nav og‘ishni, odatda, post-postmodernizm yoki metamodernizm deb nomlash urfga kirdi.
Ijtimoiy-faol realizm. Ushbu yo‘nalish jamiyat hayoti va dolzarb ijtimoiy masala-muammolarni diqqat markaziga olib chiqadi. Ko‘pgina zamonaviy mualliflar o‘z asarlarida jamiyat kanorasida qolgan marginal qatlamlarga minbar beradi, ijtimoiy notenglik, gender masalasi, migrant-muhojirlar hayoti va sosiumdagi zo‘ravonliklar singari zamonaning o‘tkir muammolarini o‘rganish orqali kitobxonning jamiyatdagi o‘rni haqida mulohaza yuritishga undaydi. Ortiqcha majoziylikdan xoli vazmin til va uslubi hamda hujjatlardan o‘rnida istifoda etilishi badiiylikdan ko‘ra hujjatli asar taassurotini beradi.
Fusunkor realizm. O‘tgan asrning 20-yillarida Olmon adabiyotida (Frants Kafka, Tomas Mann) asotir va mif unsurlaridan istifoda qilinishi barobarida debocha olib, so‘ngra Lotin Amerikasi adiblari ijodida (X-L. Borxes, Xulio Kortasar, Gabriel Garsia Markes, Migel-Anxel Asturias, Alexo Karpentiyer va hokazo) ayniqsa cho‘qqiga ko‘tarilgan va xayolot bilan voqelik, asotirlar bilan chin turmush manzaralarini ajabtovur tarzda omuxta qilishga qaratilgan bu uslub hali hamon o‘z mavqeini boy bermasdan, zamonaviy Ovro‘pa adabiyotining tarkibiy belgilaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Adabiy fiksiya – shartli ravishda literary fiction deb olingan yo‘nalish ruhiy va g‘oyaviy teranlikka yo‘naltirilgan yuksak badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Personajlarning ichki olami teran tahlil etilib, muhim ekzistensial, ijtimoiy va falsafiy masalalar ko‘tarilgich bu singari asarlarda voqeanavislikdan ko‘ra til va uslub asosiy mezon sifatida ko‘riladi hamda muayyan bir janrning qat’iy qoidalariga rioya etish talab etilmaydi. Murakkab yoki puxta stilistika, ohang, tashbehlar va tagma’nolarga e’tibor, bayon va ifoda shakllari ustida dadil qo‘llangan tajribalar, o‘zini muttasil taftish qilishga moyil personajlarning mufassalligi kabi belgilaridan yuksak adabiyotga taalluqli bu asarlarni taniy olamiz.
Asarlarning bahs mavzulari
Turfa xillilik va inklyuzivlik. Jamiyat va qadriyatlarga qarashlari turfa xil bo‘lgan, ammo avvalgi adabiy jarayonlarda nuqtai nazarlari yetarlicha tamsil etilmagan guruh, qatlam mansublaridan personajlar shakllantirish va an’anaviy adabiy mezonlar bilan bellashish urinishlari bugungi adabiy intilishlarning ko‘zga tashlanayotgan sifatlaridan sanaladi. Boshqacha qilib aytganda, turli madaniyatga mansublarni, aqliy va jismoniy cheklangan kishilar yoki gender o‘zgachalik egalarini ham asarlarda mutanosib aks ettirish, hukmron andozalarga qasdma-qasd, ularning xos ovozlarini taqdim etish orqali jamiyatning to‘laqonli va haqqoniy suratini chizishga intilishlar bugungi Ovro‘pa adabiyotining yaqqol belgilaridandir.
Ekologizm va iqlim o‘zgarishi. Ekologik muammolarning chuqurlashib borishi manzarasida inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganish, inson omili tufayli yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi kutilayotgan fojealarni tasvirlash va taxmin qilishga chog‘langan qator adiblar Cli-Fi (iqlimiy fantastika) janrida qalam tebratishadi. Bunday asarlarda aynan inson faoliyatining oqibati o‘laroq sodir bo‘lajak global kataklizmlarning insoniyat taqdirida tutajak o‘rni haqida, fojealarga qay tarzda moslashuv taxminlari borasida utopik manzaralar chiziladi.
Globallashuv va o‘zlik. Bugungi adabiyot globallashuv, texnologik taraqqiyot va ommaviy axborot vositalari ta’sirida o‘zlik, ya’ni muayyan bir jamiyat va madaniyatga mansublik tushunchasining sidirilib borishi singari zamona murakkabliklarini ifodalashga qaratilgan mavzularga ham teranroq e’tibor qaratmoqda. Globallashuv, bir tomondan, amaldagi milliy va madaniy chegaralarni shaffoflashtirayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan, buning natijasida turlicha madaniyatlar muloqoti o‘zaro omuxtalashuvga yetaklamoqda. Bu esa xususiy, madaniy va umumovro‘paviy o‘zliklarni qayta mushohada qilishga turtki beradi. Ayniqsa, muhojirlar avlodidan bo‘lgan adiblar ko‘p tillilik, turli madaniyatga mansublik va an’analar to‘qnashuvi misolida o‘zlikni anglashning yangi ko‘rinishlarini taqdim etishadi hamda ularning asarlarida turli tillar va madaniy o‘ziga xosliklarning o‘zaro qorishuvi tabiiylik kasb etadi.
Qo‘rquv va xavotirlar. Ovro‘pa adabiyotining azaliy diqqat markazida bo‘lib kelgan ekzistensial inqiroz, madaniy evrilishlar, tiriklik ma’nosining mavhumlashuvi va noayon xatarlar bilan ro‘baro‘ kelish qarshisidagi qo‘rquv mavzusi ayni paytda aniqroq ko‘rinishga kelib, endi iqtisodiy bo‘hronlar, millatchilik kayfiyatlarining o‘sib borishi va umumiy beqarorlik muhiti qarshisidagi xavotirlar shaklini ola boshlaganini ko‘rish mumkin. Tobora liberallashib borayotgan jamiyatni keskin tanqid ostiga olgan farang adibi Mishel Ullebek (Michel Houellebecq) 1960-yillarda boshlangan ishqiy inqilob misolida Gʻarb tamadduni halokat sari borayotganini bashorat qiladi — “Kurash ko‘lami quloch yoysin” (“Extension du domaine de la lutte”). Italyan adibasi Elena Ferrante qalamiga mansub turkum romanlarda esa (“L’amica geniale”, “Storia del nuovo cognome”, “Storia di chi fugge e di chi resta”, “Storia della bambina perduta”) 1970-yillardagi og‘ir ijtimoiy muhit, sinfiy notenglik va zo‘ravonlik sharoitida shaxsning shakllanishi, xotin-qizlarning o‘zaro hamdo‘stligi haqida hikoya qilinadi.
O‘tmish xotirasi va ruhiy jarohat. Zamonaviy Ovro‘pa adabiyotida, shuningdek, keng ko‘lamli fojealar, urush va etnik qirg‘inlar xotirasi va ular qoldirgan ommaviy ruhiy jarohat masalasi ham qamrovli yoritiladi. Bu singari asarlarda shuur o‘pirilishlarini ifoda qilish vositasi o‘laroq, voqealarning izchil davomiyligidan farqli tarzdagi bayon uslubidan foydalanilib, o‘tmish hodisalarini qayta tafakkur qilishga harakat qilinadi, fojea qurbonlariga minbar taqdim etilib, bularning keyingi avlodlari zehniyatida ham xotiralar xotirasi saqlanib qolinishi va shu vositasida ularda yangicha o‘zlik shakllanishiga uriniladi. Vinfrid Georg Zebald (W. G. Sebald) urushdan keyingi Olmoniya aholisining majruh etilgan tafakkuri manzaralarini nasr, badia va fotosuratlar omuxtasida tasvirlab beradi. Monika Maron “Ma’yus jonivor” romanida o‘tish davrining taloto‘plari manzarasida kishilar boshidan kechirgan jarohat tajribalaridan hikoya qiladi. Belorus adibasi Svetlana Aleksiyevich qalamiga mansub va Ikkinchi jahon va afg‘on urushi xotiralariga asoslangan bir qator asarlarni ham, shartli ravishda, xotira va jarohat hikoyalari deya tasniflash mumkin.
Ovro‘pa mintaqalari kesimida o‘ziga xosliklar
Kuchli intellektuallik va yuksak munaqqidlik an’anasiga ega bo‘lgan Fransiya adabiyotida ijtimoiy faol realizm, falsafiy nasr hamda xotira va sinfiy tafovutlar mavzulari ustun mavqeni egallaydi. Adiblar: Anni Erno (Annie Ernaux), Mishel Ullebek (Michel Houellebecq), Eduar Lui (Édouard Louis).
Olmoniya, Avstriya va Shveysariya adabiyotida yaqin o‘tmishdagi milliy xotira yoki shaxsiy kechmish voqealariga e’tibor markaziy mavzulardan biridir. Erinnerungsliteratur deb atalgan bu yo‘nalishda memuar va tarjimai hollar, shaxsiy kundalik va shohidlar hikoyalari asosida badiiy matnlar yaratilib, o‘tmish fojealari, jahon urushi oqibatlariga baho beriladi. Adiblar: V. G. Zebald, Jenni Erpenbek, Peter Handke.
Buyuk Britaniya va Irlandiya. Adabiy an’analari yaqin hisoblangan bu ikki mamlakat adabiyotida mustamlaka tizimidan keyingi voqelikka asoslangan postkolonial nasr, madaniyatlar turfa xilligi aks ettirilgan multikulturalizm mavzulari janrlarning o‘zaro omuxtalashuvi uslubida qalamga olinadi. Adiblar: Zedi Smit, Iyen Makevan (Ian Russell McEwan), Salli Runey (Sally Rooney).
Hozirgi Italiya adabiyotida o‘ziga xos mintaqaviy o‘zlik, jinoiy guruhlarning jamiyatga ta’siri, oilaviy qadriyatlar va xotin-qizlar turmushi mavzulariga e’tibor qaratiladi. Yangicha neorealizm va ijtimoiy nasr yo‘nalishlari ustun mavqega da’vogarlik qiladi. Adiblar: Elena Ferrante, Roberto Saviano.
Ispaniya va Portugaliyaning yaqin o‘tmishi harbiy diktaturaning qora ko‘lankasi ostida kechgani badiiy adabiyotda hali hamon o‘z in’ikosini topib kelmoqda. Xaviyer Marias, Antoniu Lobu Antunesh singari adiblar ijodida o‘sha o‘tmishning qora merosini tafakkur qilish, diktatura boshqaruvi qoldirgan siyosiy jarohatlarni tarixiy nasr shaklida va tashbehlarga asoslangan realizm yo‘nalishida namoyish etish ustun.
Norvegiya, Shvesiya va Daniya kabi Skandinaviya mamlakatlari adabiyotida psixologik realizm, ekzistensial nasr va minimalizm uslubi alohida ajralib turishini kuzatamiz. Karl Uve Knausgor (Karl Ove Knausgård) va Yun Fosse kabi qalamkashlar asarlari bunga yorqin misol.
Yaqin o‘tmishda sosialistik tuzum iskanjasida yashagan Markaziy va Sharqiy Ovro‘pa mamlakatlari adabiyotida esa shu totalitar tuzumdan keyingi ijtimoiy evrilishlar, Ikkinchi jahon urushi fojealari aksini topadi. Arxiv manbalari asosida bitilgan hujjatli asarlar ekzistensial nasr namunalari bilan yonma-yon mutolaago‘ylar orasida ommaviylashgan. Taniqli adiblar: Olga Tokarchuk, Imre Kertes, Laslo Krasnahorkay (Krasznahorkai László).
Umuman olganda, bugungi Ovro‘pa adabiyoti, shu tariqa, turlicha janrlar qorishuvi, turfa xil g‘oya va qarashlarni o‘zida aks ettirishi, yagona va daxl etilmas qoidaga qaram bo‘lmagan holda turli ta’b va didlarni qondirishga intilishi hamda hozirgi zamonning dolzarb ijtimoiy, siyosiy va ekzistensial (hayotiy muhim, noayon) chaqiriq va tahdidlariga nisbatan faol munosabat bildirishi bilan tavsif etiladi. Ushbu adabiyot namunalarida bugungi Ovro‘pa voqeligi va o‘zligining murakkabligi in’ikoslanib, muttasil izlam yo‘lida davom etilmoqda.
Sharifjon AHMAD
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q