“Ismimdagi bir harfning qurboniman...”
Asqad MUXTOR
Hurriyat bo‘lib, kommunistlar demokratlarga, ateistlar dindorlarga aylangan, milliy o‘zlikni anglash siyosat darajasiga ko‘tarilgan dorilomon kunlar edi.
O‘roq-bolg‘ali, cho‘g‘day qip-qizil sovet pasportini almashtirishning tarixiy fursati yetib, tegishli idoraga bosh urib bordim. Xalqimizning xat-hujjat ishiga odatiy hafsalasizligi tufayli, pasport almashtirish muddatiga kechikkan men kabi mas’uliyatsiz fuqarolar mahkama eshigi oldida marjondek tizilib turishardi.
Sho‘ro davlati bilan birga uning qadrdon “ochirit”lari ham yo‘qolib ketgan, shu sababli bu hol biroz erish tuyulsa-da, sabr-toqat bilan navbat kutib, nihoyat ichkariga kirdim. Eshigiga “Podpolkovnik Nazimov Batir Yuldashevich” degan lavha osig‘liq kattakon xonaning to‘rida o‘tirgan qiyofasiz kishiga ro‘para bo‘lib, arzim bayon ayladim.
– Akajon, – dedim kichkina ukamdan ham kichkina bu odamni ulug‘lab, – shu... bir masalada yordam bersangiz...
Podpolkovnik Nazimov B. Yu. siyrak qoshlarini chimirib, menga so‘zsiz tikildi.
– Bilasizmi... shu mustabid tuzum davrida mening ismim pasportga noto‘g‘ri yozilib qolgan. O‘ttiz to‘rt yil shu xato nom bilan yurdim, endi shuni tuzatib olmoqchi edim...
– Qanday xato? – Agar podpolkovnik Nazimov B. Yu.ning o‘rnida o‘zim bo‘lganimda, hech shubhasiz, bunday boshog‘riqdan mening ham ensam qotishi tayin edi.
– Otim Jamoliddin, ikkita “d” bo‘ladi, lekin bu pasportda “Jamolitdin” deb “t” bilan xato yozilgan...
– Metrika, – dedi podpolkovnik Nazimov B. Yu.
– Mana, akajon, – deb ta’zim-tavoze bilan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni qo‘shqo‘llab uzatdim. U metrikani qo‘liga olib, obdon sinchiklab ko‘zdan kechirdi, hatto yozuvlarini pichirlab o‘qib ham chiqdi.
– Hammasi to‘g‘ri, – deb nihoyat hukm chiqardi-da, hujjatlarimni tap etkazib oldimga tashladi.
– Nimasi to‘g‘ri?
– Hech qanaqa xatosi yo‘q, metrikada qandoq yozilgan bo‘lsa, shundoq yozilgan.
– Nega to‘g‘ri bo‘larkan, o‘zbek tilida...
– Davlat tilida, – deb tuzatdi u.
– Ha, sizlarning ta’biringiz bilan aytganda, davlat tilida “Jamoliddin” degan ism “t” bilan yozilmaydi, ikkita “d” bilan yoziladi.
– Lekin, – dedi u chertib-chertib, – metrikada “t” bilan yozilgan, shu asosda sizga sovet pasporti berilgan, yangi pasportda ham shunday deb yoziladi.
– E, aka, qo‘ying, “t” bilan yozganda ismim “itdin” bo‘lib qolyapti-ku!
– Buning bizga aloqasi yo‘q, – dedi u. – Bu sizning problemangiz.
Bu gapni eshitib, agar mening o‘rnimda podpolkovnik Nazimov B. Yu.ning o‘zi bo‘lganida ham, shaytonga hay berolmay qolishi muqarrar edi.
– E, siz qanaqa odamsiz?! – dedim tutaqib. – Shu bitta harf o‘lgurni to‘g‘ri yozib bersangiz, nima, haqingiz ketib qoladimi?
– Haqim ketib qolmaydi, – dedi u pinagini buzmasdan, – lekin haqqim yo‘q.
– Nega?
– Chunki asos yo‘q.
– Qanday asos kerak sizga?
– Metrika.
– Metrika qo‘lingizda turibdi-yu?
– Metrikada “t” bilan yozilgan.
– Ha, bu metrikani... bundan ellik yil burun bir chalasavod tatar kampir yozib bergan-da.
– Bizga buning daxli yo‘q, – dedi podpolkovnik Nazimov B. Yu. – Agar metrikani o‘zgartirib kelsangiz, xohlaganingizdek qilib, ikkita “d” bilan, kerak bo‘lsa, uchta “d” bilan ham yozib berishimiz mumkin.
– Uchta “d” kerak emas, – dedim tumshayib, – bu... metrikani qayerda, qanday o‘zgartiraman?
– Berilgan joyida, – dedi u, – qaysi rayondan olgan bo‘lsangiz, o‘sha yerning ZAGSiga yozma murojaat qilasiz. ZAGS arxivga zapros beradi, arxiv roddomdan olingan spravka asosida spravka beradi, ZAGS shu spravka asosida sizga ikkita “d” bilan yangi metrika beradi, shu metrika asosida biz sizga yangi pasport beramiz. Shu.
Obbo! Axir, men tug‘ilib o‘sgan, tupkaning tagidagi bu tuman o‘tgan qirq yil mobaynida to‘rt marta – Stalin nomidan Malenkov nomiga, undan Xrushev nomiga, undan keyin To‘qsonota nomiga o‘zgargan bo‘lsa... Xo‘p, deylik, ana Toshkentdan ming kilometr yo‘l bosib, ona qishlog‘imga borsam. Borsam-u, menga metrika bergan ZAGS allaqachon yopilib, FHDYoga aylanib ketgan bo‘lsa.
FHDYo diydiyomni eshitib, arxivga zapros bersa-yu, arxiv allaqaysi go‘rga ko‘chib ketgan bo‘lsa. Boringki, arxiv topilsa-yu, u yerdagi roddomdan berilgan spravkani yigirma yil oldin sichqon kemirib ketgan bo‘lsa...
Istiqbolimda kutib turgan bunday ajib, muqarrar kelajakni bir zumgina tasavvur qilib, vujudimni g‘am bosdi.
Shu payt deng, ming yillar davomida ota-bobolarimning qonida mudrab yotgan qandaydir bir g‘alati tuyg‘u... bilmadim, otini “millatchilik” desa bo‘larmikan, lop etib junbishga kelib qoldi-yu!
– Men buni, – dedim, – shu ahvolda qoldirmayman! Yetar shuncha yil chidaganimiz! Men... milliy o‘zligimni tiklashingizni talab qilaman!!!
Qattiqroq baqirib yubordim, shekilli, eshik qiya ochilib, yoshgina leytenant bosh suqdi: “Tinchlikmi?”
Podpolkovnik Nazimov B. Yu. xira pashshani haydagandek unga qarab behafsala qo‘l silkidi: “Bor, ishingni qil!”
– Marhamat, – dedi yana derazaga tikilib, – milliy o‘zligingizni tiklashingiz mumkin. Faqat asos kerak. Metrikani o‘zgartirib keling.
Bu gapdan keyin har qanday aqli raso kishi kabinetni tark etishi kerak edi, albatta. Ammo milliy uyg‘onish tuyg‘usi qo‘zib, jazavaga tushgan odamni aqli rasolar qatoriga qo‘shib bo‘lmasligi har bir aqli raso odamga ayondir.
– Sizga, – dedim tutaqib, – sizga asos kerakmi? Mana asos!
Xudoning marhamati bilan deng, o‘sha yillarda men kichikroq bir davlat nishoni bilan taqdirlangan edim. Shu nishonning guvohnomasi lop etib sumkamdan chiqib qolsa bo‘ladimi! Baxtimni qarangki, guvohnomada ism-familiyam o‘zbek... yo‘g‘-e, davlat tili qoidasiga moslab, ya'ni, ikkita “d” bilan, “Jamoliddin” deb yozilgan ekan!
– Mana sizga asos, – dedim g‘olib jangchining vajohati bilan.
Podpolkovnik Nazimov B. Yu. guvohnomamni erinib qo‘liga oldi, sinchiklab ko‘zdan kechirdi, hatto yozuvlarini pichirlab o‘qib ham chiqdi. Keyin afsus-nadomat bilan bosh chayqab, guvohnomani qaytarib berdi.
– Bu asos bo‘lolmaydi, – dedi.
– Nega asos bo‘lolmas ekan?
– Chunki instruksiyada faqat metrika asos bo‘ladi, deb yozilgan...
Endi shu yerga kelganda millatchiligim naq El'brus cho‘qqisiga chiqdi-yu!
– Kechirasiz, – dedim juda sekin, odamni qo‘rqitadigan darajada sekin ohangda, – kechirasiz, davlat rahbarining shaxsan o‘zi qo‘l qo‘ygan hujjat sizga asos bo‘lmaydi-yu, bundan ellik yil burun, sovet davrida, Stalin rayonining ZAGSida o‘tirgan bir chalasavod kampir yozib bergan metrika asos bo‘ladimi? A?!
Agar podpolkovnik Nazimov B. Yu.ning o‘rnida o‘zim bo‘lganimda, mening ham bunday qo‘rqinchli savoldan kapalagim uchib ketgan bo‘lardi.
Tabiiyki, u churq etmay qoldi, stol ustidagi grafindan qirrador stakanga to‘ldirib suv quydi, yutoqib simirdi.
Qarasam, vaziyatni yumshatmasam bo‘lmaydigan.
– Mana, – dedim devordagi portretga ishora qilib, – suratlarini stolingiz tepasiga osib qo‘yibsiz, u kishining davrida polkovnik bo‘libsiz...
– Men podpolkovnikman, – dedi u o‘kinib.
– Polkovnik ham bo‘lasiz, – dedim uni ovutib, – milliy o‘zlikni tiklash ruhida ishlasangiz, albatta...
Podpolkovnik Nazimov B. Yu. og‘ir uh tortdi, bir menga, bir devordagi portretga qaradi, keyin chuqur xo‘rsinib:
– Hammanglar shunaqa qilasizlar, – dedida, oldidagi bir varaq qog‘ozga mening ism-familiyamni to‘g‘rilab, ya'ni, davlat tiliga moslab, ikkita “d” bilan yozib, stol tagidagi knopkani bosdi. Ostonada paydo bo‘lgan boyagi leytenantga buyurdi: – Bu kishining pasportini mana shunday qilib rasmiylashtiring.
– Rahmat, akajon, ming rahmat sizga, – dedim qulluq qilib.
Mahkamadan qalbimdagi milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi yuksalib, uchib chiqar ekanman, beixtiyor “Haq berilmas – haq olinur!” deya biz kabi gumrohlarning ko‘zini ochib ketgan Behbudiy boboning ruhi poklariga duo ham o‘qib qo‘ydim.
Byurokratik idora ustidan qozonilgan zafar sururi, bilmadim, bir yilmi-ikki yilmi davom etdi.
Xudoyimning marhamatini qarangki, shuncha jafo chekib, toshbag‘ir byurokratiya ustidan g‘alaba qozonib, qo‘lga kiritgan yangi pasportim oradan ko‘p o‘tmay menga yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi: kamina qulingizni yangi ishga – nufuzli bir idoraning bo‘lim boshlig‘i lavozimiga taklif qilishdi. Tartib-taomilga ko‘ra, suhbatga chorlandim. Eshigiga “Top-menedjer R. Dj. Xalturaev” deb yozilgan kabinetga olib kirishdi. “Choy, kofe, viski”ga tobim bor-yo‘qligini so‘rashdi. Rad javobimni eshitib, nazarimda, biroz yengil tortishdi.
– Men rezyumeyingiz bilan tanishdim, – dedi suhbatdoshim – bo‘lg‘usi rahbarim, o‘zbekcha so‘zlarni inglizcha talaffuzda chertib-chertib. – Rezyumeyingiz menga yoqdi. Menejment, konsal'ting, autsorsing sferasida tajribangiz bor ekan. Korporativ upravlenieni asta-sekin o‘rganasiz. Kasting ishlari sizga tanishmi?
– Tanlovni aytyapsizmi? Ha, men umrbod shu ish bilan shug‘ullanganman-da.
– O key, – dedi suhbatdoshim va qabul tugaganini bildirib, o‘rnidan turdi. – Diplomangizni ofis-menejeriga berasiz.
Surishtirib bilsam, “ofis-menejeri” degani – o‘sha o‘zimizning eski qadrdonimiz – kadrlar bo‘limi boshlig‘i, ism-familiyasi, deylik, taxminan, Faya Renatovna Zinatullina ekan.
U kishi hujjatlarimni, ya’ni, “rezyume va diploma”mni sinchiklab ko‘zdan kechirdi, keyin pasportimni so‘radi. Men mag‘rurlanib, xuddi Mayakovskiy aytganidek, keng-mo‘l shimimning cho‘ntagidan “o‘roq-bolg‘asi bor, cho‘g‘day qip-qizil”... e, kechirasiz, yam-yashil muqovali, milliy pasportimni olib stolga qo‘ydim.
Ofis-menejer oldin pasportimni, keyin “diploma”mni qo‘liga olib, ulardagi yozuvlarga uzoq tikilib qoldi. Rangi o‘zgarganini yuzidagi go‘zal, mukammal makiyaj ham yashirolmadi. Oraga juda sirli, xuddi Shekspir tragediyalaridagi kabi chuqur ma'noli sukunat cho‘kdi.
– Diplom o‘zingiznikimi? – deb so‘radi nihoyat Faya Renatovna qalam bilan chizilgan qoshlarini chimirib. Ochig‘ini aytsam, nafasim ichimga tushib ketdi. Chunki hayotimda uchta narsadan – daydi itdan, ukol bilan kadrlar bo‘limidan qattiq qo‘rqaman.
– O‘zimniki, o‘zimniki bo‘lmay kimniki bo‘lardi, – dedim shosha-pisha, – faqat shu... mustabid tuzum davrida berilgan, xolos.
Ofis-menejer buyuk bir shubha va tantana bilan “diploma”mni, ayni vaqtda pattamni qo‘limga tutqazdi.
– Pasport bilan diplomdagi ma'lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, – dedi u hamon chimirilib. Shu chimirilish bechoraning peshonasiga chuqur ajin bo‘lib tushib qolsa, ajab emas. – Pasportda ism ikkita “d” bilan yozilgan, diplomda esa “td” deb yozilgan. Demak, bularning bittasi qalbaki. Hujjatlarni qalbakilashtirish esa sizga ma'lum bo‘lishi kerakki, qonun yo‘li bilan ta'qib qilinadi.
– Nega qalbaki bo‘lar ekan, sirayam qalbaki emas! – dedim men, lekin negadir ovozim qaltirab, munofiqona chiyillab chiqdi. – Faqat pasportdagi ismim o‘zbek tilining, sizlarning tilingiz bilan aytganda, davlat tilining qoidasiga muvofiq qilib yozilgan. Farqi shu. Mana, suratim ham turibdi-ku, yaxshilab qarang.
– Diplomda umuman surat bo‘lmaydi, shuniyam bilmas ekansiz-da, – dedi Faya Renatovna. – Kechirasiz, lekin sizni bu hujjat bilan ishga qabul qilib bo‘lmaydi.
Podpolkovnik Nazimov B. Yu.ni qanday qilib yenggan bo‘lsam, ushbu ofis-menejerni ham shunday usulda bir zarb bilan tor-mor qilmoqqa chog‘landim-u, lekin Xudo birdan aql berib, esim borida etagimni yopdim. Kim biladi, agar oyog‘imni tirab talashib-tortishadigan bo‘lsam, kadrlar bo‘limi pasport stoliga “zapros” bersa, pasportdagi ism noqonuniy asosda tuzatilgani oshkor emas, fosh bo‘lib qolsa... arbob keyin har bob bilan urmaydimi?!
– Hay, nailoj, – dedim o‘zimni quvnoqlikka solib, – sizlar bilan birga ishlash nasib qilmagan ekan-da. O‘zimning ham ko‘zim uchib turgani yo‘q edi. Xayr.
– Xayr.
Oradan bir hafta o‘tdi.
Shanba kuni nonushta qilib, er-xotin endi bozorga jo‘namoqchi bo‘lib turgan edik, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Salom berib, bir yosh yigit kirib keldi, “kadastr xizmatidanmiz” deb guvohnomasini ko‘rsatdi. Oshxonaga taklif qildik.
– Ertalabdan bezovta qilganimiz uchun uzr, okaxon, xizmatchilik, – deb gap boshladi u katta papkasini ochar ekan, – uy, adashmasam, sizning nomingizda, shundaymi?
– Shunday, – dedim men bamaylixotir, – hozir hamma hujjatlarni ko‘rsatamiz... Mana, kvartira berish haqidagi order, mana bu xususiylashtirish to‘g‘risidagi dalolatnoma, bunisi BTIdan olingan spravkalar, mana bu kadastr qog‘ozlari, bu bo‘lsa, uy-joyga egalik qilish huquqi guvohnomasi.
– Juda yaxshi, – dedi kadastr xodimi mamnun bo‘lib, – dakumentga puxta ekansiz, oka, gap yo‘q sizga. Qani edi, boshqalar ham sizga o‘xshagan bo‘lsa. Bir xillar bor, uyiga kirsang, bironta dakumentini topib berolmaydi. Topib bersayam, hammasi chalkash bo‘ladi. Mana, yaqinda uchinchi kvartaldagi bir xonadonga kirdik, ishonasizmi, uy o‘tgan asrda o‘lib ketgan buvisining nomida qolib ketgan. Bo‘tta yashayotgan nabirasining o‘zi qarib, kampir buvi bo‘lib qolgan. Hujjatlarining na boshi, na keti bor. Rahmat sizga, oka. Shu pasportni bersangiz, men “danniylar”ini shundoq yozvolsam bo‘ldi, keyin sizni vaqtingizni olmayman.
“Pasport” degan gapni eshitib, yuragim shuv etib ketdi. Lekin sir bermay, sipogina bo‘lib pasportimni uzatdim.
– Juda yaxshi, – dedi xodim, – demak, otlari Jamoliddin aka... familiyalari... E, bu qanaqasi? Oka, kechirasiz, kadastrdagi ot bilan pasportdagi ot mutlaqo boshqa-boshqa-yu!
– Mutlaqo emas, ukajon, mutlaqo emas, – dedim hovliqib, – yaxshilab qarang, ko‘rmayapsizmi, faqat bitta harfda farq bor. O‘tta “itdin” deb noto‘g‘ri yozilgan, bo‘tta “iddin” deb to‘g‘ri yozilgan. Shu, xolos.
– Oka, bu dakument, “bitta harf”, “ikkita harf” degan gap bo‘tda ketmaydi, – dedi kadastr xodimi qovog‘ini solib, – dakument tochniy bo‘lishi kerak, bildingizmi? Sizda bo‘lsa, yo pasport, yo kadastr soxta. Agar pasportdagi ot to‘g‘ri bo‘lsa, bu uy-joy sizniki emas, boshqa odamniki, ya'ni Jamoliddin akaniki emas, Jamolitdin akaniki bo‘lib chiqadi. Umringiz uzoq bo‘lsin-u, agar o‘lib-netib qolsangiz bu mol-mulkingiz bola-chaqangizga meros bo‘lib o‘tmaydi, chunki u butunlay boshqa odamning nomiga rasmiylashtirilgan, tushundingizmi?
Shundagina, qanday katta, aytish mumkinki, dahshatli bir xatoga yo‘l qo‘yganimni tushundim. Bo‘shashib ketdim, hol-jonim qolmay...
– Nima qilsa bo‘ladi? – deb pichirladim o‘zimga o‘zim.
– Nervichit qilmang, oka, to‘g‘rilasa bo‘ladi. Buning uchun siz pasportdagi otingiz o‘zgarganini bildirib kadastr xizmatiga ariza yozasiz, biz keyin pasport stoliga zapros beramiz, zapros tasdiqlansa, kadastr hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Lekin buning uchun avval kadastr guvohnomasiga asos bo‘lgan hujjatlarni, ya'ni, kvartira berish haqidagi orderni, xususiylashtirish haqidagi dalolatnomani, BTI spravkalarini, kvartira planini, to‘lovlar kvitansiyalarini, uy-joyga egalik qilish huquqini beradigan shahodatnomani o‘zgartirish kerak bo‘ladi.
Kadastr xodimi xayrlashib ketdimi, xayrlashmasdan chiqib ketdimi – bilolmay qoldim, chunki g‘am-tashvish dengiziga cho‘kib, g‘arq bo‘lib ketgan edim.
E, millatchi bo‘lmay, har balo bo‘lay men!
Bir mahal hushim o‘zimga kelib, endi nima qilishni mulohaza qilishga urindim. Lekin bu mulohazaning natijasi mening holimni battar xarob aylaydigan bo‘lib chiqdi.
Siz o‘rtamiyona bir odamda qancha hujjat bo‘lishini hech hisob-kitob qilib ko‘rganmisiz? Men boshimga millatchilik savdosi tushib, kechasi uxlamasdan odamga umr bo‘yi hamroh bo‘ladigan, kerak bo‘lsa, uning inson, fuqaro, hatto shaxs ekanini tasdiqlaydigan va men o‘zgartirishim zarur bo‘lgan bir dunyo hujjatlarning qisqacha ro‘yxatini tuzib chiqdim.
Ushbu ro‘yxat bu turur:
1. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma. Metrika (Insonning butun taqdirini hal qiladigan eng asosiy, bosh hujjat).
2. Pasport. (Hamma g‘urbat shundan boshlangan).
3. O‘rta ma'lumot to‘g‘risidagi attestat.
4. Harbiy bilet. (Hali harbiy majburiyat yoshidan o‘tmaganman, har qachon xizmatga chaqirilishim mumkin).
5. Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma. (Busiz o‘ttiz yil birga yashagan ayolim mening xotinim bo‘lmay chiqadi, ya'ni, xotinsiz qolib ketish ehtimoli yuz foiz).
6. Diplom, top-menejerlar tili bilan aytganda, “diploma”. (Busiz meni hech qaerga ishga olmaydi, hujjatni soxtalashtirganlikda ayblab, javobgarlikka tortishmasa, shukur qilishim kerak).
7. Haydovchilik guvohnomasi. (Busiz DAN xodimi istalgan chorrahada mashinamni “arest” qilib, jarima maydonchasiga tiqib qo‘yishi mumkin).
8. Uy-joy bilan bog‘liq hujjatlar. (O‘ndan ortiq. Buning salbiy oqibatlari haqida yuqorida aytib o‘tdim, qayta bayon aylashga yuragim dosh bermaydi).
9. Dacha hujjatlari. (Uh!)
10. Partiya bileti. (Millatchiligim tufayli “Milliy tiklanish” partiyasiga a'zo bo‘lganman, demak, uning ham guvohnomasini o‘zgartirishim shart).
11. Ovchilar jamiyatining guvohnomasi. (E, Xudoyim, eng chatog‘i shu – axir, mening nomimda ov miltig‘i bor-a! “Noqonuniy qurol saqlagan”, deb qiya bo‘lib ketish hech gap emas!).
12. Bolalarimning metrika, pasport, attestat va diplomlari. (Agar “otasining ismi” degan bandi bo‘yicha tekshirsa, uch o‘g‘il va bir qiz mening farzandim bo‘lmay chiqadi!)
13. Fan nomzodligi uchun berilgan guvohnoma.
14. Mualliflik huquqi. (1 ta monografiya, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 1 ta rasionalizatorlik patenti, 100 ga yaqin ilmiy maqolaning muallifi men ekanimni isbotlash).
15. Xizmat guvohnomasi. (Ishxonaga har kuni birovning nomidagi hujjat bilan kirib-chiqyapman!)
16. Soliq to‘lovlari (INN). (Zudlik bilan o‘zgartirmasam, tekshirib qolsa, million-million so‘m soliqlarni qayta to‘lash kerak).
17. Barcha to‘lovlar (elektr, tabiiy gaz, issiqlik, sovuq suv, issiq suv, chiqindilar) bo‘yicha daftarchalar.
18. Davlat mukofoti guvohnomasi. (Buni qanday qilib o‘zgartirsa bo‘ladi, ey odamlar?!)
19. Propiska. (Pasportning o‘zida, pasport stolida, mahalla idorasida va Xudo biladi, yana allaqaysi go‘rlarda qayd etilgan).
20. Omonat kassa daftarchasi. (2 ta. Bittasini xotinim bilmaydi, yaxshi-yomon kunga atab to‘plangan jamg‘arma mening emas, Jamolitdin degan mutlaqo begona bir odamning nomida yotibdi. Bank bu ahvolda bir tiyin ham bermasligi muqarrar. Oh, pul topib, aql topmagan ahmoq!)
21. Uy-joy, dacha, mashina, sog‘liq bo‘yicha sug‘urta hujjatlari.
22. Aksiyalar. (20 ta, bir paytlar ishxonada majburan berishgan, shuncha yil davomida sariq chaqa ham dividend to‘lanmagan, lekin bilib bo‘ladimi, noumid – shayton).
23. Jamg‘arib boriladigan pensiya guvohnomasi. (Menga umuman aloqasi yo‘q Jamolitdin degan betayin bir shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan. Qo‘limdagi pasport bilan hemiri ham ololmasligim aniq).
24. Kasaba uyushmasiga a'zolik guvohnomasi.
25. Milliy (o‘l, sen millatchi bo‘lmay!) kutubxonaga a'zolik bileti.
Bular – uyqusiz kechada karaxt kallamga dabdurustdan kelgan, men eslashga ulgurgan hujjatlarning bir qismi, xolos. Bularni o‘zgartirish uchun yuzlab idoralar eshigida sarg‘ayish uchun bitta umr emas, buddaviy banda kabi yetti umr bo‘lsa ham yetmasligi men kabi ahmoqqa ham ayondir.
Shunday ekan, oldimda ikkita dolzarb savol paydo bo‘layotir, ya'ni, “Kim aybdor?” va “Nima qilmoq kerak?”
Birinchi savolning javobi aniq va ravshan – o‘zimdan o‘zga aybdor yo‘q. Nima qilar eding o‘lgan ilonning boshini qo‘zg‘ab?!
Ikkinchi savolga javob axtarib, shahri azimdagi eng mashhur huquqiy maslahatxonaning ostonasiga bosh urib bordim. “Pinxasov va o‘g‘illari” deb atalar ekan bu maslahat koni.
U yerda o‘tirgan sakson olti yashar mo‘ysafid, o‘zining aytishicha, Oxunboboevning idorasida “nachal'nik yurotdel” bo‘lib ishlagan, har turli chalkash huquqiy masalalarning pixini yorgan Pisar bobo Pinxasov arzimni tinglab, ko‘zini yumdi, uzoq tafakkurga cho‘mdi va dedi:
– Bo‘tam, men dardingizni angladim, ko‘p mushkul ahvolda qolibsiz.
Sizning bu vaziyatingizda mavjud ikkita balodan imkon qadar yengilrog‘ini tanlash kerak.
– Ya'ni?
– Ya'ni, o‘ttizta hujjatni o‘zgartirgandan ko‘ra, bitta hujjatni o‘zgartirgan ma'qul. Men sizga pasportingizni o‘zgartirishni tavsiya etgan bo‘lardim.
Bu gaplarni eshitib, mening nafsoniyatim, nozik milliy g‘ururim qanchalik aziyat chekkanini aytib o‘tirishimning, yaramga tuz sepishning, o‘ylaymanki, hojati yo‘qdir?
Bir hafta-o‘n kun taraddud, ikkilanish, shubha-gumonlar iskanjasida o‘tdi. Bu orada meni o‘z fuqarolik burchimni bajarib, mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda qatnashishga da'vat etadigan, pasportimni o‘zim bilan birga olvolishim kerakligi eslatilgan taklifnoma ham kelib qoldi. Bu yog‘ini endi o‘zingiz tasavvur qilavering!
Oxiri bo‘lmadi – yana o‘sha pasport bergan mahkamaga borib, navbatga turdim. Sabr-toqat bilan kutib, nihoyat, qadrdon podpolkovnik Nazimov B. Yu.ning qabuliga kirdim.
Ona xalqimdan, dono xalqimdan ming o‘rgilsam arziydi – mana shunday holatlarda nihoyatda qo‘l keladigan, odamni xijolat botqog‘idan tortib chiqaradigan yuzlab maqol-matallarni yaratib qo‘ygan, ana, sarjinday taxlanib yotibdi, keragini ol-u, maqsadingga moslab ishlataver.
Men ham shunday qildim.
Podpolkovnik Nazimov B. Yu.ga yuzlanib dedimki, hammamiz ham xom sut emgan bandamiz, jahl kelganda aql ketar ekan, egilgan boshni qilich kesmas, bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan bilish, deydilar, endi, shu bir qoshiq qonimizdan kechib, mushkulimizni hal qilib bersangiz, iloyo, tuproq olsangiz oltin bo‘lsin, martabangiz bundan ham ziyoda bo‘lsin...
Podpolkovnik Nazimov B. Yu. menga yana uzoq tikilib turdi-da:
– Xo‘p, – dedi, – metrikangizdagi nomingiz asosida, ya'ni, “Jamolitdin” deb yangi pasport yozib beramiz, men to‘g‘ri tushundimmi?
– To‘g‘ri, to‘ppa-to‘g‘ri, – dedim hovliqib.
– Xo‘p, – dedi u, – lekin faqat istisno tariqasida, tushundingizmi? Akt tuzamiz, qo‘l qo‘yib berasiz, kassaga buncha so‘m, buncha tiyin to‘lab kelasiz, uch kundan keyin yangi pasport olasiz.
– Rahmat, ming rahmat sizga, meni juda og‘ir muammodan qutqardingiz.
– Sog‘ bo‘ling, – dedi podpolkovnik Nazimov B. Yu. va o‘rnidan turib, xayrlashish uchun qo‘lini cho‘zarkan, – siz faqat bir narsani biling, – dedi dona-dona qilib, – o‘sha siz aytayotgan milliy tuyg‘u bizda ham bor. “Nazimov B. Yu.”ni o‘zbek tili qoidasiga to‘g‘ri emasligini, nima, men bilmaymanmi? Bilaman. Otam harbiy bo‘lgan, men Vengriyada tug‘ilganman, metrikamni garnizonda yozib berishgan, tushundingizmi?
Hayron bo‘lib qoldim.
Qarshimdagi bu odam badbin byurokrat emas, balki darddoshim, millatdoshimga aylandi.
– Shunday, – dedi podpolkovnik Nazimov B. Yu., xuddi mening fikrimni o‘qigandek.
– Xo‘sh, unda nima qilish kerak? – deb ritorik savol berdim men.
– Siz hozir ko‘p o‘zbek maqollarini keltirdingiz, – dedi u, – men ham bitta ruscha maqolni eslatmoqchiman. Ruslar “Beregi chest' s molodu”, deydi. Men bunga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Beregi ... metriku s molodu”.
Biz ma’yus kulib xayrlashdik.
Jamolitdin Buzrukov,
ilmiy xodim, 50 yosh
Xayriddin SULTON
“Odamlardan tinglab hikoya” kitobidan olindi.
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Дилноза
16:01 / 19.01.2024
Кулсанг йиғлагули, йиғласанг кулгили ҳолат...