To‘rt asrdan oshdiki, insoniyat Migel de Servantes chizgan o‘sha g‘alati qahramonga qarab goh kulib, goh yig‘lab kelmoqda: oriq ot mingan, zanglagan sovut kiygan va boshi ritsarlik dostonlari bilan g‘ovlab qolgan chol. Maktab yoshidanoq bizga aytishadiki, Don Kixot – bu reallikdan uzilgan xayolparast, uning tegirmonlar bilan olishuvi esa bema’nilik timsoli.
Biroq yoshimiz ulg‘ayib, hayotning temir qoidalari bo‘ynimizdan bo‘g‘ishni boshlaganda, boshimiz “realizm” deb atalmish sovuq devorlarga urilavergach, beixtiyor o‘yga tolamiz: Aslida kim aqldan ozgan? O‘z hayotini oliyjanob doston deb bilgan Don Kixotmi yoki uni masxara qilib, maqsadsiz kunlarni kechirayotgan biz, “sog‘lom” odamlarmi?
1-bekat: Yer ostidagi odam va “2x2=5”
Keling, Don Kixot fenomenini tushunish uchun biroz chekinamiz va ruhiyatning yana bir bilimdoni bo‘lmish Fyodor Dostoyevskiyga yuzlanamiz. Uning “Yer ostidan maktublar” asaridagi qahramon g‘oyat nozik bir fikrni ilgari suradi: inson uchun eng katta fojia – bu “ikki karra ikki – to‘rt” degan “temir” mantiqdir.
“Sog‘lom aql” bizga doim 2x2=4 ekanligini uqtiradi. Devor – bu devor, tegirmon – bu tegirmon. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Lekin Dostoyevskiy ta’kidlaganidek, inson ba’zan 2x2=5 bo‘lishini xohlaydi. Negaki, faqat formulalar va quruq faktlar bilan yashash tiriklik emas, balki mexanizmga aylanish demakdir.
Don Kixotning “telbaligi” aynan shunda namoyon bo‘ladi, u “2x2=4” qonunini rad etadi. Uning nazdida oddiy mehmonxona qasrga, qo‘pol dehqonlar esa oliyjanob lordlarga evriladi. U reallikni ko‘rmagani uchun emas, balki bu reallik inson baxti uchun yetarli emasligini teran anglagani uchun ham o‘z dunyosini yaratadi. Uning jinniligi – bu ruhiyatining erkinlikka bo‘lgan chanqog‘idir.
Rus mutafakkiri Ivan Turgenev o‘zining mashhur essesida insoniyatni ikki toifaga ajratadi: Gamletlar va Don Kixotlar. Bu qiyos bizga qahramonimizni yanada chuqurroq anglashga yordam beradi.
Gamlet – aql va shubha timsoli. U hamma narsani tahlil qiladi, o‘zini va dunyoni savolga tutadi: “Tirik qolmoq yo o‘lmoq? Shudir masala!” U shunchalik ko‘p o‘ylaydiki, oqibatda hech qanday harakat qilolmay, “intellektual falajlik”ka uchraydi. U o‘z egoizmida qamalib qolgan.
Don Kixot esa buning aksi. Unda shubha yo‘q, unda faqat e’tiqod bor. Agar u haqiqatni (yoki o‘z haqiqatini) ko‘rsa, oqibati nima bo‘lishidan qat’iy nazar, harakatga tushadi. Gamlet o‘zini asrash uchun kurashmaydi, Don Kixot esa boshqalar uchun kaltak yeyishga ham tayyor.
Bugungi dunyoda Gamletlar – tahlilchilar, tanqidchilar va skeptikllar juda ko‘p. Ammo dunyoni o‘zgartiradigan, hatto kulgili ko‘rinsa-da, biror narsaga chin dildan ishonadigan Don Kixotlar yetishmayapti. Bizga aql o‘rgatadiganlar emas, ishonishni o‘rgatadiganlar yetishmayapti.
3-bekat: Dulsineya effekti yoxud yaratuvchilik san’ati
Ritsarimizning eng katta siri janglarida emas, balki uning nigohida yashiringan. U oddiy, qo‘pol qishloq qizi Aldonsani o‘z xayolida “Dulsineya Tobosskaya” deb ataydi va unga ma’budaday sig‘inadi.
Siz buni o‘z-o‘zini aldash deyishingiz mumkin, ammo masalaga boshqa tomondan qarang. Don Kixot qizga shunday yuksak maqom beradiki, bu munosabat oxir-oqibat o‘sha oddiy insonlarning ham o‘ziga bo‘lgan ishonchini o‘zgartirib yuboradi. U loydan sanam yasaydi va eng muhimi, o‘sha sanamga jon bag‘ishlaydi.
Bu bizga nimani o‘rgatadi? Haqiqiy muhabbat va yuksak san’at – bu narsalarni boricha ko‘rish emas, balki ularda yashiringan go‘zallikni kashf etishdir. Agar yaqinlarimizga yoki hayotimizga “sog‘lom realist” ko‘zi bilan qarasak, shunchaki kamchiliklarni ko‘ramiz. Agar ozgina “Don Kixot” bo‘lsak-chi? Balki o‘shanda oddiy kulba qasrga aylanar? Zero, go‘zallik qaralayotgan obyektda emas, balki qarayotgan ko‘zdadir.
4-bekat: Sancho Pansa – Bizning ikkilanishimiz
Tan olaylik, biz hammamiz Sanchomiz. Oyog‘imiz yerda, qornimiz to‘q va uyimiz tinch bo‘lishini istaymiz. Biz Don Kixotning gaplariga kulamiz, uning xatolarini sanaymiz. Lekin e’tibor bering: Sancho nega bu “jinni” cholni tashlab ketmaydi? Nega u qulay uyidan uzoqda, mashaqqat va kaltak yeyishga rozi bo‘lib, uning ortidan ergashadi?
U garchi yuzaga chiqarmasa ham, qalbida bir narsani his qiladi: Don Kixotning yonida hayot mazmunli. U yerda sharaf bor, u yerda sarguzasht va oliyjanoblik bor. Sanchoning “real” hayoti zerikarli takrorlanishlardan iborat. U xo‘jayinining telbaligida o‘zi jur’at qilolmagan hayot uchqunini ko‘radi.
Biz ham kitobni yopgach, ofisimizga yoki o‘qishimizga qaytamiz, lekin ich-ichimizdan o‘sha zanglagan sovutni kiyib ko‘rishni, bir lahza bo‘lsa-da, hisob-kitobsiz yashab ko‘rishni orzu qilamiz.
So‘nggi bekat: Ufqdagi chang
Servantes asar so‘ngida bizni og‘ir savol bilan emas, balki jimjit xulosa bilan kuzatib qo‘yadi. Don Kixot o‘z safaridan qaytishi mumkin, sovutini yechib, yana “aqlli” Alonso Kixanoga aylanishi mumkin. Atrofdagilar “shukur, u tuzaldi, aqli kirdi” deb xursand bo‘lishar.
Ammo bu “tuzalish” aslida o‘lim emasmi? Orzu o‘lgan joyda inson yashashni to‘xtatib, shunchaki kun kechirishni boshlaydi. Alonso Kixano aqlli bo‘lib o‘ldi, Don Kixot esa telba bo‘lib abadiyatga kirdi.
Kitobni yopganingizda, ko‘z oldingizda jang maydonlari emas, balki ufqqa tomon yo‘l olgan yolg‘iz chavandoz siymosi qolsin. U bizga qarab ishora qilmaydi, chaqirmaydi ham. U shunchaki o‘z yo‘lida davom etaveradi – biz ko‘ra olmaydigan devlar bilan kurashish uchun, biz eshita olmaydigan kuylarni tinglab. Biz esa o‘zimizning xavfsiz, iliq va tushunarli dunyomizda qolaveramiz.
Balki, haqiqiy jasorat devni yengishda emas, hamma tegirmon deb turgan narsada devni ko‘ra olish jur’atidadir. Kim bilsin...
Samandar ERKINJONOV
Ma’naviyat
Tarix
Mafkura
Din
Tarix
Falsafa
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q