Ehson xarajati “reklama”siga ketgan pul oldida hech narsa bo‘lmay qoladi – bugungi riyo va sum’alar haqida


Saqlash
12:43 / 16.02.2026 36 0

Bir mahallar Haynrix Hayne aytgan edi: Bemaza odamlar hamma zamonlarda ham o‘z qabih ishlarini e’tiqod, odob-axloq va vatanparvarlik g‘oyalari bilan niqoblashga uringan”. Mark Avreliydan esa bunday gap qolgan: “Jangchi o‘z jasorati, donish o‘z donishligi haqida gapirmaydi. Odamning qanchalar fazilatli ekanini uning hayot mezoniga aylangan odatiy sa’y-harakatlari belgilaydi. U biror katta ishni bajargudek bo‘lsa, bu haqda o‘zining naqadar buyuk inson ekanini ko‘rsatish uchun jar solmasligi kerak. Ya’ni, o‘zi tabiatan to‘g‘ri bo‘lishi, to‘g‘rilanishga muhtoj bo‘lmasligi lozim. Aniqrog‘i, falondek ko‘rinish emas, o‘shandek bo‘lish kerak, xolos”. Lotincha “Esse quam videri” naqlining ma’nosi ham shu.

 

Dehqon birov maqtasa-maqtamasa dalasida erta-yu kech o‘z ishini qilaveradi. Jarroh har smenasida bir necha soat tikka turib, bemorning hayotini saqlab qoladi, buning uchun oylik oladi, mukofotni o‘ylamaydi. Yurt sarhadini buzib, xufiyona kirib kelmoqchi bo‘lgan narkosavdogarni to‘xtatib qolgan chegarachi o‘zini ko‘kka ko‘tarishlarini xayoliga ham keltirmaydi, kazarmasiga borib odatdagidan mamnunroq holda dam oladi-da, vaqti kelganda yana nazorat nuqtasiga ketadi. Xullas, hamma o‘z ishini qiladi va buning uchun tegishli haqqini oladi, ortiqcha nimadir talab qilmaydi. Bular – Mark Avreliy ta’rif bergan odamlar.

 

Norman Borlougni bugun hech kim eslamasa kerak. Ko‘pchilik tanimaydi ham. Vaholanki, u milliardlab insonlarni ochlikdan qutqarib qolgan. Yo‘q, u siyosatchi, harbiy qo‘mondon yo milliarder bo‘lmagan. Qilgan ishi shuki, bug‘doyning kasalliklarga bardoshli va yaxshi hosil beradigan navlarini kashf etgan. Uning kashfiyoti o‘z davrida ko‘plab mamlakatlarda “yashil inqilob” yasagan. Ayniqsa, bir vaqtlar oziq-ovqat muammosi ancha keskinlashgan Hindiston va Meksikada. To‘g‘ri, 1970-yili unga Nobel mukofoti berilgan, lekin keng afkor omma baribir uni tanimaydi. Chunki olim shuhrat ketidan quvmagan, bashariyat farovonligi uchun bir chekkadagi laboratoriyasida jimgina ishlab, sinov dalalarida bug‘doy navlarini yaratgan, xolos. Uning nomini har ehtimolga qarshi eslab qoling. Norman Borloug – yosh avlodga, u yog‘ini so‘rasangiz, kattalarga ham ibrat sifatida keltirish uchun eng arzigulik shaxslardan.

 

Jonac Solk 1955-yili o‘z vaksinasini patentlashdan bosh tortdi. Shu bilan u yetti milliard AQSH dollariga teng mablag‘dan voz kechdi. Nima uchun? Butun dunyodagi poliomiyelit bilan og‘rigan bolalar bu vaksinaga imkon qadar oson yetishsin uchun. Uning kashfiyoti tufayli jahonda bu kasallik 96 foiz qisqardi. Bu ismni ham eslab qolish kerak. To‘g‘ri, unga Nobel mukofoti berilmagan, lekin shunday bo‘lsa ham Jonas Solkning insoniyat oldidagi xizmati Norman Borlougnikidan ko‘p bo‘lsa ko‘pdir, sirayam kam emas. Farzandi sal isitma qilsa, fig‘oni ko‘kka yetadigan ota-onalar Jonac Solkning ixtirosidan oldin poliomiyelit tufayli o‘z jigargo‘shasini tuproqqa qo‘ygan millionlab odamlarning ichidan nimalar kechganini tasavvur qilib ko‘rsin-a!

 

Ignas Zemmelvays shifokorlar qo‘llarini yuvsa, tug‘ruqxonalardagi ayollar orasida o‘lim keskin kamayishini aniqlagan va bu haqda rosa jar solganda, hamkasblari uni izza qilgandi. U bechora hokimiyat odamlariga alamli maktublar yozib, islohot talab qilgan va oxiri... ishdan bo‘shatilgan, keyin esi ham og‘ib qolgan. Klinikada qoni zaharlanib (hamshiralar qo‘lini yuvmagan bo‘lsa kerak!) vafot etgan. Bugun uni “onalar xaloskori” deb atashadi.

 

Polshalik Yanush Korchak ajoyib pedagog, iste’dodli adib, yaxshi shifokor va taniqli jamoat arbobi edi. Nemis fashistlari Varshavani egallaganda, u “Yetimlar uyi”dagi bolalar bilan birga gettoga borib joylashadi. Bolalarni otashxonaga kiritish to‘g‘risida buyruq kelganda, bosqinchilar uni qo‘yib yubormoqchi bo‘ladi. Lekin Yanush bobo bunday xotira bilan yashagandan o‘limni afzal ko‘radi va bolalar bilan gulxanga ketadi. Aytishlaricha, o‘shanda u ikkita go‘dakni qo‘liga ko‘tarib olib, qulog‘iga ertak aytib borgan ekan, bundan boshqalar ham ancha ovungan bo‘lishi kerak. Go‘daklarni so‘nggi tasallidan ayirgisi kelmagan Yanush Korchakning hayoti shunday yakun topgan.

 

O‘z adibimiz Mashrab Boboyevdan “sizningcha, bugungi kun qahramoni kim?” deb so‘rashganda, “biror narsa ilinj qilmasdan talabaga to‘g‘ri baho qo‘ygan domla, kasalni uning cho‘ntagiga qaramasdan davolagan shifokor, pora olmay turib adolatni qaror toptirgan prokuror...” deb sanab ketgandi. Bu gap ham qadimgi dunyoning kuchli imperatorlaridan biri aytgan so‘zlarni eslatadi.

 

Shundaylikka shundayku-ya, lyekin keyingi paytlar hayotimizda faqat Mark Avreliyning fikrini emas, balki Haynrix Hayne aytgan gapning ham tasdig‘ini ko‘p kuzatmoqdamiz. Yuqori texnologiyalar rivojlanib, axborot almashish va tarqatish imkoniyati kengayganining xayrli jihatlari ko‘p. Shu bilan birga, bu taraqqiyot riyokorlik, yuzaki baxtiyorlik, xo‘jako‘rsinga harakat qilish, soxta uddaburonlik kabi illatlar avj olishiga ham xizmat qilayapti.

 

Riyoni nimada ko‘ramiz? Bir-ikki xalta oziq-ovqat olib, nochor qolgan oilaga olib borish va buni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilish misoli yetarlidir-a?! Ha, shunday “vallomatlar” ko‘paydi. Aslida, xomcho‘t qilsangiz, xaltani to‘ldirishga ketgan xarajat “saxovat” to‘g‘risidagi videolavhani tarqatishga sarflangan pulning oldida hech narsa bo‘lmay qoladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlar va “sariq matbuot”da ham yuzaki baxtiyorlikka misol tiqilib yotibdi. “Yulduz”lardan bittasi ertalab kontrast dush qilib, avokado va smuzi bilan nonushta qilishi, keyin prodyuser bilan yangi loyihalarni muhokama qilishi, undan so‘ng promouteri bilan nimalarnidir gaplashishini yozadi. Kosmetolog va dermatolog huzurida nimalar bo‘lganini, so‘ng esa tushlikka syomga sho‘rvasi va qovurilgan o‘rdak qanotini yeyishi, keyin siyesta (qaylula) qilishi, uyqudan turgach, fitnes xonasiga borishini so‘zlab beradi. Kechqurun do‘sti bilan uchrashishi, yana kimlar bilandir diskoteka, kinoteatr yo yana bir joylarga borishi, uyga qaytgach, narzan suvi bilan ozgina sushi “qabul qilishi”ni bayon qiladi. Kuni o‘ta mazmunli o‘tganini o‘ylab, uyquga ketganini ham bilmay qolgan bo‘ladi. Internet foydalanuvchisi buni “kiborlar hayoti” deb biladi va havas qilib, shunday yashashga intiladi. Ertalab onasi (yo xotini) qovurib bergan tuxumga qaragisi kelmay qoladi. Tushlikka ko‘ngli bedanadan qozonkabob tusaydi. Kechqurun uydagi “qoloqlarning ovqati”ni yemaslik uchun ko‘chadan nima bilandir qornini to‘ydirib keladi.

 

Amerikalik kovboy, qiziqchi, aktyor va jurnalist Uill Rojers bir asr oldin aytgan gap bugunimizga juda ham to‘g‘ri keladi: “Ko‘plar o‘ziga yoqmagan odamlarga yoqish uchun o‘z mashaqqatli mehnati bilan topgan pulini o‘ziga keraksiz narsalarni sotib olishga sarflaydi”. Ha, ko‘pincha odamning xurmacha qiliqlari o‘ziga bilinmaydi yoki u o‘zini osongina oqlab oladi. Buyuklik singari ayb ham tashqaridan, kengroq qaraganda bilinadi. Bejiz aytishmaganki, “aybli ishlarimizni boshqalar sodir etsa qancha dahshatli ko‘rinadi-ya!”.

 

Xo‘jako‘rsin ishlar omi odamlarda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi, shu qatorda ularning axloqi va turmush tarziga yomon ta’sir qilishi bilan ham xavfli. Uzoqqa bormang, mana oddiy mashmasha – “Falonchi dugonam yangi bilaguzuk bilan yangi zirak olibdi, yaqinda boshqasiyam olgandi, menga ham olib berasiz, ularning oldiga borolmayapman, uyalib ketayapman!”. Boshqachasi: “Falonchi do‘stimning tug‘ilgan kuniga otasi yangi rusumdagi falon avtomobilni sovg‘a qilibdi, pismadonchi jo‘ram gaz-benzin yemaydigan mashinada yuradi, ularning oldida gap gapirolmay qolganman!”.

 

Ko‘p idora va tashkilotlarga borsangiz, rahbarning kabineti joylashgan qavat ancha ozoda, shinam va o‘zgacha jihozlanganini, boshqa qavatlar “el qatori” ekanini ko‘rgansiz. Albatta, kelgan mehmon boshliqning qavatini ko‘rib ketadi. Havas qiladi. Ichiqora bo‘lsa, aybli joylarini topib, sezdirmay kulgan bo‘ladi, boshqalarga ham aytib berar balki. Lekin shu idoraning xodimi mutlaqo boshqa xayolda yuradi: “boshliq – egoist, o‘ta manman, dimog‘dor. Kabineti yozda salqin, qishda issiq bo‘ladi. O‘zi to‘nka bo‘lsa ham!”.

 

Xudo ishini o‘nglab, shu xodim ko‘tarilib ketsa, o‘zi shunday qilmaydi, qo‘lidagilarni o‘ylaydi deysizmi?! Ehtimol. Lekin kamdan-kam hollarda. Aksariyat odamlar martabasi ko‘tarilgandan keyin yanayam hashamli manzarani istab qoladi. Avvalgi boshliqning “sassiq” kursisi, “chirigan” gilami, “isqirt” mebeli va boshqa narsalaridan jirkanadi va hammasini yangilashga kirishadi.

 

Xo‘jako‘rsin ishlar odamlar bilan boshqaruv organlari o‘rtasidagi munosabatlarni yo‘q joydan buzishga xizmat qiladi. Buni ochiq tan olish kerak. Mana, deylik, “falon maktabga dushanba kuni tuman hokimi kelarkan” voqeasi. Dam olish kunlaridan voz kechishga majbur bo‘lgan direktor va o‘qituvchilar, navbatdan tashqari hasharga chaqirilgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari – hammasi burnini jiyiradi. Tuman hokimi hech kimni bezovta qilishni istamaydi, ular o‘zi o‘zini sarson qiladi. Chunki aslida ozodalik va batartiblikni yuqoridan kimdir kelishiga bog‘lab qo‘ygan hokim emas, ularning o‘zi. Yanada ayanchli tomoni shuki, bu ekstraordinar tashvishlar pog‘onama-pog‘ona hamma bosqichda uchraydi. Shu tariqa hamma bir-birining ko‘zini shamg‘alat qiladi.

 

Obro‘-e’tibor dardi ham bor. Hammamiz yaxshi bilamizki, kim qanday to‘y-hasham qilmasin, odamlar uzog‘i bilan uch kun gapiradi. Chunki hayotda boshqa voqea-hodisalar ko‘p. O‘n yillar avval rossiyalik bir milliarder Sochi shahrida dengiz bo‘yiga katta to‘yxona qurib, “millionli” xonandalarni olib kelib, misli ko‘rilmagan darajada katta nikoh bazmi uyushtirdi. Buning videotasviri internet orqali minglab kilometr masofalarga tarqaldi. Kimdir “baraka topsin, otasiga rahmat!” dedimi?! Yo‘q. Videoni ko‘rgan yigitlar xayoli buzilib, “kelin yaxshigina ekan” dedi, qizlar hasadini ichiga yutib, “shuning nimasiga uchibdi ekan kuyovbola” deb yasama tahayyur qildi. Shu bilan vassalom.

 

O‘zimizda “zotdor” avtomobillarni turnaqator qilib, xonandalarni navbatda turg‘azib qo‘yib, dasturxoni bilan dunyo ko‘rgan eng nozik didli xo‘randani ham lol qoldirib bazm tashkil qilayotganlar yo‘q emas. Kelin-kuyovning “muhabbat tarixi”ni namoyish etish, ikki yoshning vals tushishi va boshqa bema’ni qilg‘iliklar o‘sha oniy lahzalarda kimlarnidir romantik entikishga solishi mumkindir. Lekin bularning hammasi oniy, xolos. Mohiyat esa shundan iboratki, uyalmay-netmay yangi kelinni ko‘pchilikka ko‘z-ko‘z qilamiz. Unga birov havas bilan qarasa, birov hirs bilan, yana birov hasad bilan qaraydi. “Mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi”, “hammamiz ham musulmonmiz” degan gaplarning ta’siri qolmadi hisob. Shuning uchun bo‘lsa kerak, to‘y qancha dabdabali bo‘lsa, o‘sha nikohning umri shuncha qisqa bo‘layapti. Chunki dabdabadan keyin kundalik quvonch va tashvishlar boshlanadi. Sururli tomonini hamma ko‘taradi, lekin og‘ir yukiga har kim ham dosh berolmaydi. Ayniqsa, umrida “yo‘q”, “mumkin emas”, “uyat bo‘ladi” degan so‘zlarni eshitib o‘rganmagan yoshlarga qiyin. Hayot romantika emas. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘ladi. Bu hayotda boylar ham yig‘laydi.

 

Hali hech narsani tushunmaydigan chaqaloqni tug‘ruqxonadan uyga limuzinda olib kelganimizdan, bog‘chasida tarbiyachisini, maktabida o‘qituvchisini tobe qilib qo‘yganimizdan, pul bilan o‘qitib diplomli qilganimizdan, salohiyati yetmasa ham yaxshigina ishga joylab qo‘yganimizdan, jonini og‘ritmasin deb uy-joyini tayyorlab berganimizdan, ko‘ngli nima tusasa muhayyo qilaverganimizdan keyin bu bola o‘z-o‘zidan infantilizmga duchor bo‘lmasinmi?!

 

Kompyuter va internetning foydalari katta, benihoya katta. Lekin zarari ham oz emas. Ba’zilar izlab-izlab, o‘ziga kerakli ma’lumotni topadi. Boshqalar nimanidir qidiruvga beradi-da, topilgan narsani o‘qib ham ko‘rmasdan maqolasiga, ilmiy ishiga, ma’ruzasiga tirkab yuboraveradi. Kompyuterning “aybi shuki, har narsani so‘rayveradigan bu matoh nusxa ko‘chirishda “ishonchingiz komilmi?” deb o‘tirmaydi. Oqibatda ko‘chirmachilar matndan xatosi-yu mantiqsizligi bilan bus-butun nusxa oladi. Shuning uchun, masalan, filologlarning “dissertatsiya”larida g‘aliz jumlalar paydo bo‘ladi (“O‘ylaymizki, falon-falon deb xulosa qilsak bo‘ladi deb hisoblaymiz”). Ba’zi “tadqiqotchilar” shu qadar mas’uliyatsizki, o‘zining asl basharasini ochib berayotganini ham sezmaydi (“Italiyaning bu tajribasini bizning Ural tomonlarda, Volgabo‘yi va Karpatorti mintaqalarida qo‘llash mumkin”). Bir siyosatshunos yozishga erinib, ilmiy ishining matnini kotibasiga aytib terdirganmi yo ko‘chirgan joyida shunday bo‘lganmi, xullas, “tiklanish” so‘zini “cheklanish” deb yozvorganiga nima deysiz! O‘zimizdagi bir partiyaning nomini yozayotganda shunday qilingani yanayam ajablanarli. Tasavvur aqlni mazax qiladi: bu siyosatshunos yengil tamaddi qilayotgan holida aytib turgan, og‘zida ovqati bilan chirs-chirs qilib, “tiklanish” degan bo‘lsa, kotibasi “cheklanish” deb eshitgan-da.

 

Bularni odamlar olim deb hurmat qiladi, davraning to‘ridan joy beradi, bunaqalar ortidan talabalar domla-domla deb yugurib yuradi. Bu olimning asl maqsadi zamirida avval PhD, keyin DSc guvohnomasini olish, shu orqali ko‘tarilish, nomunosib tarzda ustama olish, asos-ustunsiz obro‘ orttirish kabi tuban shaxsiy manfaatlar yotishini, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shish, yangilik yaratish degan gaplar xayoliga ham kelmasligini ular qayerdan bilsin! Tajriba tariqasida birinchi uchragan PhD sohibidan ilmiy ishining mavzusi, boblarining nomlari, foydalangan adabiyotlari haqida so‘rasak, javob bera oladimikan degan o‘y kechadi beixtiyor. Haqiqiy tadqiqotchi har bir satrni o‘ylab, har bir fikrni aql tarozisida o‘lchab yozadi. “Bobni bunday nomlasam aniqroq bo‘ladi, sarlavha – materialning yarmi” deydi masalan. Bu izlanish va ijod iztirobi bo‘lib, xulosa va qarorlari umrining oxirigacha xotirida qoladi. Lekin boyagidek yo‘l tutgan bo‘lsa, boshini qashib, “shunday-shunday narsalar-da, endi ancha vaqt o‘tib ketdi, esda qolarmidi” deydi. Ilm-fanimizni bunday uddaburonlardan himoya qilish ham kerak.

 

Men turli idoralarda ishlab, bu jarayonda shunday chalkash holatlarga ko‘p duch kelganman, shuning uchun bor gapni aytayapman, ishonavering. Kimdir bo‘htonga o‘xshatishi mumkin, lekin bilingki, bunaqa bo‘htonni o‘ylab topishning sira iloji yo‘q. Har holda kamina shu fikrda. O‘zbekistonlik bo‘la turib, “bizning Ural tomonlar” deganning, boshqa “tadqiqotchilar”ning aybi o‘ziga ko‘rsatilganda nima bo‘lganiga qiziqayapsiz-a! Hech biri pinagini buzmagan (“endi bir o‘tib ketibdi-da, kimlardan o‘tib ketmaydi-yey!”). Donishlar yarim hazil qilib, “betning qalinligi ham yarim baxt” degani shu bo‘lsa kerak.

 

Siz bilgan har bir insonning botinida siz bilmagan yana bir inson bo‘ladi. Qarshingizdagi odam – ro‘paradami, internetdami, televizordami, qay holatda bo‘lsa ham – haqida biror fikrga borish oldidan shuni o‘ylab ko‘rish kerak ekan. Domla haqiqatan olimmi, ishbilarmon rostdan ham biznes odamimi, rahbar chindan ham layoqatli boshliqmi va hokazo. Albatta, yoppasiga hammadan shubhalanish kerak emas. Bir-ikki gapini tinglab ko‘rishga, fe’liga qarashga to‘g‘ri keladi. “Ko‘p yolg‘on gapirma, hammasini eslab qololmaysan” deydilar. Yolg‘onchi unga uni, bunga buni gapirib, oxiri kimga nima deganini eslayolmay, chalkashib, o‘zini fosh qilib qo‘yadi.

 

Ayrim uddaburonlar o‘zini emas, ularga yordam berganlarni uyaltirib qo‘yadi. Ularning uddaburonligi yukini boshqalar zimmasiga ortishdan iborat bo‘ladi – undan ugina, bundan bugina. To‘riga tushib qolgan odam chiqib ketishi qiyin bo‘ladi. Ota-bobolarimiz bilib aytgan: “Yuz marta yordam ber – unutishadi, bir marta yordam qilma – bir umr eslab yurishadi”. Mazaxo‘raklik – uddaburonlik emas.

 

Ma’naviy ustozimiz Mahmud Sa’diy ba’zilarni tilga olganda, ismi oldidan “rahmatli” so‘zini qo‘shib qo‘yardi. “U kishi tirik-ku!” desak, “mayli-da” derdi. Ha, o‘lmagan odamdan judo bo‘lish og‘irroq. Chunki ketgan – ketdi, hayot bo‘la turib o‘zini o‘likdek tutadigan, aniqrog‘i, qo‘lini hech narsaga urmaydigan odam bilan nima qilishni bilmay qoladi kishi. Mehnat jamoalarida boshliqning pinjiga kirib olib, bevosita vazifasini bajarmay, soxta faollik bilan hech kimga gap bermay yuradiganlar uchrab turadi. Bundaylar riyokorning oldida hech narsa bo‘lmay qoladi. Xushomadgo‘ylar yasama jonkuyarlik bilan nimadir qilsa kerak, riyokor nimadir qilib, hech narsa qilmaydi. Gap ana shunda.

 

Biz riyo haqida ko‘p gapiramiz, lekin sum’a degan tushunchani kam tilga olamiz. Riyo odamlar ko‘rishi uchun bo‘lsa, sum’a – hamma eshitishi uchun. Buning qamrovi kengroq. “Falonchi o‘nta kambag‘al oilaga bir qopdan un beribdi” voqeasini sanoqli odam ko‘radi, eshitganlar ko‘proq bo‘ladi. Biznesda ham, fanda ham, ta’limda ham, tibbiyotda ham, boshqaruvda ham – hamma sohada riyo va sum’ani ko‘rish mumkin (avj olayapti demasak).

 

Biz dunyoga ochildik, lekin tashqi olamdan bo‘lar-bo‘lmas har narsani ko‘chiraverish kerak emas ekan. Mashhur hadis to‘plamlarining barchasi qanday rivoyat bilan boshlanishini ko‘pchilik yaxshi biladi: Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir” dedi”. Insonning amalini uning niyati bilan qiyoslasak, saxovat bilan riyoning, chinakam valine’matlik bilan sum’aning farqi ko‘rinadi. Odam haqiqatan saxovat qilmoqchi bo‘lsa, buni ko‘z-ko‘z ham, ovoza ham qilmaydi. O‘zini baxtli ko‘rsatmoqchi bo‘lgan odam allaqanday nomdor restoranga borib, keyin suratlarini ommaviy tomoshaga qo‘ymaydi. Yaqin kishisi o‘lgan odam savobi marhumga yetib borishi uchun ehson beradi, ma’rakaga hashamatliroq joy tanlayaptimi, qancha odam kelganini, ular orasida kimlar borligini hisob-kitob qilayaptimi, demak, elga oshni o‘zi uchun berayotgan bo‘ladi. Shuning uchun xudoyining taklifnomasida manzilni bemalol “bazmgoh”, “to‘yxona”, “restoran” deb ko‘rsataveradi. Aslida chaqiriq xatidagi “marhumning xotirasiga” degan gapni “o‘zimning obro‘m uchun” deb qo‘ysa ham bo‘laveradi.

 

Islom ta’limotiga ko‘ra faqat namoz va ro‘za kabi ibodatlar emas, balki har qanday amal Yaratganning nomi bilan xolis niyatda bajarilsa savob bo‘ladi. Hatto uxlash yo ovqatlanish ham. Riyoda o‘sha xolislik bo‘lmaydi. Ayrimlar odam uzoq vaqt ikkiyuzlamachi bo‘lib qola olmasligini, vaqti kelib haqiqiy yuzi ochilib qolishini bilmasa kerak. Shuning uchun kimdir betartib soqol o‘stiradi va o‘z fe’li misolida soqol qo‘ygan boshqalarga nisbatan jamiyat aro noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadi. Ba’zilar hijobda bo‘la turib hijobning hurmatini qilmaydi va boshqa hijoblilarni malomatga qoldirishini anglab yetmaydi. Shunday qilib, riyokor faqat o‘zini aldagani yetmaganidek, boshqalarning ham tinchini buzadi. Niyat boshqa-da. Masalan, “beli bog‘liqning dili bog‘liq” naqliga ko‘ra azador odam haqiqatan motam tutadi va bejo qiliq qilmaydi. Bu – haqiqiy manzara. Lekin yuqoridagi holatlarda samimiyat yo‘q, chunki niyat xolis emas, aniqrog‘i – boshqacha.

 

Adolf Hitlerning bir harbiy qismga borib, zobitlar bilan suhbatdan keyin oddiy askarlar bilan tushlik qilgani, Herman Go‘ring ko‘cha yuzida oddiy odamlar bilan ovqatlangani tasvirlangan tarixiy kinokadrlar bor. Ular faqat kadrga tushish (oddiy populizm) uchun shunday qilgani yaxshi ma’lum. Yo biror kim shubha qiladimi!

 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi xodimi ijozatingiz bilan yana bir hadisga murojaat qiladi: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Hech biringiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha mo‘min bo‘la olmaydi” dedi”. Haqiqiy saxovat mana shunda namoyon bo‘ladi. Riyo uchun qilingan yaxshilikni tom ma’noda saxovat deb bo‘lmaydi. Tarixdan ma’lumki, sahobalar bozordan o‘zlariga yoqqan narsalarni sotib olib muhtojlarga ulashgan. “Pulini berib qo‘ya qolmaysizmi, o‘zlari keragini olavermaydimi?” deyishganda, “o‘zim yaxshi ko‘rgan narsani berayapman” degan.

 

Yaqin tarixdan bir misol. Korney Chukovskiy bunday yozgan: “Aleksey Tolstoynikiga bordim. (Tug‘ilgan kunim ekanini bilib qolib) judayam ajoyib Parker ruchkasini sovg‘a qildi. “Ko‘zingiz qiymaydigan narsani berayapsiz-a?!” dedim. “Faqat ko‘z qiymaydigan narsalarni hadya qilish kerak” dedi u”.

 

Chingizxondan ko‘p aforizm qolmagan, lekin bittasi bizning kunlargacha yetib kelgan: “Dushman ustidan g‘olib bo‘lmoqchimisan, oilasini tarbiyala. Bugun – farzandlari, ertaga – xalqi (izmingda bo‘ladi)”. Yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishning natijasi ham xuddi shunday bo‘ladi. Shuning uchun chetning foydasini olib, zararini, xatarini uloqtirishni o‘rganishimiz kerak.

 

Mavlono Rumiy “Suyganing qadar suyulajaksan” degan. Chin ko‘ngildan qilingan xayrli ish o‘z egasini har tomonlama yuksaltiradi. Soxtakorlik, xo‘jako‘rsin ishlar oxir-oqibat izzat-nufuzga putur yetkazib, boshni xam qiladi. Qadimgi Rimda “Sizdan Fortuna yuz o‘girsa, Femida qiziqib qolishi mumkin” degan naql bo‘lgan. Shuni unutmaylik.

 

Anvar BOBOYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Xo‘jako‘rsinmi, jo‘jako‘rsin?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Mafkura

14:02 / 13.02.2026 0 384
O‘zbek xalqining milliy g‘oyasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//