Ijtimoiy tarmoqlarda shu yil 12-may kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidan oqib o‘tuvchi kanaldan 17 yoshli qizning jasadi topilgani haqida mudhish xabar tarqaldi. Marhuma – tumandagi 45-maktabda o‘qigan Sevinch ismli qiz bo‘lib, onasi Xadicha Hayitovaning aytishicha, bir kun oldin – 11-mayda sahar vaqti yo‘qolib qolgan. Buvisi bilan bir xonada tunab kelgan Sevinchning uyda yo‘qligini bilgach, oila a’zolari uni qishloq bo‘ylab izlashgan, qo‘l telefoni va oyoq kiyimi anhor bo‘yidan topilgan... Boshqa tafsilotlar biri-biridan achchiq, alamli, fojiali: 12 mayga o‘tar kechasi, tungi 3:20 larda O. ismli shaxs ko‘chada yigitlar qizni quvlab yurganini ko‘rgan, ularni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, lekin “Qiz uyiga emas, ammasinikiga bormoqchi, o‘sha joyga kuzatib qo‘yamiz” deyishganidan so‘ng o‘z yo‘liga ketgan... Ertasiga qizning jasadi kanaldan topilganidan keyin O.ning guvohligida Sevinchni tunda ta’qib etgan yigitlar aniqlangach, ulardan biri tunda maktab qorovulxonasida (qorovul ayol kishi bo‘lib, bolasi kasalligi bois ishga chiqmagan) qizni zo‘rlaganiga o‘ttizdan ortiq odam oldida iqror bo‘lgan. Voqea joyidan jinoyatga daxldor ashyolar topilgan-u, ammo qorovulxona bir kun ichida ta’mirlanib, hamma narsa yo‘qotib yuborilgan...
Keyingi paytlarda “Odobni beodobdan o‘rgan” degan maqolga rioya qilish ezgu niyat egalari kutganidek natija beryaptimi-yo‘qmi – bilmadim-u, ammo “Qovun qovunni ko‘rib rang olibdi” matalining hayotiy isbotlariga ko‘proq duch kelayotgandekmiz. Biroq ushbu satrlarning qoralanishiga sabab bu mavzu emas. Yuqoridagi voqea tufayli ko‘z o‘ngimdan o‘zim keyingi uch-to‘rt yil ichida tanishgan, taqdirlari qalbimni tirnab ketgan o‘smir va balog‘at yoshidagi qizlarning qiyofalari o‘ta boshladi.
Qoraqalpog‘istonlik Oygul (barcha qizlarning ismlarini o‘zgartirib yozyapman) men tanishgan paytimda hali balog‘atga yetmagandi, ajoyib qo‘shiqlar aytardi, she’rlar yozardi, ayniqsa, ona haqida. Sud hukmi bilan Qo‘qon maxsus qizlar kasb-hunar kollejiga yuborilgan ekan. Sababi – o‘z uyidan chiqib ketgan va bu voqeagacha... Ota-onasi Oygulni befarzand tog‘asiga chaqaloqligidayoq hujjat asosida qiz qilib berishgan. Kennoyisi uni avvaliga juda yaxshi ko‘rgan, mehribonlik qilgan, biroq Allohning marhamati bilan o‘zi ham bolali bo‘lgach, asrandi qizga munosabati keskin o‘zgargan: omborxonaga qamab qo‘yib, ovqatdan qisgan, kaltaklagan. Tilla taqinchoqlarini singlisiga berib yuborib, Oygulni bu shaqir-shuqurlarning o‘g‘risi deb jar solgach, qizga hamma ola qarashni boshlagan. Hatto taqinchoqlar topilganidan keyin ham nohaqlik uchun biror kas uzr so‘ramagan. Oygulning o‘z tuqqan onasi barcha voqea-hodisalardan xabardor bo‘la turib, “Biz qizimizni ukamga berganmiz. Ular nima desa – shu!” degan. Jigarbandini biror marta himoya qilish tugul, hatto rahmi ham kelmagan. Oqibatda Oygul uydan chiqib ketgan...
Balog‘atga yetmagan namanganlik Ozoda nomdor sport jamoasi a’zosi bo‘lgan. Onasi og‘ir kasallikka chalingan, otasi topganini ichkilikka sarflaydigan bu qiz oilaning yagona boquvchisiga aylangan, qo‘ni-qo‘shnilarning tomorqasida xuddi mardikor kabi ishlab, baholi qudrat pul topgan. Shunday vaziyatda... parvarishga muhtoj, kasalmand ayolning eri, meni kechirasiz-u, aytishga majburman, o‘z pushti kamaridan bo‘lgan qiziga begona erkak kabi tegajog‘lik qilishgacha borgan. Oqibatda Ozoda o‘z uyidan ketib bobosinikida, o‘qituvchisinikida yotib yurgan, nomaqbul tanish-bilishlar orttirgan, sha’ni toptalgan...
Ayni balog‘at yoshidagi toshkentlik Fazilatning yuzini ko‘zyoshlari yuvib aytgan gaplari toshni ham eritardi, balki. Rossiyaga ketib, boshqa erga tegib olgan onasi yiliga bor-yo‘g‘i 100 dollar pul yuborgan. Turmushi buzilgan opasi bilan qolgan Fazilat jiyanlariga kechasi-yu kunduzi enaga-qarovchi bo‘lgan. Lekin “Tekinxo‘r, men seni nima uchun boqishim kerak?” degan dashnomlar ostida yashagan. Keyin o‘sha atrofdagi yemakxonaga idish yuvuvchi bo‘lib ishga kirgan, kollejdagi o‘qishi ham o‘lda-jo‘lda ahvolga tushgan, jiyanlariga ham qarolmay qolgan. Shunda opasi kollejga borib, o‘z singlisi haqida “Bu yomon qiz. Kechalari kafelarda yuradi”, deb gap tarqatgan. Ta’lim dargohida guruh rahbarining yordamchisi, tadbirlarning faol tashkilotchisi bo‘lib kelgan Fazilat bilan biror o‘qituvchi xolis gaplashib ham ko‘rmagan, opasining diydiyosidan so‘ng ustozlari va guruhdoshlarining munosabati salbiy tomonga keskin o‘zgargan. Axiyri kafelarda tuni bilan ishlab, hatto yotib qoladigan bo‘lgan...
Bunday misollar, afsuski, oz emas. Kecha-yu kunduz bozorga bog‘lanib olgan er-u xotin o‘smir qizini xolasinikiga tashlab qo‘ygan, xolaning o‘g‘li qizni muntazam xo‘rlagan, badnom qilgan. U ich dardi ichida o‘z uyiga qaytib kelsa, onasi urib-so‘kib yana olib borgan... Yana bir taqdir. O‘gay otasidan muntazam qochib yurib, nomusini asragan qizdan hammadan ko‘proq o‘z onasi norozi bo‘lgan. Oxiri jur’at qilib, bor gapni to‘kib-solganida “Sen yolg‘on aytyapsan”, deb haydab yuborgan. Bir muddat o‘tib, o‘zi jigargo‘shasini izlab topgan, uzr so‘ragan...
Maxsus kasb-hunar kollejida suhbatlashganim – tug‘ilishidan nimjon-u nuqsonli bo‘lgan, ammo maktab kutubxonasidagi barcha kitoblarni o‘qib chiqqan nozig-u rangpar qiz bir tola nur kabi ko‘z o‘ngimda qolgan: sinfdoshlari uni tashqi qiyofasiga qarab doim kamsitgan, davralariga qo‘shmagan, ota-ona-yu o‘qituvchilar ham bu jarlikni yo‘qotish choralarini ko‘rmagan. Oqibatda qiz o‘z ixtiyori bilan maxsus kollejga yuborishlarini so‘ragan.
Qalbida ayollik, ayniqsa, onalik tuyg‘ulari tirik bo‘lganlar uchun bu kabi gaplarni o‘qish, eshitish oson emas. Juvonmarg taqdirlar aksariyat kishilarning dilini og‘ritadi, yuraklarini titratadi. Shu bois ham mavzuni aylanib o‘tgan paytlarimiz ko‘p bo‘ladi. Lekin qachongacha?..
Ushbu maqola avvalida keltirilgan voqea haqida yozarkan, jurnalist daliliy ashyolar yo‘q qilinganiga urg‘u beradi. Kimdir esa tungi quvla-quvla guvohi bo‘lgan O. ismli odamdan norozi bo‘ladi: “Qizni nima uchun o‘sha yigitlarga tashlab ketdi?” Mening tomog‘imga bir savol tig‘dek qadaladi: “Yoshgina qiz tunda indamasdan uyidan chiqib ketishga qanday jur’at etdi? Bundan bexabar qolgani ota-onani oqlaydimi? Qizning o‘limiga sabab bo‘lgan o‘zboshimchalik, oila a’zolari-yu onasidan yashirin ish tutishi o‘sha kechadan boshlanmagandir, axir?!” Shu o‘rinda barcha onalarga murojaat qilmoqchiman. Balki, ashyolar tiklanar, jinoyatchilar o‘z qilmishiga yarasha jazo olar... lekin bu bilan ona qalbi taskin topadimi, tinchlanadimi, iztirob-alamlardan qutuladimi? Yo‘q! Yo‘-o‘q!!!
“O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa…” deydi azaldan o‘zbek farzandlar haqida. Hayot katta-kichik topish va yo‘qotishlardan iborat. Boy berilgan juda-juda ko‘p moddiy va ma’naviy ne’matlarning o‘rnini to‘ldirsa va yoki unutsa bo‘lar, faqat... Otam rahmatlining bir gapini hayotiy vaqealar ko‘p yodga soladi: “Bolalarning ota-onadan keyin qolmog‘i – azaliy meros. Lekin bolasini tuproqqa topshirgan ota-onaning bu dunyoda surati yuradi, xolos”. Demoqchimanki, onalar, jo-on onajonlar, farzandlarimizni, ayniqsa, tabiatan jism-u ruhoniyati nozik qilib yaratilgan qizlarimizni noxushliklar, ko‘rguliklar, kutilmagan baxtsizliklardan o‘zimiz asraylik.
“Arg‘amchiga qil quvvat”, deydilar. Tang ahvolda qolgan insonning agar bittagina chin ishonchli odami, chin sirdoshi, chin anglaguvchisi bo‘lsa, unga qalbini ochadi, unga suyanadi (jaholat va sabrsizlikka taslim bo‘lmasa, albatta). Bundan bir necha yil oldin Farg‘ona viloyati tumanlaridan birida o‘smir qiz o‘zini osib qo‘ydi. Onasi dugonalari bilan o‘tkazadigan gap-gashtagi uchun muzlatkichga tansiq ne’matlar g‘amlab qo‘ygan ekan. Qiz ko‘ngli ketib, nimadir olib yegani uchun rosa gap eshitadi. Onasi bir tarsaki ham urgan ekan... O‘z joniga qasd qilishni aslo oqlamaymiz. Ko‘pchilik bitta mevani farzandidan ustun qo‘ygan ayolni qoralaydi, muhokama qiladi. Aslida, bu kabi fojialarning ildizi – onalar bilan qizlar o‘rtasidagi ko‘rinmas jarlikda yotibdi, shunday emasmi? Agar shu jarlik bo‘lmasa edi, inson tansiq mevalarni avvalo bolasiga ilinmasmidi? Agar shu jarlik bo‘lmasa edi, “Ayajon, mevani sizdan so‘ramay olganim uchun uzr. Endi bunday qilmayman”, deb kechirim so‘rash o‘z joniga qasd qilishdan ming karra oson bo‘lmasmidi?!
Ona uchun ikki dunyo o‘rtasida turib yetishgan ne’mati – farzandidan suyukliroq, azizroq, bebaho-yu yaqinroq inson bo‘lishi mumkinmi? Gapdoshlar, bozordoshlar, telegramdagi guruhdoshlar, sen qanday qilib bo‘lmasin, e’tiborini qozonmoqchi bo‘lgan falonchilar... erta bir kuningga yaraydimi? Atrofimizga nazar solib mushohada yuritsak, o‘z oilasi, qavm-u qarindoshi orasida qadri baland bo‘lgan, hurmat qozongan insonlar jamiyatda ham shunday e’tibor topadilar.
Mezonning buzilishi oqibatlari – yuqorida tilga olganimiz, bir qatigina ochilsa-da, yurakni g‘ijimlaydigan dardlar. Aziz onajonlar, “Bolam o‘qiyapti, ishlayapti. Falon joyga ketdi. Falonchi bilan yuribdi. Falonchi qarindoshnikida” kabi xayollar bilan g‘aflatda qolmaylik. Hali hayot tajribasiga ega bo‘lmagan, ishonuvchan, qiziquvchan, ba’zan shoshqalog‘-u ba’zan o‘zbilarmon dilbandimizning har qadami, nima ishlar bilan mashg‘ulligi, tunda emas, kuppa-kunduz kuni ham qayerda va kimlar bilan ekani, xayolini-yu telefonini nimalar band etganidan boxabarlik qalbimizning doimiy ehtiyojiga aylansin. Guldek zurriyotlarimizning jism-u ruhini, ongu shuurini omonlikda saqlash bilan o‘zimizni, jamiyatni jonda ketguvchi armon-u og‘riqlardan asraylik.
Muhtarama ULUGʻOVA,
Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
LAZIZBEK
12:01 / 01.01.1970
Chiroyli sayt bulibdi