Bu yil Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 151 yilligini nishonlayapmiz. U Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog bo‘lish bilan birga o‘zbek adabiyoti xazinasiga munosib hissa qo‘shgan. Maqolada uning “Padarkush” pyesasi tarixiga to‘xtalmoqchimiz.
“O‘qimagan bolaning holi” 1911-yili yozib tugallangan. U qo‘lyozma holidayoq qo‘lma-qo‘l o‘qildi va shuhrati oshdi. Nashriga esa Rossiya imperiyasining senzura siyosati to‘siq bo‘ldi, – ikki yillik urinishlar samarasiz tugadi. O‘sha davrda Samarqandda ozarboyjonlik matbaachilarning litografiya va bosmaxonalari keng faoliyat yuritgan. Xususan, Samarqand shahrida XX asr boshlarida 21 ta bosmaxona, 4 ta litotipografiya va 2 ta litografiya faoliyat ko‘rsatgan (1). Balki asarning qo‘lyozma shakli davridayoq mashhur bo‘lishi ozarboyjonlik nashriyotchilarni ham bee’tibor qoldirmagan bo‘lishi mumkin. Chunki asarning nashriga “Matbuot ishlari Tiflis qo‘mitasi senzori ruxsati bilan Kavkaz o‘lkasi sahnalarida qo‘yish mumkin”, degan 1913-yil 23-martdagi 19940-son qarori asosida ruxsat etilgan (2). Shu tariqa kitobning birinchi betida “Посвящается юбилейной памяти Бородинскаго сраженія и избавленія Россіи отъ нашествія французовъ”, ya’ni “Borodino jangi yubiley xotirasi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan qutulishi” jumlalari bilan senzuradan o‘tgan holda Samamarqandda B.Gazarov va K.Sliyanov tipolitografiyasida o‘zbek tilida, arab imlosida 1913-yili nashr etiladi.
“Padarkush” o‘zbek milliy teatriga tamal toshini qo‘ygani ko‘pchilikka ma’lum. Pyesaning sahnaga olib chiqilganiga shu yil 15-yanvarda 113 yil bo‘ldi. Asardagi obrazlarga e’tibor bersak, 50 yoshdagi boy, uning o‘g‘li bo‘lgan 15–17 yoshlardagi – Toshmurod, yangi fikrli 30–40 yosh atrofidagi domullo, 18–20 yoshdagi boyning mirzasi – Xayrullo, yangi madaniy qiyofadagi ruscha o‘qigan Ziyoli, boyning qotili – Tangriqul, 18–20 yoshdagi bo‘z bolalar – Davlat bilan Nor, rus xotin – Liza, arman mayxonachisi – Artun, Prustuf (militsiya, 2 qoravul, boyning 3 nafar hamsoyasi), hamda 35–40 yoshdagi boyning ayoli – Boybuchchadan iborat.
Qahramonlarni muallif o‘zi yashab turgan mustamlaka ostidagi Turkistonning ijtimoiy hayotiga mos ravishda tanlab olib, jamiyatning muammosini ochib berishga harakat qilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Asosiy fondida asarning bir necha nusxasi saqlanmoqda.
Asarning bosh g‘oyasida ilmsizlik, johillik orqasida kelib chiqadigan fojia ko‘rsatib beriladi. Ya’ni, bola tarbiyasi har bir ota-ona va butun oilaning diqqat markazida bo‘lmog‘i kerak, jamiyatning kelajagi, butun taraqqiyoti ham shunga bog‘liqligi uqtiriladi. Bundan tashqari asarda diniy-ma’rifiy qarama-qarshilik, xususan, o‘tmishdagi diniy fanlarga biryoqlama qaramaslik, dinni to‘g‘ri tushunish va uni ma’rifat bilan uyg‘unlashtirish hamda zamonaviylik va yangilanish kabi ijtimoiy jihatlarga e’tibor berish darkorligi ilgari surilgan.
Nega “Padarkush”? Bu nom shunchaki o‘ylab topilmagan. Turkiston maishatidan olingan ibratnoma ko‘rinishidagi 3 pardalik 4 manzarali asarning yaratilishiga nima turtki bo‘ldi?
XX asr boshlarida ro‘y bergan voqealarga e’tibor bersak, Turkistonda jadidchilik harakati o‘zining islohotchilik g‘oyalari bilan xalq orasiga keng kirib bordi. Ular millatni uyg‘otish, qaramlikdan qutulish, erkin va farovon hayotni yaratish yo‘lida yoshlar masalasiga katta e’tibor qaratdilar. Shu bois ham jamiyatni ijtimoiy illatlardan tozalash uchun matbuot va ta’limda keng targ‘ibot ishlari olib borildi. Millat taraqqiyoti uchun ajdodlar merosini ham keng tadqiq qildilar. I va II Renessansning asosini o‘rganishga intildilar.
Shuningdek, XX asr boshlarida o‘z davrida ilm-fan sohasida yuksak shuhrat qozongan Sharq olami kashfiyoti II Renessans merosi Ulug‘bek rasadxonasi qayta kashf etildi. Temuriy hukmdor Ulug‘bek vafotidan keyin bu meros o‘z ahamiyatini yo‘qotib borib, ayrim muarrixlar asarlarida va xalq orasidagi rivoyatlardagina qolgan edi. 1908-yili Vasiliy Lavrentevich Vyatkin tomonidan uning joylashgan o‘rni aniqlanib qazishma ishlari olib borildi. Bu muhim kashfiyotga aylangan topilma edi. Tadqiqot natijalarini Rossiya imperiyasining Turkistondagi rasmiy matbuoti bo‘lgan “Туркестанские ведомости” gazetasida “Самаркандской обсерватории” nomi ostida, 1912-yili Sank-Peterburgda davomli nashr etilgan Rossiya Markaziy va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik munosabatlarda o‘rganish qo‘mitasining “Известия” buletinida “Отчет о раскопках обсерватории Мирзы Улугбека в 1908 и 1909 гг.” nomi bilan e’lon qildi.
Tarixiy me’moriy obidaning ochilishi Mahmudxo‘ja Behbudiyni ham befarq qoldirmagan. Shu bilan birga, u o‘sha davrdagi ilm-fan taraqqiyoti va undan keyingi ahvolni ham keng o‘rgangan. O‘tmishni o‘rganish va zamonasidagi jamiyat hamda ijtimoiy hayotni tahlil qilar ekan davlatni taraqqiyotga yetaklovchi va inqirozga yuz tutuvchi jihatlarga e’tibor qaratgan. Shu jarayonda Ulug‘bekning o‘limidan keyingi siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayot manzarasidan olgan xulosasini zamonasidagi hayot bilan tahlil qilgan holda xalqni uyg‘otish, taraqqiyot sari intilishga yo‘l ko‘rsatuvchi kuch va inqirozga yuz tutuvchi sabablarni chuqur o‘ylagan holda fojiali asarni yaratishga erishgan. Xalqqa ibrat qilib ko‘rsatish uchun tarbiyasizlik va ilmsizlik holatini ardoqlab voyaga yetkazgan o‘g‘ilning qilmishi orqali ko‘rsatib bergan.
Ulug‘bek fojiasi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy asaridagi voqealar aynan bir xil emasligini asarni o‘qigan kishi yaxshi anglaydi. Mahmudxo‘ja Behbudiy “Padarkush” orqali Mirzo Ulug‘bek fojiasiga o‘xshash tarixiy voqealardan ibrat chiqaradi, ammo uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, ramziy va ijtimoiy shaklda ko‘rsatib beradi. So‘zdan shu qadar unumli foydalanadiki, adabiy o‘yinlar, kinoya va qochiriqlar orqali chinakam qotil kim va u nima uchun bu jinoyatga qo‘l urgani haqida jiddiy o‘ylashga majbur qiladi. Har ikki voqelikda ham otani yo‘qotish jamiyat halokati ekanligiga yetaklovchi fikrni uyg‘otadi.
Demak, 1911-yilda “Padarkush” nomini olgan asarning yaralishiga rasadxonaning topilishi ma’lum bir ma’noda turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Rasadxonaning ochilishi va u to‘g‘ridagi yangiliklar bilan tanishib borgan muallif Ulug‘bek davri hayotini ham ko‘proq o‘rgangan. Shu bilan birga, Mahmudxo‘ja Behbudiyning keyingi faoliyatida rasadxona bilan bog‘liq bir qator ishlarni ko‘rish mumkin. Xususan, u tomonidan tuzilgan va nashr etilgan “Turkiston–Buxoro–Xiva xaritasi”da shaharlar, ular orasidagi masofalar, daryo va anhorlar, qumliklar aks ettirilgan bo‘lib, xarita atrofida shaharlardagi tarixiy-me’moriy obidalar haqida ma’lumot keltirilgan. Shu jarayonda Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasiga oid ma’lumotlar ham kiritilgan. Shuningdek, 1913-yilda nashrdan chiqa boshlagan “Samarqand” gazetasida rasadxonaga oid xabarlar berilgan. “Oyna” jurnalida esa V.Vyatkinning hisobotlarini Turkiston aholisi ham tanishsin deya o‘zbek tilida “Ulug‘bek rasadxonasi” sarlavhasi bilan bir necha sonida nashr etadi. Jurnalning 2-sonida nashrga berilgan birinchi maqola nomidagi “Ulug‘bek” shaxsiga izoh berilib: “Ulug‘bek bin Shohrux bin Temur Ko‘ragon sohibqiron. Ulug‘bek hazratlarining Samarqand taxtida julus 850-hijriy o‘zining boxiy o‘g‘li Abdulatif amri ila shahid qilindi. 853-hijriy sanada qabir sharifi Samarqandda Temur Ko‘ragon hazratlarining daxmasindadur”, degan jumlalar keltiriladi (3).
Shuningdek, maqolada rasadxonaning ochilishi tarixiga kirish qilinar ekan quyidagi to‘rtlik keltiriladi:
Ulug‘bek on shohi Jamiqtidor,
Ki dini Nabiro az O‘ bud pusht.
Zi Abbos shahdi shahodat chashid,
Shudash soli ta’rix “Abbos kusht”.
Ya’ni:
Ulug‘bek edi davlatning podshohi,
Nabiro dinini u qilar panoh.
Abbos shahidlik bolidan tati,
Tarix yozar yilni: “Abbos o‘ldirildi” – deb.
Bu yerda “Abbos kusht” jumlalari orqali abjad hisobi bilan Mirzo Ulug‘bekning qatl sanasi keltirilgan. Ushbu jumlalarni muallif bejizga bitmagan. Shoh va ilm homiysining fojiasi uni juda ko‘p o‘ylantirgan va keyingi oqibatlar uning zamonasigacha mustamlaka kulfati va ijtimoiy hayotning tanazzuli bilan yetib kelgan. Ushbular asarga “Padarkush” nomi berilishiga turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Qahramonlar siymosini yaratgan havaskorlar. 1914-yil 15-yanvarda “Padarkush” pyesasi Samarqandda birinchi bor sahnalashtirilib, ommaga olib chiqildi. Shu yilning 27-fevralida esa Toshkentda ilk bor “Kolizey” teatrida namoyish etiladi. Keyin butun Turkiston bo‘ylab namoyish etila boshlandi. Taniqli tadqiqotchi Edvort Olvort “Padarkush” bilan tanishib: “Zamonaviy drama shu davrdagi barcha hayotiy muammolar va mumtoz adabiyot an’analaridan ancha uzoq bo‘lsa-da, u boshqa janrlarda yozilgan asarlardan farqli o‘laroq ijro etish, ko‘rsatish xususiyatiga ko‘ra mahalliy aholi ko‘ngliga birdek yo‘l topa oldi. Mana shu muhim jihatiga ko‘ra yosh o‘zbek dramasi jamiyatda jiddiy islohotlar zarur bo‘lib turgan bir paytda muhim ma’rifiy tarbiya vazifasini bajardi”, deb yozadi.
Asarning ovozasi ham juda tez yoyilgan. Ba’zan o‘z shaharlarida qo‘yilishini kutmay, avvalroq namoyish etilgan joylarga borib ko‘ruvchilar ham topilgan. Xususan, andijonlik Qo‘yali ismli (balki bu taxallusdir, “Oyna” jurnalida shunday nom bilan berilgan) yigit 1914-yil 6-iyunda Andijonda bo‘ladigan “Padarkush” namoyishini kutmay, Qo‘qon shahridagi siansga keladi. Tomoshadan so‘ng 3-pardada boyning o‘ldirilishi va boybichchaning ro‘li yaxshi o‘ynalmagan bo‘lsa-da, umumiy manzaraga katta ta’sir etmaganini, tomoshadan mamnun bo‘lganini tasvirlab beradi (4).
Ko‘p tadqiqotlarda asarni sahnalashtirishda ishtirok etgan kishilar tilga olinadi. Bu borada ko‘proq “Turon” teatr jamoasining yetakchisi Abdulla Avloniy hamda ozarboyjonlik aktyor va rejissyor Aliasqar Asqarov nomi ko‘zga tashlanadi. Sahnada obrazlarni jonlantirgan havaskorlar haqida asosan Samarqand va Toshkent namoyishidagi aktyorlar tilga olinadi. Xususan, 1914-yil 15-yanvardagi Padarkushning Samarqanddagi ilk namoyishida rollarni Abdusalom Abdurahim o‘g‘li, Abbos, Mardonqul Shohmuhammad o‘g‘li, Yozdonqul Shohmuhammad o‘g‘li, Mirzo No‘mon mulla Fozil muftiy o‘g‘li, Rahimqul Muhammad Solih o‘g‘li, Mirhoshim Mirrahim o‘g‘li, Muhiddin Jo‘raboy o‘g‘li, Muhammad Amin Niyoziy, Abdulla Badriy, Ahmadjon Samsutdinovlar ijro etgan edi.
1914-yil 27-fevralda Toshkentda namoyish etilgan “Padarkush” pyesasida esa boy rolini Abdulla Avloniy o‘ynagan bo‘lsa, Sami qori Ziyoboyev – domla va boyning xotini, Isomiddinxo‘ja Nizomiddinxo‘ja o‘g‘li – ziyoli, boyning mirzasi Xayrulla va bo‘z bola Davlatzo‘rni – Eshonxo‘ja Xoniy, ikki bo‘z bola – Nor rolini Muhammadjon Poshshaxo‘ja o‘g‘li, Tangriqulni – Shorahim domla Shoinoyatov, boyning o‘g‘li Toshmurod rolini Badriddin A’lam o‘g‘li, pristav rolini esa “Turon” teatr jamoasi a’zosi Miraziv ijro etgan (5). Bundan tashqari Turkistonning bir necha shaharlarida qo‘yilgan asar namoyishida yangi aktyorlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, 1914-yil fevral oyida Qo‘qon shahrida “Padarkush” pyesasi sahnalashtiriladi. Ushbu sahna asari “Qo‘qon musulmon maktablari” foydasi uchun namoyish etilgan. Mazkur teatr namoyishida Samarqanddan kelgan havaskor aktyorlar jamoasi ham ishtirok etgan. Teatrni sahnalashtirish va tomoshani tashkil etish jarayonlarida ishtirok etgan shaxslar qatorida tashkilotchi mas’ul mudir Akobir Shomanusur hamda ishtirokchilar: Mirza Ahad Mirza Obid o‘g‘li, Oqliy Puladboybachcha Zokirboy o‘g‘li, Sayid Og‘a afandi, Sadixo‘ja Yoqubxo‘ja o‘g‘li, Sharifjon hoji Solih o‘g‘li, Sotboldi Sayfiddin o‘g‘li, Mulla Ashurali Zohir o‘g‘li, Mulla Mahmudjon qori, muallim Mulla Hakimjon Mirza Ali o‘g‘li, Mirsolih qori Hakim o‘g‘li nomlari tilga olinadi (6).
Andijonda 1914-yilning 6-iyunida o‘tkazilgan “Padarkush” namoyishi esa “Lyuks” teatrida tashkil etiladi. Uni tashkillashtirganlar qatorida Xon Maxzum, Mulla Ergash hoji, Ali Asg‘ar Asqarov va Ziyoviddin afandilar nomi alohida tilga olingan (7).
“Padarkush” pyesasi mualliflik huquqi. Padarkush fojiasi 1914-yilning sentyabr oyiga qadar Turkistonning katta shaharlarida 15 marta namoyish etilgan. Ayrim shaharlarda hattoki 2 martadan sahnaga olib chiqildi. Asarning mualliflik huquqi mavjud bo‘lib, u qonunan himoyalangan. Unga ko‘ra asardan foydalanilgani uchun muallifdan ruxsat olish va mualliflik haqini to‘lash lozim bo‘lgan. O‘sha vaqtda “Padarkush” asaridan foydalanganlik uchun haq 25 so‘mni tashkil qilgan. 1914-yili 15 marta qo‘yilgan tomoshaning 3 tasiga mualliflik haqi berilgan. Yana 4 tasiniki (100 so‘m) esa muallifning roziligi bilan maktablar foydasiga hadya qilingan. Ba’zan jamiyat va maktabga yordam maqsadi bilan namoyish etilgani uchun mualliflik haqi berilmagan (8).
Xo‘sh, Mahmudxo‘ja Behbudiy bunga qanday qaragan? degan haqli savol tug‘iladi. Manba va tadqiqotlarda taraqqiyparvarning mualliflik huquqiga davo qilgani xususidagi ma’lumotni uchratish qiyin. U yoshlarning ishtiyoqi o‘lmasin degan fikrda bu haqqa ko‘p e’tibor bermagani tabiiy holdir. O‘sha zamonda milliy teatrning xalq tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinishi, muallif o‘ylaganidek ibrat namunasini o‘tagani oldida qalam haqining hech ahamiyati bo‘lmagan. Faqat ayrim o‘z manfaatini o‘ylagan, “maktabga yordam yoki xayriya maqsadi bilan”, deb teatr namoyishidan tushgan mablag‘ni o‘z nafsi yo‘lida foydalanish hollari uchragach mualliflik huquqini talab qilgan. “Oyna” jurnalining 1914-yil 47-sonidagi “Padarkush vajhidan” nomli maqoladagi “... ushbu fojiani qo‘ymoqchi bo‘lgan muhtaram zotlar, avvalan, muharrirdan qog‘oz ila javob olib va nimani foydasiga qo‘ymoqlarin bildirib, so‘ngra ishga harakat etsalar...”, degan jumlalar shundan darak beradi.
E’tibor berilsa, “Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi” asarining birinchi betida rus tilida “Для постановки настояшей пьесы требуется каждый раз письменное разьршение автора” (9), ya’ni “Ushbu pyesani sahnalashtirish uchun har safar muallifning yozma ruxsati talab etiladi”, degan jumlalar keltirilgan. O‘sha davr siyosiy muhitiga e’tibor bersak, asar hukumatning senzurasidan o‘tgan holda nashr etilgan edi. Imperiya hukumatining mualliflik huquqiga oid huquqiy me’yorlari mavjud bo‘lib, u 1828-yilgi Senzura ustavida aks etgan. Unga ko‘ra kitob muallifi yoki tarjimoni “o‘z asarini nashr etish va sotishdan umri davomida, o‘z xohishiga ko‘ra, qonun yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan mulk sifatida foydalanish bo‘yicha mutlaq huquqqa” ega bo‘lgan. Bu huquqlar 1875, 1890-yillarda takomillashtirib borildi. 1911-yil 20-mart (2-aprel)da esa “Mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi alohida qonun qabul qilinadi. Bu Rossiya imperiyasidagi mualliflik huquqi sohasidagi birinchi mustaqil normativ-huquqiy hujjat hisoblangan. Unda mualliflik huquqiga doir G‘arb qonunchiligi tendensiyalari ham aks etgan edi. Senzuradan o‘tgan asarlarda mualliflik huquqiga oid ma’lumotlar keltirib o‘tilgan. Ushbu masalaning asar boshida rus tilida aks etishi ham senzura siyosati bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
“Padarkush”ning yaratilishi jamiyatdagi ma’rifatsizlik, zo‘ravonlik va inson qadrining poymol etilishi kabi illatlarga qarshi qaratilgan. Pyesaning “Padarkush” deb nomlanishi ham bejiz emas: u nafaqat jismoniy otani, balki ma’naviy qadriyatlar, insoniylik va milliy o‘zlikning “o‘ldirilishi”ni ramziy ma’noda ifodalaydi. Shu bilan birga, asarning mualliflik huquqi va ijodiy meros sifatidagi ahamiyati uning milliy dramaturgiya tarixida muhim o‘rin egallashiga sabab bo‘ladi. “Padarkush” mazmun-mohiyati, badiiy qimmati va tarbiyaviy ahamiyati bilan bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
Abduvali YO‘LDASHEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan manbalar
1. O‘zbekiston Milliy arxivi. I–5-fond, 1-ro‘yxat, 105-yig‘majild, 6-varaq.
2. Rizayev Sh. Jadid dramasi. – Toshkent: Sharq, 1997. 53-bet.
3. “Oyna” jurnali. 2-son. 1913-yil 2-noyabr. 5-bet.
4. Qo‘yali. Xabarlar Ho‘qanddan. “Oyna” jurnali. 1914-yil. №21. 298-bet.
5. Tursunov T. XX asr o‘zbek teatr tarixi. – Toshkent, 2009. 57-bet.
6. Tomosha qilguchi. Xo‘qand teatrinda. “Oyna” jurnali. №21. 1914-yil. 300-bet.
7. Andijonda teatru. “Oyna” jurnali. 1914-yil 37-son. 888-bet.
8. Padarkush vajhidin. “Oyna” jurnali. 47-son. 1914-yil. 1130-bet.
9. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi. Samarqand, 1913. 1-bet.
Mafkura
Tarix
Mafkura
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Ma’naviyat
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q