Sirli, sabrli, san’atkor millat – yaponiyaliklar qanday yashaydi?


Saqlash
18:31 / 16.01.2026 18 0

Toyo Bunkodagi anjuman

 

Tokio shahridagi Sharq kutubxonasi (Toyo Bunko) bir yarim asrdan buyon ilm ahli xizmatida. “Mitsubishi” shirkati homiyligida barpo etilgan ma’naviyat maskanida bir millionga yaqin kitob mavjud. Binoning yon tarafidagi haybatli tosh ustunlarga sharq tillarida hikmatlar yozib qo‘yilibdi: arabchada – “Chinda bo‘lsa ham ilm izlanglar”; forschada – “Amalsiz olim asalsiz ariga o‘xshaydi”; turkchada – “Tarix yozmoq – tarix yaratishdek muhim”...

 

Oyoqlarga oppoq oyoqqopilarni kiyib, kutubxonaga kirasiz-u ilm ummoniga sho‘ng‘iysiz. Kitoblar asosan yaponchada, xitoy va koreys tilida ham ko‘p, o‘zbekcha manbalar-da bor. Bu dargohda shovqin qilinmaydi, suratga olinmaydi – telefon-u fotoapparat ostonada qoldiriladi. Shiftga tegadigan ulkan javonlar joyni tejash uchun bir-biriga qapishtirib qo‘yilibdi, orasidan yurib bo‘lmaydi. Zarurat tug‘ilsa, yashil tugmachani bosish bilan bahaybat javon moshinavoriy yonga suriladi.

 

Darvoqe, Sharq kutubxonasi – o‘zbek adabiyoti, xususan, jadidlar merosi bo‘yicha salmoqli tadqiqotlar e’lon qilgan professor Hisao Komatsuning ish joyi. Komatsu turkiy tillar, jumladan, o‘zbekchani biladi. O‘zbekistonda tashkil etilgan anjumanlarda qatnashgan. Fitrat ijodi bo‘yicha yaxshi mutaxassis. “Uch jadid va o‘zgargan dunyo” degan maqolasida Ismoil Gʻaspirali, Abdurashid Ibrohim, Abdurauf Fitrat ijodini tadqiq qilgan. “Jadid” gazetasida o‘zbek to‘ylariga bag‘ishlangan maqolasi ham bosildi. Maqolani Erkin Vohidning hazilnamo “Nega yapon yuz yil yashaydi?” she’ri bilan tugatibdi.

 

Hisao Komatsu O‘zbekistondan professor Shuhrat Rizayev bilan kaminani Tokioga – Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanga taklif qildi.

 

To‘rt kunlik konferensiya boshqa xalqaro anjumanlardan farqli tarzda o‘tdi. Aksar anjumanlarda ummon-u tog‘-u o‘rmon osha yo‘l bosib kelgan olimlarga besh-o‘n daqiqa vaqt beriladi. Tabiiyki, ma’ruzachi fikrini batafsil bayon qila olmaydi, bunday qisqa muddatda biror muhim ilmiy masalani muhokama qilish imkonsiz-da. Mehmon ham, mezbon ham bezovta; o‘rtani boshqaruvchi bakovul ma’ruza matnlari kitob bo‘lib bosilishini bot-bot eslatadi...

 

Tokio anjumani ishtirokchilari esa bir-bir yarim soatdan chiqish qildi. Ma’ruzani takomilga yetkazish uchun ham bir necha oy muhlat berildi. Kechirasiz, o‘rtoq professor, 5-6 betli ko‘sagina, xom-xatala matn ketmaydi. Kamida ikki-uch taboqli muhtasham tadqiqot-maqola hozirlamoq lozim.

 

Anjuman o‘tayotgan Sharq kutubxonasida jurnalistlar yo‘q. Mehmonlarni bezovta qilish, ko‘zko‘zlash uchun intervyu olish urfdan qolibdi ularda. So‘zbozlik, tashviqparastlikdan xoli, mutaxassislar muhokama etishi, fikr almashishi, bahslashishi mumkin bo‘lgan chin ma’nodagi ilmiy anjuman!..

 

Tokio konferensiyasi yakunida muhim takliflar o‘rtaga tashlandi: 1) jadid merosi namunalarini parokanda-tarqoq o‘rganish to‘g‘ri  emas, ularni  bir joyga  jamlab,  xazina bunyod  etish; 2)   o‘zbek   matbuoti   bilan rus  tilidagi arxiv manbalarini  muqoyasa  qilish; 3)   jadidlarni  o‘rganish orqali o‘sha davr tarixini ham yoritishga urg‘u berish; 4) usmonli turk arxivlaridagi manbalarni tekshirish; 5) o‘zbek olimlari yozayotgan asarlarni dunyo tili – inglizchada ham nashr etish; 6) jadidchilikning tugal bibliografiyasi va yangi manbalarni e’lon qilib borish; 7) Jahon jadidshunoslik jamiyatini tuzish...

 

Sof yaponcha ma’ruza

 

Dasturga ko‘ra, Tokio xorijiy tillar universitetida uchrashuv ham belgilangan ekan. Oliy muassasada 3 mingdan ko‘proq talaba 30 dan ziyod tilni, jumladan, o‘zbek tilini o‘rganadi. Uchrashuv xonasi maxsus jihozlanibdi. O‘zbekistonlik olimlarning kitoblari, “Jadid” gazetasi nusxalari, yaponiyalik olimlarning tadqiqot ishlari ko‘rgazmaga qo‘yilibdi. Uchrashuvga kelgan talabalar orasida Farg‘ona jadidlari faoliyatini tadqiq qilayotgan Vatanabe Luka degan yosh olim ham bor ekan. O‘zbek tilida binoyidek gapiradi.

 

Dorilfununda o‘zbek tilidan H.Komatsuning shogirdlari Shimada Shizuo va Kimura Satoru kabi professorlar saboq beradi. Ular o‘zbek tili va  adabiyoti, madaniyati, olis-yaqin tarixini yaxshi biladi: siz bilan  “Oyina”ning bibliografik ko‘rsatkichi yoki “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar”, Hoji Muin yoxud Vadud Mahmud maqolalari xususida bemalol fikr almashadi. Mezbonlar ko‘proq bizni, turkiyalik professorlar Veli Savash, Zaynobiddin Abdirashid, Bekir Tumenlarni tinglashdi.

 

Meni hayratga solgani – o‘zbek, turk tilidagi ilmiy materiallarni yapon tiliga tarjima qilgan mutaxassislar hatto salomlashish yoki minnatdorlik bildirishda ham bir og‘iz o‘zbekcha qo‘shmadi, hammasi toza yaponcha so‘zladi. O‘zbek tilini o‘rgatib, shuning vositasida tirikchilik qilib yurgan, lekin ona tilimizda bir og‘iz so‘z aytmagan mutaxassis-muallimlardan aslo xafa bo‘lmadik. Shunday  tadbir bizdagi biron oliy dargohda bo‘lib o‘tayotganini tasavvur qiling: boshlovchi albatta yaponcha salom yoki tashakkur so‘zi aytadi; yana kimdir yaponcha to‘rtta kalima bilsa, chapdastlik bilan chala-chulpa ulab, mehmonlar ko‘nglini olishga tirishadi. Qay biri to‘g‘ri? Ehtimol, ikkalasi ham to‘g‘ridir. Buni milliy zehniyatga bog‘lab tushunish va tushuntirish o‘rinlidir. Dunyodagi eng sirli, sabrli millat bo‘lmish yaponlardan o‘z tilida gapirish, zaruratsiz boshqalar lisoniga sakrab o‘tmaslik adabini ham o‘rgansa bo‘lar...

 

Abdurashid Ibrohim izidan

 

Biror mamlakatga ilmiy safar yo sayohatga borsak, o‘sha hududning jug‘rofiyasi, odamlari, urf-odatlari, mashhur allomalari va bizga taalluqli bo‘lgan jihatlariga diqqat qaratishimiz tabiiy.

 

O‘tgan asr boshida Yaponiyaga safar qilgan Abdurashid Ibrohim va uning sayohat taassurotlari jamlangan “Olami islom va Yaponiyada islomning yoyilishi” kitobini anchadan beri bilar edim. Muallifning buxorolik ota-bobolari XVIII asr oxirida Sibirga ko‘chib, tatarlar bilan qavm-qarindoshga aylanadi. Abdurashid Ibrohim Sibirning Tobolsk guberniyasida tavallud topadi. 1905-yili Peterburgda “Ulfat” degan jadid ruhiyatli gazeta chiqaradi. Dunyo kezishni xush ko‘rgan Abdurashid Ibrohim bir necha marta jahon bo‘ylab sayohatga chiqadi. 1907-yili Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘onada ham mehmon bo‘ladi. Sayohat xotiralaridan shu davrga tegishli tafsilotlar, jadidlarga oid ma’lumotlar izladim. Negadir muallif shaxslar nomini hamisha ham oshkor qilavermaydi, nisbatan umumiy taassurotlarni bayon etish bilan cheklanadi. Samarqand muhiti vasfida bir jumla e’tiborni tortadi: “Bugun Samarqandda oliyhimmat zotlar tomonidan ochilgan g‘oyat tartibli boshlang‘ich va rushdiya-o‘rta maktablar borki, ular butun Turkiston uchun namunadir. Maktab ochgan Abduqodir afandi va homiysi muftiy Mahmudxo‘ja janoblari (Shakuriy va Behbudiy nazarda tutilmoqda – B.K.) o‘zbek qahramonlaridandir...”

 

Abdurashid Ibrohim Turkiston sayohatidan keyin Yaponiyaga boradi (1908), olti oycha yashaydi va “Olami islom”ning katta qismini shu yurtda ko‘rgan-kechirganlariga bag‘ishlaydi. Professor Komatsu yo‘lbitikning Yaponiyaga oid qismini ona tiliga o‘girib, kitob shaklida nashr qilibdi – uni bizga mamnuniyat ila ko‘rsatdi. Shaxsiy kutubxonamda “Olami islom”ning turkcha nusxasi borligini aytdim. “Agar o‘zbek tiliga o‘girilib, nashr qilinadigan bo‘lsa, men Yaponiya qismi tahririga bajonidil yordam beraman. Chunki ko‘pgina yaponiyalik shaxslar ismi va joy nomlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, ularni to‘g‘rilash kerak”, dedi Komatsu domla.

 

Safar arafasida kitobning Yaponiyaga oid qismidan biroz o‘qigan edim. Qarang, yaponlar hafta kunlarini qanday atar ekan: yakshanba (Nicobey) – quyosh kuni, dushanba (Gicobey) – oy kuni, seshanba (Kayobey) – otash kuni, chorshanba (Soyobey) – suv kuni, payshanba (Mokiyobey) – daraxtlar kuni, juma (Kinobey) – ma’dan/oltin kuni, shanba (Doyobey) – arz/tuproq kuni...

 

Abdurashid Ibrohim ilk sayohatidan o‘ttiz yil o‘tib, yana Yaponiyaga boradi va umrining oxirigacha Tokiodagi birinchi musulmonlar masjidida imomlik qiladi, islom dinining Kunchiqar o‘lka bo‘ylab tarqalishiga katta hissa qo‘shadi.

 

“Olami islom” asari mazmuniga qaraganda, Abdurashid Ibrohim Yaponiyada ham islomni keng yoyish niyatida bo‘lgan ekan. Muallifning fikricha, nomusli, sog‘lom axloqli va kamtarona turmushni sevgan yaponlar musulmonlikni qabul qilsa bas, ular shundoq ham boshqa barcha fazilatlarga ega”, deb yozadi Hisao Komatsu “Uch jadid va o‘zgargan dunyo” maqolasida.

 

Nazarimda, rus-yapon urushida qo‘li baland kelgan bu qavm Abdurashid Ibrohimga yuz yillarcha mazlum holda yashab kelayotgan millatini zulmdan ozod etish yo‘lida hamkor bo‘lib ko‘ringan. 

 

“Tama” xilxonasida

 

Yaponiyada jamoat joylarida dam olib o‘tirgan odamni uchratmaysiz. Ko‘cha-ko‘y, hatto katta bekatlarda ham o‘rindiqlar yo‘q. Bu, ehtimol, odamlar hamisha harakatda bo‘lmog‘iga da’vatdir yoki boshqa nedir sabab-ma’no bordir... Ammo Toshima okrugidagi “Tama” mozoristoniga kiraverishda haybatli daraxtlar soyasida qator skameykalar qo‘yilibdi. Rus-yapon urushida dengiz flotini jahoniy darajaga ko‘targan admiral Togo Xeyxatironing (1848–1934) qabri ham shu yerda ekan. Susami oroli yaqinidagi jang oldidan u matroslarga “Vatan taqdiri shu jangga bog‘liq. Har biringiz bor kuchingiz ila harakat qiling!” deb xitob qiladi. Urushda yaponlarning bitta, ruslarning esa o‘ttizdan ziyod kemasi ummonga g‘arq bo‘ladi...

 

Mozorning bir qismi nasroniylarga ajratilibdi. Yonma-yon musulmonlar qabristoni, qabrtoshlar ustida yarim oy, turkcha, tatarcha ismlar, arabiy yozuvlar. Mezbon Komatsu bir qabrni imo qilib ko‘rsatdi. Odam bo‘yi qabr toshiga arabiy imloda bunday yozilibdi: “Ustoz va kotibi kabiyr, sayyoh va mujohidi shahiyril hoji qozi Abdurashid hazrat Ibrohim Sibir turklaridan. Tubul viloyati Tara shahrida (1269-hijriy) milodiy 1852-yil 17-aylulda (sentyabr) tug‘ilgan, (hijriy 1362, 12-ramazon) milodiy 1944-yil 31-avgustda juma kechasi  vafot etmishdir”.

 

Ziyorat asnosida Abdurashid Ibrohimga oid bir dunyo ma’lumotlar esga olindi. O‘y-kechinmalarni tugal yozish imkonsiz. Imom Abdurashid Kunchiqar yurtga chuqur mehr qo‘yadi. Odamlarni, muhitni, tabiatni, taraqqiyotni, madaniyatni, ta’limni, texnikani muqoyasa etadi. Taniqli yapon rahbarlari bilan tanishib gurunglashadi. Mahalliy xalq orasidan musulmon shogirdlar yetishtiradi.

 

Darvoqe, bu tarixiy shaxs Turkiyada ham mashhur. Jumhuriyat madhiyasi (“Istiqlol marshi”) matni muallifi, atoqli shoir Mehmet Akif Erso‘y ayrim she’rlari, xususan, “Safahot” asarini yozishda Abdurashid Ibrohim g‘oyalaridan ta’sirlangan.

 

Ildirgi: “Olami islom va Yaponiyada islomning yoyilishi” kitobining birinchi qismi 2023-yilda “Muharrir” nashriyotida usmonli turk tilidan Najmiddin Mirmahmudov tarjimasida chop qilingan.

 

Bepoyonlik, muhtashamlik, bunyodkorlik

 

Qurbi yetgan kishi bir marta bo‘lsa-da Yaponiyani borib ko‘rishi kerak ekan. Ko‘z oldingizda namoyon bo‘lgan bepoyonlik, muhtashamlik, bunyodkorlik aqlingizni shoshiradi. Osmono‘par binolar, qatma-qat yo‘llar, uch-keti uzilmagan sonsiz ulovlar (biroq tirbandlik yo‘q), shahar ichidan oqib o‘tgan azim daryolar, zamonaviy ko‘rkam kemalar, cheksiz o‘rmon, yashil maydonlar, temir intizom, inson zoti uchun barpo qilingan qulayliklar, tavozega yo‘g‘rilgan muomala-munosabat...

 

Odam dunyoning qay kunjagiga borishni xohlamaydi deysiz! Koinot-u o‘zga sayyoralarga sayr ham orzumand ko‘ngil uchun hech gap emas. Bombardimon etilgan Hirosima, Nagasaki shaharlari, qadimiy Kioto yodimizga keldi; Osaka shahrida O‘zbekiston ko‘rgazmasi ish boshlabdi... Imkon esa orzu-istaklarni intizomga soladi. Biz ko‘zlagan hududlarni ko‘rish uchun bir necha kun lozim. Bu yurtda olti-yetti yildan beri yashayotgan tojir Mirsodiq akaning maslahatiga quloq tutamiz. Ha, albatta Fudziyamaga bormoq kerak! Tokiodan yuz chaqirimcha janubi-g‘arbda joylashgan tog‘, Yaponiyadagi eng yuksak cho‘qqi. Mahalliy xalq Fudzini muqaddas sanaydi. Tog‘ cho‘qqisidagi yonarvulqon 1707-yilda otiladi va silliq konus shaklida tosh-metin bo‘lib qotadi.

 

Olisdan Fudzi cho‘qqisi ko‘zga tashlandi: u yangi kelinchak misoli oppoq bulut orasida goh yuzini ochadi, gohida iymangandek harir parda ortiga yashirinadi. Tog‘ boshida cho‘girma – oppoq qor. Yo‘l chetlarida qiyg‘os ochilgan sakura – pushti, oppoq, qizg‘imtir... o‘zimizning o‘rik va shaftoli guliga o‘xshaydi. Etakdagi ulkan ko‘lda tog‘ akslanadi. Kuzakda ziyoratga borgan mashhur yapon shoiri Basyo bunday yozgan ekan: “Kuz yomg‘iri tinmas, qalin tuman, // Ko‘rib bo‘lmas garchand Fudzi cho‘qqisin, // Biroq u ko‘ngilga beradi taskin...” (Yapon klassik she’riyati. Shabnamda oy aksi. Jabbor Eshonqul tarjimasi. Toshkent, “Zarqalam” nashriyoti, 2006. 33-bet).

 

Ikki rassom sirli-tilsimli toqqa qarab rasm chizayotir. Sangardak, Qamchiq, Zomindagi archalarga burkangan tog‘larimiz yodga keladi. Biroq biz o‘z tog‘larimizni Fudzi kabi birovga o‘rinlatib maqtay olganimizcha yo‘q...

 

Besh-olti yapon yoshlari bilan tilmoch yordamida so‘zlashdik. San’at oliygohi talabalari ekan. Yapon adiblarini sanadim: Basyo, Takuboku, Akutagava... Chin hayratdanmi yoki mening ko‘nglim uchunmi, yoshlar baravariga qiyqirishdi. O‘zimizning ulug‘lardan so‘z ochsak, sukutdan o‘zga javob bo‘lmadi. Nima ham derdik, dunyo ahli o‘z adabiyoti, madaniyati, tabiatini targ‘ib-tashviq qilish bilan band-da...

 

Tazodlar

 

Yo‘limizda sayyohlar qadami uzilmaydigan antiqa qishloq bor ekan. Yaponlar necha asrlar muqaddam qanday yashaganini bilish uchun bu yerga birrov kirib o‘tmoq kerak. Kizagi keng shlyapalarni eslatadigan uylarga yaqin boramiz: hamma narsa o‘tmishdagi holida saqlab qo‘yilibdi.

 

Mutaraqqiy o‘lkalar o‘z qadrini, hurmatini bilish barobarida boshqalarning urf-odat, e’tiqodiga ehtirom bilan qaraydi. Bu qadimiy yapon qishlog‘i tomoshasiga dunyo musulmonlari ham keladi. Ahli muslim ibodatini emin-erkin ado etishi uchun qishloq ostonasida ikki moʻjaz namozxona ham barpo etilibdi.

 

Quyuq taygani eslatguvchi o‘rmon o‘rtasidan o‘tgan silliq yo‘ldan ketayotirmiz. Odam adashib qolishi hech gapmas, o‘rmon ichida birorta elektron apparat, jumladan, telefon ham ishlamaydi. O‘ziga xos magnit zonasi bo‘lishi mumkin – siri hali tugal ochilmabdi. Hayotdan to‘yib, joniga qasd qilmoqni ko‘zlaganlar shu o‘rmonga kirib g‘oyib bo‘lar ekan.  Qiziq, hamma narsa badastir, turmush farovon, qonun poydor, ko‘ngil yozmoq uchun ko‘rkam tabiat manzaralari muhayyo. Shunda ham odamzod o‘rmonga kirib, o‘zini yovvoyi hayvonlarga yem qilsa-ya... Nahot?! Menimcha, o‘limdan keyingi hayotga, omonat berilgan tana, jon, qalb, aql uchun, har bir amal uchun huzuri ilohiyda hisob berishga ishonmaslik oqibati bo‘lsa kerak. Dunyo va oxirat, kelish va ketish, amallarning tarozida tortilishi, do‘zaxdan omonlik tilash, jannat umidi, insoniyat uchun dasturilamal – Kalomulloh haqida o‘yga tolasiz. Inchunin, Yer yuzida Ollohning muqaddas Kitobi yetib bormagan hudud qolmadi...    

 

Qirq yillik qadrdon

 

Kunchiqar o‘lka sayohati davomida eski qadrdonim – Tinch okean bilan ham diydorlashdim. Magistral yo‘l ostidan, kichikroq tunneldan o‘tdik. Eh-he, bepoyon suv! Hayajonga tushmaslikning hech iloji yo‘q. Qirq yil oldin shu okean sohilida, Naxodka shahridan Vladivostokning Artyomigacha bo‘lgan yerlarda harbiy xizmat o‘taganman. Mana, qirq yil naridagi qadrdon; mana, qirq ming yillik tarixga ega bahri muhit...

 

Kun botib, shom kirdi. Ummon bilan osmon orasini bitta chiziq ajratib turishini qirq yil muqaddam ko‘rganman, shu ikkisining rangi jinday farq qilishiga ham o‘shanda guvoh bo‘lganman. O‘sha chiziq, ayniqsa, quyosh bepoyon ummonga bosh qo‘yayotgan mahal aniq-tiniq zuhur etadi.

 

Yuzimni yuvaman. O‘-o‘-o‘, o‘sha sho‘r suv ta’mi! Ta’m bilish sezgilari miyaga olis xotiralarni, yoshlikni, hatto moziy hayajonini qaytaradi...

 

Tilladan qimmat

 

Qirg‘iz adibi Sulton Rayevning “Tuproq” degan hikoyasi bor. Ahmadjon Meliboyev o‘zbekchalashtirgan. Fudzi tog‘i etagidan olingan bir siqim tuproq bilan uchoqqa chiqmoqchi bo‘lgan hikoya qahramoni Murodni aeroportda to‘xtatishadi. Maxsus ruxsatnoma bo‘lmagani uchun tuproq olib qolinadi, yerga qaytariladi...  Ha, Yaponiyada tuproq tilladan qimmat. Bu yurtga borganlar suv olib qaytishi mumkindir, ammo zarra tuproq chetga chiqmaydi.

 

Biz yerning tub-tubidan, yuzlab metr chuqurlikdan obihayot izlaymiz. Bizda tuproq, quruq yer bisyor, yaponlarda esa suv mo‘l-ko‘l. Biz suvsagan serunum yerlarga suv keltirib dehqonchilik qilish harakatidamiz. Yaponlar girdogirdini o‘rab olgan suv ustiga tuproq to‘shab, sun’iy orollar bunyod qiladi. Bu yolg‘on yoki mubolag‘a emas: Tokio biqinida Odayba deb atalgan, taxminan 10 kvadrat km maydonga ega sun’iy orol bor. Poytaxt bilan orolni ulkan yoysimon osma ko‘prik bog‘laydi. Tunchiroqlari rang-barang bo‘lgani uchun Kamalak ko‘prik deb atalar ekan. Yaponlar mirishkor-u omilkor xalq ekani haqrost. Tokioda qurilgan metro, yerosti yo‘llaridan chiqqan tuprog‘-u chiqitlardan sun’iy orol barpo etilibdi... 

 

Shahar ichida yigirma to‘rt tumanni o‘zaro bog‘laydigan, uning arteriya qon tomiri bo‘lmish magistral yo‘llar bor. Tezlik baland, tiqin yo‘q, shunga yarasha yo‘llar pullik. Jamoat ulovi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Tokio benihoya ozoda, ko‘kalamzor kent. Daraxt yaprog‘ini oppoq qog‘oz bilan siypab, hamrohlarga ko‘rsataman – gard yo‘q. Ob-havo, yomg‘ir, ummon kabi omillarni rad etmayman, ammo bu orastagarchilik zamirida kiroyi tarbiya ham yotgani ayni haqiqat. Yaponlar to‘g‘ri kelgan joyga chiqindi uloqtirmaydi, ko‘cha-ko‘yda qisirlatib pista chaqmaydi. Yelkaga osilgan sumkada chiqindi uchun alohida yelimxaltacha olib yurishadi. Musofirlar ham yog‘ tushsa yalagudek tozalangan ko‘chalarga biron nima tashlashga istihola qiladi.

 

Tafakkur moʻjizasi

 

Tokioda anchadan buyon yashayotgan hamyurtlar tahsinga loyiq yana bir jihat haqida so‘zlab berishdi: 65 qavatli binoning 36-qavatida ishlaydigan yigit shaharda 5-6 ballik zilzila ro‘y berganini internet yoki OAV xabaridan bilar ekan. Imoratlar pishiq-puxta qurilganidan ancha-muncha yer qimirlashi hatto sezilmas ekan.

 

Yaponlar tejamkorlikni xush ko‘radi, isrofga yo‘l qo‘ymaydi. Ayniqsa, “ixcham” sifati Yaponiyaga uzukka ko‘z kabi mos tushadi. Uy, ko‘cha, mashina, yo‘lak, zina, mehmonxonalar, sinfxona-yu parta... – bari ixcham. Hatto Olloh yaratgan odamlar ham. Biroq bu millatning yuragi ulkan, shijoati beqiyos, oriyati baland!

 

Yapon madaniyati har qadamda seziladi: o‘tgan-ketgan bir-biriga mayin tabassum ulashadi. Yo‘lovchilar metro vagonida boshqalarga xalal bermaslik uchun yukxaltasini quchoqlab o‘tiradi. Eskalatorning   chap tarafida qator tizilishadi, shoshayotganlar o‘ng tomondan bemalol o‘tib ketadi.

 

Tong saharda Tokio osmonida qarg‘alar yoqimsiz qag‘illab qolsa deng. Bizning Chorbog‘da bulbullar o‘rnini afg‘onqush egalladi, biram xunuk “sayraydi” – Tokio osmonidagi qarg‘aning ovozi ham shunga monand. Har joyning o‘z qarg‘a-quzg‘uni bo‘lar ekan-da, degan o‘y o‘tadi xayolimdan. Tokio ahli tinchini buzayotgan qarg‘alar orasida bir necha yuz yildan buyon yashayotganlari bordir. Ularga balki Abdurashid Ibrohim hazratning ham ko‘zi tushgandir...

 

Sovg‘a olgani yigirma qavatli katta do‘kon oldida to‘xtaymiz. Mashinalar tiqini muammosi oqilona hal qilinibdi: avtoulov binoning yerto‘lasi yo tomiga lift orqali bir necha daqiqada olib ketiladi. Darhaqiqat, insonga tafakkur, aql ne’mati baloyi nafsini shod etmoq uchun emas, avvalo, o‘ziga kiroyi shart-sharoit bunyod qilmoq uchun ham berilgandir.

 

Yettinchi qavat zinasining shundoq biqinida, shisha devor ichida bo‘yi bir metrdan baland lo‘ppi-lo‘ppi ochilgan g‘o‘zapoya eksponatga qo‘yilibdi. Paxtaning tabiiyligi, kimyoviy dorilardan xoliligi, sog‘liq uchun foydali ekani xususida ma’lumot ham ilova qilinibdi. Esimizni tanigandan beri bamisoli vujudimizning bir a’zosiga aylangan paxtani Tokio do‘konida uchrataman deb hech o‘ylamagan edim...

 

Safar ham qaridi. Bunday mahalda qalbda tushuntirib bo‘lmas, begonalikka o‘xshash ismsiz tuyg‘ular uyg‘onadi. Bir hafta mobaynida qadrdon bo‘lib qolgan o‘lkani tashlab ketayotganingizdan andak bezovtalanasiz. Ayni choqda, o‘z uyingiz, yaqinlar o‘yi ila ko‘zingizga uyqu kelmaydi...

 

Bahodir KARIM

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Paradokslar o‘lkasi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:01 / 16.01.2026 0 113
Biz ajdar boʻlolmadik





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//