Biz ajdar boʻlolmadik


Saqlash
15:01 / 16.01.2026 113 0

Oʻzga damni dam demay, qoʻlimga qalam oldim – emas, kompyuter qarshisiga oʻtirdim... Hozir qalam bilan yozish qayoqda? Eskirdi u zamonlar, juda tez eskirdi. Koʻp narsalar unutildi, unutilmoqda. Dadam aytgan ertaklarning, loflarning, hangoma-yu oʻtiriklarning qanchasini unutdim. Buvim omin qilganda aytadigan duo-tilaklarni anglolmas boʻldim:

 

“Boq qorasin, qizr dorisin, Ketmas dovlat, keng piyl bersin, Deni sovliq, qatirjamlik boʻsin. Quli qushting, jeti pushtingdi qudoy asrasin, Dostarqaning yenigayam-boʻyigʻayam voʻsibirsin, Uli-qizing koʻp boʻsin...”

 

Shu gaplar qulogʻim ostida aylanaveradi. Buvimdan, boshqa bobo-momolardan koʻp eshitganim bor. Eshitmagan odam oʻqib tushunmaydi. “Baxt qarasin (kulib boqsin), Xizr dorisin, ketmas davlat, keng feʼl bersin, tani sogʻlik, xotirjamlik boʻlsin, oilangni, yetti pushtingni Xudo asrasin, dasturxoning eniga ham, boʻyiga ham oʻsaversin, oʻgʻil-qizing koʻp boʻlsin” degani bu.

 

Ertaga bu gaplarni mening bolalarim, bizning bolalarimiz sira tushunmas. Ildizlardan uzilib ketyapmiz. Bu koʻp qaygʻuli. Lekin gʻamga botib oʻtiray deb choʻkmadim kompyuter qarshisiga. Masrur bolaligimga qaytish tilagi ila fursatni gʻanimat topdim. Baxtimiz shundaki, ertaklar olamida yashashimiz uchun biror ertak qahramoni bizni oʻgʻirlab ketishi shart boʻlmagan. Endi-endi fahmlayapman, shundogʻam ertaklar olamida oʻsganmiz. Bu – chin.

 

Bizning qishloq – Qoratosh. Bir tomonida Irqin, Chinor, Oʻrazmat, Qovunchi; bir tomonida Jarbuloq, Ejgant, Tuvadoq, Tozgʻara, Tentak; bir tomonida Minishkor, Qatagʻon, Shoʻrcha, Qoʻrgʻonqishloq, Joʻsh...

 

Har bir nomning oʻz hikoyasi, rivoyati bor. Kamidan boxabarman, koʻpini bilmayman. Masalan, Tuvdoq – togʻ adogʻi (tov adoq) degani ekanini shu gaplarni yozayotib payqab qoldim. Bular – katta-kichik qishloq nomlari, birgina oʻzimizning qishloqdagi alohida joy nomlarini sanaymi: azlarbuloq, suyaltosh (soʻgal tosh), Qovus ota, Qoʻrgʻon, uchbuloq, uchqoʻldora, govqana, qorovultoʻba, loyqasoy...

Bizning hovlimiz Qoratoshning loyqasoyida. Butun loyqasoyni egallab olganmiz.

Bir zamonlar loyqa oqadigan soy oʻtgan ekan hovlimiz qoʻngan joydan. Koʻp unumdor tuproqlarni oqizib kelgan ekan oʻsha yerga. Hozir unumdor tuproq qoptimi, butun qishloqqa qoʻshilib choʻlga aylanib boryapti loyqasoy ham.

 

Qishlogʻimizdagi eng katta afsona Qoʻrgʻon haqida. Qishlogʻimiz nomi ham oʻsha qoʻrgʻon tepaligining biqinini turtib chiqqan qora toshlarga nisbat qilib qoʻyilgan, deyishadi. Qoʻrgʻon afsonasiga oʻtishdan avval atrofni sal aylanaman.

 

Bizdan bir qir naridagi qishloq nomi – Jarbuloq. Rasmiy maʼmuriy nomini “Yangiqishloq” qilib oʻzgartirishgan. Bir jarda bir buloq boʻlgan, deyishadi. Oʻshaning atrofiga odam joylashib, uzoq yillar davomida qishloqchaga aylangan. U yerdagi jarni ham, buloqni ham bilmayman, koʻrmaganman.

 

Qishlogʻimiz Oqtov bilan Qoratovning oʻrtasida. Oqtovning qoʻynida quyidan yuqoriga oʻrlab, uch tomonga taralgan dara bor – Uchqoʻldora. U yerni tagʻin Isaquldora ham, deyishadi. Isaqul bobo – katatamning (katta ota) otasi. Ular nechta farzand boʻlganini bilmayman, eshitganim shuki, Isaqul bobomning Iskandar, Samandar ismli akalari boʻlgan. Boʻydoq holda urushga joʻnab, bedarak yitib ketgan boyoqishlar. Isaqul otamiz yoshi yetmay urushdan qolganmi, ishqilib, qolgan. Keyin ham bormagan. Umrining qay bir qismida Uchqoʻldoraga joylashib olib, teri oshlab tirikchilik qilgan. Shuning uchun darani Isaquldora ham deyishadi. Dadamning aytganlaridan esimda qolganiga koʻra, shunday.

 

Qovus ota deganlari biz yoshlikda choʻponga mol haydab oʻtadigan yoʻl chetidagi kattagina yakkaqabr. Qovus ota ismli avliyonamo kishining qabri, degan gap bor. Kichkinaligimizda oʻsha doʻngchaning atrofiga choptirmaslikni bot-bot tayinlashardi. Bilmay choptirib qoʻygan bola keyin peshob chiqarolmay qoladi, deb qoʻrqitishardi. Shu qoʻrqitishlar bekorga emasligini 6-7 yoshimda jon-jonimdan anglagandim. Bir kecha-yu bir kunduz ne azoblarni chekmaganman. Buvim yetaklab borib, oʻsha qabr atrofida uch marta aylantirib, kechirim soʻrattirgan. Dadam ishidan chiqib, doʻxtirga olib borish uchun kelganida koʻrmaganday boʻlib qolgandim. Aytishdan nega uyalay, hodisaning alomatligini qarang.

 

Qoʻrgʻonning biqinidan oʻyib chiqqan qoyasifat toshlardan birini suyaltosh deymiz. Qoʻl-oyogʻiga soʻgal chiqqanlarning soʻgaliga tanga surib, uning yoʻq boʻlib ketishini tilagancha, tanga oʻsha toshning ostigami-ustigami otib ketilsa, illat tuzalishiga ishonardik. Qoratovga yaqin Qatagʻon qishlogʻida suyalbuloq ham bor edi, suvi bilan yuvilgan soʻgal ketadi, deyishardi.

 

Irqin – buvim oʻsgan joy, togʻ etagida. Qishloq boʻlib qishloq ham emas, hozir buvimning ukalari oʻrnashib olgan, boshqa odam yashamaydi. Bola paytimda Irqindagi terakzorlar odam adashar darajada keng va tigʻiz edi. Hozir asar ham qolmagan u eski ertaknamolikdan. Yeriga oyoq bossangiz, chim orasidan irqillab suv sizardi, shuning uchun nomi Irqin boʻlgan. Buvim ismanilardan gʻojirovlatga kelin boʻlib tushgan. Darvoqe, hayron boʻlayotgandirsiz, ismanisi nima, gʻojirovlati nima, deb. Bilganimcha tushuntiraman: biz bularni urugʻ, deymiz, aslida, katta urugʻning tarmoqchami yo shoxobchalaridan boʻlsa kerak. Qishlogʻimizda ana shunday toʻrtta urugʻ bor: gʻojirlar (gʻajir), ismanilar (ehtimol, usmoniydir), beshkallar va tentaklar. Kamina – gʻojiravlat, yaʼni gʻajirlar avlodidan. Bizning urugʻdoshlar jahli tez, bir gʻazablansa, bosilishi qiyin boʻlgan odamlar sanaladi. Bular salbiy sifat albatta, lekin gʻojiravlatning bolalari urugʻining nomini koʻkrak kerib aytadi.

Bolaligim ana shu tarovatli muhitda qolib ketdi. Xayriyat, bugungacha ergashib kelmadi, kelsa koʻngli oʻksirdi. Oʻsha tansiq fayz-u tarovat tobora yoʻqolib borayotgan Qoʻrgʻon devorlariday nurab boʻldi hisob...

 

Qoʻrgʻon. Soʻzlarning maʼnisiga yetadigan boʻlgunimcha boshqalaridan kattaroq tepaliklar qoʻrgʻon atalsa kerak, deb oʻylardim. Chunki qishlogʻimizning bir chetida, katta-katta tollar oʻsadigan, salqin, soʻlim goʻshaning yonidagi biqinidan qoyasifat qora toshlar turtib chiqqan ulkan tepalikni shunday atardik. Aslida bu soʻz tepalikka emas, bir zamonlar uning ustida qad rostlagan qalʼacha – qoʻrgʻonni ifodalash uchun ishlatilgan ekan.

 

Bolaligimizda eski qoʻrgʻon devorlarining qoldiqlari ustiga chiqib oʻynardik. Hozir oʻsha qoldiqlar ham nuray-nuray, shoʻrlagan doʻngchalarga aylanib qolgan. Bir zamonlar ustida arava yuradigan darajada qalin boʻlgan ekan oʻsha devorlar. Men aytgan qora toshli baland tepalik usti va yoni boʻylab joylashgan Qoʻrgʻon darvozalarining oʻrinlarini haligacha payqash mumkin. U haqda koʻp eshitganman, hozir esa, asosan, dadamdan eshitganlarimga tayanib, rivoyat qilaman.

 

Qoʻrgʻonda biy, yaʼni boshliq yashagan. Oddiy aholi esa uning atrofida istiqomat qilgan. Biror tashqi xavf tugʻilsa, hamma qoʻrgʻonga sigʻinishi mumkin boʻlgan. Xoʻsh, tashqi xavfni qanday sezishgan? Qishlogʻimizdan anchagina masofada, biz barikar, deb ataydigan lalmikor dalalar qoʻynida sezilarli darajada choʻnqayib turadigan baland tepalik bor. Qorovultoʻba, yaʼni qorovulchilik tepaligi. Biylik zamonlarida oʻsha tepalikda ikki nafardan qorovul navbat tutib turgan. Atrof keng dashtlik ekanidan bu tepalik ustidan ancha masofagacha boʻlgan hududlar bemalol koʻringan. Qoʻrgʻonga qaroqchimi, bosqinchimi hujum qilmoqchi boʻlib kelaversa, Qorovultoʻbadagi qorovullar ularni koʻrib, ogohlantirish gulxanlarini yoqishgan-u, Qoʻrgʻon tomon ot qoʻyishgan. Kechasi ular yoqqan gulxanning yorugʻidan, kunduzi tutunidan xavf yaqinlashayotganini bilgan odamlar tezgina mustahkam devorlar ortiga yashirinib olgan. Qoʻrgʻonda mudofaaga shaylik boshlangan. Esimda bor, bolaligimda saqlanib qolgan devor parchalarining shinakli qismlarini ham koʻrganman, ortiga berkinib, shinakdan doʻstlarimni poylaganman.

 

Qoʻrgʻon tepaligining ostida ulkan ajdar moʻl-koʻl tillalarni qoʻriqlab yotadi, degan gaplar ham bor. Dadam bularning barini ertak qilib aytib berardi. Bir gal qoʻrgʻonga katta bosqin boʻlgan, yov devorlar atrofini oʻrab olib, kuchli qamal qilgan. Gʻalabaning hech imkoni yoʻqligini anglagach, biy yaqinlarini olib, yashirin lahm orqali qochishni rejalagan. Ana oʻshanda biyning suluv qizi oʻzining ancha-muncha tilla zeb-ziynatlarini koʻtarib ketolmasligini bilib, Qoʻrgʻon oʻrtasidagi hovuzga tashlab ketgan ekan. Shuning uchun hamqishloqlarim oʻsha tepalik tuproqlari ostida oltin borligiga ishonadi, ajdardan qoʻrqib hech kim kovlab koʻrmasa kerak.

 

Yer ostida uzun lahm boʻlgani rost. Uning chiqish eshigi men ulgʻaygan katata uyimga yaqin, rahmatli Ibodulla bovalarning hayoti (mevali daraxtlar ekilgan, dehqonchilik qilinadigan joyni shunday atardik, hozir kam ishlatiladi) ichida. Oʻsha eshikdan ichkariga kirib koʻrganlar lahm uzoqqa bormay tuproq toʻkilishi natijasida berkilib qolganini, ichkarida ilonlar koʻpligini aytgan. Uning Qoʻrgʻonga borib tutashgani tayin. Qamallar vaqtida ana shu yer osti yoʻli orqali oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa kerakli narsalar yashirincha tashib kirilgani ham rivoyat qilinadi.

Yoshligimizda oʻr qiziqish bilan biy qizining oltinlarini topish umidida Qoʻrgʻon tepaligi atrofida koʻp izgʻirdik. Hech vaqo topmaganmiz. Mana endi oʻzligidan, ildizidan, qadriyatlari va koʻhna qalbidan yiroqlab ketgan odam – emas, dard-u xayoli tirikchilik boʻlib qolgan joʻn bir isteʼmolchi sifatida tosh shahardagi rutubatli xonalardan birida oʻtirar ekanman, aslida, oʻsha Qoʻrgʻonning, ana shunday rivoyatlar hamda ertaknamo shukuhning oʻzi oltinga teng ekanini his etib turibman. Taassufki, biz ajdar boʻlolmadik, oltinlarimizni qanotlarimiz ostiga olib, qoʻrib yotolmadik...

 

Qadim yurtimizda bunday qishloqlar-u qoʻrgʻonlar-u rivoyatlar son-sanoqsiz. Ammo har qishloqdan ham menday noʻnoq boʻlsa-da, bular haqida qogʻoz qoralaydigan biror koʻngilli chiqavermagani chatoq.

 

Shahzod SHODMON

Foto: Farrux ALIYEV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//