“Har zamonda bir zamon”, deydi dono xalqimiz. Bugungi zamon o‘zining nihoyatda shiddatli taraqqiyoti, yaqin-yaqingacha xayolga sig‘mas texnologik yuksalishi bilan kishi aqlini shoshirib qo‘ymoqda. O‘z navbatida, insoniyat dunyoda ro‘y berayotgan turli tahlikalar qurshovida qolayotgandek. Davlatlar o‘rtasida ziddiyatlar oddiy holatga aylanayotgan hozirgi davrda dunyoning ko‘p nuqtalarida urush va mojarolar avj olmoqda. Jahon xaritasiga qarasak, tinch-osoyishta hayot ko‘pchilik uchun orzu bo‘lib qolmoqda. Ana shunday jadal tamaddun va tahlikalar qurshovida bugun har bir yurt, xonadon uchun tinchlik, osoyishtalik tushunchalari eng katta boylik, har narsadan ustun qadriyatga aylandi. Aslida, hamma vaqt ham shunday bo‘lgan.
Yaratganga ming shukrki, jonajon yurtimiz tinch va osoyishta. Bu kunlarning qadriga yetish esa har birimiz uchun hayot qonuniyatiga aylanmog‘i shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda qatnashar ekanman, xayolimdan shu kabi fikrlar o‘ta boshladi.
Yig‘ilishda aytilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbus va takliflar bilan tanishib, faxr tuyg‘usini his etdim. Harbiy mashqlar aks etgan tasvirlarni kuzatib, qalbimda so‘z bilan ifodalash mushkul bo‘lgan yorug‘ tuyg‘ular bosh ko‘tardi. Ertangi kunga qat’iy ishonchni tuydim. Shu bilan birga, bugun xalqaro maydondagi holat, ziddiyatlar birma-bir ko‘z oldimdan o‘tdi. Bunday o‘ylar ko‘plab savollar tug‘diradi, ularga asosli javob topishga undaydi. Beixtiyor ko‘nglimda tug‘ilgan savollarga javob izlay boshladim. Ularning barchasi bitta o‘qildiz atrofida birlashdi. Bu – vatansevarlik!
Vatanni sevmoq – dunyoda sira o‘zgarmas, jami tiriklikka tanish bo‘lgan yagona tuyg‘u! Ana shu tuyg‘u sabab minglab chaqirim olisga ketgan qaldirg‘och bahorda yana o‘z uyasini topib keladi. Insoniyat borki, o‘z hududini chegaralaydi, qo‘riqlaydi. Shu yo‘sin ajdodlarimiz o‘z uyiga yomon qarash qilganlarning baloga yo‘liqishini uqtiradi.
Darhaqiqat, insoniylik mezoni shaxsning qanchalik vatanparvar ekani bilan o‘lchanadi. Zero, yurtini sevadigan shaxs butun borliqqa yaxshilik qila oladi. Har bir tirik jonni aziz sanab, tinchlikni qadrlaydi.
Sir emas, biz vatanparvarlik tuyg‘usi jiddiy sinovdan o‘tayotgan davrda yashayapmiz. Hozir turli ziddiyatlar kengayib, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va diplomatiya zaiflashib bormoqda. Qolaversa, mamlakatlarga hujum shakllari ham tubdan o‘zgardi. Buni davlatimiz rahbari ham ta’kidlab, shunday dedi: “Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib g‘alaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda”.
Davrning o‘zi ana shunday xatarlarga doim tayyor turishni talab etmoqda. Bu hozirlik, avvalo, inson qalbida, yurtga mehr timsolida ildiz otib, so‘ng amaliy harakatga aylanadi. Ya’ni yoshlar yurtga sadoqat bilan eng qimmat boyligimiz bo‘lgan tinchlik va xotirjamlikni asrash, uni qadrlash ruhida o‘sishi kerak. Ana shu ruhiyat, kayfiyat birlashib amaliy harakatga, bugun izchil davom etib, barqaror saqlab turilgan mamlakat mudofaasini yanada mustahkamlaydi.
Prezidentimiz o‘tkazgan yig‘ilishda bu borada aniq vazifalar belgilab olindi. Birgina misol, harbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishga jiddiy e’tibor berildi. Bu, o‘z o‘rnida, armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Barcha soha bevosita inson kapitali bilan yuksalishi hech kimga sir emas. Yangi O‘zbekistondagi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar tub zamiridagi maqsadlardan biri ham inson kapitalini oshirishdir.
Keling, buni soddaroq tushuntirsak. Tarixda kam sonli askarlar bilan katta qo‘shinlarni mag‘lub etganlar haqida misollar ko‘p. Ularning g‘alaba qilishida ikkita umumiylik bor, nazarimda. Bular jasurlik va boshqalar kutmagan, yangi reja asosida ish ko‘rish. Jasurlik ham xuddi bilim kabi egallanadigan ko‘nikma. Bu haqida keyinroq to‘xtalamiz. Xuddi shuningdek, yangi reja ishlab chiqish ham bilim darajasi, tafakkur kengligi bilan bog‘liq. Ha, bugun yondashuvlar, ta’sir kuchlari, hujum turlari o‘zgardi. Shunga yarasha himoya vositalari va yo‘llari ham turlicha. Ammo bu himoyaning o‘qildizi, asl mohiyati o‘zgargani yo‘q.
Shu bois, davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida “Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhi va jismoniy tayyorgarligini muntazam oshirib borish, ularning qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki har qanday kurashning taqdirini shaxsiy tarkibning bilim va malakasi, iroda va qat’iyati, o‘ziga bo‘lgan ishonchi, mardona fazilatlari hal qiladi”, deya ayni haqiqatni aytdi.
Yuqorida jasurlik ham xuddi bilim kabi egallanadigan ko‘nikma ekanini aytdik. Insonning bilimi ko‘payib, imkoniyatlari kengayib boraversa, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi. Ayni dam uning jasurligi ham oshib boradi. Yangi O‘zbekistondagi islohotlar inson tafakkurini yuksaltirish, keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Islohotlarning ilk kunlaridan boshlanib, bugungacha izchil davom etayotgan yangilanishlar fikrimiz dalilidir. Jumladan, ta’lim tubdan isloh qilindi. Kitobxonlik davlat siyosati darajasida targ‘ib etila boshlandi. Tadbirkorlik real imtiyoz va imkoniyatlar sohasiga aylandi. Ijtimoiy ko‘mak bilan birga iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun kasb-hunar o‘rgatishga jiddiy e’tibor berildi. Tan olaylik, bularning barchasi ijobiy kayfiyat uyg‘otdi. Ertangi kunga ishonchni mustahkamladi. Bunday ishonch, kayfiyat jasurlik degan tuyg‘uni kamol toptiradi. Vatanparvarlikni mustahkamlaydi.
Quvonarlisi, ushbu islohotlar yangi bosqichda, davr talabiga mos tarzda milliy armiyamizda ham izchil davom etmoqda. Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muddatli harbiy xizmat faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi. Unga ko‘ra, endi armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqadi. Buning uchun harbiy qismlardagi yo‘nalish va mutaxassisliklar asosida askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.
E’tiborlisi, askarlar “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi. Buning uchun har yili 5 ming askar saralab olinadi. Yana bir yangilik, askarlar muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan paytda oliygohga o‘qishga kirishi mumkin. Buning uchun harbiy qismning o‘zida imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Talabalikka qabul qilingan askar xizmatni yakunlashi bilan o‘qishni boshlaydi. Shu yo‘sin vaqtdan yutadi. Harbiy xizmat tom ma’noda imkoniyatlar eshigiga aylanadi. Bular, o‘z o‘rnida, milliy armiyamizning salohiyatini oshirishi ayni haqiqat.
Kichik bir mulohaza. Yaqin-yaqingacha biz dasturlashni, umuman, AT sohasini kelajak kasblari ro‘yxatida ko‘rardik. Bugun ular eng dolzarb, hozirning o‘zida puxta egallanishi shart bo‘lgan bilimga aylandi. Shu ma’noda, askarlarning “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitilishi ertangi kunimizni belgilab beradigan vositalardan biri deyish mumkin.
Mamlakat daxlsizligini saqlashda iqtisodiy quvvat, harbiy salohiyat qancha muhim bo‘lsa, jamiyat birdamligi, inson kapitali ham shuncha dolzarb. Tarixdan ham, bugungi siyosiy jarayonlardan ham bilyapmizki, ichidan yemirilgan jamiyatlarni parokanda qilish oson. Shu bois, biz doimgidan ham ko‘ra ko‘proq vatanparvar bo‘lishimiz kerak. Farzandlarimizni ilmli qilish bilan birga ularning tafakkuri, dunyoqarashi bilan ham qiziqishimiz shart. Ular nima haqida o‘ylayapti, kimlar, qanday fikrlar ta’sirida yuribdi degan savollarga aniq javobimiz bo‘lishi zarur.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihat. 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlandi. Xo‘sh, jamiyat qachon yuksaladi? Qanday rivoj topadi? Avvalo, jamiyatda sog‘lom fikr ustuvorlik kasb etishi kerak. Chunki ezgu niyat sog‘lom fikrga zamin yaratadi. Ezgu fikr esa ezgu amal sari boshlaydi. Turli ziddiyatlarga qarshi tura olish uchun jamiyat bitta g‘oya atrofida birlashishi kerak. Ana shu birdamlik turfa fikr va qarashlarni o‘zida jamlagan yagona tushuncha, Vatanni sevish, unga xizmat qilish degan g‘oyani o‘rtaga tashlaydi.
Bo‘layotgan jarayonlar, bizni o‘ylantirayotgan masalalar milliy kontent masalasi hech qachon dolzarbligini yo‘qotmasligini ham anglatyapti. Shu haqida o‘ylaganimda, beixtiyor Navoiy bobomiz dahosi ko‘z oldimga keldi. Navoiy bor ijodini tinchlikka, insoniylikni ulug‘lashga sarf etdi. Bizga insonga insonday munosabatda bo‘lish kerakligi haqida saboq beradi. Bu dahoning o‘zi ham bunga og‘ishmay amal qildi. Bugun insoniyatga ezgulik fanidan saboq bergan bunday daholarga doimgidan ham ko‘ra ko‘proq ehtiyoj bor. Ana shu ehtiyojni aynan ziyolilar, jamoat faollari qoplashi kerak bo‘ladi. Buning uchun ulug‘larning insonparvarlik g‘oyasini jamiyatda kengroq targ‘ib etishimiz kerak. Ularni sodda, hammaga tushunarli so‘zlar bilan yetkazish zarur. Hazrat Navoiy bobomiz:
“Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish”,
degan edi. Bundan tashqari, Hazrat Navoiyning ana shu g‘oyani targ‘ib etadigan yana ko‘plab hikmatlari bor. Ularni bugungi kun o‘quvchisiga tushunarli qilib, ta’sirchan holda yetkazib berish zarur. Bunday hikmatlarni tushunish, anglash birinchi bosqich bo‘lsa, ularga amal qilish eng muhim vazifadir.
Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning ilk kunlaridanoq aynan shunga qaratilgan islohotlar boshlangan edi. Endi mazkur yangilanish armiyamizga ham chuqur kirib boradigan bo‘ldi. Shu maqsadda harbiy xizmatchilar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishning yangi bosqichi boshlandi. Ya’ni joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yo‘naltirilgan maktab-litsey o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofiserlar o‘rtasida Oliy Bosh Qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Okrug, qo‘mondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qo‘mondon tanlovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.
Tan olish kerak, shu vaqtgacha ham harbiylarni kitobxon qilish borasida qator ishlar bajarilgan. Oddiy misol, o‘zimiz ham jurnalist, kitobxon sifatida harbiylarimiz bilan ko‘rishganmiz. Kitobxonlikni targ‘ib etadigan tadbirlarda qatnashganmiz. Boshlangan o‘zgarishlar buni yangi bosqichga olib chiqadi. Yuqorida aytganimiz, insonparvarlik g‘oyasini anglab, unga og‘ishmay amal qilishda yo‘lchi yulduz bo‘ladi.
Bilamizki, alplar, xalq qahramonlari aqlini taniy boshlaganida ularga eng kuchli ustozlar saboq berishni boshlagan. Ular ilm-fan, adabiyot va san’at bilan birga harbiy mashqlarni ham puxta o‘zlashtirgan. Ana shunday saboq sabab ular har jihatdan komil inson bo‘lib ulg‘aygan. Vatanni himoya qiladigan alp bo‘lib tarbiya topgan.
O‘sha vaqtlarda ot chopish, o‘q uzish, qilichbozlik muhim bo‘lgan. Hozir zamonaviy alplarga qo‘yiladigan talab o‘zgargan. Shundan kelib chiqib, harbiy xizmatchilar o‘rtasida joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi. Bu ham yuqorida bot-bot takrorlaganimiz inson kapitalini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishdagi yana bir muhim jihatga to‘xtalishni istardim. Bilamizki, O‘zbekiston siyosati ko‘p qirrali, tinchlikka asoslangan diplomatik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Diplomatiyamizdagi muhim nuqtalardan biri milliy armiyamizning faqat mamlakatimiz uchun xizmat qilishidir. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997-yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi.
Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizni hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolib, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etadi. Uni yangilashdan maqsad yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashdir. Bu xalqimizning milliy armiyamizga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Ularning birdamligini ta’minlaydi.
Yana bir mulohaza. Yangi O‘zbekistonda milliy armiyamiz tom ma’noda xalqimizga yaqinlashdi. Biz uchun sirli, bir oz olis hisoblangan armiya odamlar orasiga kirib keldi. Ya’ni ommaviy harbiy ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etilyapti. Yetti yashar o‘quvchi ham, yetmishni qoralagan nuroniylar ham qurollar, harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirib, mutaxassislardan uning imkoniyatlari haqida so‘rab olyapti. Bunday uchrashuvlar xalq va armiya o‘rtasidagi samimiy munosabatni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur o‘zgarishlar sabab hozir biz armiyamiz haqida aniq tasavvurga egamiz. Ular yurt tinchligini asray olishiga ishonamiz. Aynan shu ishonch bizga kuch baxsh etadi. Xalqning baland ruhi o‘z o‘rnida harbiy xizmatchilarga ham ko‘tarinkilik beradi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigidagi quyidagi so‘zlariga e’tibor qaratmoqchimiz.
“Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tan-u bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq tog‘dek tayanch bo‘lib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak”.
Ular bu tayanchni real holatda his etishi uchun qator amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga doir ishlarning samarasi yanada oshiriladi. Ularning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlar kuchaytiriladi. Bu borada davlat va fuqarolik institutlari hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etadi.
Qolaversa, harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash uchun ham qator yangiliklar kutilyapti. Xususan, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Bundan tashqari, hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilari oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi. Bunday yangiliklarni uzoq sanash mumkin. Demoqchimizki, Qurolli Kuchlarimiz davr talabiga mos tarzda yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Shu o‘rinda bir muqoyasa qilishni o‘rinli deb o‘yladik. Xalqaro huquq qancha zaiflashsa, o‘zaro hurmat ham shunchalik noziklashib boraveradi. Bunday vaqtda hurmatni, ta’bir joiz bo‘lsa, haybatni saqlab qolishning bir qancha shartlari bor.
Birinchisi – harbiy salohiyat. Qo‘rg‘on mustahkam bo‘lsa, yurt ichidagi islohotlar barqaror davom etadi.
Ikkinchisi – iqtisodiy barqarorlik. Iqtisod qancha mustahkam bo‘lsa, boshqalar siz bilan shuncha ko‘p hisoblashishiga to‘g‘ri keladi.
Uchinchisi – inson kapitali. Qaysi mamlakatda malakali kadrlar ko‘p yetishib chiqsa, xalqaro maydonda o‘sha xalq bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashiladi. Negaki, yuqori malakali kadrlar, avvalo, mamlakat barqarorligini ta’minlaydi. Qolaversa, xalqaro iqtisodiyot, xavfsizlik kabi muhim sohalarda ham tayanch nuqta hisoblanadi. Bunda o‘sha xalqning nufusi ko‘p bo‘lishi bilan birga yuqori intellektdagi muvozanat juda muhim masaladir.
To‘rtinchisi – harbiy salohiyatni, barqaror iqtisodiyotni, malakali kadrlar sinfini qamrab olgan vatanparvarlik ruhidir. Vatanparvarlik ruhi kuchli bo‘lsa, inson qayerda, qanday sharoitda yashasa ham yurtiga xizmat qilish yo‘lini topadi. Imkon qadar unga naf keltiradi.
Yuqorida yuksak jamiyat, turfa qarashlar Vatansevarlik degan nuqtada birlashishini aytgan edik. Maqolamiz avvalida yurtni yaxshi ko‘rish jami tiriklikka begona emasligini ham ta’kidlaganmiz. Inson boshqa jonzotlardan farqli o‘laroq, bu tuyg‘uni ongli ravishda his qiladi. Shu bois, u gohida bu tuyg‘uni unutib qo‘yishi ehtimoli bor. Gʻanim bostirib kelayotganda ularga yordam bergan kimsalar gohida jonini saqlab qolishni o‘ylagan bo‘lsa, ba’zan hayotidan rozi bo‘lmagani sabab xatoga yo‘l qo‘ygan. Bunga dunyo tarixida istalgancha dalil topiladi. Shu ma’noda, mamlakatimizdagi odamlarni rozi qilishga qaratilgan islohotlar bizni g‘oyat sevintiradi.
Ayniqsa, keyingi yillardagi yangilanishlar sabab ko‘plab ijtimoiy masalalar hal etildi. Kambag‘allik rasman tan olindi va qisqa muddatda keskin qisqartirishga erishdik. Yaxshilik, ezgu amallar ko‘p bo‘lsa, ularning samarasi ham shunchalik hayotbaxsh bo‘ladi. Yurtimizda boshlangan islohotlar avval xalqimiz qalbiga, so‘ng yon-atrofdagi qo‘shnilarga tarqala boshladi. Mamlakatimiz yetakchisining xalqparvarlik, teng diplomatiyaga asoslangan ma’rifiy siyosati sabab qo‘shnilar bilan ham, dunyoning boshqa mamlakatlari bilan ham aloqalarimiz yuqori darajaga chiqdi.
Avvalo, Markaziy Osiyo ruhi uyg‘ondi. Yagona mintaqa, bir butun kuchga aylandik. Bunda yangi O‘zbekistondagi islohotlar, ma’rifiy siyosatimizning o‘rni va ahamiyati muhim ekanini qo‘shnilarimiz ham tan olib e’tirof etmoqda. Ha, biz kechagiday ichidan zil ketib, parchalanib yotgan xalqlar emasmiz. Markaziy Osiyo bugun bir butun bo‘lib yangi kuchga aylanib boryapti. Demak, buni yanada mustahkamlash haqida o‘ylashimiz, shunga xizmat qiladigan amallarimizni ko‘paytirish kerak. Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar, joriy yilda jamiyatimizni yuksaltirish borasida bajariladigan ishlar aynan shunga xizmat qilishi shubhasiz.
Prezidentimiz O‘zbekiston armiyasi xalqimizni, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni himoya qilishga doim tayyor turishi kerakligini, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini ta’kidladi. Darhaqiqat, bugungi o‘zgarishlar zamoni har birimizdan ana shu hushyorlikni, haqiqiy, chin ma’noda vatansevarlikni talab qilmoqda. Ha, bugungi va ertangi hayotimiz, poydevori mustahkam kelajagimiz o‘zligimizni, milliy taraqqiyotimiz va sarhadlarimiz daxlsizligini mustahkamlash bilan chambarchas bog‘liq hodisadir. Zero, “Tinch elning bog‘i gullar” degan hikmat bejiz aytilmagan. Yangi O‘zbekiston bog‘i doim gullab, yashnab turaversin!
Salim DONIYOROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2026-yil 15-yanvar, 9-son.
“Vatansevarlik inson qalbida, yurtga mehr timsolida ildiz otib, so‘ng amaliy harakatga aylanadi” maqolasi
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q