“Bilmasdan dushman tegirmoniga suv quydik” – muhojir folklorshunos taqdiri


Saqlash
11:58 / 15.01.2026 116 0

XX asr boshlarida Turkiston ziyolilarining katta qismi muhojiratga majbur bo‘lgan bir paytda milliy madaniy merosni asrash, hujjatlashtirish va kelajak avlodga yetkazish vazifasi ayrim fidoyi shaxslar zimmasiga tushdi. Ana shunday ziyolilardan biri Tavakkul Boburdir.

 

Tavakkul Bobur 1882-yil 25-may kuni Toshkent shahrining Ko‘ksu-sava mahallasida ma’rifatparvar Abdullazoda oilasida tug‘ilgan. U 12 yoshida otasi tashabbusi bilan Toshkentdagi Ibrohimjon madrasasiga o‘qishga yuborilib, olti yil davomida shu yerda tahsil oladi.

 

Keyin Buxorodagi mashhur Mir Arab va Tursunjon madrasalarida fors va arab tillari, adab-axloq, adabiyot, shuningdek, diniy va tarixiy fanlar bo‘yicha chuqur bilimlarni egallaydi. Buxorodan so‘ng u Qo‘qon shahridagi “Hakim Oyim” madrasasida bir necha yil taxsilni davom ettirgan.

 

Buxoro va Qo‘qondagi madrasalarda umumiy o‘n bir yil o‘qib, ularni muvaffaqiyatli tugatadi hamda rasmiy shahodatnoma (ijozat)ga ega bo‘lgan. Toshkent shahrida yangi ochilgan “Muallimlar kursi”da ham tahsil oladi. Keyinchalik “yangi usul” maktablaridan biri “Yassaviy” o‘quv yurtiga muallim etib tayinlangan.

 

Qahramonimiz “Yassaviy”da ishlagan vaqtida “Toshkent diniy idorasi”da ham Bosh imom vazifasida xizmat qilgan hamda diniy ulamolar va mullalar guruhi faoliyatida ishtirok etgan. Mazkur xizmatlari, jamiyatdagi ma’naviy-ma’rifiy ta’siri sababli kommunistik partiya xodimlari tomonidan ta’qib va tazyiqlarga uchragan. Natijada hibsga olinib, sud organlariga topshirilgan, ma’lum muddat qamoqda ushlab turilgan.

 

Turkistondagi milliy ozodlik harakatlarining so‘nggi bosqichlariga yaqin davrda Tavakkul Bobur Janubiy Turkistonda joylashgan Kerki shahriga ko‘chib boradi va u yerda diniy ta’lim-tarbiyadan dars beradi. Bu hududda ham siyosiy ta’qiblardan qutula olmagan. Tazyiqlar sababli Afg‘onistonga o‘tib ketishga urinib turgan paytida qo‘lga olinib, Toshkentga qaytariladi va bir necha yil davomida qamoqda saqlanadi.

 

Ma’lum vaqt o‘tgach, u yana Afg‘onistonga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Qobul shahridagi “Dorul Ulumi Amoniya” (Amanullaxon bilim yurti)da bir yil davomida tahsil olib, diniy va ilmiy bilimlarini yanada oshirgan. Shu bilan birga, Afg‘onistondagi diniy ta’lim muassasalarida muallimlik faoliyatini olib borgan. Keyinchalik Afg‘onistondan Hindiston orqali Turkiyaga borishni rejalashtirganida, Peshavor shahrida ingliz ma’muriy organlari tomonidan hibsga olingan va o‘n oy davomida qamoqda saqlangan. Mazkur jazodan so‘ng u yana Afg‘onistonga qaytarilgan. Nihoyat, Turkiyaga Eron hududi orqali o‘tishni tanlaydi va 1925-yili maqsadiga yetadi. U Istanbul shahrida muqim joylashib, keyingi hayot va faoliyatini shu yerda davom ettirgan.

 

Istanbul shahrida Tavakkul Bobur Buxoro Xalq Jumhuriyatining sobiq raisi Usmon Xo‘jao‘g‘li, shuningdek Nosirbek, Davron, Amur va professor Zaki Validiy To‘g‘on bilan hamkorlikda “Turkiston Milliy Birligi” tomonidan nashr etiladigan “Yangi Turkiston” jurnalida ma’muriy xodim va muharrir sifatida uzoq yillar faoliyat yuritadi. Ushbu nashrda u Turkiston tarixi, milliy ozodlik harakatlari, milliy istiqlol g‘oyasiga bag‘ishlangan ko‘plab chiqishlar qilgan. Ayniqsa, o‘zbek xalq adabiyoti, xalq og‘zaki ijodi va xalq maqollariga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy maqolalari alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Bundan tashqari, Tavakkul Bobur qozoq shoiri Mag‘jon Jumaboyning “Uyg‘on, Qozoq” nomli she’riy asarini (to‘plamni) alohida kitob holida nashr ettirgan. O‘z xotiralari, shuningdek Turkiston tarixi, adabiyoti va diniy-ma’rifiy masalalarga oid maqolalarini “Yosh Turkiston”, “Yangi Turkiston”, “Turkiston ovozi”, “Buloq” kabi davriy nashrlarda muntazam ravishda e’lon qilib borgan.

 

Turkiyaning taniqli olimi va munajjimi, Istanbul shahridagi Qandilli rasadxonasining bosh xodimi Fatin Xo‘janing huzurida uzoq yillar davomida faoliyat olib boradi, – xususan, fors va arab tillarida yozilgan qadimiy astronomiyaga oid asarlarni turk tiliga tarjima qilish ishlari bilan shug‘ullanadi.

 

Chet elda istiqomat qilgan yillari ro‘zg‘orini ta’minlash uchun do‘kondorlik ham qiladi. Turkiston ozodligi yo‘lida “Turkiston Milliy Birligi” (TMB) markazida faol faoliyat olib borgan. Jumladan, 1928–1929-yillari bo‘lib o‘tgan TMB Bosh kongressida tashkilotning Sharq mamlakatlari bo‘yicha vakili etib saylanadi.

 

Eron va Afg‘onistondagi xizmatlardan so‘ng, 1956–1957-yillari Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan “Amerika ovozi” radiostansiyasida muharrirlik qiladi.

 

 

U 1930-yili toshkentlik Halimaxonga uylanadi, Salima va Qudratulloh ismli farzandlari bo‘lgan. Qayerda bo‘lmasin Turkiston jamiyatlari faoliyatida fidoyilik bilan ishtirok etgan, farzandlarini milliy ruh va vatanparvarlik g‘oyalari asosida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratgan.

 

Tavakkul Bobur 1976-yil 14-aprel kuni, 94 yoshida Istanbul shahrida vafot etgan.

 

Chig‘atoy Ko‘char Tavakkul Bobur haqida shunday xotirlaydi: “Tavakkul Babur Qur’oni karimni puxta yodlagan va uning tafsirini aniq shaklda izoh etgan aydin bir din olimi edi. U xurofiylarga va johil mullalarga qarshi edi. Tavakkul Babur kamtar, yaxshiliksevar, xushsuhbat bir kishi edi. G‘am-kulfat va dardni nafrat etar, har doim xushchaqchaqlik va yaxshilikni, atrofidagi insonlarning ham xush ko‘ngilli bo‘lishini tilagan bir inson edi”.

 

U o‘z so‘zini Tavakkul Boburning quyidagi she’riy satrlari bilan yakunlaydi:

 

“Ana yurtim – buyuk Turkiston,

Ayrilganimdan bugunga qadar.

Yodimda bo‘lgan aziz vatanim,

Doim zikrim va fikrim – sensan, ulug‘ Turkiston”.

 

Tavakkul Bobur Turkiston jadid adabiyotining chuqur bilimdoni sifatida tanilib, ayniqsa Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov va Cho‘lpon ijodini qunt bilan o‘rgangan. Shuningdek, o‘zbek xalq maqollarini uzoq yillar davomida tizimli ravishda to‘plab borgan, biroq nashr etishga ulgurmaydi.

 

Uning ijodida maqol va hikmatli so‘zlar alohida o‘rin egallagan. Muallifning aytishicha, “...“Otalar so‘zi” deb shunchaki o‘tib ketmaylik. Chunki bu so‘zlar juda qimmatli ma’nolarni ifoda etuvchi nasihatlardir. Ayniqsa, xalq shoirlarimizning she’rlari falsafiy mohiyatga ega bo‘lgan hikmatli so‘zlardir.

 

Qish kechalarida mangal yoki pechka boshida oqsoqollar va momolar tomonidan bolalarimizga aytib berilgan ertaklar yosh ruhlarga qahramonlik tuyg‘usini singdiruvchi ibratli hikoyalardir. Shuning uchun ham bular asrlardan beri xalq orasida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelmoqda. Bu so‘zlar o‘lmas asarlar bo‘lib, o‘z qiymatini hech bir davrda yo‘qotmagan. Masalan:

 

It hurar, karvon o‘tar.

Yog‘ ichganda yot yaxshi, qon ichganda qarindosh yaxshi...”.

 

Ya’ni, u “otalar so‘zi” tushunchasiga oddiy lingvomadaniy birlik sifatida emas, xalqning asrlar davomida to‘plangan hayotiy tajribasi, axloqiy me’yorlari va falsafiy dunyoqarashini mujassam etgan ma’naviy meros sifatida qaraydi.

 

“...Har qanday millat vakillari milliy va siyosiy kurashga kirishishdan oldin milliyat va vatanparvarlik g‘oyalari bilan qurollangan bo‘lishi shart. Bu qurol millat farzandlariga bolalik davridan boshlab milliy qahramonlik dostonlari va ertaklari orqali singdiriladi. Yoshlik chog‘ida esa xalq shoirlarining she’rlari, milliyat tuyg‘usi va otalar so‘zi orqali ona tilining teranligi va keng ma’nosi o‘rgatilishi bilan ta’minlanadi.

 

Shu tarzda u millat vakillari jamiyat sifatida milliy madaniyat sohasida yetishadi va yuksaladi. Bunday yuksalish esa o‘sha millatning har qanday milliy kurashda muvaffaqiyat qozonishi uchun kafolat bo‘lgan asosiy omildir. Bu borada bir necha misol keltirish mumkin:

 

Boshda Finlandiya bo‘lib, Boltiqbo‘yi davlatlari bu sohadagi katta g‘ayrat va mehnatlari natijasida, millat sifatida birgalikda kirishgan milliy va siyosiy kurashlarida zafar quchib, mustaqillikka erishdilar. Ayniqsa, 3 million aholidan iborat bo‘lishiga qaramay, madaniy jamiyatlarining soni 20 000 dan oshgan Fin millati biz Turkistonliklar uchun ibratli dars bo‘lishi kerak. Buni ibrat va havas bilan kuzatishimiz lozim.

 

Luqmani unga berki, och erur

Jomani (kiyimni) unga berki, yalang‘och erur...”.

 

Mazkur hikmatda “luqma” va “joma” obrazlari moddiy ehtiyojlarning eng asosiy ko‘rinishlari, ya’ni oziq-ovqat hamda kiyim-bosh ramzi sifatida qo‘llanilgan. “Och” va “yalang‘och” atamalari esa jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, muhtojlik va ehtiyoj holatini anglatadi. Shu orqali xalq donoligi insonni o‘zidan ko‘ra boshqalar ahvoliga e’tibor qaratishga, jamiyatdagi zaif qatlamni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etadi. “...Shunday bo‘lgani uchun ham Fin millati dunyoning eng kuchli va madaniyatli millatlari qatoridan joy olmoqda...” deb ta’kidlanadi.

 

Tavakkul Bobur ijodiy merosida maorifparvarlik, milliy uyg‘onish va siyosiy ong masalalari o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, u o‘z davrida sodir bo‘lgan siyosiy voqeliklarning sabab-oqibatlarini chuqur anglagan holda, ayrim hollarda milliy ziyolilar tomonidan bilib-bilmay dushmanning tegirmoniga suv quyilganini tan oladi. Jumladan, “...bilmasdan dushmanning tegirmoniga suv quygan bo‘ldik. Bu achchiq tajribalar bizga ko‘rsatyaptiki, ziyoli yoshlarimizga tushadigan ilk vazifa – siyosiy kurashga otilishdan oldin xalqimizni bu sohada (ma’rifatda – M.Darmonova) tarbiyalashdir.

 

Uning asarlarida o‘zini-o‘zi tanqid qilish, xatolardan xulosa chiqarishga qaratilgan fikrlar shakllangan. Ayniqsa, siyosiy kurashdan oldin ma’rifatni ustuvor qo‘yish g‘oyasi ilgari suriladi. Unga ko‘ra, xalq ongi yetarli darajada ma’rifat bilan qurollanmas ekan, har qanday siyosiy harakat samarasiz yoki hatto zararli tus olishi mumkin.

 

Mazkur g‘oyani xalqqa yanada ta’sirchan yetkazish maqsadida Turkiston lahjasi va xalq og‘zaki ijodiga xos badiiy ifoda usullaridan foydalangan. Xususan, “Turkiston uchun” deb nomlangan she’rida xalqqa murojaat shakli tanlanib, o‘tmishdagi ilmiy-ma’rifiy taraqqiyot va hozirgi tanazzul o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilik ochib beriladi:

 

“Bir zamonlar sen porlagan eding

Ma’rifat sari nom olgan eding.

Turmasang, bugun ko‘zingni ochmasang,

Har bo‘lak bitar sevgili eling.

 

“Bir zamonlar sen porlagan eding” degan misra orqali Turkistonning tarixiy xotirasi, ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lgan davrlariga ishora qilinsa, “turmasang, ko‘zingni ochmasang” degan da’vatlar xalqni uyg‘onishga, faollikka chorlaydi. Bu yerda uyg‘onish ramzi xalq og‘zaki ijodiga xos ramziy ma’noda qo‘llanilib, ma’rifatni milliy saqlanishning yagona sharti sifatida talqin etadi. Muhojirlik davrida yaratilgan ushbu g‘oyalar Tavakkul Bobur uchun faqat shaxsiy fojia yoki hasrat bo‘lib qolmasdan, umummilliy tajribaning badiiy ifodasiga aylangan. Muhojirlik sharoitida u xalq og‘zaki ijodidagi da’vat, nasihat va ibrat omillariga murojaat qilib, milliy xotirani saqlab qolishga intiladi. Shu jihatdan, uning she’riy misollari siyosiy publitsistika bilan og‘zaki ijod an’analari orasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi.

 

Tavakkul Bobur tomonidan xalq maqollaridan tashqari, milliy ziyolilarning she’riy parchalaridan ham namunalar keltirilgani uning ijodiy-uslubiy qarashlarida adabiyotni mafkuraviy vosita sifatida qo‘llashga alohida e’tibor berilganini ko‘rsatadi. Jumladan, Tillaxon qizi she’ridan olingan misralarda mustamlakachilikka nisbatan keskin munosabat, begona hukmron kuchlarga qarshi nafrat va qarshilik ruhi ramziy-obrazli ifodada namoyon bo‘ladi:

 

Tillaxon qizidan:

 

Ey sovuq o‘lkalardan muz kiyib kelganlar,

U qo‘pol tovushingiz qirlarda yo‘q bo‘lsin.

Ey menim bog‘imdan mevamni yeganlar,

Qop-qora boshingiz yerga ko‘milsin.

 

Cho‘lpon ijodidan keltirilgan she’riy parchada esa qullik va asirlikka qarshi inson tabiatiga xos erkinlikka intilish g‘oyasi markaziy o‘rin tutadi:

 

Cho‘lpondan:

 

Oltin qo‘ng‘izni bolalar ushlab,

Ip bilan ko‘klarga uchirib o‘ynarlar.

Qullikni sevmagan yo‘qsulni quchoqlab,

Nimaga o‘zining erkiga qo‘ymaslar?”

 

Ushbu she’riy namunalarni maqsadli ravishda tanlashi orqali Tavakkul Bobur milliy ziyolilar merosini xalq og‘zaki ijodi bilan uyg‘unlashtirgan va ular o‘rtasida g‘oyaviy uzviylik mavjudligini ko‘rsatgan. Bu holat uning faoliyatida adabiy meros muhojirlik sharoitida ham milliy ongni uyg‘otish, hurriyat g‘oyasini saqlash va avlodlar xotirasiga yetkazishning muhim vositasi bo‘lganini isbotlaydi.

 

Xulosa qilib aytganda, Tavakkul Bobur faoliyati muhojirat sharoitida nomoddiy madaniy merosni, xususan, xalq og‘zaki ijodini saqlash va targ‘ib etishda shaxs omilining naqadar muhim ekanini yaqqol namoyon etadi. U siyosiy tazyiqlar tufayli Vatandan yiroqda yashashga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, milliy ma’naviy qadriyatlardan uzilmagan, aksincha, ularni hujjatlashtirish, ilmiy o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga butun umrini bag‘ishlagan.

 

Mashhuraxon DARMONOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

1.                               Chig‘atoy Ko‘char shaxsiy arxivi. “Ozodlik” radiosi materiallari. “O‘zbek siyosiy va madaniy arboblari” turkumi, Abdulla Tavakkul Babur hayotiga bag‘ishlangan eshittirish. Muallif: Ch.Ko‘char, muharrir: H.Ikrom. 06.11.1988; “Ozodlik” radiosi, “O‘zbek xizmati” bo‘limi. “Madaniy meros” turkumi: “Markaziy Osiyo muhojirlar matbuoti tarixi” (5-qism: “Yangi Turkiston”, 1927). Muallif: Xo‘ja o‘g‘li, muharrir: Ikrom, rejissyori – Vafoli. 12.06.1989.

2.                               Dr. Naim Öktem / “Türk Dünyası”. Nr-42, sahifa-29-30, İst. 1976.

3.                               Abdullazoda Tavakkal. Farg‘onadagi kurashlar / Yengi Turkiston jurnali. 1928 mart 31. Soni 9. Sahifa 10-11.

4.                               M.Darmonova shaxsiy arxividan. Chig‘atoy Ko‘char bilan suhbat (Tavakkul Bobur haqidagi xotiralar). Adana, Turkiya. 2023-yil sentabr.

5.                               “Özbek Türk Atasozlari”. Ede. Fak. Mez. Tezi. Çağatay Koçar. 1975.

6.                               Tevekkül BABUR. Atalar sözü yahut Atasözleri / “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. 20 Mart 1959. S. 12.

7.                               Tavakkul Bobur. Ata Sözleri veya Atalar Sözü / “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 2. 20 Nısan 1959. S. 12.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//