Yurt qaygʻusi haqidagi asar – “Yaldo kechasi” tajallisi


Saqlash
17:41 / 14.01.2026 84 0

“Oʻtkan kunlar” romanining oxirida “Yozgʻuchidan” bir ilova berilgan: “Keyingi Margʻilon borishimda yaqin oʻrtoqlardan Yodgorbek toʻgʻrisini surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning oʻn toʻqqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki oʻgʻul qolibdir. Oʻgʻillaridan bittasi bu kunda Margʻilonning masʼul ishchilaridan boʻlib, ikkinchisi Fargʻona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nom-u nishonsiz, oʻluk-tirigi maʼlum emas, deydilar”.

Ushbu toʻrtta tugal gapdan iborat yakun yangi bir asarga xamirturush vazifasini ham oʻtaydi. Ammo uni kim yozadi? Kim Qodiriy toʻnini yelkasiga iladi? Kimning quvvai hofizasi yetadi? Bu bir asrlik orzu va armon edi.

 

Bu orzuning roʻyobi yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi”ni hali milliy nasrimizda qoʻl urilmagan uslub – adabiy mistifikatsiyadan foydalanib, “Oʻtkan kunlar”ning ruhi va uslubini saqlagan holda goʻyoki Abdulla Qodiriy nomidan taqdim etishi bilan amalga oshdi. Muallif buni asar soʻzboshisida “Oʻzim uchun bir umr maʼnaviy pir deb bilganim Abdulla Qodiriy hazratlarining taʼbiri bilan aytganda, “havasimda jasorat his etdim, havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan choʻchib turmadim”. Ul buyuk zotning muborak nomlaridan soʻz aytishga jurʼat qildim”, deb izohlaydi. Shu tariqa “Yaldo kechasi” tom maʼnoda yangilanayotgan oʻzbek adabiyotida yuksak adabiy voqelik sifatida maydonga keldi.

 

Har bir asarning yaralish tarixi bor. Ibrohim Gʻafurovning “Jadid” gazetasining 2025-yil 26-dekabr sonida eʼlon qilingan “Dolgʻali asr haqida gʻaroyib asar” nomli maqolasida “Kirish soʻzidan 1937-yilning 31-dekabr kechasidagi mashʼum tintuv paytida Abdulla Qodiriy bilan birga, uning xonadonidan olib ketilgan, adibning shaxsiy mulkiga doir qimmatli ashyolar orasida 2060 varaqdan iborat qoʻlyozma ham boʻlganidan xabar topdik”, deyiladi. Ammo I.Gʻafurov nazarda tutgan “Maxfiy” deb atalgan kirish soʻzi kitobga kiritilmagan (aslida 3 xil variantda soʻzboshi yozilgan). Ikrom Iskandarning “Yaldo kechasi”: xulosa va saboqlar” maqolasida (“Jadid”, 2026-yil, 9-yanvar) “Bir kuni Xayriddin aka menga ikki-uch betlik bir qogʻoz berib, oʻqib fikr bildirishimni soʻradi. Tepasiga “Maxfiy” degan tamgʻa qoʻyilgan hujjat bilan tanishar ekanman, hayratdan tong qotdim. “Soʻrovingizga binoan quyidagilarni maʼlum qilamiz”, deb boshlanuvchi rasmiy xatda siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan partiya-sovet arbobi Qurbon Bereginga oid arxivdagi hujjatlar orasidan 2060 betdan iborat qoʻlyozma topilgani, mutaxassislar fikriga koʻra, u Abdulla Qodiriy qalamiga mansub, eʼlon qilinmagan asar boʻlishi mumkinligi, oʻz davrida Qodiriy uni oʻqish uchun Yozuvchilar uyushmasi rahbari Bereginga bergani, shu tariqa qoʻlyozma Bereginning “jinoiy ishi”ga tikib qoʻyilgani ehtimoli” aytiladi. Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobida “Dadamning navbatdagi rejalari “Amir Umarxonning kanizi” nomli roman yozish edi”, deyiladi, ammo asar yozilmagan. Shunga qaramasdan Abdulla Qodiriy adabiyotshunos Muzayyana Alaviyaga “Oʻylab yurgan romanimni yozib bitirsam, kitob boʻlib chiqsa, qoʻrqamanki, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”ni hech kim oʻqimay qoʻyadimi, deyman” degan ekan. Biroq Qurbon Beregin “delo”sidan topilgan qoʻlyozma esa tamomila boshqa boʻlib, “Oʻtkan kunlar”ning ikkinchi kitobi” deb taxmin qilindi va “tarixiy hujjatlar asosidagi badiiy toʻqima” yuzaga keldi. Shundan koʻrinadiki, “Yaldo kechasi” arxiv va fondlardan topilgan minglab hujjatlar, titilib, hilvirab ketgan gazeta-jurnallardagi maʼlumotlarni oʻqish va saralash orqali millionlab zarralar orasidan ajratib olingan oltindek saralangan asl tarixiy haqiqatlar zamiriga qurilgan.

 

“Oʻtkan kunlar” uch boʻlim, 57 bob. “Yaldo kechasi” esa har biri 27 bobdan iborat ikki boʻlimdan tashkil topgan boʻlib, 54 bob, 464 bet zamirida qonli koʻylagini kiygan ona Turkistonning XIX asrning oxiri va XX asrning boshlari, to 1924-yilgacha boʻlgan qariyb oʻttiz yillik tarixi mujassam. Asar “Oʻtkan kunlar”dan farqli oʻlaroq shom azoni emas, juma namozi tugab, odamlarning chor tarafga tarqalayotgani bilan boshlanadi. Qodiriy asar avvalida ogohlikka chaqirgan boʻlsa, X.Sulton Turkiston hayotida juma namozi tugab, tarqoqlik, mahzunlik yuzaga kelganini ramzlashtiradi. “Boyagʻina minglab moʻminlar tovushi ila toʻlgʻon masjidi muazzamning chil ustunlik salqin, nimqorongʻi tolorlari, hujrayu xonaqohlarigʻa yana sukunat choʻmdi”.

 

Yaldo kechasi eng uzun tun boʻlib, 21-dekabrdan 22-dekabrga oʻtar kechasi hisoblanadi. Asarda esa bu uzun kecha Turkiston xalqlari boshiga tushgan qora kunlar, istibdod davrini ifoda etadi va ramzlashadi. Oʻgʻri va qaroqchilar asosan tunda ovga chiqadi, shafqat bilmaydi. Hatto kasalliklar ham negadir tunda koʻproq xuruj qiladi. Odamzod esa tongni kuta boshlaydi.

 

Asarda Yodgorbek va uning ikki farzandi arjumandi – Ozodbek va Odilbek, Zumradbibi, usta Alim, jadid Nusratxon toʻra, Dadaxon muallim, Maqsud ponsad, Haydar Burhon, Oynisa qoʻrboshi kabi qahramonlar taqdiri orqali Turkiston xalqlari ijtimoiy hayoti, boshiga tushgan koʻrguliklar, judoliklar ochib beriladi. Tarixiy va toʻqima obrazlar orqali muazzam bir adabiy maydon yaratilib, yaxlit asar vujudga kelgan. Uslubda Qodiriyga xos nuktadonlik, tarixiylik, obrazlilik, ramziylik, urf-odat va anʼanalar, oʻynoqi soʻz, xatlar, motivlar, tiniq tasvir va xalqona iboralar, maqol-u matallar namoyon boʻladi. Ahyon-ahyonda muallifning voqeaga aralashishlari ham kuzatiladi. Qodiriy “Oʻtkan kunlar”ning ikkinchi bobida Otabek Ziyo shohichining uyida mehmonda vaqtida “Bizning Otabek” deb voqeaga ilk bor aralashgan boʻlsa, Xayriddin Sulton toʻrtinchi bobda “Hammadan koʻra koʻproq Yodgorbekning suyunganini aytib oʻtirishqa hojat yoʻq, albatta” deydi. Shu tarzda oʻqtin-oʻqtin aralashuvlar kuzatiladi. Biroq ular tishga tegmaydi, aksincha, asarning tub mohiyatini ochishga xizmat qiladi va oʻqishimliligini oshiradi.

 

“Yaldo kechasi” qahramonlari boshqa asarlardan farqli oʻlaroq ogʻir, bosiq va qaygʻuli. Qalbini millat dardi, Turkiston qaygʻusi kemirib turgan insonlar. Ular avval Chor Rusiyasi, keyin esa shoʻrolar istibdodi davridagi eng uzun va mahzun, zulmatli tun – Yaldo kechasida, mustamlaka zulmi ostida ogʻir va iztirobi hayot kechiradi. Ular hurriyat istaydi va bu yoʻlda shahid boʻlishga ham tayyor. Asar Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat va milliy istiqlol orzusi bilan sugʻorilgan boʻlib, kitobxonni ham bugungi dorilamon kunlarga shukrona keltirishga, tinchlik va farovonlik qadriga yetishga undaydi.

 

Roman qahramonlarning maslagi yuksak. Ular oila, roʻzgʻor ishlari, kunlik tirikchilik gʻamini oʻylashmaydi ham. Boshga ish tushganda bu tashvishlar hech boʻlib qoladi. Ular faqat el-yurt ozodligi uchun qaygʻuradi. Yodgorbek “Axir, bu kunlarda Ovrupo xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupolilar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va qisqa kiyim janjallari, alarning shaharlari iliktrik bilan yoritilur va isitilur ekan, turkistoniy ahli donishlar orasinda toʻy kuni qoʻyni kelin kelishidan avval yoki keyin soʻygʻan joizmi... degan ixtiloflar hanuz davom etayotgʻani hech kimga sir emas-ku” deb kuyunadi va Ostroumovga yozgan xatida “xalqqa muhabbat, zulmga adovat, fisqu fujurgʻa nafrat, riyo va zarparastlikka xusumat”ini oshkor etadi. Bu jonsoʻzlar yurakni titratadi, qalblarni uygʻotadi. Hatto “Najot” gazetasining 31-sonida eʼlon qilingan maqolasidagi “Bizlar hech kimga xushomadgoʻylik qilmaymiz va hech kimdan qoʻrqmaymiz. Bizlar vijdon va nomusimizni pulga sotmaymiz. ...Toʻgʻriliq yoʻlinda boʻhton, hisb, hatto oʻlimdan ham qoʻrqmaymiz. Toʻgʻriliq va muqaddas maslagimiz yoʻlida qurbon boʻlmoqni oʻzimiz uchun sharaf deb bilamiz!” degan soʻzlari Turkiston erlarining jasoratini namoyon etadi. Yoki Nusratxon toʻraning “mamlakatdorlik yolgʻiz hoy-u havas bilan poydor boʻlmas. Iqtidor, avvalan, harbiy iqtidor kerak. Sarmoyaviy qudrat lozim. Soniyan, el-ulusning yakdilligi, qoʻllovi darkor. Taassufki, muxtoriyatda mana shu uch nimarsaning oʻzi yoʻqtur. Boʻlsa-da chala va zaifdir” degan achchiq haqiqatlari nafaqat oʻsha davr kishilarini, balki bugungi kitobxonni ham oʻyga toldiradi. Bu yoʻqchilik, ocharchilik, sinovlar, fitnalar bora-bora aka-uka Ozodbek bilan Odilbek oʻrtasiga ham nizo soladi va butun bir oilaning, ramziy maʼnoda otalari bek boʻlgan Turkiston bolalarining tarqoq, yoʻq boʻlib ketishiga olib keladi.

 

Portret yaratishda har bir yozuvchi oʻz uslubi, gʻoyaviy maqsadiga tayanadi. Yuksak mahorat bilan yaratilgan portret insonning toʻlaqonli obrazini namoyon etadi, ruhiy dunyosini chuqurroq ochish vositasiga aylanadi. Abdulla Qodiriy yaratgan Otabek, Kumush, Zaynab, Yusufbek hoji, Oʻzbek oyim, Oftob oyim, Mirzakarim qutidor, Xushroʻybibi, usta Alim, Saodat kabi oʻnlab portretlar kitobxon koʻz oldida muhrlanib, qalbiga singib ketgan. Ularning ayrimlari “Yaldo kechasi”ga ham oʻtib, yanada ardoqli insonlarga aylandi. Ularning biri fidoyi, biri mushtipar, biri jadid, biri qoʻrboshi, biri xoin... Asar voqealari ular atrofida sodir boʻladi va bir yaxlit manzara hosil qiladi.

 

“Yaldo kechasi” romani “shakartek til bila” bitilgan. Garchi asarda Qodiriyga xos “gʻan” uslubi ustuvor boʻlsa-da, oʻquvchini toliqtirmaydi, hatto bunga ahamiyat ham bermay qoʻyadi. Kitobxon ilk sahifalardanoq yoridan ayrilgan Otabek hayotining davomini kutadi va voqealar zamiriga singib ketadi. Sahifalar qaʼriga sochilgan maqol va matallar, nozik iboralar, qochirimlar, topilmalar oʻquvchiga zavq beradi. Birgina maqollarni olib koʻraylik:

Toʻqqiz toʻlgʻoq bir keladi;

Zamon oʻzgargani bilan inson zoti oʻzgarmas;

Insonning qoʻli gul, oyogʻi choʻl;

Uzun soʻzning qisqasi yaxshi;

Shoshqaloqlik shaytonning ishi;

Osh – avliyo, non – paygʻambar;

Har joyning tulkisini oʻz tozisi bilan ovlaydi.

 

Ularning qoʻllanilishi roviy uslubi bilan birga xalqimizning azaliy donishmandligini ham namoyon etadi. Mirzakarim qutidorning Yodgorni “hayotimiz shamchirogʻi, nuri ayn boʻldi”(18), deya ardoqlashi, Otabekning Kumushni “hayoti lolazorim”(33) deya yodlashi, “tovushi tovlanib”, “qunishib”, “tamshanib”, “tanazzul burji”, “hovliqmachoq”, “olam bu kunlarda hozirgʻina chimildiqdan chiqqan kelinchak singari suluv va malohatliq edi”, “moshinavori” kabi sifatlarning qoʻllanilishi oʻzbek tilining boyligini va soʻz latofatini koʻz-koʻz etadi. Asarda berilgan tumor voqeasi, Mahambet merganning toʻrt devor ichida yuragi siqilib, hovli oʻrtasiga oq oʻtov tikib yashashi, oʻrus askari Fargʻonani bosib olganida “Kofirning oyogʻi tekkan koʻcha menga harom” deb to vafotiga qadar hovlisidan chiqmagan ayolning jasorati, Qoʻrboshilar ichgan qasam, ocharchilik yillarida oʻz farzandini yeb qoʻygan odamlar... bularning barchasi asarning eng ogʻriq nuqtalari boʻlishi bilan birga kitobxon xotirasida bir umrga muhrlanib qoluvchi jarohatlar hamdir.

 

“Yaldo kechasi”da muallifning yana bir yutugʻi va mahzun jasorati Turkistonga nisbatan qoʻllagan oʻlmas iboralardir:

“Oʻrusiya iperatoʻri tojidagi gavhar – Turkiston”;

“Turkiston eski dunyoning Amriqosi”;

“Bu dunyo jihodgardur”;

“Turkiston – motamxona”.

 

Mazkur iboralar oʻquvchini oʻylantirib qoʻyadi, qattiq iztirobga soladi, koʻzlariga yosh keltiradi. Yurt qachon bu ahvolga tushdi? “Bor-yoʻgʻi ikki foizgʻina aholisi savodxon” degan tuhmat va haqoratlar qanday paydo boʻldi? Goʻzal Turkiston nega motamxonaga aylandi? Nega Choʻlpon:

“Goʻzal Turkiston, senga ne boʻldi?

Sahar vaqtida gullaring soʻldi.

Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,

Hammasi mahzun. Boʻlmasmi dil shod?” – deya faryod qildi? “Ey, goʻzal Fargʻona, qonli koʻylagingdan aylanay!” deya qonlar yutdi. Odilbek qizil askarlarga qarshi mardona kurashayotgan chogʻda uning koʻksiga tekkan oʻq nogoh kitobxon qalbiga qadalgandek boʻladi. Unga qoʻshilib, “Oh” deb yuboradi. Qalblardan bir nido otilib chiqadi:

“Odilbek oʻldimi? Aslo! Zotan Odilbek kim edi? U Vatan va din mujohidi, mardi Xudo edi! Bas, shundoq insonni oʻldi deb boʻlurmi? Basharti, Odilbek oʻlgan boʻlsa-da, ayting uning ishi, uning aʼmoli, uning maslagi ham oʻldimi? Aslo oʻlgani yoʻq!”

Nogoh “Bayroqni kim koʻtaradi?” degan savol oʻrtaga chiqadi. Kim?!

 

Asar ana shunday toʻlqinlantiradi, qalblarga olov yoqadi! Yaldo kechalarida yoqilgan bu olov uygʻotuvchi alanga boʻlib, asrlar qaʼridan bugungi kungacha yetib keladi. Bobolar orzu qilgan va shu yoʻlda jonlari fido boʻlgan milliy istiqlolga munosib boʻlishga daʼvat etadi. Zero, vatanparvarlik sohibini moli, vaqti, kuchi, hatto joni-yu, ruhini mardlarcha fido qilishga undaydi.

 

Kitobni yopqach...

Biroz fikr qilgan holda taʼkidlash kerakki, “Yaldo kechasi” tajallisida quyidagilar namoyon boʻladi:

- oʻzbek adabiyotida ilk bor adabiy mistifikatsiyadan foydalanildi;

- jadid obrazi ilk bor Yodgorbek Otabek oʻgʻli, Nusratxon toʻra, Dadaxon muallim kabi obrazlar misolida yorqin namoyon boʻldi;

- jadid maktablarining mashaqqatli faoliyati ochib berildi;

- jadid matbuoti “Najot” gazetasi misolida talqin etildi;

- hasrati Usmon musʼhafi tarixi va uning yurtimizga qaytarilishi badiiy ifodasini topdi;

- Turkistonda kechgan ocharchilik adabiyotga olib kirildi va obrazlantirildi;

- “Baynalmilal oila”ning yuzaga kelishi va maqsad-muddaolari fosh qilindi.

Bundan tashqari, “Yaldo kechasi”da muallifning vaqtli-bevaqt voqeaga aralashishlari, Nusratxon toʻra obrazi, 27-, 100-, 260-sahifalarida tasvirlar va ayrim oʻrinlar ham borki, bu boshqa maqola uchun alohida mavzudir...

 

Xoliyor SAFAROV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//