Navoiyning nomi Hind o‘lkasiga Boburdan ancha avval borgan


Saqlash
12:37 / 13.01.2026 16 0

Hazrat Mir Alisher Navoiy nomi yetti iqlimda ma’lum-u mashhur. Yigit kezlaridayoq Oqquyunlilar davlatidagi muxlislari tomonidan ilk devoni tartib berilgan, shoirning dilbar g‘azallari Usmoniylar davlatidan Qozon xonligiga qadar yetib borgan edi.

 

Navoiyning nomi Hind o‘lkasiga Boburdan ancha avval yetib borgani ma’lum. Husayn Boyqaro Lo‘diylar (1451–1526), Sharqiy Hindiston (1394–1479), Bahmaniylar (1347–1527) davlatlari bilan savdo va diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan edi. Jumladan, lo‘diylarning mashhur shoiri Mavlono Jamoliddin Jamoliy 1492-yili Hirotga kelib shoir-u fozillar bilan hamsuhbat bo‘lgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan “Tazkirai Husayniy” asarida Jamoliddin Jamoliy Hirotda Alisher Navoiy bilan ham uchrashish baxtiga muyasar bo‘lgani qayd etilgan.

 

Bahmaniylar saroyining nozikta’b shoirlaridan biri, vazir Xoja Mahmud Govon ham xurosonlik shoirlar, jumladan, Abdurahmon Jomiy bilan yozishma olib borgan. Shu orqali Navoiy ijodi va faoliyati bilan yaqindan tanish bo‘lgan.

 

Bahmaniylarning yana bir shoiri Mir Hoshimiy Kirmoniy “Maxzan ul-asror” (Nizomiy Ganjaviy) dostoniga javoban yozgan “Mazhar ul-asror” masnaviysida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy nomini hurmat bilan tilga olib o‘tgan. Jumladan, Navoiyni “ming bir fazilatga ega amir”, “barchaga o‘rnak bo‘ladigan mumtoz va nodir inson” deya ta’riflaydi.

 

Hindistondagi Raza kutubxonasida Navoiy bilan bog‘liq bir qancha qo‘lyozmalar mavjud. Shulardan biri “Tuhfai murshidiy” asaridir. Izohda mazkur risola Alisher Navoiyning iltimosiga ko‘ra yozilgani qayd etilgan.

Bobur Mirzoning qizi Gulbadanbegim “Humoyunnoma” asarida akasi Humoyun Mirzo saroyida Turkiston, Samarqand va Buxorodan kelgan shoirlar ishtirokida muntazam mushoiralar o‘tkazilgani haqida so‘z yuritadi.

 

Boburiylar davrida Alisher Navoiy devonlari ko‘chirilgan, ularga miniatyuralar ishlangan. Jumladan, Vindzor kutubxonasida Navoiyning nodir qo‘lyozmasi saqlanadi. “Buxoro qo‘lyozmasi” deb nomlanadigan mazkur “Terma devon” xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan Hirotda 1491-1492-yilda ko‘chirilgan va unga shoirning muborak nigohi tushgan bo‘lsa ajab emas. Keyinchalik Hindistonga   –   boburiylar saroyiga kelib qolgan ushbu qo‘lyozmaga hind rassomlari rasm chizgan.

 

Ikkinchi qo‘lyozma “Xamsa”ning to‘liq to‘plami bo‘lib, u ham Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan. Unga La’l, Manohar, Mukund singari hind rassomlari suvrat ishlagan. Ushbu noyob qo‘lyozmalarga boburiy hukmdorlar – Jaloliddin Muhammad Akbarshoh (1556–1605) va Nuriddin Muhammad Jahongir (1605–27) saroyi kutubxonasida ziynat berilgan.

 

“Xamsa” miniatyuralari hind va Xuroson ijodiy an’analari asosida chizilgan. Sulton Husayn Boyqaro taxtda, qo‘lida piyola tutib o‘tiribdi. Temuriy hukmdor musavvir Behzod chizgan miniatyuralarga mos ravishda yashil libosda tasvirlangan. Alisher Navoiy sultonga tavoze bilan kitob ko‘rsatmoqda. Navoiy ham boshqa tasvirlardagi singari sarg‘ish libosda. Atrofda mulozimlar jiddiy bir marosimga hozirlik ko‘rayotir. Taxt poyidagi kichik xontaxtaga noz-ne’matlar keltirilmoqda. Qassoblar qo‘ylarni so‘yishga shay turibdi. Xizmatkor hind miniatyuralaridagi singari engil-boshda tasvirlangan. Bu musavvirning hind millatiga mansubligi, xurosonliklarning kiyinishi haqida tasavvurga ega emasligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Sahifa tepasida Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidan Sulton Husayn Boyqaro madh etilgan bobning dastlabki baytlari bitilgan. She’riy parchadagi “Sulton Husayn” so‘zi zarhal bo‘yoqda yozilgan. Shu holatning o‘ziyoq boburiylar xonadonida o‘z ajdodlari – temuriy hukmdorlarga ehtirom yuksak bo‘lganidan dalolat beradi.

 

“Hayrat ul-abror”da keltirilgan ikki vafodor yor hikoyatiga ham alohida rasm ishlangan. Hikoyatda Amir Temur Hindistonni zabt etganida yuz bergan bir voqea bayon qilinadi. Sohibqiron o‘lkani egallagach, yuz ming kishini o‘limga buyuradi. O‘sha mahal jallod ikki vafoli yorni kunda boshiga keltiradi. Ammo har ikkisi ham sevgilisiga bir necha daqiqa uzoqroq umr bag‘ishlamoq uchun o‘zini oldin o‘ldirishini so‘raydi. Bu hodisa Amir Temur qulog‘iga yetib boradi va u barcha asirlarni o‘limdan ozod qiladi.

 

Shuningdek, ushbu qo‘lyozmada “Hayrat ul-abror”dagi Ibrohim Adham va Robiyai Adaviya, Muhammad Xorazmshoh va Imom Faxriddin Roziy hikoyatlariga atab ham miniatyuralar chizilgan.

 

Sulton Muhammad Akbar (1542–1605) zamonida tarixchi Abulfazl Allomiy tomonidan “Boburnoma”ga taqlidan bitilgan “Akbarnoma” asarida muallif shoh Bobur bilan janglarda yonma-yon yurgan Sulton Muhammad Ko‘sa ismli mulozimni zikr etarkan, “Juda xushxulq kishi edi, tab’i nazmi bor edi, Mir Alisherning safdoshlaridan biri bo‘lib, a’lohazratning sharafli jamiyatida yashagan edi” deydi (Abu-l Fazl Allami. Akbar-name. Samara, “Agni”, 2005. Str. 83). Ushbu misol Navoiy zamonasi va Hirot adabiy muhitida yashagan tarixiy shaxslar boburiylar davrida ham o‘ziga xos mavqega ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Boburiylar davrida fors tilida ijod qilgan shoirlar ham Navoiy ijodidan xabardor bo‘lgan. Jumladan, Mirzo Abdulqodir Bedil (1644–1721) Navoiydan ulgi olganiga guvoh bo‘lamiz. Chunonchi, Navoiyning “Badoyi’ ul-bidoya” devonidagi ushbu baytlarga e’tibor qarataylik:

 

Ko‘z xonasini qildi barandoxta bu ashk,

Ko‘z bordi vale xonabarandozi qoliptur.

Ko‘nglum qushi to sunbulunguz domig‘a tushti,

Bulbul kibi har gul sari parvozi qoliptur.

 

Bedil Navoiydan ikki asr keyin yashagan. Bu davr ichida Navoiyning turkiy va forsiy asarlari musulmon Sharqida, xususan, Hind zaminida keng yoyilgan edi. Bedilning ota-bobolari ham shahrisabzlik, turkiy barlos urug‘idan bo‘lgan. Demak, u turkiy adabiyotning eng ulug‘ shoiri ijodiga befarq bo‘lishi mumkin emasdi. Bedilning quyidagi g‘azalida Navoiyning yuqorida keltirilgan baytlariga xos qarashlar sezildi:

 

Qufli vasvos ast chashmi man dar in ibratsaro,

Hamchu mijgon umr dar bastu kushodam raftaast.

Sayri gul nazri chununi beniyozy kardaam,

Pesh-peshi rang-u buho e’timodam raftaast.

 

(Bu ibrat saroyida ko‘zlarim xuddi vasvos qulfiga o‘xshaydi. Umrim xuddi kiprik singari ochilib yopilguncha o‘tib ketibdi. Beniyozlik, telbalik ila vaqtimni gul sayriga bag‘ishladim. Xuddi gullarning rangi va hidi singari mening ishonchim ham so‘nib bitdi.)

 

Har ikki g‘azalda vaqtning yugurikligi, umrning bevafoligi, lahzaning g‘animat ekani badiiy san’atlar yordamida tasvirlangan.

 

Navoiyning “Qaro ko‘zum...” g‘azalidagi ushbu misra barchamizga yaxshi tanish:

 

Takovaringg‘a bag‘ir qonidin xino bog‘la,

Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.

 

Takovar – tulpor degani. Shoir otingning oyog‘iga jigar qonidan xino qo‘yib, jon ipi bilan itingni bog‘la, demoqda. Bedilning quyidagi forsiy misralarida ham ana shu mazmun yashiringan:

 

Bo xino rabte nadorad rashki istig‘noi noz,

Menihi po bar dili purxun-u gulgun mekuni.

 

Rashk, noz-u istig‘no bilan xinoning qanday aloqasi bor? Oyoqni qon to‘la yurakka bosib ham uni xino qo‘ygandek gulgun qilish mumkin. Bedil bu o‘rinda iyhom san’atidan mohirona foydalangan. Gulgun so‘zining birinchi ma’nosi qizil tusli, guldor degani bo‘lsa, ikkilamchi ma’nosi Nizomiy dostoni qahramoni Shirinning otiga ishoradir.

 

Umuman olganda, boburiylar hukmronligi davrida Navoiy asarlari kotiblar tomonidan qayta-qayta ko‘chirilishi barobarida Hindistondagi turkiy va forsiy adabiy muhit rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.  

 

Rustam JABBOROV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Hindni cheriksiz zabt etgan zot” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//