Nega yengildik? – Biz bil(ma)gan haqiqatlar


Saqlash
16:17 / 09.01.2026 282 0

Har qanday xalqning ma’naviy qiyofasi va taraqqiysi milliy g‘urur, ona tilini ardoqlash va o‘z tarixiga ehtirom bilan chambarchas bog‘liqdir. Xo‘sh, biz ozod millat o‘laroq ushbu uch muhim fazilatni shakllantira oldikmi? Albatta, bu borada yutuqlarimiz bisyor. Ammo biz maqolada ko‘proq isloh etmog‘imiz lozim bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratmoqchimiz. Zero, tanqid-u tahlildan oqilona xulosa chiqarib, xatolarni o‘nglash ham millatning ulug‘ligi, donishmandligidan dalolat beradi.

 

Avvalo, milliy g‘urur xususida musohaba etsak. “Milliy g‘urur – har bir millatning o‘z-o‘zini anglashi natijasida sodir bo‘ladigan ichki ruhiy kayfiyati. Bu tuyg‘u o‘z ona zamini, ajdodlari tomonidan qoldirilgan moddiy, ma’naviy merosdan, o‘z millatining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasidan, o‘zga millat oldidagi qadr-qimmati, obro‘-e’tiboridan faxrlanish hissiyotidir”, deyiladi manbalarda (“Mustaqillik” izohli ilmiy-ommabop lug‘ati. Toshkent, 1998. 142-143-betlar).

 

Biz Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrida jahon ilm-u fani rivojiga bemisl hissa qo‘shgan buyuk bobolarimiz, xususan, yurtimiz hududida XI va XV asrlarda dorul hikmatga (Xorazmda Ma’mun va Samarqandda Ulug‘bek akademiyalari) asos solgan ma’rifatparvar hukmdorlarning sharafli xizmatidan qalbimizda ulkan faxr tuyamiz. Taassufki, mintaqa uch xonlikka bo‘lingan davrdan boshlab iftixor tuyg‘usi tobora so‘nib bordi va pirovardida biz o‘zga millatlar qarshisida qaddimizni adl tutib yurolmaydigan holga tushdik. Achchiq, ammo ochiq xulosamizni asoslamoq uchun tarixdan ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin.

 

Yurtimiz Rusiya mustamlakasiga aylangan XIX asrning ikkinchi yarmidagi hodisalarni yodga olaylik. Chor imperiyasi O‘rta Osiyoga hujum qilishdan oldin talay omillar qatori, o‘lkada hukm surayotgan uch o‘zbek davlatining (Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari) o‘zaro munosabatlarini chuqur o‘rgangan va ular hatto g‘anim bosqini vaqtida ham bir-biriga ko‘mak bermasligi to‘g‘risida qat’iy xulosaga kelgan edi. Voqealarning keyingi rivoji ushbu xulosaning to‘g‘riligini tasdiqladi. Holbuki, Rusiya imperiyasi 1853–1856-yillarda Qirim urushidagi mag‘lubiyat ortidan og‘ir ahvolga tushib qolgan edi. Og‘zibirchilikning yo‘qligi sababli esa xonliklar kuchdan qolgan davlatga birin-ketin taslim bo‘ldi.

 

Rusiya imperiyasi 1873-yili Xiva xonligiga qarshi harbiy harakat boshlaydi. Bu yurishda amerikalik jurnalist, “New York Herald” gazetasi muxbiri Yanuariy Aloiziy Mak-Gahan ham qatnashgan. Uning Xiva yurishiga oid esdaliklari “Jahon adabiyoti” jurnalining 1997-yil 2-sonida bosilgan edi. Mak-Gahan o‘z xotiralarida, jumladan, quyidagilarni bayon etadi: “O‘rislar deyarli qarshilikka uchramay Amudaryodan kechib o‘tdilar. Biz kechuvdan ming mashaqqat bilan o‘tayotganimizni xivaliklar ro‘paradagi baland qirg‘oqdan kuzatib turishardi. Ular juda qulay marrani egallagan, hatto tosh otib bo‘lsa-da, bizga katta talafot yetkazishlari mumkin edi... Xivaliklarning tumshug‘i uzun mis zambaraklari uzoqqa otishda ruslarnikidan qolishmasdi. Afsuski, jang qilishga xivaliklarda na xohish va na jur’at sezildi. Biz qirg‘oqqa tirmashib, bir amallab chiqa boshlagach, chekinishga tushishdi. Ular tashlab ketgan ko‘p zambaraklarni o‘lja oldik”.

 

Amerikalik muxbirning ta’kidlashicha, chor armiyasi kechuv chog‘ida katta talafot ko‘rgan. Askarlarning sillasi qurigan, oziq-ovqat zaxirasi tugagan, otlarning ham yem-xashagi qolmagan. Sirasini aytganda, bosqinchilarning mag‘lubiyati muqarrardek edi. Biroq taqdirning hazili, tarixning istehzosini ko‘ringki, xivaliklar o‘z dushmani oyoqqa turib olishiga ko‘maklashadi, chor askarlariga non va boshqa yeguliklar ulashadi, otlariga yem-xashak sotadi. Yozuvchi Tog‘ay Murod ta’biri bilan aytganda, g‘animga poy-patak bo‘ladi. Mak-Gahan ham xivaliklar yog‘iyga iltifot ko‘rsatganidan chandon hayratga tushganini yozadi.

 

Keyinchalik muxbir Rusiya poytaxtida Xiva xoni Ikkinchi Muhammad Rahimxon bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan va uni favqulodda hayron qoldirgan o‘sha hodisa xususida ham so‘ragan. Mak-Gahan xonning javobidan quyidagicha xulosaga keladi: “Ularning siyosat bilan ishi yo‘q. Eng katta tashvishlari – qorin to‘ydirish, tinchgina yashash; kim ularning tirikchiligiga ko‘maklashsa, o‘shani do‘st tutishadi”.

 

Chechenistonning milliy ozodlik kurashi yetakchisi Javhar Dudayev bunday degan edi: “Agar bugungi otalarning qo‘rqoqligi ehtiyotkorlik deb xaspo‘shlanadigan bo‘lsa, ertangi farzandlar qulligi sodiqlik deb ataladi!” Ha, topib aytilgan gap.

 

Agar o‘sha kezlar Turkiston ahli qalbida milliy g‘urur poydor bo‘lganida, ehtimol, tarix g‘ildiragi boshqa yo‘nalishda harakatlanar edi. Ammo hukmdor bobolarimiz jang maydonida boshni tik tutgan holda shahid bo‘lmoqdan ko‘ra, Vatan erkini shohona hayotga alishmoqni afzal bildi.

 

“Dunyodagi eng ulkan xiyonat – hayot huzur-halovatlariga mukkadan ketmoqdir. Bu illat g‘urursiz jamiyatda avj oladi” degan edi bir mashoyix. To‘kin-sochinlikka ruju qo‘ygan, nafsning hoy-u havaslariga berilgan tojdorlarning qilmishi millat boshiga ulkan musibatlar yog‘dirishi tayin. Buni birgina Buxoro amiri Muzaffarning (1860–885) qismati ham tasdiqlaydi.

 

“O‘zbekistonning yangi tarixi” kitobi birinchi jildida amir Muzaffar xususida bunday yoziladi: “U bosib kelayotgan Rossiya imperiyasi qo‘shinining yo‘lini to‘sish uchun Olloyorbek devonbegi qo‘mondonligidagi 30 ming kishili lashkarga Sirdaryo dashtida jangovar marrani egallashga buyuradi. Amir esa o‘z ixtiyoridagi lashkar bilan O‘ratepa yaqinidagi Rog‘un qishlog‘ida to‘xtaydi. Tunda qo‘shin qo‘mondoni Olloyor devonbegining husn-jamolda tengi yo‘q qizini olib keltiradi. Yurt taqdiri uchun hayot-mamot jangi oldida amir o‘z huzur-halovatini o‘ylaydi va haramiga kiritilgan o‘n yoshli qiz, lashkarboshisining farzandi ekanini ham unutib, ishratga beriladi... Ertasi kuni tongda qizning so‘yilgan murdasi topilgan. Ko‘p o‘tmay suyukli qizining mudhish o‘limi haqidagi xabar jangovar marrani egallab turgan Olloyorbekka yetib keladi... 1866-yil 8-mayda general Romanovskiy qo‘shinining ilg‘or qismi Erjarda ko‘rinishi bilan Olloyorbek qo‘shini jang qilmay, Xovos tomon chekinadi. Shu tariqa 30 ming kishili qo‘shin jang maydonini ruslarga bo‘shatib beradi.  Natijada ruslar amir ixtiyoridagi qo‘shinni bir hamla bilan to‘zg‘itib yuboradi. Muzaffar esa jang maydonini sharmandalarcha tashlab qochadi” (O‘zbekistonning yangi tarixi. I jild. Toshkent, 2000. 95-96-betlar).

 

Chor imperiyasi qulagach, hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar ham millatimiz boshida tegirmon toshi yurgizgani ma’lum. Mustabid tuzum davrida millatimizning asl farzandlari qatag‘on qilinganini unutib bo‘larkanmi?! O‘sha kezlarda ham milliy g‘ururimiz uyquda ekanda: sho‘ro matbuotida qatag‘on mavzusida chop etilgan maqolalarga, tuhmatnomalarga chippa-chin ishondik, hatto qizil hukumatning zulm siyosatini olqishladik ham... O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov keyinchalik loqaydligimiz, g‘urursizligimizdan ori kelib mashhur “Olomonga” degan she’rini bitgan edi:

 

Mashrab osilganda qayoqda eding?

Cho‘lpon otilganda qayoqda eding?

Surishtirganmiding Qodiriyni yo,

Qalqon bo‘lganmiding kelganda balo?

 

Qahramon shoirimiz “Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!” deya xitob qilgani, o‘zbekning erka ijodkori Muhammad Yusuf “Xalq bo‘l, elim!” deb bong urgani bejiz emas. Zotan, biz hali-hamon olomonlik kayfiyatidan butkul xalos bo‘la olmayapmiz.

 

Yaqin o‘tmishimizdan yana bir misol. O‘zbek xalqining atoqli farzandi Sharof Rashidov vafotidan so‘ng (1983-yil) uning xotirasi tahqirlanishiga befarq qarab turganimizni eslaganda yurakda bir og‘riq paydo bo‘ladi. Sarkotib Leonid Brejnev o‘limidan so‘ng Moskva O‘zbekistonni qayta-qayta nishonga olgani katta avlod vakillarining yodidan o‘chgani yo‘q. Buning sabab-omillari talaygina. Ammo, nazarimizda, bosh sabab yana o‘sha milliy g‘urur va milliy birlikka borib taqaladi. Do‘ppi tor kelib qolsa, O‘zbekiston rahbariyati bir-birini sotishiga Moskvadagi vallamatlarning ishonchi komil edi va shunday bo‘ldi ham.

 

O‘zbekiston Kompartiyasi MQning 1984-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan mash’um XVI Plenumida Sharof Rashidovning safdoshlari respublikaga aloqador barcha salbiy hodisalar, muammolar uchun aybni marhum rahbar gardaniga yukladi. 1986-yilda esa Sharof Rashidovning jasadi uch yil avval dafn etilgan joyidan kovlab olinib, Chig‘atoy qabristoniga qayta ko‘mildi. Bunday voqea sobiq Ittifoqning boshqa birorta respublikasida ro‘y bergani yo‘q. O‘sha vaqtda hech kim, hech bir tashkilot, hatto O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham din va odamiylik ahkomlariga zid ushbu amaliyotga e’tiroz bildirmadi. Go‘yo shunday bo‘lishi tabiiydek jamiyat, jamoatchilik sukut saqladi. Bu ham milliy g‘urur sustligining oqibati edi. Buyuk bobomiz Amir Temurga nisbat beriladigan “Lochinning uchorg‘a madori kelmasa, chumchuqqa masxaradir” degan hikmat ayni o‘sha holatni ifodalamoq uchun aytilgandek.

 

Alhol, O‘zbekistonni qariyb chorak asr boshqargan rahbarni yomonotliq etganlarning qilg‘iliklarini mum tishlagancha kuzatib, yuzimiz olam aro shuvut bo‘lmadimi?! Shu o‘rinda Muhammad Yusuf kuyunib yozgan quyidagi satrlarni eslash joiz:

 

Sizni alqaganlar bir xalq, bir dengiz,

Sizni qarg‘aganlar jo‘ralaringiz,

Sizni ado qilgan to‘ralaringiz,

Bizdan rozi bo‘ling, ruhi notinch zot.

 

Ochig‘i, biz qozoq bovurlarimizdek jur’at-u jasorat ko‘rsata olmadik. Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov davrida, 1986-yilning 16-dekabrida Qozog‘iston KP MQning birinchi kotibi Dinmuhammad Qo‘nayev lavozimidan olinadi va o‘rniga Gennadiy Kolbin tayinlanadi. Bunga qadar Rossiyaning Ulyanov viloyatiga rahbarlik qilgan Kolbin, tabiiyki, qozoq tilini bilmas ham edi. Qozoq yoshlari milliy g‘ururning tahqirlanishiga qarshi poytaxt Olmaota shahrida qo‘zg‘olon ko‘taradi. To‘g‘ri, norozilik chiqishlari bostirildi, lekin Kolbin ham ko‘p ishlay olmadi. Mana sizga milliy g‘ururning qudrati!

 

Faraz qilaylik, bizda shunday hol ro‘y berganida, ya’ni Rashidovning o‘rniga o‘zbek tili va madaniyatidan bexabar biror bir rus mulozimi respublika rahbarligiga olib kelib qo‘yilganida qanday munosabat ko‘rsatardik? Biz bu hodisani internatsionalizmning amaldagi yorqin tantanasi deb qabul qilgan bo‘lar edik. O‘zbekiston Kompartiyasi MQ a’zolari uni gulduros qarsaklar ila, jo‘rovozda lavozimga saylagan bo‘lar edi...

 

1983–1989-yillarda markaziy gazetalarda O‘zbekistondagi vaziyatni “fosh etish”ga qaratilgan o‘nlab maqolalar e’lon qilindi. Ne tongki, moskvalik mualliflarga qo‘shilib o‘zimizning “baynalmilal” qalamkashlar ham Sharof Rashidovni balchiqqa beladi. “Sharof Rashidov Vasiliy Yanning “Chingizxon”, “Botuxon”, “So‘nggi dengizgacha” kabi romanlarini, Isay Kalashnikovning “Qattol asr” asarini sevib mutolaa qilgan. Ehtimol, u orzulari qanotida o‘zini butun olam xoqoni deb xayol etgandir”, deb yozgan edi o‘sha kezlar o‘zbekistonlik rusiyzabon bir adib.

 

Nahotki, biz marhumlar arvohini chirqiratadigan, ularni hatto qabrida tinch yotishiga ham qo‘ymaydigan xalqqa aylanib qolgan bo‘lsak?! Axir, mustaqillik yillariga kelib ham marhum yurt oydinlariga tosh otish, ular xotirasini tahqirlash kasalidan qutulolmaganimizni qanday baholash mumkin?!

 

Taniqli olimlarimizdan biri 2014-yili “Xalq so‘zi” gazetasida Hamza Hakimzoda Niyoziyni keskin tanqid qilib chiqdi. Maqolada Hamza sovet hokimiyatining otashin kuychisi, “bosmachi”larga qarshi kurashgan, dinni tahqirlagan shaxs bo‘lganidan bahs etilgan. Xo‘sh, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Yo‘ldosh Oxunboboyev kabi o‘sha davrdagi rahbarlarimiz “bosmachi”larga qarshi kurashmagan edimi? Usmon Yusupov, Nuriddin Muhiddinov, Sharof Rashidov, Islom Karimovlar sovet hokimiyatiga xizmat qilmagan edimi? Hamza muqaddas islomni tahqirladimi yoki diniy mutaassiblikka qarshi kurashdimi? U muallif da’vo etgandek dahriylik yo‘liga kirgan bo‘lsa, nega Haj ziyoratiga boradi? Sanayman desangiz bu kabi javobsiz qolgan savollar bisyor.

 

Ozbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotidan song unga tosh otishni sobiq davlat maslahatchisi boshlab berdi. I.Karimov xususida noxolis fikrlar bayon qilinganAdoqsiz oylardegan maqolaAdabiyot gazetasining 2019-yilgi sonida chop etildi. Vaholanki, osha amaldor 1992-yil 5-dekabrdaOzbekiston ovozigazetasida bunday deb yozgan edi: Respublika uchun ogir bolgan bir davrda xalqimiz peshonasiga bitilgan baxt bolib afsonaviy qudrat va jasorat bilan Islom Karimov maydonga chiqdi. Adolatparvar, halol va matonatli rahbar butun bir xalqning va mamlakatning baxti ekanini butun O‘zbekiston yaxshi biladi. Taqdir meni I.Karimov maktabidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar etgan ekan, bunday taqdirdan ikki sababga ko‘ra roziman: birinchisi, respublikada hayotning burilish nuqtasida mamlakat tepasida shunday qat’iyatli va donishmand rahbar bor bo‘lganidan va ikkinchisi, ongli hayotimni shunday adolatli siyosatga safarbar etishga muyassar bo‘lganimdan”.

 

Bugun ayrim tarixchi olimlarimiz ham muqbiltoshotarlik bobida sobiq mulozimdan ulgi olmoqda. Biz, aslida, marhum rahbarlarimiz, ulug‘larimizni qadrlashni o‘rganmog‘imiz kerak emasmi? Tarixga, tarixiy shaxslarga xolis, obyektiv baho berish, yo‘l qo‘yilgan xatolardan oqilona xulosa chiqarish kerak, albatta. Ammo alamzadalik, shaxsiy xusumat vajidan aytilgan tanqidlar jamiyatga aslo naf keltirmaydi.

 

Bizningcha, marhum davlat arboblarini asossiz tanqid qilishni to‘xtatmoq lozim. Negaki, bu hol o‘tganlarga nisbatan hurmatsizlik bo‘lib qolmay, yosh avlod ong-u tafakkurida tariximizga nisbatan shubha-gumonlarni shakllantiradi; o‘tmish bilan faxrlanish, buyuklarni qadrlash kabi xislatlarni so‘ndiradi. Donishmandlar bejiz “O‘tmishga hurmat-la boqib, kelajak tomon ishonch ila shaxdam qadam tashla” demagan, axir!

 

Milliy g‘urur faqat faxr tuyg‘usi bo‘lib qolmay, millat taqdiri, uning kelajagi uchun mas’uliyatni his eta bilish hamdir. Shunday ekan, milliy g‘ururni o‘stirish va mustahkamlash uchun mamlakatimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar bo‘rttirilmasligi, kamchiliklar ham ro‘y-rost aytilishi muhim. Qolaversa, davlat amaldorlari so‘zining ustidan chiqishi, berilayotgan va’dalar paysalga solinmay bajarilishi, fuqarolar davlat siridan boshqa barcha ma’lumotlardan to‘liq xabardor bo‘lishi, xushomadgo‘ylikning har qanday shakli taqiqlanishi maqsadga muvofiqdir.

 

Maqola debochasida qayd etilganidek, millat qiyofasini belgilovchi ikkinchi muhim omil bu – ona tiliga hurmatdir.

 

Professor Qozoqboy Yo‘ldosh ta’biri bilan aytganda, ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida til – millat yuragi, ma’naviyati va ruhiyatini shakllantiradigan, asraydigan eng muhim vositaga aylandi. Ammo bizning loqaydligimiz, milliy g‘ururimiz haminqadarligi sabab tilimiz o‘z mavqeini yo‘qotib borayotir. 1989-yildayoq o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan edi. Mana, oradan 36 yil o‘tdi hamki, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni to‘la-to‘kis hayotga tatbiq eta olmadik. Axir, qonunda davlat tilining so‘zsiz ustunligi belgilanishi lozim emasmidi? Mazkur hujjatda esa, imtiyoz u yoqda tursin, tayin majburiyat ham ko‘zda tutilmagan. Qonunning 20-moddasiga e’tibor qarataylik: “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.

 

Afsuski, mazkur modda talabi hech bo‘lmaganda shu qonunni qabul qilgan Oliy Majlis, uning ijrosiga mas’ul Vazirlar Mahkamasi, qonunning bajarilishini nazorat etuvchi Bosh prokuratura qo‘nim topgan poytaxtimizda ham to‘liq bajarilgani yo‘q. Birinchi marta Toshkentga kelgan chet ellik sayyoh ajnabiy tillarda yozilgan peshlavhalarni ko‘rib O‘zbekistonda ekaniga ham shubhalanib qoladi.

 

Millat vakillari jonajon tarixi, o‘zi mansub bo‘lgan xalqning etnogenezi va uning dunyodagi maqom-mavqeini puxta bilmog‘i lozim. Chunki bu – xalqning, davlatning ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi uchinchi muhim omildir.

 

Tariximizdagi oq va qora sahifalardan zarur xulosalar chiqarmoq – taqdirulamal masala. Sir emas, tarix fani ko‘pincha mafkuraga dastyorlikka majbur etiladi, siyosiy maqsadlar yo‘lida qurbon qilinadi. Binobarin, tarix hech bir zamonda haqqoniylik tamoyiliga uyg‘un ravishda yozilmagan. Sirasi, kechmishni bitishda nisbatan xolisroq bo‘lmoq mumkin, xolos. Bunga ham tarixdan ko‘plab misol keltirsa bo‘ladi. Lekin yosh avlodni moziydan bezdirish, ularda ajdodlarga nisbatan loqaydlikni kuchaytirib qo‘yish istiholasi sabab tarix va haqqoniylik mavzusidagi mulohazalarimizni muxtasar qilamiz.

 

Nima bo‘lganda ham tariximizni yolg‘on-u o‘triklardan imkon qadar tozalamoq lozim va lobud. O‘zbek xonliklarining mustamlakaga aylanishi tarixini yodga olaylik. Agar sho‘ro tuzumi davridagi tarix darsliklarida “O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishi progressiv ahamiyat kasb etgan’’ degan uydirma bayon etilgan bo‘lsa, bugun faqat Rusiya imperiyasining bosqinchilik siyosatini qoralash tendensiyasi kuzatilmoqda. Ya’ni, tarixiy voqelikning musbat va manfiy qutblari inobatga olinmayotir. Bir necha yil avval 10 jildli “O‘zbekiston tarixi” kitobi nashr etildi. To‘plamning birinchi jildiga “Rossiya imperiyasi istilosi” mavzusi ham kiritilgan bo‘lib, unda O‘rta Osiyoni bosib olishning iqtisodiy sababi yoritilgan, xolos. Negadir siyosiy sabablarga e’tibor qaratilmagan.

 

Kitobdagi mana bu g‘alat talqinga kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysiz: “1873-yilda imzolangan Rossiya-Xiva sulh shartnomasi shartlariga ko‘ra, Ikkinchi Muhammad Rahimxon ruslarning barcha talablarini bajarishga, o‘zini Rossiya imperiyasining “sodiq xizmatkori” deb tan olishga majbur bo‘ldi” (O‘zbekiston tarixi. 1-jild. Toshkent, 2022. 318-bet).

 

Endi asl manba – shartnomaga nazar solaylik: “Menkim, Xiva xoni Muhammad Rahimxon Soniy Bahodirxon o‘zimni ulug‘ rus saltanatining quli deb tan olaman” (“Vatan tarixi”. 1-2-kitoblar. Toshkent, 2020. 394-bet).  Shu satrlarni yozyapman-u yana xayolimga “poy-patak” degan so‘z kelmoqda.

 

Muhtaram jurnalxon bu fikrlarimizni bosqinchilikni oqlash yoki yoqlashga urinish deb qabul qilmasligini so‘rardik. Rusiya istilosi sabab xalqimiz boshiga yog‘ilgan falokatlarni sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ammo biz tarixiy voqelikni yoritishda o‘z xato-kamchiliklarimiz, zaif jihatlarimizni ham ro‘y-rost bayon etish va ulardan saboq chiqarish lozim deb hisoblaymiz.

 

Tarix haqiqatini bo‘yamay-bejamay, dadil­dangal yozishimizga nima xalal bermoqda? Ehtimol, andisha tilimizni bog‘layotgandir? Yo qo‘rqoqlik yo‘lini tutgan bobolarimizning qilmishidan uyalish hissimi?..

 

“Haqiqat – otangdan ulug‘” deydilar. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini doimo yodda tutmog‘imiz lozim: “O‘tmishdagi yutuq va g‘alabalaridan kuch-quvvat olib, xato va mag‘lubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o‘zining taraqqiyot yo‘li va kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi”.

 

Xulosai kalom: tarix shunchaki kechagi kun bayoni emas, balki bugungi kun uchun ibrat, kelajak uchun esa ogohlik qo‘ng‘irog‘i ekanini unutmaylik!

 

Usmon JO‘RAYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.

“Bizni tark etayotgan tuyg‘u” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

19:01 / 29.01.2026 0 102
Vikinglar xazinasidan topilgan Xorazmshoh tangasi

Tarix

15:01 / 28.01.2026 0 230
Turkiylarda nikoh udumlari qanday bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//