Eski turklardagi “erdam”lar kim boʻlgan?


Saqlash
12:56 / 09.01.2026 105 0

Deyarli ming yildan beri yangi inonch tizimi bilan bogʻliq oʻlaroq turkiylarning madaniyatiga tegishli tushunchalar oʻrnini arabcha va forscha soʻzlar egalladi. Biroq eski turkcha falsafiy tushunchalarning bir boʻlagi oʻzga ellardan ancha uzoqda yashagan turkiylar tilida saqlanib qoldi, bir boʻlagi esa boshqa el-uluslar bilan aralashib ketganiga qaramay, turli lahja va shevalarimizda yashab qoldi. Buni birgina oʻzbek tilining turli-tuman tarmoqlarida uchraydigan oʻnlab soʻzlar oʻrnagida koʻrsa boʻladi. Shunday soʻzlardan biri arab tilidan oʻzlashgan maʼnaviyat tushunchasi bilan bogʻliq soʻz va atamalarda koʻzga tashlanadi. 

 

Arabchadan oʻzlashgan “inson”, “odam” soʻzlarining tengi boʻlmish “kishi” soʻzi barcha turkiy tillarida saqlanib qolgan. Biroq bugungi kunda onda-sonda ishlatiladigan “toʻra” soʻzini ham oʻzbeklar, ham boshqa qardoshlarimiz turlicha ochiqlaydilar. Bu soʻzni oʻtmishda qolib ketgan deb sanaydiganlari-da bor. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, qozoqlar “toʻre” deb “hakam, sudya”, Onadoʻli turklarida “toʻre” “eski urf-odatlar, qonun-qoida” deb ochiqlaydilar. Oʻzbeklarda esa “toʻra” (toʻrä) – 1. Tarixiy soʻz. Yuqori tabaqaga mansub kishi; zodagon, oqsuyak, aristokrat. 2. Xonlar davrida va chor Rossiyasi davrida Turkistonda katta amaldor, hokim. 3. Hurmat yuzasidan yoki ulugʻlab, kishilarning nomiga, unvoniga, mansabiga, shuningdek, koʻchma maʼnoda baʼzi narsalarni bildiruvchi soʻzlarga qoʻshib ishlatiladigan soʻz. 4. koʻchma. Rasmiyatchi, rasmiyatparast, byurokrat. 5. Toʻra (erkaklar ismi)” deb tushuntiriladi [OʻTIL 2008: 244]. Shuningdek, oʻzbek tilining ayrim qipchoq shevalarida bu soʻz “kuyov, er, boshliq” anglamlarida ham qoʻllaniladi [Nafasov 2011: 308].

 

Deyarli bir yarim ming yil oldin toshlarga oʻyib yozilgan Oʻrxun – Enasoy bitiktoshlarida “toʻru” koʻrinishida uchrab, oradan bir necha yuzyilliklar oʻtgach, “toʻrä” koʻrinishini olgan bu soʻzga oʻsha kezlardayoq bir necha yuklamalar berilgan. Turk xoqonligi (552-744) chogʻida “toʻru” soʻzi “ogʻzaki qonunlar, urf-odat, marosim”, Mahmud Koshgʻariy yashagan chogʻlar – X yuzyillikda esa “qonun, qoida, adolat, rasm, odat” anglamlarida qoʻllanilgan [Tekin 2023: 255; Koshgʻariy 1963, II: 25; Koshgʻariy 1963, III: 132, 240].

 

“Toʻra” soʻzidan yasalgan ayrim atamalar ham bu soʻzning koʻplab yuzyilliklar oʻtsa-da, uning ilk anglamlari yoʻqolmaganini koʻrsatadi. Xorazm oʻzbeklarining ayrim qishloqlarida, oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Yangibozor tumanida “toʻrali kishi” soʻzi “tartibli kishi, maʼnaviyatli” anglamlarida ishlatiladi, bunday kishilarga ayricha hurmat koʻrsatilib, ularga toʻrdan oʻrin beriladi.

 

Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani Harduri qishlogʻida “tuzuv-toʻrali” qoʻshma soʻzi uchrab, “tuzuk, yaxshi” anglamidagi birinchisi soʻz – “tuzuk” oʻzbekchaning qipchoq tarmogʻida shu koʻrinishni olgan boʻlsa, ikkinchisi esa eski turkcha “toʻra” soʻzi bilan bogʻlanadi. Harduriliklar va ularning qoʻshnilari soʻzlashuv tilida “tuzuv-toʻrali tushuntirmoq” soʻzi “tuzukroq tushuntirmoq, yotigʻi bilan soʻzlab bermoq” maʼnosida qoʻllaniladi. Boshqa tomondan esa “tuzatmoq” (buzilgan narsani qaytadan tuzatish) feʼlidan yasalgan “tuzuk” soʻzi “qonun”, “qonun-qoidalar yigʻindisi” anglamlarida ham ishlatilganini Amir Temurning “Tuzuklari” orqali yaxshi bilamiz. Bundan koʻrinadiki, tilimizdagi “tuzuk-toʻrali” soʻzi “qonunli, qonuniy, qoidaga uygʻun” maʼnolarida ham qoʻllanilgan soʻz birikmasidir. Demak, turkiy ellar jamiyatida bundan ming yillar oldin ham boshqa falsafiy tushunchalarga qaraganda “toʻra”ga boʻysungan, yaʼni qonun-qoidalar boʻyicha ish tutgan kishilar “toʻrali” (maʼnaviyatli) deb tushunilgan.

 

Endi, ushbu tushuncha bilan bogʻliq yana bir falsafiy tushuncha – “erdam” (fazilat) soʻzi bilan tanishib chiqsak. Ilk bor Oʻrxun – Enasoy bitiktoshlarida “erdäm” koʻrinishida uchragan bu soʻz oradan besh yuz yilcha oʻtib, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk”ida quyidagicha ochiqlangani koʻzga tashlanadi:

erdäm – odob, axloq, tarbiya; fazilat. Erdäm bashi til – odobning boshi til. Shirin tilli boʻlgan kishi yuqori martaba topadi” [Koshgʻariy 1960, I: 131].

 

Ushbu otasoʻzidan anglashiladiki, eski turklar kishining eng yaxshi fazilati oʻlaroq soʻzamollikni ulugʻlab, totli til orqali koʻplab chigalliklar yechilishiga urgʻu berishgan. Ming yillardir kishilarning eng yaxshi xususiyati deb qaralgan erdamlilik – odoblilik tildan boshlanishi boshqa turkiy bilgalar tomonidan ham bot-bot tilga olingan. Ahmad Yugnakiy esa “Eshitgil biliklik negu teb ayur, Adablar bashi til, kudazmak turur – Bilimli kishi nimalarni soʻzlaydi, sen unga quloq sol, adablar boshi tildir, uni kuzatmoq (tiymoq) kerak” [qar. Mahmudov 1972: 221] deb yozadi.

 

Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida “erdamlilig”, “er erdämi” kabi soʻz va soʻz birikmalari uchrab, izlanuvchilar tomonidan “er” soʻzi “kishi, erkak, askar” anglamida, ikkinchisi soʻz “erdäm” esa “fazilat, dovyuraklik, qadr-qimmat” deb ochiqlangan. Eski turk jamiyatida “er erdami”, “erdamlilik” kabi falsafiy tushunchalar “kishilik fazilati” oʻlaroq ayricha ardoqlangan. Vafot etgan kishilar qabri yoniga oʻrnatilgan koʻplab Enasoy bitiklarida oʻlgan kishining yorugʻ dunyoda qilgan ishlari sanab oʻtilar ekan, eng koʻp qoʻllanilgan soʻz birikmalaridan biri “er erdami” ekani bunga ulgi boʻla oladi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Ye-11 deb ataladigan Enasoy bitiktoshida “besh yegirmi yashыmda Tabgʻach qagʻangʻa bardыm er erdämim uchun – oʻn besh yoshimda Tabgʻach (Xitoy) xoqoniga (elchi boʻlib) bordim, kishilik fazilatim uchun” degan bilgi keltirilgan boʻlib, bitiktoshning yalpi mazmunidan kelib chiqilsa, eski turklar jamiyatida davlat boshqaruvida boʻlish, biror oʻlkaga elchi boʻlib borish, turli savash-u urushlarda qatnashish yuksak fazilat sanalgani anglashiladi [Drevnetyurkskiy slovar 1969: 176].

 

Bunday fazilatga ega kishilar jamiyatda yuksak qadrlanib, ularga atab oʻrnatilgan bitiktoshlarda marhumning tirikligida qilgan ishlari, qoʻlga kiritgan yutuqlari, koʻrsatgan alplik – qahramonliklari eslatib oʻtilar ekan, “erdamli ekani”ga ayricha urgʻu beriladi. Boshqa bir bitiktoshda esa “Alp men erdamlig men – Alp (botir)man, erdamliman (dovyurakman)” degan soʻzlarga urgʻu berilishi esa oʻsha kezlarda yuksak qadrlangan “alplik” kabi “erdamli boʻlish” turkiylar jamiyatida ulugʻlanganini koʻrsatadi. Ye-48 deb ataladigan Enasoy qabrtoshida kirish soʻzi “er erdäm atim – kishi fazilati otim (ismim)” deb boshlanadi. Shuningdek, ushbu bitiktoshda marhum tilidan “erdämlig elintä boʻkmädim oʻltim – (tirikligimda) fazilatli elimga toʻymadim, oʻldim” degan soʻzlar keltirilishi eski turklarda “el” – davlat ardoqlanib, unga qarata “erdamlig” (fazilatli) sifati qoʻshib ishlatilgani koʻzga tashlanadi [Drevnetyurkskiy slovar 1969: 176]. Bu esa “erdam” soʻzi birgina kishilarga emas, davlatga nisbatan ham qoʻllanilgan falsafiy tushuncha – sifat boʻlganini koʻrsatadi.

 

Bitiktoshlarning birida marhum tilidan “erdämligimä boʻkmädim – (men) dovyurakligimga toʻymadim” degan soʻzlar keltiriladi. Bu bilgi bir qarashda yuqorida keltirib oʻtilgan “erdämlig elintä boʻkmädim, oʻltim” degan bilgini esalatadi. Eski turklarda yuksak qadriyatlardan biri sanalgan “dovyuraklik, botirlik, qoʻrquv bilmaslik”ka qarata “erdämligimä boʻkmädim – (men) dovyurakligimga toʻymadim” deya ayricha urgʻu berib oʻtilishi, qabr egasi koʻproq yashasa koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritardi, yanada koʻp fazilatli ishlarni bajargan boʻlardi deb eslanganidan darak beradi.

 

Turkiylar “eli” – jamiyatida odob-axloq qoidalariga boʻysunmagan, qoʻrqoqlik qilgan, keraklicha bilim egallamagan kishilarga “erdamsiz” deb qaralgani bitiktoshlardan birida “erdämsiz kishi” soʻz birikmasi uchrashida koʻzga tashlanadi. “Devon-u lugʻatit turk”da erdämsizdän qut chertilur – hunari va odob fazilatlari boʻlmagan kishidan baxt va davlat ketadi” degan otasoʻzi keltirib oʻtilishi ham oradan qancha yuzyilliklar kechsa-da, jamiyatda erdamsizlik yomon illat deb bilinganini koʻrsatadi [Koshgʻariy 1963, II: 266].

 

Shu oʻrinda “erdam” soʻzining negizida qanday soʻz yotadi, ota-bobolarimiz nega “kishilik fazilati” uchun bu soʻzni qoʻllagan” degan savolu-soʻroqlar tugʻiladi. “Erdam” eski turkcha “erishmoq, yutuqlarni qoʻlga kiritmoq” anglamidagi soʻzlarga boshlanma bergan “ermaq” feʼlidan kelib chiqqanmi, yo boʻlmasa, otdan ot yoki otdan sifat yasovchi “-däm”, “-dam”, “-täm”, “-tam” qoʻshimchalarining “er” (kishi, inson, askar) soʻziga qoʻshilishidan yuzaga kelganmi? [qar. Abdurahmonov, Rustamov 1982: 26]. Bizningcha, ikkinchi koʻzqarash toʻgʻriroqqa oʻxshaydi. Ushbu qoʻshimchalar bilan yasalgan soʻzlar tizmasiga koʻz tashlasak, bu qarashimiz yanada kuchayadi: “birdam”, “oʻktam”, “ildam”.

 

Erdam soʻzi oradan koʻp yuzyilliklar oʻtib, turkiy tillarning koʻpchiligida yoʻqolib ketgan, uning oʻrnini arabcha, forscha soʻzlar olgan. Shunday boʻlsa-da, oʻrta asrlarda ham bu soʻz bilan bogʻliq ayrim atamalar saqlangani diqqatni tortadi. Oʻtmishga yuzlansak, buyuk Amir Temurning shajarasida Temurning ota-bobolaridan biri Erdamchi barlos deb tilga olinganiga koʻzimiz tushadi. Amir Temur saroyida xizmat qilgan Fosih Xavofiy (1375-1443) “Mujmali Fosihiy” (Fosihiyning (tarixlar) toʻplami” asarida Temurning ota-bobolarini shu koʻrinishda sanab oʻtadi: amir Taragʻay ibn Barkal ibn Ilangiz Ijik ibn Qorachor noʻyon ibn Suku Sijon (sechan) ibn Irumchi ibn Qochuli ibn Tuminaxon ibn Boysungʻurxon ibn Alon Quva” [Fayziyev 1995: 13].

 

Shu oʻrinda yanada aniqlik kiritish uchun ayrim masalalarga toʻxtab oʻtish kerak boʻladi. Fosih Xavofiy Amir Temur va ilk Temuriylar chogʻida yashab oʻtgan boʻlsa-da, u keltirib oʻtgan shajarada ayrim kishi otlarida noaniqliklar bor. U keltirib oʻtgan Temurning beshinchi bobosi – Irumchi boshqa tarixiy asarlarda Erdamchi oʻlaroq beriladi. Chingiziylar tarixini birinchilardan boʻlib yoritgan Rashidaddin Fazlulloh (1247-1318) “Jome ut-tavorix” (Tarixlar toʻplami”)da turk va moʻgʻullarning ilk xoqonlaridan biri – Tumbina xonning uchinchi oʻgʻli Qochulining toʻngʻich oʻgʻlini Erdamchi barlos edi, deb eslatib oʻtadi [Rashidaddin 1950: 29]. Boshqa yozma manbalarda ham bu atama Irumchi emas, Erdamchi koʻrinishida uchrashi Amir Temurning uzoqi otalaridan biri Erdamchi boʻlgani toʻgʻrisidagi qarashlarni kuchaytiradi. Turkiy tillarda sifat yasovchi -lig (-li) qoʻshimchasi oʻrnida ayrim oʻrinlarda -chi (-chi) kelgan deb qaraydigan boʻlsa, Erdamchi barlos atamasining yasalishi “erdamlig” emas, “erdamchi” koʻrinishida kelishi oʻz ochiqlamasiga ega boʻladi.

 

Qizigʻi shundaki, eski moʻgʻulchada ham sifat yasovchi qoʻshimchasi -tu koʻrinishida boʻlgan. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Olma-ota shahrining eski oti Almatu (“olmali”), Afgʻonistondagi shaharlardan biri Chechaktu (“chechakli”). Chingiziylar oʻtmishini yorituvchi “Altan tobchi” (Oltin yilnoma) kitobida (XVII yuyzillik) barloslarga tegishli shajara keltirilar ekan, Rashididdin hamda boshqa fors va turkiy tilli mualliflar Qachuli koʻrinishida keltirgan atoqli ot Xachula koʻrinishida berilgan boʻlib, Erdamchi barlos esa Erdemtu barla(s) koʻrinishida tilga olingani koʻzga tashlanadi [Lubsan Danzan 1973: 59-60]. Bu bilgi ham Irumchi atamasi aslida Erdamchi boʻlgan degan qarashni kuchaytiradi.

 

Abulgʻozi Bahodirxon oʻzining “Shajarayi turk” (XVII yuzyillik) asarida quyidagicha bilgi keltirib oʻtgan boʻlib, Erdamchi yoki Erdamchi barlos varianti ishonchliroq ekani koʻrsatadi:

“Tumnaxon yaxshi ulugʻ podshoh erdi. Moʻgʻulning barcha nirun uruqlarina koʻp yillar podshohliq kildi. El aning zamoninda davlatli va tinch boʻldilar. Toʻqquz oʻgʻli bor erdi. Baʼzi oʻgʻlindin bir uruq va baʼzilarindin ikki va uch va toʻrt uruq boʻldi. Bu toʻqqizning Qabil va Qachuli otli ikki oʻgʻli egiz tugʻub erdi. Ulugʻ oʻgʻlining oti Chaqsu. Aning uch oʻgʻli bor erdi. Ulugʻ oʻgʻlining oti Tuyoqin. Ikkinchi oʻgʻlining oti Urut. Uchunchi oʻgʻlining oti Manqit. Bu uchusining oʻgʻlonlari uch uruq el boʻldilar. Ikkinchi oʻgʻlining oti Yorimsher Buqanchu. Andin tuqqanlari taqi bir uruq el boʻldilar. Uchunchi oʻgʻlining oti Qachuli. Aning oʻgʻlining oti Erdamchi barlas. Barcha barlas eli muning nasli tururlar. Oqsoq Temur ushbu uruqdin erdi. Barlasning maʼnosi sipahsolor temak boʻlur. Turkiysi chirik boshlab yuriyturgʻan kishi” [Abulgʻozi 1992: 46].

 

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Chingiziylar saltanati davlatchilik bilan bogʻliq koʻplab toʻra-tuzuklarni Turk xoqonligi boshqaruvidan koʻchirib olgani uchun yozma manbalarda xoqonlikka tegishli boshqaruv tizimi “moʻgʻul rasmi” deb tilga olinadi. Tarixiy asarlarda moʻgʻul urugʻlarini boshqargan xon oʻlaroq koʻrsatilgan Tumnaxon yoki Tumbinaxon Turk xoqonligini qurgan Tuman xoqonga toʻgʻri kelishi koʻzda tutilsa, oʻtmishimiz bilan bogʻliq ayrim chalkashliklarga aniqlik kiritilgan boʻlur edi.

 

Qisqasi, Amir Temur shajarasida oʻrin olgan Erdamchining negizida eski turkcha “erdam” (fazilat) soʻzi yotishi oʻz-oʻzidan boʻlmay, unda turkiylarga xos kishilarning erdamiga qarab ot qoʻyish anʼanasining izlarini koʻramiz. Eski chogʻlarda turmush yoʻsinida koʻproq ovchilik yetakchi boʻlgan moʻgʻullar koʻpincha oʻz bolalariga ovchi qushlar otini qoʻyib, bunday otlarga “mergan” sifatini qoʻshganlar. Eski turklarda esa bilgalik – bilimdonlik ardoqlanib, bolalarga koʻproq ushbu tushuncha bilan bogʻliq otlar berilib, “bilga” sifati qoʻshib aytilgan. Bizningcha, Erdamchi oti ham shu anʼaning bir koʻrinishidir. Qizigʻi shundaki, Amir Temurning ota-bobolari oʻlaroq tilga olingan Qorachor, Erdamchi, Boysungʻur, Qochuli kabi tub turkiy atamalarning uchrashi va ularning ayrimlari Turk xoqonligi chogʻidayoq keng tarqalgani anglashiladi: Qorachor ~ Qora-choʻr “Ulugʻ-choʻr” (“choʻr” — qoʻshin boshligʻi)) va b.lar.

 

Eski turklarda kishilarning fazilatligiga, dovyurakligiga, bilimdonligi ayricha ardoqlanganini koʻrsatadigan yana bir oʻziga xoslik – jamiyatda “er-at” (kishi oti) qozonish ulugʻlik belgisi boʻlganidir. Birgina Turk xoqonligi emas, balki undan keyin kelib-ketgan oʻnlab turkiy davlat uyushmalari oʻtmishidan soʻzlovchi turli tillardagi yozma manbalarda boshqaruvchilar – xoqon va beklar oʻz shaxsiy oti bilan emas‚ koʻproq unvon – atoqlari, epitetlari bilan tilga olingani koʻzga tashlanadi. Ayniqsa‚ bu holat Turk xoqonligi, Uygʻur va Qirgʻiz xoqonliklariga tegishli eski turk bitiktoshlarida oʻzining yorqin oʻrnaklariga ega. Xitoy yilnomalarida ham biror turk xoqonining “oʻrunliq” (taxt)ga chiqishdan oldingi oti qanday boʻlgani koʻrsatib oʻtiladi. Qizigʻi shundaki, ularning ham koʻpchiligi atoqli ot emas‚ unvon yoki epitet (sifat) koʻrinishidadir.

 

Bizningcha, bu tutum negizida eski turklarga xos anʼana – kishilarga aynan bolalikdagi oti bilan emas‚ oʻz vaqtida jamiyatdagi oʻrniga qarab berilgan unvoni yoki laqabi bilan yuzlanilgani kuzatiladi. Oʻrxun‚ bitiktoshlarda er ati – “er yigit nomi/unvoni”‚ er at bulti – “er yigit unvoni/laqabiga ega boʻldi” kabi bilgilar uchrab‚ izlanuvchilar bu bilgilarni eski turklarda har bir kishi bolalik‚ oʻsmirlik va yetuklik yoshida turli ismlar bilan atalishi anʼanasi bilan ochiqlaydilar [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 108; Tekin 2003: 233-235]. Ushbu soʻz birikmalarini birgina unvon yoki epitet deb tushunmasdan‚ kishilarning koʻrsatgan dovyurakligi uchun jamiyat tomonidan berilgan atoq – laqabi deb qarash toʻgʻriroqqa oʻxshaydi. Biroq‚ bitiktoshlarda er at soʻz birikmasiga atayin urgʻu berilib‚ kishilar biror unvon va epitetlari bilan tilga olinayotganda uchrashi bu masalaga birmuncha boshqacha yondashishni talab qiladi.

Er at qozonish jamiyatning har bir aʼzosi uchun bosh shartlardan biri boʻlib‚ unga erishish uchun daʼvogar oʻzining yaxshi fazilatlarini koʻrsatishi‚ shu jumladan, urush-savashlarda dovyuraklik koʻrsatishi shart boʻlgan. Bitiktoshlardagi erdamer erdami soʻzlarining negizida koʻproq shu tushuncha yotadi. Kul tegin bitiktoshida Bilga xoqon tilidan keltirilgan «Umay-teg oʻgum qatun qutinga inim Kul tegin er at bulti – (iloha) Umaydek onam xotun quti uchun inim Kul Tegin er ot (er yigitlik unvoni) topdi» degan bilgi uchrashi bundan deyarli bir yarim ming yil ilgari eski turklar jamiyatida er yigit boʻlib yetishish elga xizmat qilgani uchungina emas, onalar quti – baxti evaziga “er oti”ga erishiladi deb tushunilganini koʻrsatadi [qar. Abdurahmonov, Rustamov 1982: 108].

 

Yuqorida “yozma manbalarda Turk xoqonligi beklari – amaldorlari oʻzining chin oti bilan deyarli tilga olinmagan‚ koʻpincha ularni oʻzlari ega boʻlgan unvon va epitetlari orqali bilamiz” deb urgʻulab oʻtdik. Bunday deyishimizning yana bir sababi, xoqonlik chogʻida yashab oʻtgan tarixiy kishilarning koʻpchiligi bir­biriga oʻxshash‚ unvon va epitetlar bilan eslatilishidir. II Sharqiy Turk xoqonligi asoschisi Qutlugʻ (682–691) “elni‚ davlatni toʻplagan” anglamidagi El­tärish sifati bilan bitiktoshlarda tilga olingan boʻlsa [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 78, 104], uning ukasi Boʻgu­choʻr Qapgʻan xoqon (691­716) Tan imperiyasi tomonidan *El­tarish ulugʻ shanyuy (xit. sye­tye­li­shi da shan­yuy) unvoniga loyiq koʻrilgani xitoycha yilnomalarda keltirib oʻtiladi [Togan, Kara, Baysal 2006: 240]. Bu esa El­tarish Qutlugʻ xoqonning ham aslida oʻz oti emas‚ balki epiteti yoki faxriy unvoni bilan tilga olingan deb qarashga yetaklaydi.

 

“Er yigitlik unvoni”, yaʼni epiteti biror kishining yetuklik yoshida qozonilib‚ to u vafot etgungacha mansab bosqichlarida koʻtarilish chogʻlarida ham unvonlariga qoʻshib ishlatilgan. Shu oʻrinda yuqorida tilga olingan Sharqiy turk xoqonlari – Qutlugʻ Eltarish va Boʻgu­choʻr Qapgʻan otlari buning yorqin oʻrnaklari ekanini aytib oʻtish kerak. Ularning birortasi ushbu xoqonlarning chin oti boʻlmay‚ bir qismi er at boʻlsa‚ ikkinchi qismi yuksalish bosqichlarda egallagan unvonlaridir. Bunday deyishimiz negizida xitoy yilnomalarida El­tarish xoqon ora-sira *Qutlugʻ­choʻr‚ *Qutlugʻ­shad‚ *Qutlugʻ­xoqon koʻrinishlarida eslatib oʻtilgan boʻlsa‚ Qapgʻan xoqon xitoy va tibet manbalarida Boʻgu­choʻr‚ eksi turk bitiktoshlarida esa Boʻgu­xoqonBoʻgu­shad koʻrinishida tilga olinishi yotadi [Rybatzki 2000: 223].

 

Bundan anglashiladiki‚ Eltarish ham, Qapgʻan ham keyinchalik xoqon unvonini olishdan avval shad‚ undan ham oldin esa choʻr unvoniga ega boʻlgan kezlardayoq qutlugʻboʻgu epitetlarini qozongan edilar. Ular sirasiga turk xoqonlaridan Qutlugʻ Eltarish xoqonning Bilga (716–734) va soʻnggi turk xoqoni Oʻzmish (742–744) kabilarni ham qoʻshish mumkin. Ulardan birinchisining unvoni xitoy yilnomalarida bi­gya sha (*bilga­shad)‚ eski turk bitiktoshlarida Bilga­xoqon shaklida‚ ikkinchisiniki esa bitiktoshlarda Oʻzmish­tegin‚ xitoy yilnomalarida u­su­mi­shi ke­xan (*oʻzmish­xoqon) koʻrinishlarida beriladi [Rybatzki 2000: 222-230; Karjaubay 2002: 76]. Chamasi, ushbu epitetlar ularning “er yigitlik unvonlari” boʻlib‚ ular yetuklik chogʻida jamiyat va siyosiy hayotda koʻrsatgan fazilati – “er erdami”dan kelib chiqib, bunday nomlarga erishganlar.

 

Eski turklar jamiyatining oʻziga xos tomonlaridan biri bu –xotin-qizlarning oʻz erkiga ega boʻlganliklaridir. Turkiy el-uluslar davlatchiligi tarixida yuksak oʻrin tutadigan Turk xoqonligi boshqaruvida oʻnlab xotun – malikalar faol qatnashgan boʻlib, ulardan biri El-bilga xotun boʻlgan. Eski turkchada “el” – davlat, “bilga” esa “bilimdon, dono” maʼnolarini anglatib, xoqonlik xotun – malikalaridan biri El-bilga, yaʼni “Elning, davlatning donosi” deyilishi oʻz-oʻzidan boʻlmagan. 682-yilda turklarni Tabgʻach (Xitoy) tutqunligidan qutqarib, xoqonlikni mustaqil va ulugʻ davlatga aylantirgan Qutlugʻ xoqonga “elni, davlatni qaytadan tergan, toʻplagan anglamida “El-tärish” unvoni berilgan boʻlsa, uning yonida turib, mustaqillik uchun kurashgan, davlat boshqaruvida faol qatnashgan ayoli “El-bilga” unvoni bilan ulugʻlangan. El-bilga xotun Turk xoqonligini yuksaltirgan aka-uka Bilga xoqon va shahzoda Kul teginlarning onasi boʻlgan. Yuqorida urgʻu berilganidek, u “(iloha) Umaydek onam xotun quti uchun inim Kul Tegin er ot (er yigitlik unvoni) topdi” deb tilga olinadi. El-bilga xotunning Umayga oʻxshatilishi eski turk davlatchiligidagi tushunchalarga uygʻun keladi. Umay – chaqaloqlarni asrovchi, moʻl-koʻlchilik, qut-baraka keltiruvchi, urush chogʻida askarlarni qoʻriqlovchi iloha (farishta) oʻlaroq ardoqlangan. Shuningdek, Tangridan xoqonga beriluvchi hokimiyat belgisi – “qut” ham Umay orqali yetkazilgan deb tushunilgan.

 

Qisqasi, bundan bir yarim ming yilcha oldin ota-bobolarimiz jamiyatida “toʻrali boʻlmoq” (qonunga boʻysunish), “er erdami” (kishi fazilati)ga ega boʻlish, “er oti” (yigitlik oti, shaʼni)ni qozonish eng yuksak falsafiy tushunchalar oʻlaroq bilingan, ardoqlangan.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

Tarix fanlari doktori, professor

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

16:01 / 09.01.2026 0 70
Nega yengildik? – Biz bil(ma)gan haqiqatlar

Adabiyot

15:01 / 08.01.2026 0 65
Gaspiralining taraqqiyot haqidagi fikrlari

Tarix

17:01 / 07.01.2026 0 169
Amir Temurning bobosi kim bo‘lgan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//