Bugungi globallashuv, madaniy integratsiya va sivilizatsion jarayonlar jadallashgan davrda Islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi o‘rni va ahamiyatini ilmiy asosda o‘rganish tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi nafaqat muhim ilmiy voqea, balki tarixiy xotirani tiklash, milliy va umuminsoniy merosni chuqur anglash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu markaz faoliyati doirasida Islom tamaddunining ilm-fan, madaniyat, huquq, ijtimoiy tafakkur va ma’naviy hayot rivojiga qo‘shgan hissasini xolis va tizimli tadqiq etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashab ijod qilgan buyuk ma’rifatparvar va jadid mutafakkiri Ismoil Gaspiralining “Islom sivilizatsiyasi” nomli asari ham bugungi ilmiy izlanishlar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Xo‘sh, sivilizatsiya o‘zi nima?
Insoniyat taraqqiyotining moddiy va ma’naviy yutuqlarini umumlashtiruvchi, tarixiy rivojlanish bosqichlarini izohlovchi muhim ilmiy tushunchalardan biri bu – sivilizatsiyadir. Ilmiy adabiyotlarda “sivilizatsiya” atamasi ko‘pincha “madaniyat”, “taraqqiyot”, “ijtimoiy rivojlanish” kabi so‘z va birikmalar bilan uzviy bog‘liq holda qo‘llaniladi. Ayrim tadqiqotchilar sivilizatsiyani jamiyatning texnik va tashkiliy rivojlanish darajasi bilan izohlasa, boshqalar uni ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, dunyoqarash va ijtimoiy ong shakllarining uyg‘unligi sifatida talqin etadilar.
Sivilizatsiya atamasiga olimlar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Xususan, Eduard Bernard Taylor sivilizatsiyaga “Madaniyat yoki sivilizatsiya keng etnografik ma’noda inson jamiyat a’zosi sifatida egallagan bilim, e’tiqod, san’at, axloq, huquq, urf-odat va boshqa qobiliyat hamda malakalar majmuasidir” [1] deb ta’rif bergan bo‘lsa, Vil Dyurant “Sivilizatsiya – bu madaniy ijodkorlikni ta’minlovchi ijtimoiy tartibdir” [2], deb izohlagan.
Shu bilan birga mashhur “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” asarining muallifi Samuel Hantington “Sivilizatsiya – bu insonlar ega bo‘ladigan eng yuksak madaniy birlashma darajasidir” [3], deydi.
Bundan tashqari mashxur “Muqaddima” asarining muallifi Ibn Haldun sivilizatsiyani “Umron (sivilizatsiya) – bu insonlarning jamiyat bo‘lib yashashi, ehtiyojlarini qondirishi va taraqqiy etish jarayonidir” [4], deb ta’riflagan.
Yuqoridagi to‘rt ta’rif mazmunan bir-biriga yaqin. Ushbu ta’riflarning barchasi sivilizatsiya atamasiga, umuman olganda, ijobiy baho bergan. Biroq olmon faylasufi Osvald Shpenglerning sivilizatsiya atamasiga nisbatan yondashuvi ancha boshqacha ma’noga ega.
Osvald Shpengler “Sivilizatsiya – bu madaniyatning muqarrar taqdiri, uning organik rivojlanishidagi so‘nggi bosqichidir” [5], degan. Xo‘sh, bu nima degani?
XX asr falsafiy tafakkurida tarix va madaniyat taraqqiyotiga siklik yondashuvni asoslab bergan mutafakkirlardan biri Osvald Shpengler (1880–1936) hisoblanadi. Uning “G‘arbning tanazzuli” (Der Untergang des Abendlandes, 1918) asarida ilgari surilgan “Sivilizatsiya – bu madaniyatning muqarrar taqdiri, uning organik rivojlanishidagi so‘nggi bosqichidir” degan konsepsiyasi tarix falsafasida muhim nazariy burilish yasadi. Ushbu fikr orqali Shpengler sivilizatsiyani taraqqiyot cho‘qqisi emas, balki madaniyatning ichki imkoniyatlari tugab borayotgan bosqichi sifatida talqin qiladi.
Shpengler nazariyasida madaniyat tirik organizmga qiyoslanadi. U tug‘iladi, o‘sadi, kamol topadi va muqarrar ravishda qarish hamda so‘nish jarayonini boshdan kechiradi. Madaniyatning ushbu “hayotiy sikli” yakuniga yetgan pallada u sivilizatsiyaga aylanadi. Shu ma’noda, sivilizatsiya madaniyatning davomchisi emas, balki uning ichki ruhiy mazmuni yo‘qolganidan keyingi tashqi ko‘rinishidir (Ya’ni, madaniyat bu mohiyat, sivilizatsiya esa shakldir – M.Alijonov).
Shpengler uchun madaniyat ijodkorlik, ramziylik, mifologik tafakkur va ruhiy teranlik bilan tavsiflansa, sivilizatsiya texnika, ratsionalizm, shaharsozlik, byurokratiya va olomon instikti bilan belgilanadi. Demak, Shpenglerning fikricha sivilizatsiya bu madaniyatning o‘limi yaqinlashayotganligini anglatadi. Yoki boshqacha qilib aytganda sivilizatsiya bu – madaniyatning qarilik davridir.
Jahon tarixida Islom sivilizatsiyasi ham insoniyat taraqqiyotiga chuqur va barqaror ta’sir ko‘rsatgan yirik madaniy-tarixiy hodisalardan biri hisoblanadi. VII asrda Arabiston yarimorolida vujudga kelgan Islom dini qisqa vaqt ichida keng geografik hududlarga yoyilib, nafaqat diniy e’tiqod tizimi, balki o‘ziga xos ijtimoiy, huquqiy, siyosiy, ilmiy va madaniy qadriyatlarga asoslangan sivilizatsion makonni shakllantirdi. Ushbu sivilizatsiya doirasida din va dunyoqarash, ilm va e’tiqod, ma’naviyat va ijtimoiy amaliyot o‘zaro uzviy bog‘liq holda rivojlandi hamda jamiyat taraqqiyotining muhim omiliga aylandi. Arnold Toynbining ta’rifi bilan aytganda “Islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixidagi eng tez shakllangan va boshqa tamaddunlarga nisbatan eng keng hududlarga yoyilgan sivilizatsiyalardan biri” [6] bo‘ldi.
Islom sivilizatsiyasining asosiy manbai bo‘lgan Qur’oni karim va Sunnat insonni nafaqat ibodat subyekti, balki faol ijtimoiy mavjudot sifatida talqin qildi. Bilim olish, tafakkur yuritish, adolat va mas’uliyat tamoyillari Islom sivilizatsiyasining konseptual poydevorini tashkil etdi. Aynan shu asosda o‘rta asrlarda Bag‘dod, Buxoro, Samarqand, Qohira, Damashq, Qurtoba kabi ilmiy-madaniy markazlar shakllanib, falsafa, mantiq, matematika, astronomiya, tibbiyot, tarixshunoslik va tilshunoslik sohalarida yuksak ilmiy maktablar vujudga keldi. Shu o‘rinda birgina Qurtoba (hozirgi Ispaniyadagi Kordova shahri) haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Tatar ulamosi va taraqqiyparvar Rizouddin ibn Faxriddin Qurtoba haqida to‘xtalar ekan quyidagilarni yozadi: “Davlati Ummaviya zamonida Qurtobaning 200 ta jomeyi masjidi, 600 ta karvonsaroyi, 200,000 ming xonadoni va 2 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan. Din, lug‘at, riyoziyot, tarix, geografiya, tib, hay’at, falsafa, san’at, xullas diniy va dunyoviy ilmlarning barchasi Qurtobada o‘qilgan va o‘qitilgan. Qurtobada bu vaqtda katta va mukammal sur’atda tibbiyot maktabi mavjud edi. Ovro‘pada eng birinchi qurilgan tibbiyot maktabi shu bo‘lgan ekan. Mazkur maktabga hatto Ovro‘pa hukmdorlari ham davolangani kelishgan va ular bu yerdagi madaniyat va taraqqiyotni ko‘rib hayron qolganlar.
Qurtoba xalqining kitob to‘plashlari haqidagi xabarlarni faylasuf va olim Shayx Abu Bakr ibn Zahro: “Ishbiliyada (Hozirgi Sevilya) vafot etgan olimning kitoblari sotiladigan bo‘lsa Qurtobaga, musiqachining asboblari sotilishi kerak bo‘lsa Ishbiliyaga keltirilar edi”, deb yozgan” [7].
Biroq XIX asrga kelib yuksak tarzda sanoatlashgan G‘arb dunyosi deyarli butun musulmon olamini mustamlaka qilishga erishdi. Ana shunday og‘ir va murakkab zamonda musulmonlar ichidan yetishib chiqqan ko‘plab olimlar tarixga yuzlangan holda, mustamlaka holatiga tushib qolgan, ilg‘or fan va taraqqiyotdan asrlarcha orqada qolgan, bir-birlari bilan o‘zaro qadim-qadim nizolari ichida tortishayotgan musulmonlarni porloq o‘tmishidan ibrat olishga, zamonga qarab xulosa chiqarishga, dunyoviy ilm-fansiz taraqqiy etib bo‘lmasligiga ishontirishga, inontirishga harakat qildilar. Ismoil Gaspiralining “Madaniyati islomiya” asari ham aynan shu maqsadda yozilgan edi.
Ismoil Gaspiralining ushbu asari 1889-yilda kitob holida chop etilishidan oldin “Tarjimon” gazetasining 1884-1885-yillardagi sonlarida maqolalar shaklida o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan. Bular quyidagi sonlardir: “Tarjimon” gazetasi: 1884-yil 17-iyun, № 22; 1884-yil 1-iyul. № 24.; 1884-yil 30-iyul. № 27; 1884-yil 17-sentyabr. № 32; 1884-yil 16-oktyabr. № 35; 1884-yil 11-noyabr. № 40; 1884-yil 19-dekabr. № 45; 1885-yil 8-yanvar. № 1.
Ismoil Gaspirali ushbu asarini aslida “Madaniyati Islomiya” nomi ostida ommaga havola etgan. Biroq asarning mazmun-mohiyati va muhokama qilingan mavzular madaniyat tushunchasidan ko‘ra sivilizatsiya atamasiga ko‘proq mos keladi. Shu sababli biz ushbu risola nomini “Islom sivilizatsiyasi” tarzida tarjima etishni lozim topdik.
Asar shaklan kichik hajmda bo‘lsa-da, unda juda ko‘p ilmiy va biografik ma’lumotlar keltirilgan. Asarning boshida muallif musulmon olimlarining kishilik madaniyati rivojiga qo‘shgan hissalarini batafsil qayd etadigan bo‘lsa, gazetaning 500 sahifasi ham yetmasligini urg‘ulagan holda, “Shu boisdan ham biz mazkur vaziyatda yolg‘iz bir necha maqola doirasidagina musulmonlar erishgan taraqqiyot darajasini ko‘rsatishni hamda umuman sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan hissalariga e’tibor qaratishni maqsad qildik”, deb yozadi.
Yana uning qayd etishicha, bu yorug‘ olamda turli xalqlar yashaydi va ularning barchasi bir-biridan farq qiladi. Xo‘sh, bu farqlar nimada? Xudo bir insonni boshqa insondan ustun yoki past qilib yaratmagan bo‘lsa, boshqacha qilib aytganda, Xudo odamlarni tug‘ma yuqori va quyi tabaqalarga bo‘lmagan bo‘lsa [8], xalqlar o‘rtasidagi bu farqlar qayerdan kelib chiqdi? Ismoil Gaspiralining urg‘ulashicha, bu yerda gap teri rangida, u yoki bu xalq nufusidagi farqlarda emas, balki turmush tarzi, bilim darajasi va dunyoqarashlaridagi tafovutlar haqida bormoqda.
Ismoil Gaspiralining madaniyat (sivilizatsiya) xususidagi mulohazalari hozirgi zamon uchun ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, u xalqlarni bu borada uchta darajaga bo‘ladi.
Birinchi darajada insonning ijtimoiylashuvi nihoyatda past bo‘lib, u tabiat bilan butkul birgalikda hayot kechiradi. Unda kiyim-kechak, oila, doimiy turar joy kabi ijtimoiy institutlar mavjud bo‘lmaganligi sababli, bu holat shunchaki biologik tiriklik hisoblanadi. Oziq-ovqatning tayyor shaklda – meva, baliq va ov orqali ta’minlanishi esa mehnatning ishlab chiqarish xarakteriga ega emasligini ko‘rsatadi. Xullas, ushbu daraja insoniyat tarixining eng ibtidoiy bosqichi bo‘lib, bu hali sivilizatsiyaning yo‘qligini anglatadi.
Ikkinchi darajani esa o‘tish bosqichi sifatida izohlash mumkin. Bu yerda inson biologik mavjudotdan ijtimoiy mavjudotga aylana boradi. Oila va jamiyat tushunchalarining paydo bo‘lishi sivilizatsiyaga tomon qo‘yilgan muhim qadam bo‘lsa-da, hunarmandchilik, savdo-sotiq, doimiy turar joy va moddiy barqarorlikning yo‘qligi bu bosqichning hali mukammal emasligini ko‘rsatadi. Shu sababli bu pog‘onani “yarim sivilizatsiyalashgan” deb hisoblash mumkin.
Uchinchi daraja esa to‘liq sivilizatsiyalashgan jamiyatdir. Bu bosqichda inson hayoti barqarorlik, qulaylik va tartibga ega bo‘lganligi bilan ajralib turadi. Unda oila, nikoh va boshqa jamiyat institutlari mustahkam, ijtimoiy munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilgan bo‘ladi. Kishilikning bu darajasida shahar va qishloqlarda muqim holda yashash, doimiy va qulay turar joylarga ega bo‘lish imkoniyati mavjuddir. Bundan tashqari ushbu bosqichda dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo kabi faoliyat turlari gullab-yashnaydi.
Asar 8 bobdan iborat bo‘lib, uning birinchi bobi madaniyat (sivilizatsiya) tushunchasinng mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan (Bu haqida qisman yuqorida to‘xtalib o‘tdik – M.Alijonov.). Ikkinchi bob esa bevostida Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Islomning sivilizatsiya sifatidagi o‘rnini shubha ostiga oladigan yevropalik tadqiqotchilarga yuzlangan holda: “Biroq yevropalik olimlarning anchagina qismi musulmonlarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini inkor etib, sivilizatsiya asoslari bevosita qadimgilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilingan degan fikrni ilgari surishga urinadilar. Biz bu nuqtayi nazarni qabul qila olmaymiz. Qadimgi yunon sivilizatsiyasining yakuni bilan Yevropa sivilizatsiyasining ilk shakllanishi orasida qariyb o‘n ikki asrga yaqin vaqt bor…
Nahotki butun dunyo shuncha asr mobaynida mutlaq jaholatga cho‘kkan holda yashagan bo‘lsa? Nega Yevropa butun bir ming yillikni boy berib, yunon fanini o‘zlashtirish va sivilizatsiyani barpo etishni shunchalik kech boshladi?” deb yozadi. Ismoilbek o‘zining ushbu so‘zlari bilan sivilizatsiya Yevropadan oldin islom dunyosiga yoyilganini va musulmonlar uni taraqqiy qildirib, nuqsonlarini bartaraf etib, Yevropaga qayta topshirganligini, Aristotel, Platon kabi o‘nlab mashhur yunon olimlarining asarlarini Yevropaga tanitganlar aynan musulmonlar ekanligini dadil qayd etadi. Bundan tashqari u g‘arblik olimlarning ichida insoflilari ham borligini ta’kidlab, amerikalik ilm-fan vakillaridan Dreyperning “Yevropa tafakkur taraqqiyoti tarixi” kitobida yozilgan “Yevropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham’ va chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelgandir”, degan fikrni isbot sifatida keltiradi.
Bundan tashqari muallif ayrim yevropalik olimlarning “Musulmon sivilizatsiyasi bu arab sivilizatsiyasidir”, degan sayoz qarashlariga qarshi chiqib, “…yevropaliklar musulmon sivilizatsiyasini “Arab sivilizatsiyasi” deb noto‘g‘ri ifoda ishlatadilar. Qanday qilib o‘rta asrlarda butun Yevropa uchun ilmiy va adabiy til lotin tili bo‘la turib, unda fransuz, ingliz, nemis va boshqa olimlar ijod qilgan bo‘lsalar, xuddi shuningdek musulmonlar orasida ham so‘nggi davrlargacha ilmiy til arab tili bo‘lib kelgan. Yevropa fan va sivilizatsiyasini “Lotin sivilizatsiyasi” deb atash qanchalik asossiz bo‘lsa, islomni qabul qilgan turli qabilalar sa’y-harakati bilan yaratilgan sivilizatsiya va ilmni ham “Arab sivilizatsiyasi” deb atash shunchalik noto‘g‘ridir”, deb yozadi.
Muallif bu boradagi chalkashlik ko‘plab odamlar musulmon olim va mutafakkirlarini faqat arab millatiga mansub bo‘lgan deb o‘ylashlaridan kelib chiqqanini urg‘ulab, aslida, ular orasida arab bo‘lmagan olimlar ham ko‘pligini, masalan, “Ibn Sino – turk (ba’zi manbalarda eronlik), Forobiy ham turk, Salohiddin Ayyubiy esa kurd edi”, deb o‘z fikrini izohlaydi.
Ismoil Gaspirali ushbu asarining keyingi boblarida musulmonlarning astronomiya, matematika, geografiya, tibbiyot, falsafa, huquqshunoslik, tarix va adabiyot sohalarida musulmonlar erishgan yutuqlarni keltirib o‘tadi va bu muvaffaqiyatlar keyinchalik Yevropaning ilm-fan borasidagi ulkan taraqqiyoti uchun asos – fundament bo‘lib xizmat qilgani, o‘z navbatida ushbu asosni qo‘yishda Turkiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning ham o‘rni beqiyos ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidlaydi.
Ismoil Gaspirali Turkiston xalqi ichida ham savodxonlik, modern tafakkur va milliy tarbiyaga asoslangan zamonaviy ilm-fan va madaniyat yo‘liga da’vat qiluvchi yetakchi sifatida tanildi. Xususan u vafot etganida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Abdulla Avloniy, Kamiy, Sadriddin Ayniy, Ashurali Zohiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Tavallo, Rojiy Faxriddin, Mirmuhsin Shermuhammedov va boshqa ko‘plab turkistonlik ziyolilar Ismoil Gaspiralining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab maqola va she’rlar yozib matbuot sahifalarida e’lon qilgan. Shuningdek, shoir Abdulhamid Cho‘lpon u bilan bevosita maktublar almashgan.
Xulosa o‘rnida aytganda, uning gazeta va risolalari, yangi usul maktablariga doir konsepsiyasi va ma’rifiy tashabbuslari, shuningdek, turkiy dunyodagi ilmiy-ma’naviy uyg‘onishga qo‘shgan hissasi bu o‘lkada ham katta qiziqish va e’tirofga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa Ismoil Gaspirali shaxsi nafaqat Qirim va Volga bo‘yi hududida, balki Turkistonda ham jadidchilik harakatining asosiy ramzi va ma’rifiy uyg‘onish timsoli sifatida nom qozondi. Uning Turkiston o‘lkasida bu darajada mashhur bo’lishida “Islom sivilizatsiyasi” asarining ham o‘ziga xos o‘rni bor.
Muslimbek ALIJONOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1) Tylor E. B. Primitive Culture. London: “John Murray”. 1871. – P. 1.
2) Dyurant V. The Story of Civilization. Nyu-York: “Simon & Schuster”. 1935. – P. 1.
3) Huntington S. P. The Clash of Civilizations and the Remaking of World Order. New York: “Simon & Schuster”. 1996. – P. 143.
4) Ibn Haldun. Al-Muqaddima. Qohira: “Dor al-Fikr”. 2004. – S. 67.
5) Spengler O. The Decline of the West. Vol. I. Munich: “C.H. Beck”. 1918. – P. 31.
6) Toynbee A. J. A Study of History. Vol. IV. London: “Oxford University Press”. 1939. 172.
7) Rizouddin ibn Faxriddin. Ibn Rushd. – Peterburg: “Ibrohim Idrisov” nashriyoti. 1905. – B. 9-10.
8) Yukichi Fukuzava. Ilmga chaqiriq. – Istanbul: “Yelkan press” nashriyoti. 2025. – B. 7.
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q