XX asrning 20-yillari Turkiston uchun nafaqat siyosiy beqarorlik, balki sinovlar davri ham edi. Yangi tuzum va eski qadriyatlar toʻqnashgan bir pallada ziyolilar zimmasiga millatni uygʻotish bilan bogʻliq ogʻir masʼuliyat yuklangandi. Ana shunday murakkab sharoitda Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon ham koʻplab zamondoshlari qatori kurash maydonida edi. Uning turli matbuot nashrlarida bosilgan xabar, murojaat va maqolalari bir shoirning emas, butun bir davrning maʼnaviy portretini ochib beradi.
Notinchlik, bezovtalik va yetilib borayotgan xavf, ogʻir bosim ijod ahlining nafaqat qalamida, balki shaxsiy hayotida ham tobora sezila boshlaydi. Afsuski, bunday voqeliklar Choʻlpon taqdirini ham chetlab oʻtmadi. U “Darxon”da ishlab yurgan paytida ehtimoliy xavf-xatarlardan saqlanish uchun Andijon harbiy inqilob qoʻmitasiga murojaat qiladi. Vaqtincha foydalanish maqsadida toʻpponcha soʻrab yozilgan ushbu ariza bugun Andijon viloyati davlat arxivida saqlanmoqda. Hujjat 1923-yil 15-iyul sanasi bilan rasmiylashtirilgan boʻlib, unga oʻsha davrdagi muvaqqat rais Yormuhammad oʻgʻli “bir dona toʻfoncha topib berilsin” degan javob qaytargan. Akademik N.Karimovning maʼlum qilishicha, bu murojaat qanoatlantirilib, Choʻlponga qoʻmondonlik tomonidan “Brauning” rusumli toʻpponcha berilgan. Bunday hodisalar shoir tegrasida nechogʻlik murakkab davr charx urayotganidan dalolat edi.
Choʻlponning turli gazetalarda bosilgan xabar va murojaatnomalari uning fojiali taqdiri, shuningdek, bizgacha yetib kelmagan asarlari haqida muhim ishoralar beradi. Jumladan, shoirning 1923-yil 18-fevralda eʼlon qilingan murojaatida “Uzun quloq bobo” xususida “Turkiston” gazetasi tahririyatiga yoʻllagan xatida Choʻlponning bizga nomaʼlum boʻlib qolgan ikki pardalik sahna asari mavjud boʻlgani, uning yoʻqolib qolish sabablari ham oydinlashtiriladi. Parcha:
“...Mening “Uzun quloq bobo” nomliq 2 pardalik kulgi asarimni oqqa koʻchurub oʻzbek truppasiga topshirmoq sharti bilan mazkur truppaning eng muqtadir bir artisti olgʻon edi. Hozir shul asarning mazkur artist qoʻlida borligʻi shubhalik boʻlub qoldi. Eshitganimga koʻra, bechora asarim Samarqand sanʼat havaskorlariga “tortuq” qilinib, berib yuborilgʻon emish. Shuning uchun gazeta orqali eshitdirmakchi boʻlamankim, butun haq va huquq oʻzimda boʻlgʻon ul asar qayda boʻlsa ham bosdirilsa yoki sahnaga qoʻyulsa, shunga aloqalik kishilarni hukmga tortgʻumdir”.
Choʻlpon ijodiy merosining bizgacha toʻliq saqlanib qolmagani tasodifiy hol emas, albatta. Doimiy koʻchishlar, ijara manzillardagi sargardonlik shoir uchun nafaqat ruhiy, balki ijodiy yoʻqotishlarning ham sabablaridan biri edi.
Maʼlumki, u turli davrlarda Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Moskva kabi shaharlarda taʼlim va xizmat yumushlari bilan boʻlib, goh tanish-bilishlarning uyida, goh ijara xonalarda yashashga majbur boʻlgan. Beqaror hayot tarzi tufayli ayrim qoʻlyozmalarining yoʻqolib qolishi tabiiy jarayon edi. Jumladan, “Turkiston” gazetasining 1923-yil 12-aprel sonida eʼlon qilingan murojaatda shunday deyiladi:
Istakli muharrir oʻrtogʻim!
(Boshqarmaga xat)
“Yaqinda mening bir daftarcham yoʻqoldi. Qogʻoz muqovaliq ul daftarchaga soʻng vaqtda yozgʻon sheʼrlarimni yigʻib, koʻchirgan edim. Agar yangilishmasam, u daftarchada “Oʻynamoq va kulmak istar ekan”, “Qish oldida”, “Qushning esdaligi”, “Noma”, “Qora roʻmolliqqa”, “Echki uynatuvchi qizgʻa” nomliq sheʼrlarim bor edi. Shuni koʻrgan-bilgan oʻrtoqlar boʻlsa, oʻzimga qaytarmoqlarini soʻrayman. Shuning yoʻqligʻi ikkinchi sheʼr majmuamning chiqmasligʻigʻa sabab boʻlub turadir. Toʻla ehtirom bilan, Choʻlpon”.
Choʻlpon oʻz davrining chin ziyolisi sifatida millat qadrini koʻtarishni, xalqning boy oʻtmishi, tarixiy xotirasini asrashni oʻzining muhim vazifasi deb biladi. Shu maqsadda oʻz fikrlarini ochiq xat, bildiruv sifatida gazeta sahifalarida chop ettirib boradi. Ayniqsa u Navoiy, Ulugʻbek, Uvaysiy haqidagi chiqishlari orqali millatning koʻhna merosiga eʼtibor qaratadi.
Shulardan biri Choʻlponning Oʻzbek bilim hayʼatiga yoʻllagan “500 yil” nomli ochiq xati boʻlib, “Turkiston” gazetasining 1924-yil 23-sentyabr sonida eʼlon qilingan. Xatda shoir yaqin bir-bir yarim yil ichida Alisher Navoiy vafotiga 500 yil toʻlishini eslatib, oʻz tarixiga ega boʻlgan xalqlar bunday sanalarni katta bayram sifatida nishonlashini aytar ekan, bu borada muhim takliflarni bildiradi:
“...Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydirlar. Gʻarbda esa unday bayramlar juda katta tantanalar bilan oʻtkaziladir. Bu toʻgʻrida gapni choʻzib oʻltirish hojat emas. Koʻz bilan koʻrganimiz ham yetib ortarliqdir.
Shuning uchun men aytmoq istaymankim, Navoiyning 500 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan oʻtkazishga shu topdan hozirlana boshlayliq”.
(Eslatma: Tadqiqotchi olimlarimiz shu oʻrinda matbaa xatosimi yoki Choʻlpon adashganini aytadi. 1926-yilda, yaʼni Choʻlpon aytmoqchi, yaqin bir-bir yarim yil ichida Navoiy vafotiga 425 yil toʻlar edi. Ammo muallif “Navoiyning 500 yilligi” tantanalari haqida gapiradi. Chamasi, Choʻlpon shoir vafotining 425 yilligini va keyinroq tavalludining 500 yilligini nishonlashni nazarda tutgan.)
Eʼtiborlisi, muallif maqolada Navoiy siymosini abadiylashtirish bilan bogʻliq muhim takliflarni oʻzbek bilim hayʼatining eʼtiboriga havola etadi:
“1. Hozirdan boshlab yaraliq kishilarimizdan bir hayʼat tashkil qilib, 500 yillik bayramni mumkin qadar tantana bilan oʻtkazish yoʻlini topmoqgʻa oʻshal hayʼat vakil qilinsun.
2. Hayʼat Navoiyning bosilmagʻon asarlarini topib, bosdirishgʻa lozim koʻrulgonlarini bayramgacha bosdirish chorasini koʻrsun.
3. Navoiyning mukammal tarjimai holi yozdirilsun.
4. Navoiyning shevalaridan terma bir asar tuzulub, nafis qilinib bosdirilsun.
5. Navoiy nomigʻa yuqori oʻqush yurtlarining adabiyot-til fakultetlarida oʻzbek talabalari uchun stipendiyalar ochilsun.
6. Oʻzbekistonning poytaxtida Navoiygʻa haykal tikilsun.
7. Baʼzi bir oʻzbek shaharlarining koʻcha ismlari Navoiy otigʻa qoʻyulsun”.
Shoirning 102 yil oldin bergan taklifi, buni qarangki, bugun toʻla-toʻkis amalga oshdi.
Shuningdek, shoir “Mirzo Ulugʻbek” maqolasida dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan bobomizning nomi va ilmiy yutuqlari eʼtiborsiz qolayotganidan tashvishga tushadi. Quyidagi maqoladan parchada buyuk ota-bobolarimizning shon-shuhratini tiklash va ulugʻ merosini asrab-avaylashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar aniq koʻrinishda namoyon boʻladi.
“...Turkiston xalqi, ayniqsa biz tubjoy xalq, oʻzimizning shu olim kishimizni sira esga olmaymiz. Uning ismiga birgina, kichkina boʻlsa ham xotira nishona yoʻq. Shaharlarda ochilgʻon maktablar bilangina u ulugʻ olimni taqdir qildiq, deb ayta olmaymiz. Sira, sira ayta olmaymiz. Toshkand rasadxonasi hozir bir ishga qadam qoʻydi. Girmoniyadagʻi “Nasiys” korxonasiga buyurib, katta bir teleskoʻp (rasadxona durbini) yasatdirmoqchi va u durbinni Toshkand rasadxonasiga oʻrnatub, unga “Mirzo Ulugʻbek durbini” deb nom qoʻymoqchi.
Bu durbin bir Turkistondaguna emas, balki butun dunyoda birdan bir katta durbin boʻladur. Nimagakim, bundoq zoʻrliqda va bu oʻtkurlikdagi durbin faqat Amriqodagina bordur. Korxonachi bilan soʻzlashilgan. Durbin oltun hisobi bilan 96000 soʻmga tushadur. Bu puldan 40000 soʻmi pishaki berilsa, durbin 2–2,5 yilda tayyor boʻlib keladur. Tashabbus boshlangʻon. Ish, faqat shu pulni yigʻishda qolgʻon”.
Koʻrinadiki, bu shunchaki saʼy-harakatlar emas, millat taqdiriga jidd-u jahd bilan kirishishdir.
Shuningdek, Choʻlpon 1925-yilda “Maorif va oʻqituvchi” jurnali 7–8-qoʻshma sonida “Ulugʻ hindiy” nomli maqolasini eʼlon qiladi. Unda hindning buyuk shoiri Rabindranat Tagor ulugʻligini Himoloy togʻlariga qiyos qilib, shu orqali oʻz zamonamiz ahvoliga ham kuyunchaklik bilan nazar soladi. Parcha:
“...Bizning oʻzbeklar uchun hali hozirgʻa u xil chuchmallik yoʻq. Nimaga desangiz, oʻzbeklar eskidan – hech sababsiz – arazlagʻon, xafa; yangiga – endigina suqulib kirmoqda. U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola, goʻdak, chaqaloq, eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz; беспризорный oʻzboshli! Jurʼat qilib: “yoʻlsiz” deb yuborayin deymen-u, qoʻrqamen; negakim boshlab… oʻzim yoʻlsiz!”
Shu oʻrinda shoir oʻzining ham yoʻlsiz ekaniga urgʻu berar ekan, ayrim birxilliklar uni zeriktirganini, zamon bilan hamnafaslik, yangicha yondashuvlarga tashnalik, oʻz zamondoshlaridan umidvorligi haqida ham toʻxtaladi:
“...Oʻzimning yoʻlsizligʻimdan bir oz soʻzlab oʻtayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni oʻqiymen: bir xil, bir xil, bir xil!
Koʻngil boshqa narsa, yangilik qidiradir: Botu, Gʻayratiy, Oltoy, Oybek, Julqinboylarni oʻqiymen, quvontiradir xolos! Ular mening uchun yongʻon chiroqlar boʻlsa ham mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy, Hakimzodalarni oʻqumaymen, oʻqumaymen, meni shu holgʻa solgʻon oʻshalar!..
Nechun ochildi koʻzim. Qayda ketdi uyqularim?..”
Shoirning navbatdagi “Uvaysiy” nomli maqolasi “Yorqin turmush” jurnalining 1936-yil 4–5-qoʻshma sonida eʼlon qilinib, unda chistonlari bilan mashhur shoiraning ayanchli holini-da hikoya qiladi. Bu maʼlumotlar shoira tarjimai holi haqidagi achchiq haqiqatlarni bizga eslatadi. Parcha:
“...Uvaysiy Margʻilonlik boʻlgan. Umarxon oʻrdasida xonning oʻzi boshliq bir necha shoir boʻlganini (Fazliy, Ado, Hoziq, Gulxaniy va boshqalar), ularning tez-tez toʻplanib mushovara qilishgʻanlarini eshitgandan keyin, oʻsha shoirlar majlisiga kirmak havasiga tushadi. Buning uchun Qoʻqonga bormoqchi boʻlib otasidan ijozat soʻraganida otasi uning talabini qaytarmasa-da, qizning saroydagi shoirlar majlisiga kirishiga yordam koʻrsatar degan umid bilan Qoʻqondagi obroʻli odamlardan bir doʻstining hovlisiga yuboradi. U odam, qizning shoira boʻlsa ham hali yosh ekanini koʻrib, ikkilanadi:
– Bu holingizda borib kirolmassiz. Bironta qari xotin qiyofasida borib koʻrsangiz, – dedi.
Jahonoyi qari kampir kiyimlarini kiyib, eski paranji yopinib oʻrdaga boradi. Uni kiritmaydilar. Soʻngra u “Zaboningni” deya boshlangan gʻazalidan mana bu ikki yoʻlni yozib shoirlar majlisiga kiritadi:
“Meni “Latakhuli” deb mahrum etma bogʻbon ahli,
Azal degoni bagʻrim qonini toʻkkan bu gulzora”.
Shundan soʻng uni shoirlar majlisiga kiritadilar, Faqat u yerda uning qari kampir emas, yosh bir juvon ekani bilingandan keyin, biror “fitna” chiqmasin deb boʻlsa kerak, uni darhol saroy ichkariligiga kiritib yuboradilar. Shu boʻyicha Jahonoyi Umarxon saroyida qolib ketadi va soʻngroq “Jahon otin” deb shuhrat chiqaradi”.
Choʻlpon mashhur “Anor” chistonining yaratilish tarixiga ham alohida toʻxtalib, uning paydo boʻlishiga turtki boʻlgan hayotiy voqea, ijtimoiy muhit bilan bogʻliq davrni ham aytib oʻtadi:
“...Jahon otinga bir kun, dasturxon ustida anorni koʻrsatib, shu toʻgʻrida bir narsa demakni iltimos qilgʻanlar. Jahon otin oʻsha minutning oʻzida anor toʻgʻrisida toʻrt yoʻllik bir sheʼr yozgan. Badehagoʻlik yoʻli bilan yozilgan bu toʻrt yoʻllik bayt anorni qanday goʻzal va sanʼatkorona tasvir qiladi:
“Bu na gumbazdir, eshigi tuynugidan yoʻq nishon,
Necha gulgunpoʻsh qizlar manzil aylabdir makon,
Sindirib gumbazni qizlar holidan olsam xabar:
Yuzlariga parda tortigʻliq, tururlar bagʻri qon”.
“Yuzlariga parda tortilgan “qizlarning” bagʻrlari qon” boʻlganini aytgan, saroy choʻriqizlarining ohi-zorini tasvirlab beradi”.
Choʻlpon, shuningdek, 1914-yil 13-dekabrda “Sadoi Fargʻona” gazetasining 94-sonida chop etilgan “Til bilmaganlik xosiyati” nomli maqolasida Petrograddagi Obuxovskiy kasalxonasida yarador boʻlgan bir turkman haqida yozar ekan, uning oʻlimisababini oʻz tilidan boshqa tilni bilmasligida koʻradi. Bu orqali shoir til bilmaslik baʼzan hayot-mamot masalasiga aylanib qolishini uqtiradi:
“...Kasalxonada yotganda holi ogʻirlashgandan keyin harakat qilib, imo-ishora ilan bir narsa anglatmoqchi boʻlgan, turkmancha ham soʻzlab qaragan, lekin kasalxonada turkmancha biladurgan hech bir kishi yoʻqligi uchun aning maqsudini bila olmaganlar.
Kasalxona idorasi “Вечерня время” gazetasi orqali xalqqa murojaat etub, turkmancha biladurgʻan topilib kelguncha bechora turkmanni umri vafo qilmay olamdan oʻtgan. Til bilmaslik “xosiyat”idan bechora oʻzining dunyodagi vasiyatlarini anglatolmay, ojizlik holda dunyodan rihlat qilgan”.
Shoirning yana bir achchiq mavzusi xalq orasida eski kitoblar savdosining yoʻqligi masalasidir. Shu yoʻlda A.Qodiriy, Choʻlpon, Elbek, N.Alimuhammedov, S.Siddiqlar birgalikda “Qizil Oʻzbekiston” gazetasining 1935-yil 27-may sonida “Eski kitoblar savdosini qoʻlga olaylik” maqolasini chop etadi. Parcha:
“...Jumhuriyatimizning turli burchaklarida, har kimlarning qoʻlida bekinib, ortiqcha matax boʻlib yotgan qimmatli asarlar juda koʻp. Bular egasini topolmay chang-tuproq orasida koʻmilib yotadi. Holbuki, kundan kunga soni oʻsib turgan ilmiy xodimlarimiz uchun ular juda kerak. Undan tashqari, saviyasi oʻsib, madaniy darajasi koʻtarilib turgan omma ham yangi va eski kitoblarga talabgor”.
Maqolada Turkistondagi ayanchli hol Ittifoqning boshqa qismlari bilan taqqoslanadi:
“...Chunonchi, Moskvada nuqul eski kitoblar olib sotilaturgan oʻnlarcha davlat magazinlari bor. Bizda ham eski kitoblar boyligining zoʻr ekaniga qaramay, butun Oʻzbekistonda loaqal bir kioska ham yoʻq. Shuning uchun bu ish allaqanday savodsiz odamlar, toʻgʻrisi chayqovchilar qoʻlida qolib kelmoqda”.
Aslida Choʻlpon oʻzining ilgʻor safdoshlari, doʻstlari qatori jamiyatni yuksaltiruvchi turli yoʻnalishlarning ochilishiga xayrixoh edi. Shoirning “Koʻmak” ishlari” maqolasi “Fargʻona” gazetasining 1924-yil 31-yanvar sonida chop etilib, unda bugunimizda ham muhim sanalgan masala, “Hozirliq qurslari” (Tayyorlov kurslari) va “Xotun-qizlar uchun savod qurslari” ochilishiga ragʻbat bildiriladi. Maqolalarda “Koʻmak”ning harakati bilan yaqinda 30 kishilik “hozirliq kurslari” ochilgani, “oʻrta va oliy maktablarning kelgusi tahsillari uchun talabalar hozirlanmoqchi ekani, bu masala ijroqoʻmda tasdiqlangani aytiladi.
Choʻlpon tomonidan matbuotda bunday xabar va maqolalar tez-tez bosilib turgan. Ularning qamrovi keng va oʻta muhim. “Tilimizning ishlanishi”, “Yozuvchilarimiz Chirchiq qurilishida”, “Katta maktab egasi”, “Ish vaqti – ishlash vaqti”, “Andijonda yangi bonk”, “Qaysi jinni”, “Madrasalarimiz ahvoli”, “Ruhimiz oʻlmasun”, “Muttahid frontimizning birinchi vazifalari”, “Millat masalasi”, “Mahkamalarni tubjoylashtirish”, “Vaqf ishlari”, “Tirnoq orasidan kir izlanmasun”, “Shaharni yoritish ishlari” va shu kabi yuzlab masalalardagi chiqishlari uning millat gʻam-tashvishi, dardi bilan qanchalik bogʻlanganidan dalolat beradi.
Bobur Elmurodov,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Adabiyot
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Vatandosh
Jarayon
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q