“Ustozimning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman” – Buyuklar ustozlariga qanday ehtirom ko‘rsatgan?


Saqlash
11:48 / 01.10.2025 120 0

Sohibqiron yotar ustoz poyida,

Jomiyni pir tutgan Navoiy hazrat.

Ustoz buyuk degan buyuk qoida

Bu qaytar dunyoda azaliy hikmat.

 

Qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning ushbu misralarini o‘qiganda beixtiyor xayolga cho‘masiz. Ustoz... Bu so‘zni eshitganda qalblar jo‘shib, ko‘ngillar birdan yorishib ketadi. Yorug‘ xotiralar jonlanadi. Chunki ular butun borlig‘ini, kuch-g‘ayrati, aql-zakovati, qalb qo‘rini, bor mehrini shogirdlariga baxshida eta oladilar va bundan munosib e’tibor ham topadilar.

 

Sahih manbalarda keltirilishicha, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy (rahimahulloh) bir muddat Makkai mukarramada dars bergan. Bir ziyoratchi ul zotga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib qarshilaydi va cheksiz ehtirom ko‘rsatib mehmon qiladi. Undan salom xabarini eshitganida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olib, tabarruk maktubni ikki qo‘llab qabul qilib, ehtirom bilan tanishib chiqqan.

 

Amir Temur vafotidan keyin jasadini ustozi Said Barakaning poyiga dafn etishni vasiyat qiladi. Mirzo Ulug‘bek yoshlik chog‘larida, garchi shahzodalarga xos odat bo‘lmasa-da, ustozi Qozizoda Rumiy hazratlarining to‘ni etagini o‘pgan ekan. Mirzo Bobur Samarqandga lashkar tortib kelganida Xo‘ja Ahror valiy hazratlarining behuda qon to‘kmaslik xususidagi o‘gitlariga amal qilib, jang qilmay iziga qaytgani aytiladi.

 

Aflotunga shogird edi Arastu,

Ul shogirdga shogird bo‘ldi Iskandar.

Bu oltin silsila davomi mangu,

O‘zi ustoz bo‘lar ustoz ko‘rganlar.

 

XV asrning ikkinchi yarmida Xurosonda Alisher Navoiy atrofida to‘plangan alloma, shoir va donishmandlar orasida mashhur bo‘lgan va hazratning she’rlarini o‘qigan qomusiy bilim sohibi Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida “Ustoz nimaiki aytsa, shogird uni jon dili bilan eshitishi, chin ko‘ngil bilan qabul qilishi, olgan bilim va malakasini amalda ado etishi kerak”, deyiladi. Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning “Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman”, degan xitobi ustozlik maqomi yuksakligining dalilidir. Shunday dalillardan yana biri: Payg‘ambarimizning suyukli kuyovi hazrati Ali (r.a) “Menga alif o‘rgatgan kishining quliman, xohlasa, umrbod kishanband qilib ishlatsin, istasa, ozod qilsin”, degan.

 

Bormi murabbiydan baxtliroq inson,

Shogirdlari qilsa yuksakka parvoz.

Boshimizga tojsiz, bor bo‘ling omon,

Tabarruklar ichra tabarruk ustoz!

 

Ustozlar ko‘targan mash’ala dunyomizni doim yoritib tursin. Ular umrini tikkan kasbi yo‘lidagi mashaqqatlari e’tibor va ehtiromga munosib. Insoniyat baxtiga ustozlar doim bor bo‘lsin!

 

Xoliyor SAFAROV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//