“Devonu lugʻotit turk”da jangovar til: ibora va maqollar tabiati


Saqlash
09:37 / 18.09.2025 1304 0

Qadimiy turkiy dunyo maʼnaviyati, madaniy merosi va til boyligini oʻrganishda bizgacha yetib kelgan eng muhim manbalardan biri, shubhasiz, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lug‘otit turk” asaridir. Ushbu manba nafaqat turkiy tilshunoslikning ilk va eng yirik yodgorligi, balki xalq hayotining turli qirralarini qamrab olgan bebaho qomus sifatida ham ahamiyatlidir. Olim ushbu tilning ichki imkoniyatlarini dunyoga ochishga bel bogʻlar ekan, barcha turkiy xalqlar uchun tushunarli boʻlgan umumiy adabiy til meʼyorlarini belgilab beradi, uni “turkcha”, yana bir oʻrinda “xoqoniya tili” sifatida yuksakka koʻtaradi.

 

“Devon”da xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan, xususan, maqollar, dostonlar, qoʻshiqlar va turli iboralardan keng foydalanilgani, turli shevalar xalq tilidan yozib olingani asarning boy va serqirra xususiyatlarini namoyon etsa, qisqalik, tezkorlik va jarangdorlik turkiy tilning qadimiy jang tili sifatida yashab kelganidan dalolat beradi.

 

Makrning ming bir qiyofasi

 

Turkiy jangchilar hayotidagi maxfiylik, hiylagarlik va yashirin parollar harbiy madaniyatning muhim boʻlagi hisoblanib, qoʻshinning kuch-qudrati nafaqat qurol-yarogʻda, balki aql-zakovat, hushyorlik va turli strategiyalarda namoyon boʻlgan.

 

Asarda askarlar oʻrtasidagi yashirin belgi – “im” va “oʻron” tushunchalari tilga olinadi. Ular qoʻshinning maxfiy qonunlarini taʼminlovchi gʻoyat muhim vosita boʻlgan. “Im” odatda biror soʻz, belgi, qush yoki qurol nomi orqali ifodalangan. Bu soʻzlar shunchaki parol emas, balki turkiy xalqlarning tabiati, eʼtiqodi bilan chambarchas bogʻliq tushunchalardir.

 

Ogʻir vaziyatlarda parolni aytish orqali jangchi oʻzini tanitgan, safdoshlari ichiga xat-hujjatsiz kira olgan. Shuning uchun ham “Devon”da keltirilgan “Im bilsa, er oʻlmas” maqoli katta hayotiy hikmatni anglatadi. Yaʼni kimki “im” (yashirin belgi)ni bilsa, bevaqt oʻlim topmaydi, rizqi uzayadi.

 

Bunday “sehrli soʻzlar” jangda nafaqat omon qolish kafolatini, balki qoʻshinning ruhiy birdamligi, ishonchi va barqarorligini ham taʼminlab turgan.

 

Bechkam” ishtibohi ham turkiylarda belgi, nishonni anglatgan. Urush kezlarida botirlar ipakli parcha yoxud yovvoyi sigir dumidan tayyorlangan belgilardan foydalanib, oʻz qoʻshinlarini tanib olganlar. Bu timsol bora-bora harbiy ramzga aylanib ketgan. Oʻgʻuzlar bu belgini “parcham” deb ataganlar.

 

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi rasmiy muomalaga kiritiladigan 40 ta yangi soʻz va atamalar roʻyxatini tasdiqladi. Unda “parol”ga muqobil sifatida “oʻron” soʻzi tavsiya etilgan.

 

“Devon”da turkiylarning jangda qoʻllagan tadbirlari haqida turli misollar uchraydi. Ulardan biri “Ulkar” yoki “Hulkar” deb ataluvchi usuldir. “Ulkar cherig” hiylasi qoʻllanilganda qoʻshin kamdan kam hollarda magʻlubiyatga uchragan. Bu hiylaning mohiyati shundaki, askarlar toʻda-toʻda boʻlib har tarafdan yigʻilishadi. Bir toʻda oldinga ilgarilaganda, qolganlari ham uning ortidan ergashadi. Qoʻqqisdan qilingan bu harakat dushmanning rejalarini izdan chiqaradi. Bu harakatlar orqali turkiy qoʻshinlar nafaqat kuchda, balki aqliy salohiyatda ham ustunlikka erishganlar.

 

Turkiylar orasida tuzoqqa tushirish, firib berishning koʻplab usullari mavjud boʻlgan. Ular bu jarayonni “Al”deb atashgan. Bu xususida “Devon”da koʻplab maqollar keltiriladi. Masalan, “Alin arslan tutar, kuchun uyuq tutmas”. Maʼnosi: arslonni kuch bilan emas, hiyla bilan tutish mumkin. “Uyuk”ni tutishga kuch ham kerak emas. Bu yerda “uyuk” soʻzi bizga notanish. U ekinzorlarni qushlardan qoʻrish uchun yasalgan choʻp-odamni anglatadi. Demak, haqiqiy kuch aql-zakovatda. Behuda jonsiz narsaga qarshi chiqish bemaʼnilikdir.

 

Hiyla nafaqat jang maydonida, balki harbiy va kundalik turmushda ham muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Masalan, “Devon”dagi “Avchi necha al bilsa, adigʻ ancha yol bilir” iborasini olaylik. Unda ovchi qanchalik koʻp hiyla va tadbirni bilsa, ayiq ham qochish va omon qolishning shuncha yoʻlini bilishi taʼkidlanadi. Bu maqol har bir hiylaga qarshi boshqa bir tadbir mavjudligi, oʻzni er, oʻzgani sher bilish lozimligini uqtiradi.

 

Ayyorlikning “oʻtruk” shakli ham “Devon”da uchraydi. Bu soʻz oʻgʻuz tilidan kirib kelgan boʻlib, biz uni “oʻtirik”, “ertak”, “choʻpchak” maʼnolarida qoʻllaymiz. Hiyla bilan bogʻliq yana bir muhim atama “usugladi” feʼlidir. Maʼnosi “hiyla bilan ochdi” degani. “Devon”da keltirilgan “Ol kiritlig oʻsoʻgladi” iborasida ham eshikni kalitsiz, yaʼni toʻgʻridan toʻgʻri kuch ishlatmay, ayyorlik bilan ochishni anglatadi.

 

Yuqorida aytilganidek, turkiylar jangovar salohiyatining muhim qismi jang hiylalari bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun “Devon” sahifalarida ayyorlikni ifodalovchi soʻz va iboralarni koʻplab uchratamiz. Masalan, “tev” – nayrang, “tevlug” firibgar, ayyor, aldamchi maʼnolarida keladi. Bu holat turkiylar uchun nafaqat taktik vosita, balki jangchi shaxsiyatining ajralmas boʻlagi sifatida yashab qolgan.

 

Angdidi” feʼli ham “hiyla qildi” maʼnosida qoʻllanadi. “Devon”dagi “Avchi keyikni angdidi” maqolida ovchi kiyikni tutish uchun panaga yashiringani, ayyorlikka qoʻl urgani anglashiladi. Bu iboradan turkiy xalqlarning tabiat qonunlariga boʻlgan ehtiyotkorona munosabatini ilgʻash mumkin.

 

“Kichig ulugʻqa turushmas, qirguy sonqurqa qirishmas” birikmasida ham hiylaning ijtimoiy qirralari koʻrsatilib, yoshi kichik chaqqon va jasur boʻlsa-da, baribir tajribali kishi oldida qudratsiz ekani koʻrinadi. Yaʼni: oq lochin qanchalik chaqqon boʻlmasin, qirgʻiyday tajribali va ayyor qush oldida ojiz qoladi.

 

Hiyla motivi turkiy xalqlarning faqatgina harbiy amaliyotida emas, balki hayotiy kechinmalarida ham keng qoʻllanilgan. Masalan, tilimizdagi “Oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” aytimida tajribasiz insonning turli holatlarda dono raqib oldida mot boʻlishi nazarda tutilsa, “Devon” sahifalaridagi “Anasi tevlug yuvqa yapar, ogʻli tetig qosha qapar” maqolida ana shu hayot haqiqati aks etadi. Yaʼni: onasi hiyla bilan nonni yupqa yopsa, oʻgʻli ham ziyraklik bilan uni ikki-ikkitadan ogʻziga solib yeydi. Maqolda ikki tarafning ham ustomonligiga ishora qilinadi.

 

“Yapurgʻan” soʻzi ham “yopadigan, berkitadigan” maʼnosini anglatsa-da, ayrim hollarda u semantik jihatdan kengayib, hiyla va makr maʼnosini bera oladi. Bunday kishilarga nisbatan “Bu er ishin yapurgʻan” iborasi ishlatiladi. Bu oʻrinda “yapurgʻan” nafaqat berkitish, balki odamning pinhon harakatini ham bildiradi.

 

“Devon”da “yap-yup” soʻz birikmasi tashiydigan ma’no ham oʻziga xos. U yakka holda emas, soʻzlarga birikib, aldov va makr maʼnosini ifodalaydi. Masalan, “Ol ani yupiladi” – “u uni aldadi” deganidir.

 

Soʻzlikdagi “Qaraqsiz teg koʻroʻr” iborasi ham eʼtiborni tortadi. Maʼnosi “koʻzi yoʻq boʻlsa-da, koʻra oladi”. Bu hissiyoti kuchli, xatarni oldindan sezadigan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday kinoya orqali botirlarning jang maydonida oʻq va nayzani pisand qilmasdan, goʻyo yashirin koʻz, ilohiy idrok orqali xavf-xatarni avvaldan sezib turishi tasvirlanadi.

 

Qilich, ot va ont: turkiy jangchi maʼnaviyati

 

Turkiy xalqlarning koʻchmanchi va jangovar hayoti ularning maqol va  iboralaridan joy olganini yaxshi bilamiz. Ayniqsa, qilich, ot va ont har bir jangchi faoliyatida muhim bosqichni oʻtaydi. Ular xalqning maʼnaviy eʼtiqodi, or-nomusi va qudratini ham ifodalaydi.

 

Biz “Ikki qoʻchqorning kallasi bir qozonda qaynamaydi” deymiz. “Devon”da esa bu “Qosh qilich qinqa sigʻmas” tarzida aytiladi. Ushbu iboralar bir-birini toʻldirib, ijtimoiy-psixologik holatlarni ochib beradi.

 

“Arqa” soʻzi ham koʻcha tilidagi “tanka”si bor” iborasini ochib berishda muhim rol oʻynaydi. “Devon”dagi “Arqasiz alp cherig siyumas” iborasidan yordamchisiz qahramon jang saflarini sindirolmasligini uqamiz. Nutqimizdagi “Uning orqasi zoʻr, qoʻli uzun” kabi iboralar ham shu maʼnoni tashiydi.

 

Ont (qasam) turkiy madaniyatda oʻziga xos yuqori pogʻona sanaladi.  Bu soʻz “Devon”da “and” shaklida qoʻllanilib, “andiq” – “qasam ich” feʼli orqali maʼno tashiydi. Bundan tashqari, “angardi” feʼlida ham qasam ichirish maʼnolari bor. “Kirtu” ham ont oʻrnida qoʻllaniladi.

 

Aytiladiki, Koʻktangri turkiylarga temirni inʼom qilgan. Jangchilar undan qilich yasaganlar. Shuning uchun ham Koʻk temir soʻzini izohlab, asarda “Temur” shaklida keladi. “Koʻk temur keru turmas”, yaʼni koʻk temir bekor turmaydi, yetgan joyini yaralaydi, kabi iboralar ham ana shu mantiqqa xos. Asarda ont ichish sahnalari haqida soʻz borar ekan, qirqiz, yabaku, qipchok va boshqalar biror kishiga qasam ichirganda yoki undan biror narsaga vaʼda olganda, qilichni uning oldiga koʻndalang qoʻyib: “Bu koʻk kirsun, qizil chiqsun” deb qasam ichilishi haqida aytiladi. Yaʼni vaʼda buzilsa, qilich qonga belanib chiqsin. Ahd buzilsa, temir seni oʻldirsin, oʻch olsin.

 

Ot ham turkiylarning qoʻsh qanoti, ajralmas boʻlagi sifatida mashhur. Shoir Azim Suyun “Angʻiz oʻsgan yerlarda, Otlar bevaqt oʻlmagʻay” deb boshlanuvchi sheʼri orqali qadimiy aytimlarga murojaat qiladi. “Devon”da angʻiz “anduz” deb atalib, yerdan qazib olinadigan oʻsimlik ildizini bildiradi. Xalq orasida “Rosan” ham deyiluvchi giyoh otlarning qorin ogʻrigʻiga shifo boʻladi. Maqolda shunday keladi: “Anduz bolsa, at olmas”, yaʼni Rosan oʻti yoningda boʻlsa, ot yoʻlda qorin ogʻrigʻidan oʻlmaydi.

 

Otlar soʻzlikdagi aksar maqollarning asosiy motivi boʻlib xizmat qiladi. Oʻz davrining ogohlikka chorlovchi iborasi shu tarzda yangraydi: “Tolum anutsa, qulun bulur, tolum unutsa, bolun bolur” (“Yovga qarshi qurol hozirlagan kishi qulun (toy) topadi, qurol hozirlashni unutgan kishi asir boʻladi), “Yagʻin ersa kerak yundaqi tegir” (Dushmaningda boʻlsa ham ot boʻlsin, eng kami, uning tezagi tegadi, uni yoqib foydalanasan), “Uluq yagʻiri ogʻulqa qalir” (Otning kuragidagi yagʻir bolalariga meros boʻlib qoladi), Arpasiz at ashumas, arqasiz alp cherig siyumas (Arpasiz ot qir osholmaydi, yordamchisiz yigit (bahodir) jangda yenga olmaydi) va boshqalar...

 

Oʻgdulmishdagi “oʻg”, “tigin”dagi “qul”, koʻhna turkiylarda kishi ismlari...

 

“Devon”dagi ayrim tashbehlar yuksak badiiyat va chuqur falsafiy maʼnosi bilan kishi eʼtiborini tortadi. “Alim kech qalsa, adaqlanur”. Buni shunday sharhlash mumkin: Omonat qarzdorda uzoq qolib ketsa, oyoq chiqaradi. Yaʼni qarz bergan kishi qarzini undirish uchun uning ketidan yuradi, kerak boʻlsa yuguradi. “Devon”da qarz bergan “alimchi” (olimchi), qarz toʻlovchi “berimchi” shaklida keladi va shunday izohlanadi. “Alimchi – arslan, berimchi – sichgʻan”. Yaʼni: olimchi – arslon, berimchi – sichqon.

 

Yana bir soʻz tabiatiga eʼtibor qaratamiz. Tilimizda koʻpni koʻrgan, tajribali insonlarga donishmand, aql-zakovatli sifatini beramiz. Turkiylar orasida esa bunday kishilar “Oʻga” deb atalgan. Oʻga – aqli teran, koʻp yashagan odam. Esingizda boʻlsa, bu soʻzni Yusuf Xos Hojib oʻzining “Qutadgʻu bilig” asari qahramonlaridan birining ismiga oʻzak qilib olgandi – Oʻgdulmish. U aql ramzi boʻlib, asarda ham donishmand sifatida gavdalanadi. Devonda bu soʻz shunday voqea bilan izohlanadi:

 

…Turklar xoni urishish uchun yosh yigitlardan iborat bir guruh askarni jangga yoʻllaydi. Vazir shohga muhorabaga nega faqat yoshlarni yuborganini, aslida katta yoshli, urush ishlarida tajribasi “oʻga”larni yuborish maʼqulligini aytadi. Bunday misollarni talay keltirishimiz mumkin. Asosiysi, soʻzlikda bir ishtibohning bir qancha sinonim, yoki maʼnodoshlariga duch kelamiz. Masalan, urush soʻzining xalq dostonlarida asosan “savash” varianti ommalashgan boʻlsa, soʻzlikda “urush”, “toʻqush” tarzida keladi.

 

Ushbu “Devon”da biz ota-bobolarimizning qadimiy ismlarini ham oʻqiymiz. Koʻp oʻrinlarda olim voqeani uning ishtirokchisi ismi bilan keltiradi. Tabdu, Toʻgʻril, Oʻtar, Tutush, Toʻqish, Chagʻribek, Yagʻan kabi ismlar shular jumlasidan.

 

Yana bir muhim jihat shundaki, devonda ayrim ismlarga “tigin” soʻzining qoʻshib aytilishini koʻramiz. “Tigin” qul maʼnosini bildiradi. Masalan, Alp Tigin – “bahodir qul”, Qutlugʻ tigin – muborak qul. Dastlab bu nisba xoqoniya sulolasi bolalariga xos boʻlgan. Keyinchalik esa u yirtqich qushlar nomi bilan qoʻshib ishlatila boshlangan. Sagʻri tigin – jangda lochindek shijoatli qul, kuch tigin – quvvatli, qudratli qul.

 

Vaqt oʻtishi bilan “tigin” soʻzining maʼno qatlamlari kengayib, u kamtarlik va oʻzini past tutish ramzi sifatida ham ishlatila boshlangan. Afrosiyob (Alp Er Toʻnga)ning farzandlari otasiga yuksak hurmat ifoda etish va oʻzlarini kamsuqum koʻrsatish maqsadida “qulingiz” oʻrniga “tigin”dan foydalangan. Shu tariqa bu ularning ismlariga qatʼiy oʻrnashib qolgan.

 

Shuningdek, devonda xalq ogʻzaki ijodida yashab kelayotgan koʻplab ibora va maqollarning koʻhna shakllari ham uchraydi. Masalan: “Ogʻilda buzoq tugʻilsa, ariqda oʻti unadi”, “Tanish shayton notanish kishidan yaxshi”, “Ikki erkak tuya olishsa, oʻrtada pashsha yanchiladi”, “Savdogarning moli toza, beshubha boʻlsa, yoʻl ustida yeydi”, “Oʻt (olov) degan bilan ogʻiz kuymaydi” kabi maqollar bugungi til qatlamimizda ham mavjud.

 

Xulosa shuki, “Devonu lugʻotit turk” butun turkiy dunyo uchun beqiyos maʼnaviy xazina. Unda xalqlarimiz qadriyatlari, hayotiy tajribalari, dunyoqarashi va maʼnaviy merosi oʻzining teran ifodasini topgan. “Devon”dagi soʻzlar, iboralar, maqol va voqealar nafaqat oʻtmish turkiylarning kundalik turmushi va jangovar ruhini aks ettiradi, balki ularning tafakkuri, ijodkorligi va maʼnaviy salohiyatini ham yaqqol ifodalab keladi.

 

Bobur ELMURODOV,

Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

11:10 / 08.10.2025 0 70
Tafakkur karvonining sarboni

Tarix

11:09 / 30.09.2025 0 819
4-oktabr. Mashʼum kundan guvoh hujjatlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//