Yoshlar mutolaasi: Tarjimon Mirzohid Muzaffardan 5 kitob tavsiyasi


Saqlash
21:47 / 05.01.2022 1911 0

 

“Besh kitob tavsiyasi” loyihasining navbatdagi soni orqali yosh tarjimon Mirzohid Muzaffarning tavsiyalari haqida o‘qishingiz mumkin. Mirzohid hozirda Turkiyaning Anqara universiteti, Til-tarix va jo‘g‘rofiya fakultetida tahsil olmoqda. Bugungi taqdim etilayotgan sara kitoblar esa yoshlarning mutolaaga qiziqish darajasi va dunyoqarashi haqida bilishingizga yordam beradi.

 

1. Zarifa Saidnosirova, “Oybegim mening”

 

 

Avvaliga bu asarni bolaligimda o‘qidim. So‘ngra o‘smirlikka kirganimda qayerdadir qo‘limga tushdi. Mana, bugun ham yigitlik chog‘iga bu kitob bilan kirdim. Hayotning har bir davri kitobdagi xotiralarni yanada tiniqlashtirib boraverardi. Oybek shaxsi misolida o‘sha davr siyosati, adabiy muhit va hayot tarzini o‘ziga xos, o‘zbekchaning betakror qirralaridan foydalangan holda yoritgan mazkur memuar doimo kitob tavsiyalarimning old qatorlaridan joy oladi. Biz Saidnosirovani faqat yaxshi olima, rassom yoki Oybek hazratlarining rafiqasi bo‘lgani uchun emas, balki oddiygina ayol holatida ham shunday buyuk asar yoza olish mumkinligini isbotlagani sabab ham yaxshi ko‘rishimiz mumkin.

 

2. Harold Blum, “G‘arb Qomusi” – “Western Canon”

 

 

 

Amerikalik adabiy tanqidchi va dunyoda yagona bo‘lgan She’riyat professori unvoniga ega Harold Blumning ushbu qomusiy asari hamon o‘zbekchaga tarjima qilinishini kutib turgan minglab asarlardan biri hisoblanadi. Blum ushbu asarida G‘arb adabiyotini bugungacha olib kelgan turli adabiy maktablar va ularning o‘zaro ta’sirlashuvi, tanqid uslublari va G‘arbni G‘arb qilib turuvchi ko‘plab omillar bilan bir qatorda Yevrosentrik madaniyatni ham mufassal tushuntirishga harakat qilgan. Kitobni o‘qigach, Shekspir va Bekketning aynan nima uchun buyukligi va bu buyuklikdan kimga nima foyda ekanligini bilib olishingiz, Kafka va Pessoa, Tolstoy va Dikkens orasidagi uslubiy qarama-qarshiliklar fonida o‘zbek adabiyotida kuzatilayotgan ba’zi beburdliklarni to‘g‘ri baholay olishni o‘rganishingiz mumkin.

 

3. Ehson O‘qtoy Anor, “Rutubatli Qit’alar Atlasi” – “Puslu Kıtalar Atlası

 

 

 

O‘n yettinchi asr Usmonli saltanatidan to Bag‘dodga, Basradan Venetsiyaga qadar uzangan yo‘lda yozuvchi bizga tiriklikning unutilgan mazmunini, inson ichidagi zulmat va qadim Sharq faylasuflarining falsafasini o‘z ko‘hna lisoni bilan hikoya qilib berishga urinadi.

 

4. Rahmat Fayziy, “Hazrati Inson”

 

Mustaqillikdan so‘ng ko‘plab yozuvchilar qatorida Rahmat Fayziy ham unutilgandek, nazarimda. Biz uning asarlarida bugun adabiyotimizdan anchagina chekingan Toshkent ruhi bilan birgalikda o‘zbek xalqining bugungidek mayda masalalar o‘rniga, bir zamonlar chindan insoniy muammolarni yechishga uringaniga guvoh bo‘lamiz.

 

5. Ushbu qismda ba’zi psixoanalitik va falsafiy maqolalarni tavsiya qilgim keldi:

 

5.1. Zigmund Freyd, “Ostoevskiy va ota qotilligi”;

5.2. Alber Kamyu, “Sizif afsonasi”;

5.3. Erix Auerbax, “Odisseyning chandig‘i”. Bundan tashqari yozuvchining “Mimezis: G‘arb adabiyotida reallik tasvirlari” kitobini ham o‘qishingiz mumkin;

5.4. Syuzan Sontag, “Odatiy zahmatkash o‘laroq san’atkor”;

5.5. Martin Haydegger, “She’riyatning mohiyati” –  “Essence of Poetry”;

5.6. Karl Gyustav Yung, “To‘rt Arxietip” – “Four Archetypes”;

Ancha paytga qadar Freydning ta’sirida yurgach, uning ham anchagina xatolari borligini tushunib yetdim. Keyin esa Yungning arxietiplariga qiziqdim va bugun ushbu kitob har bir mutolaamda menga yo‘ldoshlik qiladi. Faqat, bundan avval arxietip nima ekanini tushunib olish kerak, nazarimda.

 

So‘nggi uch kitobga izoh shart emas, deb o‘yladim.

 

Fridrix Nisshe, “Zardusht tavallosi”;

Nazar Eshonqul, “Mendan Mengacha” 1-2-jildlari;

Lev Tolstoy, “Iqrornoma”.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 104
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 285
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//