
Rustam Sobirovich Qosimov haqida so‘z borsa, suyukli adibimiz O‘tkir Hoshimovning quyidagi gaplari yodimga tushadi. Yozuvchi maktabi yonidagi charxpalakni eslab yozadi: “Charxpalak kaftida suv ko‘tarib, yuqoriga olib chiqadi... tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi... Charxpalak ham bundan ranjimaydi. Yangidan yangi suv tomchilarini yuqoriga ko‘tarib beraveradi...
So‘ng... bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo‘msar ekanman.
Suv – suv emas, men ekanman! Charxpalak – charxpalak emas, o‘qituvchilarim ekan!
Meni – bir tomchi suvni katta hayot yo‘liga olib chiqib qo‘ygan charxpalak – ustozlarim zahmatini oqlay oldimmikan? Bilmadim...”
Men 2017-2020-yillar ustoz Rustam Qosimov rahbarligidagi Davlat boshqaruv akademiyasida dekan bo‘lib ishlaganman. O‘sha paytda oldimizga yangilanayotgan O‘zbekistonning zamonaviy fikr va g‘oyalarga ega, bilimli, vatanparvar kadrlarini tayyorlash vazifasi qo‘yilgan edi. Bu juda katta mas’uliyat va mashaqqat talab etardi.
Davlatimiz rahbarining o‘sha paytlar “Seni nima o‘ylantiradi, deb so‘rashsa, hech ikkilanmasdan, kadrlar masalasi, deb javob beraman”, deya ta’kidlagani ham ilmli va malakali, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mehnatsevar, fidoyi mutaxassislarni topib, joy-joyiga qo‘yish mamlakat, xalq taqdiriga daxldor qanchalik muhim vazifa ekanini ko‘rsatib turardi.
Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan mamlakatimizda yangi avlod kadrlarini tayyorlashdek mas’uliyatli ish aynan Rustam Qosimovdek zukko va ma’rifatli zot zimmasiga yuklatilgani bejiz emas edi.
Ko‘p yillar davomida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, vazir o‘rinbosari, Bosh vazirning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan insonning bu boradagi tajribasiga Prezident ham, hukumat rahbarlari ham ishonardi va bu yuksak ishonch oqlanganini keyinchalik hayotning o‘zi ko‘rsatdi.
O‘sha yillari Rustam Sobirovich, mashhur adib ta’biri bilan aytganda, haqiqiy charxpalak vazifasini o‘tab, yuzlab boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ulkan hissa qo‘shdi.
Agar kimdir mendan sening baxting, omading nimada, deb so‘rasa, hech ikkilanmay, mening baxtim – hayotimda ko‘p ulug‘ insonlarga duch kelganim, ulardan saboq olib yashayotganim, deb javob beraman.
Ana shunday insonlardan biri Rustam Qosimov edi. U kishi bilan birga ishlagan kezlarim men nainki, rahbarlik mezoni va mahorati, jamoa bilan, odamlar bilan ishlash, muloqot qilish madaniyati, eng asosiysi, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilish nima ekanini anglab yetdim.
Hech esimdan chiqmaydi, ishga kirish uchun suhbatga tuni bilan tayyorlanganman, o‘qiganlarimni takrorlab, ingliz tilidan, qonun hujjatlaridan savol-javob bo‘lishini o‘ylab, shunga yarasha hozirlik ko‘rganman.
Suhbat esa butkul boshqacha ruh va mazmunda kechgan.
Salom-alikdan so‘ng ustoz jiddiylik bilan so‘raganlar: “Qayerdansan?”
“Olmaliqdanman”, – deb shoshib javob berganman.
“Xo‘sh, yaxshi, Olmaliq tarixini bilasanmi?”
Mana shu yerda mening, avvalo, o‘z ona shahrim, viloyatim, Vatanim tarixini sevishim, undan faxrlanishim qo‘l kelgan. Mana shu muhabbat meni tarixni chuqurroq o‘rganishimga sabab bo‘lgan, jumladan, Olmaliq tarixini ham...
“Ha”, deganman ichimda quvonib va o‘qiganlarim, otamdan eshitganlarim asosida javob berganman. Shundan so‘ng mahallam tarixi, muzeylar, muqaddas qadamjolar haqida so‘raganlar.
Bu suhbat hayotimda yangi sahifa ochdi: ishga qabul qilindim. Keyinchalik birga ishlab, yaqindan bildimki, Rustam Sobirovich nihoyatda millatparvar, yurtsevar inson ekan. U kishining ko‘pgina hayotiy o‘gitlari hamon yodimda: “Hech qachon unutma, o‘z tarixini yaxshi bilgan odam, avvalo, yurtini yaxshi ko‘radi, vatanni qadrlaydi, xalqqa xizmat qiladi. Har qanday bilim vatanparvarlik bilan bog‘lansagina, rivojlanishga xizmat qiladi”;
“Kayfiyating o‘ta ko‘tarinki yoki tushkun holatda bo‘lsang, hech kimga hech narsani va’da qilma, qarorlarni faqat aql va tafakkur bilan qabul qil”;
“Prezidentimiz davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, demoqda. Akademiya bitiruvchilari mana shu talabga eng birinchi bo‘lib “labbay” deb javob berishlari kerak”;
“Akademiya bitiruvchilari, har bir bo‘lajak rahbar-xodim, albatta, o‘zbek mumtoz adabiyotining eng nodir namunalarini o‘qigan bo‘lishi shart”;
“Bilimli kadr – bu hali yaxshi kadr degani emas. Yaxshi kadr bo‘lishi uchun u tarbiyali, millatparvar, yurtparvar ham bo‘lishi kerak”.
Bu kabi hikmatli so‘zlar jonkuyar ustozning biz, yosh xodimlarga uqtirgan eng qimmatli pand-u nasihatlaridan bir shingil, xolos. Aslida, domla bilan birga kechgan yillarimning har bir kuni saboq, har soati tajriba bilan boyib boraverganini bugun anglab yetyapman.
Ba’zan o‘ylab qolaman, kimdir ma’lum bir davrni tilga olib, men o‘sha yillari ustozlardan saboq olganman, deydi. Nazarimda, ustozlar sabog‘i yillar bilan emas, balki biz – shogirdlar qilgan ishlarning salmog‘i va samarasi bilan o‘lchanadi. Chunki, har bir ezgu amalimiz, harakatimiz, qabul qilgan qarorimiz ortida ulardan olgan hayot darsimiz natijasi ko‘rinib turadi.
Rustam Sobirovichning bugungi ko‘pchilik yosh rahbar-u mutaxassislar, ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqqa haddan ziyod berilib ketgan o‘g‘il-qizlarimizga o‘rnak bo‘ladigan bir ajoyib fazilati bor edi. Doimiy band bo‘lishiga qaramasdan, u kishi mutolaaga albatta vaqt topardi. Har kuni kamida yuzlab sahifa kitob o‘qishdan tashqari, vaqtli matbuot nashrlari (ular orasida xorijda chop etiladigan gazeta va jurnallar ham bo‘lardi), ilmiy maqolalar, yangiliklar bilan tanishib borishni o‘zlariga muntazam odat qilib olgan edilar.
Ha, ustozlarning har bir so‘zi – xazina, har bir harakati biz uchun maktabdir. Bugun o‘ylab qarasam, Rustam Sobirovich o‘zlarining ezgu amallari, olijanob shaxsiyati bilan bizga mana shunday ibrat namunasini ko‘rsatib ketgan ekanlar.
Ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin.
Otabek HASANOV,
Respublika Ma’naviyat va
ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori
“Jadid” gazetasi, 2025-yil, 5-sentyabr, 36-son
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q