
“Qayerda so‘zlar ish bermasa, musiqa tilga kiradi” degan edi daniyalik xassos ijodkor Hans Krestyen Andersen. Darhaqiqat, insonning eng ichki hislari, hatto o‘zidan ham yashiringan, eng tubda yotgan asil tabiatini kuy orqali yuzaga chiqarish mumkin. Bejiz kinosanoatda eng ta’sirli lahzalar yoki voqealar rivojini tomoshabinga his qildirish uchun turli ovoz effektlari hamda soundtreklardan foydalanilmaydi. Bunga oddiygina, ammo eng tanish misollardan biri – Murodjon Ahmedovning “O‘rtar”i. Kuyni eshitgan kishining xayollari bir zum bo‘lsin Marg‘ilon – Toshkent yo‘llariga, olis xotiralar tumanida g‘ira-shira miltirab, shirin entikish qorishig‘ida simillagan og‘riq beruvchi yotlashgan yor tasviriga ketadi. Asil san’at mana shunday – bir kunlik dofamin emas, bir umrlik xotirot to‘zonini uyg‘ota oladigan kuchdir.
San’at – yaxshi qurol
San’at odamlarni boshqarish va ergashtirish uchun eng yaxshi vositalardan bir bo‘la oladi. Sobiq ittifoq davrida ijodkorlar uchun maxsus imkoniyat-u imtiyozlar ham bejiz berilgan emas. Illo, bu orqali ichidan qonga botgan qattol tuzumni avom uchun eng baxtli, shonli ham qudratli bir davlat ekaniga ishontirish, ularni “porloq kommunizm sari” undab borish osonroq kechgan. Bunga misollarni qidirsak, oz emas. Ammo, eskining og‘rig‘idan ko‘ra bugungi kunda ham bunday madaniy targ‘ibotlar mustaqil yurt ruhiga moslanib, uning tinchlikparvar g‘oyalariga muvofiq tarzda qaytadan yo‘lga qo‘yila olmayotgani og‘riqliroq. Holbuki, buni boshqalar – birovning tinchini buzib, bundan istihola etmayotganlar do‘ndirib eplashyapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda kundamlikka chiqqan qo‘shiqlardan biri Tatyana Kurtukova ijrosidagi “Matushka” (“Onaginam”)ni ham ana shunday asarlardan. Davomiyligi uch daqiqaga ham yetmaydigan ashula 2022-yil 24-mart sanasida ommaga taqdim etilgan. Sanasiga e’tibor qilsangiz, Rossiya tomonidan Ukraina hududiga “maxsus harbiy operatsiya” nomi ostida olib borilayotgan tajovuz boshlanganidan roppa-rosa bir oy keyinga to‘g‘ri keladi. Tasodifni qarang!.. Matnda ijrochi o‘z vatanini shunchaki chiroyli ta’riflash bilangina cheklanib qolmaydi, aksincha, uni bosqinchi deyotganlarga murojaat ham qiladi – “Матушка-земля, белая берёзонька. Для меня — Святая Русь, для других — занозонька” (“Ona tuproq, oq qayin degani boshqalar uchun bir chaqirtikandek, ammo men uchun muqaddas Rus bu”) degan nozik, ammo puxta o‘ylangan ishora bor. Dalalar, asalari-yu asal haqida qanchalar gapirilmasin, ildizdagi g‘oya butun so‘zlarga birdek ta’sirini tarataveradi. Bu ashulada bosqinchilikni oqlash kayfiyati bor. Ammo, shunday bo‘lsa-da ular buni eplashgan. Xo‘sh, biz-chi?
Jannat geolokatsiyalari yoxud biz qanday sevamiz O‘zbekistonni?
Afsuski, biz bu borada o‘zimizni ko‘pda a’lomiz deya olmaymiz. Rost, bizda ham Abbos Ubaydullayev ijrosidagi “Mutrabo”, Jasur Mirsagatovdan bolalik xotiralarini yodga soluvchi “O‘zbek bolasi”, Yulduz Usmonova tomonidan kuylangan “O‘zbekiston”-u, Ozodbek Nazarbekovga bir vaqtlar yaxshigina olqish keltirgan “Bolam dema Vatanim meni” kabi birmuncha toshli-yukli qo‘shiqlar ham bor. Biroq, bugungi kundagidek butun dunyo oyog‘i osmondan kelayotgan bir davrda asil o‘zlikni esga soluvchi, bizning bir millat, xalq ekanimizni anglatuvchi taronalarga ehtiyojimiz har qachongidan ham ko‘proq.
Mustaqillik ibtidosidan bugunga qadar yaratilgan qo‘shiqlar matniga nazar soladigan bo‘lsak, yuksak pafos, ammo puch e’tiroflardan iborat ashulalar kattagina qismni egallashi tayin. Masalan, Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi “O‘zbekiston”ni bir qur nazardan o‘tkazaylik. Iqbol Mirzo qalamiga mansub she’r asosida ijro etilgan bu ashula O‘zbekiston haqida xorijda turib fikr bildiruvchi “eski olchoq”larga murojaat tarzida boshlanib, katta iddaoni – qanday yashashni yaxshiroq bilish bilan davom etadi. Bir tomondan bu yaxshi, dadil qadam – mustaqil bir davlatga keyingi qadamlarni kimdir o‘rgatib, topshiriq berishi, albatta, xato bo‘lardi. Ammo, lekin, biroq… Uning keyingi qatorlarida o‘sha davr rahbarining “O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat” qabilidagi so‘zlari jarang sochishni boshlaydi. Ayniqsa, naqarotdagi “Agar jannat ko‘kda bo‘lsa, ostidadir O‘zbekiston, agar jannat yerda bo‘lsa, ustidadur O‘zbekiston” takrorida yashiringan allalovchi mazmun xalqning qudratiga emas, qanoatiga ishlaydi.
Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova Abdurashid Yo‘ldoshevlar birgalikda kuylagan “Shu aziz Vatan barchamizniki”, Yulduz Usmonova ijrosidagi “Xalq bilan bo‘l” yoki Jahongir Poziljonov aytgan “Jadidlarim” ashulalari ham shu mazmundagi ijrolar qatoriga kiritsak bo‘ladi. Umuman olganda, “ko‘ylaklari gulli” qo‘shiqlardan keyin yurt, xalq haqida so‘zlash bu qadar oson bo‘lishi erish tuyuladi kishiga. Zero, Vatanni sevish ham bir ibodat va hech vaqt ibodatga poklanmay turib kirib bo‘lmaydi
Yo‘q emas, bor
Garchi yuqorida xalqimiz uchun sevimli bo‘lgan ayrim san’atkorlar va ashulalar haqida keskinroq fikr bildirgan bo‘lsak-da, bu – ijod, ijod erkinligi esa har ijodkorning o‘z tanlovi bilan bog‘lanadi. Shunga qaramay, o‘zbek musiqiy fondida qator asil vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar yaratilgan va yaratib kelinmoqda. Bunday taronalar safiga yuqorida sanalganlardan tashqari Setora guruhining “Ajdodlar ruhi”, Yulduz Usmonovaning “O‘zbekiston”i, Sevara Nazarxonning “Vatanim” taronasi, Shoxrux ijrosidagi “O‘zbegim”, Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman” kabi qo‘shiqlarini kiritish mumkin. Umid va taskin beruvchi jihat shuki, bunday namunalar yaratilishi davom etmoqda. Ayni damda madaniyat vaziri sifatida faoliyat olib borayotgan Ozodbek Nazarbekov tomonidan premyera qilingan “Uyg‘on, o‘g‘lim” taronasi o‘z nomi bilan millatni uyg‘otishga, ildizlarini topishga undovchi ohangi bilan ana shunday qo‘shiqlardan bo‘la olgani kishini quvontiradi.
Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda jonlanib borayotgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “Vatan” qo‘shiqlar to‘plami ham fonotekani boyitish uchun xizmat qiladi. Jami 6 ashuladan tarkib topgan to‘plam, g‘oya mualliflariga ko‘ra, hali birinchi qism va bu davomli bo‘ladi. Hozir esa shu to‘plamdagi qo‘shiqlar mazmuniga biroz to‘xtalish o‘rinli deb bildim.
Pleylistdagi “O‘zbekiston taqdirim” (“Setora” guruhi) va “Olg‘a, O‘zbekiston”, (“Setora” guruhi, Jenisbek Piyazov, Shahnoz, Farruh Fazel va xor jamoasi) qo‘shiqlari ayni kunlardagi zamonaviy estrada yo‘lida yaratilgan bo‘lib, Vatanni sevishga oshkora undashi bilan to‘plamdagi boshqa ashulalardan farqlanadi. Taqdimotda shipshitilgan so‘zlarga quloq ossak, “Olg‘a, O‘zbekiston” futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning mundialga chiqqani uchun maxsus yaratilgan ekan. Yaxshi, ammo bir narsani unutmaslik kerak – ayni mavsumiy mavzularga bag‘ishlangan qo‘shiqlar keyinchalik urfdan qolishi mumkin. Va balki aksincha, futbolimiz madhiyasiga aylanib ham ketar. Buni vaqt ko‘rsatadi, albatta. Aytgancha, ashulalarning bastakori va so‘z muallifi Shahnoz. Balki ayni shu narsa – so‘zlarni bastakorning o‘zi yozgani sifatga, mazmunga ta’sir qilgandir. Chunki to‘plamdagi boshqa qo‘shiqlarni yaratishda loyiha tashkilotchilari so‘z egalari – shoirlar, ijodkorlar bilan ishlagan.
Davlatshox tomonidan ijro qilingan “Millatim” taronasi esa nisbatan balandroq, yosh shoir Nurmuhammad Zoirga tegishli so‘zlar turkiy ildizlar, kuchli tarix va xalqning uyg‘oq farzandlari og‘riqlarining qorishiq ifodasi bilan kishini o‘ziga jalb etib, xos kayfiyat uyg‘ota oladi.
Mirshod Elov va O‘ktam Hakimbek muallifligidagi “Botir Tangriqut”ni kishini tarixning eng qadim qatlariga tortib keta oladigan, ham milliy ohang, ham zamonaviy ovozni birlashtira olgan ajoyib musiqiy asar deyish mumkin. Bayonchilik shaklida aytiluvchi mazkur qo‘shiq o‘z tinglovchisi uchun tinchlik uchun nimalar beriladi-yu, el-u er sha’ni qanday himoya qilinishi kerakligini eslatadi. Yakuniga tomon musiqiy sur’atning tezlashishi va qadim turk xalqlarigagina xos urho sadolari fiziologik ta’sir ham ko‘rsatadi – tinglovchi ohang ta’siriga osonroq tushib, asil maqsadni his qila oladi. Buning uchun bastakor O‘ktam Hakimov va she’r muallifi Farrux Jabborbekka ham minnatdorchilik bildirish o‘rinli bo‘lar edi.
Va nihoyat, yana bir shunday tarona Qosim Muinzoda va Hayriniso juftligida yaratilgan “Ona yerim” hisoblanadi. She’r muallifi sifatida jalb qilingan yosh shoir Muhammad Siddiq ham o‘z vazifasini uddalagan. Qo‘shiq muvaffaqiyatlaridan biri – ham ijrochilardan biri, ham bastakor bo‘lgan Muinzodaning qardosh qozoqlar bilan ishlash tajribasi ekanligida deyish mumkin. Tan olish lozim, qo‘shni el milliy ohanglarni zamonaviy ruhda qayta ishlash borasida anchayin ilgarilagan. Ularga shunchaki chetdan havas qilib qolmasdan, bo‘ylashish borasida katta qadamlardan biri bo‘lgan bu tarona Vatan, millat, xalq ruh-u kayfiyatini saqlash, olamga yoyish istagida bo‘lgan har bir millatparvarning musiqalar ro‘yxatida bo‘lishi aniq.
Umid qilamizki, tashkilotchilar loyihani ham davom ettirishadi, keyingi safar ham sinalgan, sevilgan mualliflar bilan ishlab, Vatan haqida asil kuy-qo‘shiqlar yaralashiga sababchi bo‘lishadi. Xulosa qilganda, har bir o‘zbek ijodkorining javoni asil san’at asarlari bilan boyib borishi kerak. San’atkor faoliyatini kim moliyalashtirishidan qat’i nazar, u xalqniki, modomiki, xalq ularni tinglayotgan ekan, mas’uliyatni bir zum bo‘lsin unutishga haqlari yo‘q.
Kamoliddin AZZAM,
jurnalist
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q