
Mumtoz adabiyotimiz asrlar mobaynida arab yozuvida yaratildi, xalqimiz adabiy ehtiyojini qondirdi va keng hudud bo‘ylab tarqaldi. Biroq XX asrga kelib ushbu merosni yangi o‘sib-unib kelayotgan avlodga butunlay begona alifboda yetkazish zarurati dolzarb masalaga aylandi. Chunki ma’lum siyosiy-ijtimoiy sabablarga ko‘ra, yosh avlod bobolar merosidan bir qadar uzila boshlagandi. Boshqa tarafdan esa, adabiy asar muntazam ko‘chirilish jarayonida deformatsiyaga (o‘zgarishlarga) uchraydi va uning xatolardan xoli sahih matnini yaratib, zamonaviy kitobxonlar ommasiga yetkazish muhim vazifaga aylandi. Avvalo shuni aytish joizki, aksariyat qo‘lyozma manbalar bizgacha muallif dastxati orqali emas, balki turli saviyadagi kotiblar mehnati tufayli yetib kelgan. Bundan tashqari, o‘sha davrlarda “muallif huquqi” tushunchasining hozirgidan o‘zgacha idrok etilishi matnga “erkin” yondashuv uchun sabab bo‘lgan. Bu esa, o‘z navbatida, adabiy merosga doir o‘ta muhim masalani – ilmiy-tanqidiy matn tuzishni taqozo etardi. Tuzilgan tanqidiy matn esa barcha yo‘nalishdagi tadqiqotlar – adabiyotshunoslik yoxud tilshunoslik uchun mustahkam ilmiy poydevor hisoblanadi.
Qisqasi, avvalo, tanqidiy matn tuzilib, ilmiy tadqiqotlar unga asoslangan holda olib borilishi, muayyan ijodkor asari esa yaratilgan tanqidiy matndan kelib chiqib kitobxonlar ommasiga taqdim qilinishi shart. Hamonki so‘zimiz tanqidiy matn xususida borar ekan, taniqli navoiyshunos Hamid Sulaymonov “Navoiy asarlarining manbalari va nashri haqida” maqolasida nihoyatda muhim mulohazani ilgari surganini eslash joiz: “Navoiy asarlarining ommaviy nashri qanday hajmda bo‘lishidan qat’i nazar hamma vaqt eng qadimiy va mo‘tabar qo‘lyozmalar asosida tuzilgan tanqidiy tekstlarga mos bo‘lishi lozim”[1], deya ta’kidlagan edi olim. Biroq amaliyotda har doim ham, bunday bo‘lavermagan va buning bir necha o‘ziga xos sabablari bor: o‘zbek alifbosining surunkali o‘zgarishlarga uchrashi (1921, 1929, 1940-yillar), imlo qoidalarining muntazam isloh qilinishi mumtoz adabiyot namunalarini, jumladan, ulug‘ shoir asarlarini har gal yangi alifboda nashr etishni kun tartibiga qo‘ygan. Birinchidan, merosni yangi zamonda kitobxonlarga tezroq taqdim etish ustuvor vazifa sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, ikkinchidan, yosh avlodni mumtoz adabiyot ularning maktab hamda oliy o‘quv yurti darsliklaridan joy olishi dolzarb masalaga aylandi. Shuningdek, ilmiy-tanqidiy matn tuzish avval amaliyotda bo‘lmagan, uning ilmiy prinsiplari ishlab chiqilmagan edi. Biroq shunga qaramay, bizning madrasa ko‘rgan ziyoli bobolarimiz o‘tgan asrda zamonaviy kitobxonlarni mumtoz asarlar bilan tanishtirishda ulkan ishlarni amalga oshirdilar.
Yuqorida bizgacha muallif dastxati orqali yetib kelmagan mumtoz asarlarning, birinchi navbatda, ilmiy-tanqidiy matnini tuzish, so‘ngra esa shu asosda tadqiqotlar olib borish zarurligini ta’kidlab, lekin amaliyotda har doim ham bunday bo‘lavermaganini qayd etdik. Taniqli navoiyshunos ustoz A.Hayitmetov matnshunoslikka doir muammolar tahliliga oid maqolasida buning sabablari xususida atroflicha to‘xtalgan: “Adabiy merosga bo‘lgan qiziqish... bizning mamlakatimizda tobora ortib bormoqda. Bu vaziyatda ilmiy-tanqidiy tekst tuzilishi zarur deb topilgan asarlarning tekstlari bevosita biron qo‘lyozma manbadan hozirgi zamon o‘zbek alfavitiga ko‘chiriladi. Buni transliteratsiya (tabdil – A.E.) deyiladi. Biz ko‘pchilik hollarda shunday tekstlarga egamiz. Bunday tekstlar ilmiy mukammalikdan uzoq bo‘lsa ham, ommaning birinchi ehtiyojini qondirish jihatidan kerak. Shu yo‘sinda biz hozirgi kunda ko‘p klassiklar va ularga zamondosh avtorlar asarlarining nashr etilgan nusxalariga (tanqidiy matnlariga emas – A.E.) egamiz”[2].
Ko‘rinib turibdiki, adabiy merosni zamonaviy kitobxonga yetkazishda “ommaning birinchi ehtiyojini qondirish” bosh prinsipga aylangandi. Biz bunga har bir fan tarixidagi tabiiy bosqich, deb qaraymiz va shu bilan birga, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yoxud e’tibor qaratilmagan nuqtalarga diqqatini jalb qilamiz. Mana shunday nuqtalardan biri tanqidiy matn tuzish bilan bevosita aloqador hisoblanadi. Odatda, tanqidiy matn tuzishda muayyan asarning to‘rt-besh qadimiy nusxasi ishga jalb etilib, bittasi asos sifatida olinadi va matndagi o‘zgarishlar tagxatda qayd qilib boriladi. Shu zaylda tanqidiy matn tuzilishi bilan matnchi ishi ham tugaydi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, muallif nusxasi mavjud bo‘lmagan taqdirda ilmiy-tanqidiy matn tuzish zaruratdir. Shu bilan birga, matndagi o‘zgarishlar agar ular mazmun bilan bog‘liq bo‘lsa, tushuntirilishi, izohlanishi shart. Chunki imlo qoidalari unifikatsiya qilinmagan, adabiy me’yor belgilanmagan sharoitda ish ko‘rgan kotib, tabiiyki, ba’zi imloviy xatolarga yo‘l qo‘yadi, ancha ilgari bitilgan asarni qayta ko‘chirishda o‘zi uchun tushunarsiz ayrim arxaik so‘zlarni o‘zgartirishi ham mumkin. Biroq ma’no-mazmunga doir o‘zgarish yoxud “parcha” (matnshunoslikda bu interpolyatsiya deyiladi) ortida muallif matniga munosabat yotadi, albatta.
Xullas adabiyotshunoslikda matndagi o‘zgarishlar tahlili, ya’ni matn tarixi tadqiqdan tashqarida qoldi. Holbuki, “matn tarixi” matnshunoslikning asosiy – tayanch tushunchasi bo‘lib, uni o‘rganish muallif asariga turli davrdagi munosabatni oydinlashtirib berishi mumkin. Masalan, Alisher Navoiy asarlari asrlar mobaynida ko‘plab nusxalarda ko‘chirilib, juda katta hudud bo‘ylab tarqalgan. Biroq shoir hayotlik davridan tartib berila boshlangan va mutlaqo bir-birini takrorlamagan terma devonlar, ularning mazmun-mundarijasi, matndagi mazmunga doir o‘zgarishlar tadqiqot obyekti bo‘lganicha yo‘q. Bundan tashqari, shoir terma devonlaridan joy olgan Sharq she’riyatining yetakchi janri – g‘azal va uning mavzu-mundarijasi (irfoniy yoxud ishqiy), qanday estetik prinsipga ko‘ra saralab olinganga o‘xshash masalalar hozircha tadqiqotchilar nazaridan chetda qolayotir. Ushbu muammolarni o‘rganish matn yaratuvchisi bo‘lmish inson (keng ma’noda – kotib, muharrir, muzahhib, musannif) ongli faoliyatini butun murakkabligi bilan kuzatish imkoniyatini taqdim etadi. Eslatib o‘tamiz, muallif asariga munosabat o‘zgarmas (statik) hodisa emas, aksincha, muttasil o‘zgaruvchan (dinamik) hodisa bo‘lib, aynan shu sabab ham har bir davr o‘z adabiy ehtiyojidan kelib chiqib ijodkor merosiga yondashadi, uni talqin etadi.
Qisqasi, shunday muammolarni izchil o‘rganish davrlar osha ijodkor adabiy merosiga munosabatni oydinlashtirib, yangi ilmiy yondashuv shakllanishiga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, mumtoz asarni to‘liq tushunish hamda anglashga imkoniyat yaratadi.
Adabiyot tarixining yana bir muhim muammosidan – mumtoz merosni bugungi kitobxonga qay tarzda taqdim qilishdir. Muayyan davr mevasi, mahsuli bo‘lmish badiiy asarni kitobxon keyingi davrlarda qabul qilishi, idrok etishi doimo bir xilda kechmaydi. Chunki vaqt o‘tishi bilan estetik qarashlar, badiiy did o‘zgaradi, ayni chog‘da, so‘z san’ati namunasi bilan oradagi masofa uni tushunishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Yuqorida Alisher Navoiy merosini XX asr o‘quvchilariga yetkazishda talay ibratli ishlar amalga oshirilgani haqida to‘xtaldik. Shoir asarlari zarur sharh, izoh va lug‘atlar bilan qayta-qayta nashr etildi, “Xamsa” dostonlarining nasriy bayonlari yaratildi. Albatta, mazkur nashrlar kitobxonlar ommasi va soha mutaxassislarining shoir asarlari bilan tanishish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar olib borilishida katta ahamiyatga egaligini tan olmay, iloj yo‘q. Ayni chog‘da, nazmiy asarni nasriy bayon etishida badiiyat bilan bog‘liq qator yo‘qotishlar bo‘lganini ham qayd etmoq zarur. Zero, nazmiy asar kitobxonga o‘z ritmik ekspressiv va boshqa xususiyatlari bilan kuchli ta’sir ko‘rsatadi, unda bir qancha assotsiatsiyalarni uyg‘otadi va bularning barchasi poetik matnni anglashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, o‘rta asrlar adabiyotidagi badiiy so‘zga ayricha e’tibor, uning butun ma’no qatlamlarini ko‘rsatishga intilish, afsuski, nasriy bayonda barham topadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim navoiyshunoslar nasriy bayonga shubha bilan qaraganlar.[3]
Shoir dostonlarining nasriy bayonlari xususida so‘z yuritar ekanmiz, ular kitobxonlar ommasi va mutaxassislarni doho shoir asari bilan yaqindan tanishuvida, uning syujet chizig‘ini bilishida ijobiy rol o‘ynaganini ham inkor eta olishimiz, ayni chog‘da, har qanday asar shakl va mazmun uyg‘unligida to‘laqonli idrok etilishini ham yoddan chiqarmaslik lozim.
Mumtoz merosning zamonaviy adabiy jarayondagi o‘rni haqida so‘z borganda, uning bugungi ahamiyati, kitobxonlar tomonidan qanday qabul qilinishi, baholanishi kabi qator omillarni inobatga olish zarur. Mulohazalarimiz mumtoz asarlar va davr borasida borar ekan. Mashhur adabiyotshunos G.M.Fridlenderning (1915–1995) L.Tolstoy ijodi va uning yangi talqinlari yuzasidan aytgan fikri yodga tushadi: “Agar mumtoz asarning zamonaviy talqini bugunning ehtiyoj va talablarini inobatga olmasa, u holatda bunday talqin muzey eksponatiga aylanib qoladi. Mumtoz asarni faqat yaratilgan davr chegaralariga qamab o‘rganish, uni yolg‘iz o‘tmishning ijtimoiy va badiiy tasavvurlari doirasida talqin qilish, bizning irodamizga bog‘liq bo‘lmagan holda asarni zamonadan uzoqlashtirib o‘tmish bilan bugun o‘rtasidagi tarixiy obyektiv aloqani yo‘qqa chiqaradi”.[4] E’tibor qilsak, adabiyotshunos o‘tmish va “bugun o‘rtasidagi tarixiy obyektiv” robita haqida fikr yuritmoqda. Binobarin, mumtoz asar talqini “bu qanday sodir bo‘lgan edi” kabi savollar atrofida o‘ralashib qolsa, uning bugungi ahamiyati “parda” ortida qolib, natija to‘laqonli bo‘lmaydi. Shu o‘rinda yigirmanchi asrning mashhur faylasufi va filologi M.Baxtinning quyidagi so‘zlarini yodga olish foydadan holi emas. “Buyuk asarlarning o‘zi yaratilgan davrdan uzoq – kelgusi davrlardagi hayoti, aytib o‘tganimizdek, paradoks bo‘lib tuyuladi. O‘z ikkinchi umri jarayonida ular yangi ma’no, yangi mazmun bilan boyiydilar; bu asarlar go‘yo o‘zi yaratilgan davridagi qobiqlariga sig‘may qoladi, uni yorib chiqadi. Aytish mumkinki, Shekspirning o‘zi ham, uning zamondoshlari ham hozir biz bilgan “buyuk Sheskpir”ni bilmagan. Biz bilgan Shekspirni Yelizaveta davriga (adib yashagan zamonga – A.E.) zanjirband qilib qo‘yish aslo mumkin emas”[5].
Ko‘rinib turibdiki, vaqt sinovidan o‘tgan badiiyat namunalari bag‘rida ma’no zahiralari imkoniyat shaklida mavjud. Bu ma’no zahiralari har bir davrda o‘zgacha porlab, o‘z borlig‘ini namoyon etadi. Adabiyot tarixchisi esa ayni imkoniyatlar, ya’ni ma’no zahiralarini qidirib topib voqelikka aylantira olishi, boshqacha qilib aytganda, o‘z davri ma’naviy, madaniy, adabiy ehtiyojlari bilan bog‘lay bilishi zarurki, ana shundagina mumtoz asarning ikkinchi umri sobit, bardavom bo‘ladi.
Mumtoz merosni bugungi o‘quvchiga qanday taqdim qilish bilan bog‘liq muammolar matbuotda bot-bot tilga olinayotgan bo‘lsa-da, masalaning nazariy tomonlari, uning yechimi mubohasa, munozara obyekti bo‘lganicha yo‘q. Holbuki, shiddat bilan o‘zgarayotgan axborot asrida mumtoz adabiy meros o‘zining qaysi jihatlari bilan bugungi kitobxonni qiziqtirib, unda estetik zavq uyg‘ota oladi, ong-u shuuridan mustahkam joy oladi, degan savol kun tartibida dolzarb bo‘lib turibdi. Taniqli tasavvufshunos I.Haqqul adabiyotshunos Sh.Nazarova bilan suhbatida Alisher Navoiy ijodini bugungi yoshlar tushunishining murakkabligi va uning sabablari xususida so‘z yurita turib bunday deydi: “Navoiyday shoirlarning ijodiga yo‘l topishning birinchi sharti ularning Ruh va Hol olamiga erkin kirib borishdir. Bu, albatta, sof mohiyat va iztirobni teran mushohada qilish orqali amalga oshadi. Zero, jahon adabiyotining eng vijdonli, eng haqgo‘y san’atkorlari kundalik turmush tashvishi va moddiy manfaatlardan yiroq mohiyat, aql va irodaning qo‘shiluvidan tug‘ilgan iztirob atrofida birlashishgan. Shaxs sifatida shakllanmagan hech bir kishi bu haqiqatni chuqur tushunmaydi”[6]. Bizningcha, avvalo, I.Haqqul talabini faqat ideal talab sifatidagina qabul qilish mumkin. Ijodkor ijodini anglash, tushunish esa, bu – endi butunlay boshqa masala. Qolaversa, ijodkor hech bir vaqt real voqelikdan uzilmaydi, ijodi esa shunchaki “ko‘ngil izhori” emas, balki yashagan davri bilan u yoki bu darajada chambarchas bog‘liqdir.
Mumtoz merosning zamonaviy talqinlari haqida so‘z yuritar ekan, yana ayrim nuqtalarga ham e’tibor berish zarur deb hisoblaymiz, yangi talqinlar zamonaviy ehtiyojlarni inobatga olishi zarur bo‘lsa-da, ammo bunda badiiy asarni zamonaning o‘tkinchi yo‘riqlari asosida baholash, yo‘q narsani uning matnidan “qidirib topish”, siyosiy kon’yunktura talabidan kelib chiqib modernizatsiya qilish hech qachon o‘zini oqlamaydi[7]. Badiiy asar muayyan davr mahsuli ekan, u, birinchi navbatda, o‘z davri o‘quvchisiga qaratiladi va, tabiiyki, zamonlar o‘tib undagi ayrim badiiyat unsurlari, ilgari surilgan g‘oyaviy “yuk” bir qadar o‘z aktualligini yo‘qotishi mumkin. Masalan, shoir “Xamsa”sidan joy olgan Xadichabegim yoki ayrim temuriy shahzodalar madhi bugunning nuqtai nazaridan, birmuncha eskirgan yoxud orqa rejaga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ushbu asar umuminsoniy va milliy qadriyatlar yuksak badiiyat bilan tarannum etilgan nuqtalar ham borki, adabiyot tarixchisi ularni inkishof etib, keng miqyosda ko‘rsata olishi darkor. Bunday yondashuv esa, o‘z navbatida, ulug‘ shoir ijodini jahon adabiyotida tutgan o‘rnini aniqlashtirishga imkon yaratadi.
Xullas, adabiy merosni tarixiylik va zamonaviylikning dialektik aloqadorligida chuqur talqin eta bilish asarning ikkinchi umrini bardavom etadi va zamonaviy kitobxonni unga oshno qiladi.
Abdurasul EShONBOBOEV,
Alisher Navoiy nomidagi Davlat
adabiyot muzeyi ilmiy xodimi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025-yil 6-son.
“Matn va talqin” maqolasi
[1]1 Bu haqda qarang: Alisher Navoiy. Asarlar o‘n besh tomlik. 1-tom. 1963. Toshkent. H. Sulaymonning “Navoiy asarlarining manbalari va nashri haqida” nomli kirish maqolasi. 27-bet.
[2] Hayitmetov A. Matnshunoslik muammolari // “Sharq yulduzi” jurnali. 1982, 3-son.
[3] Bu haqda qarang: Abdug‘afurov A. Buyuk beshlik saboqlari. T., 1995. 58-bet.
[4] Класфе наследие и современность. М., 1981, стр. 30.
[5] Baxtin M. “Новый мир” tahririyati savoliga javob. // Filologiya masalalari. 2003-yil, 1-son 87-bet.
[6] Bu haqda qarang: “Jahon adabiyoti” jurnali. 2018. 2-son. 140–146-betlar.
[7] Shoir asarlarini joriy siyosat yo‘rig‘idan kelib chiqib modernizatsiya qilishlar ham bo‘lgan. Bu haqda qarang: To‘ychiyev U. Alisher Navoiy ichkilik va ichkilikbozlikning zarari haqida. T., 1989. “Fan” nashriyoti.
Ta’lim-tarbiya
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q