Ota va oʻgʻil ziddiyati sabablari – Freyd nazariyasi va adabiy tahlil


Saqlash
18:24 / 01.08.2025 338 0

Sizda ham hech shunday bo‘lganmi: otangizning fikrlari eskirgan, hozirgi ma’lumotlarni bilmaydigandek yoki jarayonga eski tuzum andozasida munosabat bildirayotgandek. Ammo ulg‘ayganingiz sari o‘zingiz pul topib, kuningizni o‘zingiz ko‘rayotganingizda uning ba’zi xislatlarini takrorlayotgan, ba’zi fikrlariga qo‘shilayotgandek bo‘lganmisiz? Bu nimani anglatadi? Yengilish yo qariliknimi? Yoʻq, bu jamiyatga moslashayotganingiz belgisi. Buni maqola davomida tushunib yetasiz.

 

Ota va oʻgʻil munosabatlari insoniyat tarixida doimo murakkab, koʻp qirrali ijtimoiy, psixologik jarayon sifatida eʼtirof etilgan. Chunki ayni munosabat oilaviy tizimning asosi, shaxsning identifikatsiyasi, individual rivojlanishi hamda jamiyatdagi ijtimoiy rolini shakllantirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shu bois ota va oʻgʻil munosabatlarining inqirozi nafaqat oilaviy tizimda, balki butun jamiyatda aks beradi.

 

Zigmund Freydning psixo analitik nazariyasi (Edip kompleksi) ushbu munosabatlarning chuqur psixologik asoslarini ochib berishda beqiyos ahamiyatga ega. Freydning taʼkidlashicha, bolaning onaga boʻlgan muhabbati va otaga qarshi raqobat tuygʻusi – inson ruhiyatining rivojlanishida markaziy rol oʻynaydigan murakkab ichki konfliktdir. Ushbu nazariya yordamida ota-oʻgʻil munosabatlaridagi inqirozlarning asosiy sabablari va ularning ijtimoiy-maʼnaviy oqibatlari chuqur tahlil qilinishi mumkin.

 

Padarkushlik (Edip) kompleksi – ota-oʻgʻil munosabatlarining markaziy elementi hisoblanib, unga koʻra, bola psixoseksual rivojlanishning bir bosqichida (taxminan 3-6 yoshda) onaga nisbatan kuchli hissiyotlar bilan birga otani raqobatchi sifatida qabul qiladi.

 

Freyd nazariyasi inson psixikasini tushunishda inqilobiy ahamiyatga ega boʻldi, chunki u inson ichki hayoti va ijtimoiy munosabatlarining murakkab qatlamlarini ochishga yordam berdi. Freydning padarkushlik nazariyasida bola 3–6 yosh oraligʻida fallik bosqichidan oʻtadi.

 

Uning psixologik mohiyati. Bola otani raqobatchi deb biladi, chunki onaning eʼtiborini ota bilan “boʻlishishga” majbur. Ichki psixik bosim kuchayadi: bola bir vaqtning oʻzida otasini ham sevadi, ham undan nafratlanadi. Natijada bolaning ong ostida xavfli orzu (otani yoʻq qilish) paydo boʻladi va u bunda oʻzini aybdor his qila boshlaydi.

 

Buning ijtimoiy oqibatlari. Otaga qarshi norozilik: Bola kattalarga, ayniqsa, otasiga nisbatan norozilik hissini ong ostida saqlab qoladi. Bu kattalashganida ijtimoiy tartib-qoidalarga qarshi chiqish, isyonkorlik, individual dunyoqarashga olib kelishi mumkin.

 

Oila strukturasining zaiflashuvi: Ota obrazining psixologik jihatdan yoʻq qilinishi, yaʼni unga boʻlgan hurmatning kamayishi — oilada OTA oʻrnining susayishiga olib keladi.

 

Yetuklik jarayonining buzilishi: Bola otani yoʻq qilish oʻrniga unga taqlid qilishi, identifikatsiya qilishi kerak. Bu bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtolmasa, bola toʻlaqonli shaxs sifatida shakllanolmaydi.

 

Maʼnaviy oqibatlar. Aybdorlik hissi: Bola otaga nisbatan salbiy istaklarini anglagach, oʻzini gunohkor his qiladi. Bu aybdorlik hissi ong ostida qolib, butun hayoti davomida uning harakatlariga taʼsir koʻrsatadi.

 

Ichki konfliktlar: Bu istaklar va aybdorlik hissi baʼzan hayotiy tanlovlarda, muhim qarorlar qabul qilishda ikkilanish, oʻz-oʻzidan shubhalanish, noaniq tashvishlar shaklida namoyon boʻladi.

 

Maʼnaviy ziddiyat: Ota koʻpincha anʼanaviy qadriyatlar – din, tartib va axloq timsoli sifatida qaraladi. Otaga qarshi istak maʼnaviy qoidalar bilan toʻqnashadi, bu esa shaxsda ichki iztirob uygʻotadi.

 

Ota va oʻgʻil oʻrtasidagi raqobat va uzviylik har qanday jamiyatda bor va Freyd nazariyasi bu ziddiyatning psixologik ildizlarini anglatgan holda uning madaniy, tarixiy va axloqiy koʻrinishlarini adabiy tahlilga olib kiradi.

 

1. Ichki psixologik konflikt

Oʻgʻil koʻpincha otani sevadi va bir vaqtning oʻzida undan qochishga, unga qarshi chiqishga harakat qiladi. Bu ikki tomonlama hissiyot – sevgi va qarshilik, hurmat va nafrat – obrazlarda doimiy ziddiyat sifatida aks etadi. “Otamga xat” asarida Kafka otasiga nisbatan munosabatini ochiq-oydin tan oladi. (Tavsiya: agar “Otamga xat” asarini oʻz koʻzingiz bilan koʻrmoqchi, Kafkani his qilmoqchi boʻlsangiz, “Shams-Qamar” teatriga tashrif buyuring.)

 

2. Avtoritetga qarshi chiqish

Oʻgʻil otaning fikriga boʻysunmay, oʻz yoʻlini tanlamoqchi boʻladi. Bu holat ota uchun “sodiq boʻlmagan farzand”, oʻgʻil uchun esa “erkinlikka intilish” sifatida namoyon boʻladi. Misol: Rembrandt van Rijnning “Adashgan oʻgʻilning qaytishi” suratida sarkash oʻgʻilning erkinlik istab ketgani sabab sogʻinchdan koʻzlari koʻr boʻlgan ota va erkinlik yukini koʻtarolmay toliqqan oʻgʻilning tazarrusi ifodalangan.

 

3. Maʼnaviy ajralish

Ota va oʻgʻil bir oilada yashasa-da, ular bir-birini tushunmaydi. Bu holat oʻgʻilning ichki yolgʻizligiga, tushkunligiga olib keladi. Stendalning “Qizil va qora” romanida oddiy dehqonning eng zaif va nimjon oʻgʻli – Juliyen Sorel mehnatga “yaroqsiz”ligi uchun otasi bitta nonxoʻrdan qutilish maqsadida uni cherkov taʼlimiga beradi. Chunki u yerda bolaning oziq-ovqati va kiyim-kechagi cherkov tomonidan taʼminlanardi. Natijada Juliyen Sorel otasidan maʼnaviy uziladi. Bu jarayon Juliyen Sorel hayotiga salbiy oqibatlarni boshlab keladi.

 

4. Qasos, isyon yoki rad etish

Oʻgʻil qahramon otani hayotidan butunlay chiqarib tashlashga yoki unga qarshi jiddiy harakat qilishga qaror qiladi. Bu rad etish orqali u oʻzligini topmoqchi boʻladi.

Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romanida ota – Fyodor Pavlovich oʻgʻillarining nafratiga duchor boʻladi. Ayniqsa, Dmitriy bilan boʻlgan ziddiyat bu munosabatlardagi toʻliq ishonchsizlik, axloqiy inqiroz va jamiyatdagi otalik modelining tanazzulini koʻrsatadi.

 

Freydning padarkushlik nazariyasi ota-oʻgʻil munosabatlarining psixoanalitik asoslaridan biri boʻlsa-da, boshqa psixolog va faylasuflar bu masalaga turlicha yondashgan. Masalan, Freyd individual ong ostini asosiy tushuntiruvchi vosita sifatida koʻrgan boʻlsa, Karl Gustav Yung inson psixikasini kollektiv ong osti, yaʼni butun insoniyatga xos arxetiplar orqali tushuntiradi.

 

Yung uchun Ota arxetipi – muqaddas hokimiyat, tartib, madaniyat timsoli. Oʻgʻil ushbu arxetip bilan toʻqnash kelganda uni rad etmaydi, balki unga moslashadi, oʻz shaxsini bu arxetip asosida qurishga harakat qiladi. Yungda padarkushlik hissi – tabiiy agressiya emas, balki psixik rivojlanishdagi bosqich, shaxsiyat shakllanishining muhim elementi sifatida talqin qilinadi. Asosiy farqi Yungda oʻgʻil otani “yoʻq qilish” emas, balki oʻzlashtirish orqali oʻzligini topadi.

 

Freyd insonni biologik va instinktual mavjudot deb bilgan boʻlsa, Fromm uni ijtimoiy, madaniy va axloqiy mavjudot sifatida koʻradi.

Fromm nazarida otaning ikki koʻrinishi bor:

- Avtoritar ota – buyuradi, jazolaydi, sevgisini shartli qiladi. (“Mehrobdan chayon” romanidagi Raʼnoning otasi kabi.)

- Gumanistik ota – yoʻl koʻrsatadi, ishonadi, shartsiz qabul qiladi. (“Oʻtkan kunlar” romanidagi Otabekning otasi kabi.)

Oʻgʻil bu ikki obraz orasida harakat qiladi. Konflikt – avtoritar otaga qarshi ichki isyon natijasidir. Ota-oʻgʻil munosabati sogʻlom boʻlishi uchun hurmatga asoslangan erkinlik boʻlishi kerak. (Shu oʻrinda savol tugʻiladi: ota bir vaqtning oʻzida ham avtoritar, ham gumanistik boʻlishi mumkinmi? Albatta, masalan, Boyboʻrini olaylik, u Alpomishga nisbatan gumanistik ota, Ultontozga nisbatan esa avtoritar ota rolini bajargan.) Asosiy farq: Frommda padarkushlik yoki nafrat hissi tabiiy emas, balki notoʻgʻri ijtimoiy sharoit mahsuli deb qaraladi.

 

Freydning jinsiy markazlashgan nazariyasini tanqid qilib, Horney ruhiy muammolarning asosida madaniy bosim, gender tengsizlik, sevgi va xavfsizlik ehtiyoji yotadi, deb hisoblaydi.

Horneyning fikricha, oʻgʻil oʻzini otasi nazarida emas, balki boshqalar bilan taqqoslaganda baholaydi. Agar ota bolani rad etsa yoki doimiy tanqid qilsa, bu oʻgʻilning ichki xavfsizlik tuygʻusini poymol qiladi va oʻgʻil tajovuzkorlik yoki oʻzini inkor qilish bilan javob qaytaradi. (Ultontoz buning yaqqol misoli. U nikohsiz farzand boʻlgani uchun otasi tomonidan rad etildi. Oqibatda, Ultontoz ruhiyatida nafrat va tajovuzkorlik kuchayib bordi.) Asosiy farq esa Horney muammoning markazida padarkushlik emas, balki ruhiy himoya ehtiyoji turadi, deydi.

 

Ota-oʻgʻil munosabatlaridagi inqiroz yoki ziddiyat folklor va mifologiyada ham chuqur ildizlarga ega. Ushbu manbalar insoniyatning arxaik ongi mahsuli boʻlib, psixoanalitik nazariyalarni tushunishda timsoliy asos boʻlib xizmat qiladi. Masalan:

1. Freyd nazariyasiga asos boʻlgan Edip afsonasini olaylik. U oʻzi bilmagan holda otasini oʻldirib, onasiga uylanadi.

 

2. Turkiy xalqlar folklori qahramoni Alpomish esa Yung nazariyasiga misol boʻladi. U otasi va ajdodlari kabi alp boʻlishga intiladi va qahramonlik yoʻlini bosib oʻtadi.

3. Fromm nazariyasiga misol qilib “Uch ogʻa-ini botirlar” ertagini olaylik. Ular gumanistik ota qoʻllab-quvvatlashi sabab qahramonlik sinovlaridan oʻtib, oʻz baxtlarini topadi.

4. Horney nazariyasiga misol tarzda “Shohnoma” dostoni qahramoni Suhrobni olish mumkin – u jamiyatdagi xavfsizligini taʼminlash uchun oʻz ildizini topish ehtiyoji bilan yoʻlga chiqadi.

 

Xulosa qilib aytganda, ota va oʻgʻil munosabatlaridagi inqiroz inson shaxsining shakllanishida, ijtimoiy identitetining rivojlanishida va badiiy obrazlar orqali milliy ongni aks ettirishda markaziy oʻrin tutadi. Bu mavzuni psixoanalitik nazariyalar yordamida tahlil qilish adabiyotshunoslik va psixologiya oʻrtasidagi samarali ilmiy muloqot imkoniyatini yaratadi.

 

Ziyoda TURDIBOYEVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//