Dunyoga mashhur zoolog olim bo‘lib yetishgan jadid maktabi bitiruvchisi – Ibrohim Orif o‘g‘li hayoti


Saqlash
12:02 / 22.07.2025 265 0

 

Toshkentlik Ibrohim Orif oʻgʻli (yoki Ibrohim Yorqin) haqidagi dastlabki tadqiqotlar 1970-yillarda Turkiyadagi Anqara universiteti olimlari tomonidan amalga oshirilgan. 1988-yil uning yubileyi munosabati bilan tashkil etilgan konferensiya maʼruzalarida olim hayoti va faoliyatining koʻplab qirralari ochib berilgan va keyinroq alohida toʻplam holida nashr etilgan. Ammo bu tadqiqotlarning aksariyati uning Turkiyadagi faoliyatinigina qamrab olgan, xolos.

 

Oʻzbekistonda esa Ibrohim Orif oʻgʻli haqidagi ilk tadqiqotlar oʻtgan asrning 90-yillaridan boshlandi. Sherali Turdiyev “Ular Germaniyada oʻqigan edilar” nomli kitobida Ibrohimbek haqidagi maʼlumotlarni birinchilardan boʻlib taqdim etdi. “Jahon adabiyoti” jurnalining 2002-yil iyun oyidagi sonida esa Ibrohim Orif oʻgʻli xotiralari ilk bor oʻzbek tilida nashr qilindi. Soʻnggi yillarda xorijda oʻqigan talabalar mavzusini atroflicha oʻrgangan A. Yoʻldoshev tadqiqotlarida ham uning xorijdagi faoliyatiga birmuncha toʻxtab oʻtilgan.

 

Shunday boʻlsa-da, boshqa koʻplab jadidchi yoshlar kabi Ibrohim Orif oʻgʻli shaxsini ham toʻliq oʻrganilgan deb boʻlmaydi. Sababi shu paytgacha uning hayot va faoliyati alohida tadqiqot obyekti sifatida tadqiq etilmagan. Shundan kelib chiqib, ushbu maqolada mavjud tadqiqotlar hamda ayrim yangi manbalar asosida Ibrohim Orif oʻgʻli portretiga chizgilar berilib, unga oid maʼlumotlarni boyitish maqsad qilingan.

 

1925-yili Berlinga kelgan Zaki Validiy va turkistonlik talabalar uchrashuvi (orqa qator o‘rtada turgan Ibrohim Orif o‘g‘li)

 

Ibrohim Orif oʻgʻli 1902-yil 23-oktabrda Toshkent shahrining Sebzor dahasi Koʻhota mahallasida tugʻilgan. Otasi Orifxon eski usul maktab va madrasada tahsil koʻrgan, ilmga xayrixoh inson edi. Onasi esa Qosimxoʻjaning qizi Karomatxon boʻlgan. Oila moddiy jihatdan oʻziga toʻq edi. Xususan, Orifxonning sulolaviy tarzda meros qolgan mulki va savdo doʻkonlari boʻlib, moddiy jihatdan yaxshi taʼminlanganlik oila aʼzolarini ilm-maʼrifatli boʻlishida oʻziga xos oʻrin tutgan.

 

Ibrohim Orif oʻgʻli oʻz xotiralarida otasi Qurʼon va uning tafsiri bilan birga Yassaviyning “Devon”i, Navoiy va Soʻfi Olloyor kabi shoirlarning asarlarini sevib mutolaa qilishini alohida qayd qilgan.

 

Oiladagi 5 farzand (Obidxon, Abdulqodirxon, Ibrohim, Ismoil va Farogʻatxon) ichida toʻngʻich Obidxon ukalarining taʼlim-tarbiyasida qatnashgan. U madrasada taʼlim olishdan tashqari, Turkiya, Ozarboyjon, Qrim va Qozondan keltirilgan gazetalarni oʻqib, oʻz-oʻzini taraqqiy ettirgan ziyoli inson boʻlgan. Ibrohim Orif oʻgʻli aynan uning tashabbusi va qoʻllovi bilan jadid maktabida taʼlim olishga yoʻnaltirilgan.

 


“Katta akam Obidxon meni va mahallamizdagi 8 bolani bizdan toʻrt kilometrcha uzoqlikda joylashgan Quyi Devonbegi mahallasidagi Eshonxoʻja Xoniyning yangi usuldagi boshlangʻich maktabiga yozdirdi. Bolalarning koʻpchiligi keyinchalik bu maktabga qatnay olmay qoldi, men esa u yerda oʻqishni bitirdim”, deya yozadi Ibrohimbek.

 

Ibrohim Orif oʻgʻlining milliy ruhdagi islohotchi boʻlib yetilishida, shubhasiz, jadid maktabidagi taʼlimning oʻrni beqiyos edi. Uning ustozi Eshonxoʻja Xoniy Turkistonda ilk yangi usul maktabini ochgan, Munavvarqorining yonida yordamchi boʻlib ishlab tajriba orttirgan, Ismoil Gʻaspirali kitoblarini mutolaa qilib, u bilan maktublar orqali fikr almashgan yetakchi oydinlardan biri edi.

 

Uning xizmatlari natijasida Ibrohim Orif oʻgʻli koʻnglida vatanparvarlik tuygʻulari nish uradi. “Maʼlumoti nafiya” nomli tarbiya darslari orqali zamonaviy ilm olish zaruriyatlari, ota-onasi, jamiyat va millatga foydali boʻlish lozimligi anglab yetadi.

 

Keyinchalik u shunday yozadi: “Eshonxoʻja Xoniy mening fikran oʻsishimda va menda milliy hisning uygʻonishida katta rol oʻynadi”.

 

Ibrohimbek taʼlimni Munavvarqorining rushdiy (oʻrta bosqichdagi jadid) maktabida davom ettiradi. U yerda umumiy tarix (Fotih Karimiyning “Tarixi umumiy” kitobi asosida), matematika, tabiat hodisalari, tajvid, fors va arab tili, rus tili boʻyicha saboq chiqaradi. Ayni paytda, akasi Obidxon kutubxonasidagi turli davlatlardan keltirilgan kitoblarni mutolaa qilish orqali ilmini yanada sayqallab boradi.

 

Xususan, Turkiyadan olib kelingan “Qomusi olam”, “Madaniyat tarixi”, “Kafkaz tarixi”, “Sayohatnomayi kubro” nomli kitoblar, Ozarboyjondan keltirilgan Sobirning “Xoʻpxoʻpnoma”si va “Mulla Nasriddin” nomli hajviy jurnallarni toʻliq oʻqib chiqadi.

 

Ibrohimbekda millatni qaramlik va tanazzuldan olib chiqish fikrining mustahkamlanishida mustamlakachilik zulmining oqibatlari ham maʼlum darajada rol oʻynaydi. Munavvarqori maktabining rus inspektorlari tomonidan muntazam ravishda tekshirib turilishi, bosqinchi manfaatlariga zid har qanday gʻoyani ildizi bilan qoʻporish harakatlariga guvoh boʻlgan yosh avlod qalbida ozodlikka intilish tuygʻulari kuchayib boradi.

 

“Men Munavvarqorining rushdiy maktabida oʻqigan yillarimda Rusiya idorasi oʻquv inspektorlari maktabimizga toʻsatdan kelib, foydalanayotgan kitoblarimizni tekshirardi. Ularning maqsadlari bizning maktabda mavjud boʻlgan darslik va boshqa oʻquv kitoblarining Rusiya idorasi nuqtayi nazaridan zararlimi yoki yoʻqmi, shularni tekshirish edi” deb yozadi muallif ushbu davr haqida.

 

1915-yil oʻrta bosqichdagi jadid maktabini bitirgan Ibrohim Orif oʻgʻli keyingi tahsilni Usmoniylar davlatida davom ettirishga qaror qiladi. Lekin, Birinchi jahon urushi munosabati bilan Rossiya va Usmoniylar orasida yuzaga kelgan keskinlik Ibrohim Orif oʻgʻlining Istanbulga borishiga imkon bermaydi. Shunda Eshonxoʻja Xoniy va akasi Obidxon maslahatlashib, uning keyingi tahsilini rus gimnaziyasida davom ettirishiga qaror qiladi.

 

1916-yil Ibrohim Orif oʻgʻli Toshkentdagi rus progimnaziyasi qoshidagi oʻrta maktab imtihonlarini topshirib, yaxshi natija olishiga qaramasdan rus tilini bilmagani uchun boshlangʻich sinfga qabul qilinadi. Rus maktabidagi oʻqish davomida Ibrohimbek Ivanovning “Turkistonning qisqacha tarixi”, Lavrovning “Turkiston geografiyasi”, Masalskiyning “Turkiston oʻlkasi”, Kuropatkinning “Sharqiy Turkiston” va qozoq sultoni Kenesarxonning oʻgʻli Sodiq Sultonning tarjimayi holi kitoblarini oʻqib oʻlka tarixi va uning buyukligini yanada teranroq anglab yetadi.

 

Ibrohimbek 1921-yilda Turkiston davlat universiteti Texnika fakultetining Maʼdan muhandisligi yoʻnalishiga oʻqishga kiradi. Oʻsha paytda ushbu oliygoh talabalari orasida turkistonlik yoshlarning soni barmoq bilan sanoqli darajada oz edi. 1921-1922-oʻquv yilida Ibrohimbek fakultetida 3 donagina mahalliy talaba mavjud boʻlib, ular Ibrohim Orif, Ahmadjon Ibrohim va qozonlik Tinchurin edi. Universitetdagi rus talabalar ularga mensimasdan istehzo bilan qarab, goʻyoki, bu “madaniy taraqqiyotdan ortda qolgan yerlik”lar ilm olishga qobiliyatli emas deb hisoblardi. Ibrohim Orif oʻgʻli va doʻsti Ahmadjon oʻquv yili oxirida analitik geometriya fanidan muvaffaqiyatli imtihon topshirganidan keyingina rus talabalarining ularga nisbatan munosabati ijobiy tomonga oʻzgaradi.

 

Turkiston davlat universitetidagi qisqa taʼlimdan keyin Ibrohim Orif oʻgʻli hayotida ilmiy-maʼrifiy faoliyat boshlanadi. U rus tilining mohir bilimdoni sifatida tarjima ishlari bilan shugʻullanib, 1922-yili oʻsha vaqtda butun sovet oʻrta maktablarida botanikadan darslik vazifasini oʻtagan professor Troyanovskiyning “Oʻsimliklar” kitobini oʻzbekchaga tarjima qilib, nashr qildirdi. Sh yili Maorif komissarligi tomonidan uning botanikaga oid yana bir tarjima risolasi chop etiladi.

 

1921-1922-yillari turkistonlik iqtidorli yoshlarni chet elga oʻqishga yuborish harakati boshlanadi. Shu maqsadda Munavvarqori, Fitrat, Choʻlpon kabi turkistonlik yirik maʼrifat va jamoat arboblari hamda faol yoshlar tashabbusi bilan “Koʻmak” nomli yordam uyushmasi tuziladi. Turkistondagi universitet va oʻrta oʻquv yurti talabalari orasida bu jamiyat nomi ancha tanilib qoladi. Ibrohim Orif oʻgʻli va doʻstlari ham uning ishida faol qatnasha boshlaydi.

 

Ibrohimbek “Koʻmak” orqali Turkiyaga ketish uchun hozirlik koʻra boshlaydi. 1922-yilning sentabr oyida u oʻz hisobidan Turkiyaga yetib keladi. Uning sheriklari Abdulgʻani Qurbon va Yoqub Fayziy Istanbulda tahsilni davom ettirishga qaror qilgan boʻlsa, Ibrohim Orif oʻgʻli Berlinga yoʻl oladi.

 

“1922-chi sana noʻyabr oylarinda ilm-maorif markazi boʻlgʻon Olmoniyaga kelub bir qadar zamon yerlashmakla mashgʻul boʻlduk. …Pansionlarga yerlashur yerlashmas til oʻrganmoqgʻa, toʻgʻrisi bizlarga majhul boʻlgʻan bu ilm irfon dunyosini tanimoqgʻa va tanishmoqgʻa boshladik”, deya yozadi Ibrohimbek.

 

1924-yili Berlindagi Vilgelm universitetining Til fakulteti kursini bitirgan Ibrohim Orif oʻgʻli Bonn ziroat oliy maktabiga qabul qilinadi va u yerni 1927-yili muvaffaqiyat bilan tamomlaydi.

 

Xorijdagi tahsil davomida u turkistonlik yoshlar bilan birga “Turkiston talaba jamiyati”ni tashkil etib, Turkistonda qolgan doʻstlari bilan muntazam fikr almashib turadi. Germaniyada turkistonlik talabalar asos solgan bu jamiyatning maqsad va vazifalari ilm-maorifni targʻib qilishdan boshqa narsa emasdi.

 

Ibrohim Orif o‘g‘li Anqara universitetidagi ish stolida.1948-yil

 

Ibrohim Orif oʻgʻli Turkistonga yuborgan maktublaridan birida shunday yozadi: “Jamiyatimiz butun turkistonliklar maorif va madaniyati uchun barcha yerli ziyolilarni birlashub ishlamoqlari uchun yoʻl ochar. Ovroʻpa ilm-irfonini Turkistonga tanitmoqgʻa va maktablarga yerlashdirmoqgʻa chalishar”. Ayni paytda, undagi vatan sogʻinchi, Turkiston ozodligi uchun kurash hissi hech qachon toʻxtab qolmagan. Shu sababli 1929-yildan u Berlindagi Mustafo Choʻqay rahbarligida ochilgan, Turkiston ozodlik gʻoyasini targʻib qiluvchi “Yosh Turkiston” jurnalida tahrir hayʼati aʼzosi sifatida ish boshlagan. Jurnal hayʼati tarkibida ishlayotgan turkistonlik doʻstlari Tohir Shokir, Ahmadjon Ibrohim, Afzal Abdusaid kabi yoshlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borgan. Tohir Shokir va Ibrohimbekning jurnal hayʼatidagi asosiy vazifasi maqolalarni bosmaga tayyorlashdan iborat boʻlgan. Lekin, keyinchalik fikriy ziddiyatlar va moddiy qiyinchiliklar natijasida Ibrohimbek bu jurnal nashri ishlaridan chekinib, Turkiyaga ketishga qaror qilgan.

 

Ortga qaytgan turkistonlik talabalarning taqdiri, xususan, sovet taʼqibiga uchrab qatagʻon qilinayotgani boshqa talabalar qatori Ibrohim Orif oʻgʻlida ham xorijda qolish fikrini mustahkamlagan. 1928-yili Germaniyadagi taʼlimni yakunlab, Vengriyaga ketgan Ibrohim Orif oʻgʻli u yerdagi zootexnika markazida sakkiz oy tadqiqot oʻtkazib, Vengriyadagi Debrij universitetining Tabiiy fanlar fakultetida “Turkistondagi jugʻrofiy ahvol va chorvachilik” mavzusida doktorlik ishini himoya qiladi. U Ibrohim Yorqin nomi bilan dunyo ilm-fanida tanila boshlaydi.

 

1930-yilning kuzida Ibrohim Yorqin Germaniyadan Turkiyaga koʻchib oʻtadi va umrini oxiriga qadar ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanadi. 1931-yildan Turkiyada yangi tashkil etilgan Zootexnika laboratoriyasida ish boshladi. Oradan ikki yil oʻtib, endi yana bir yangi tashkilotda – Oliy ziroat institutining Ziroat va veterinariya fakultetida ishlab boshlab, bu yerda oʻqituvchi va bosh ilmiy yordamchi sifatida faoliyat olib boradi.

 

Bu yerda Ibrohimbek koʻplab nemis va turk olimlari, xususan, professor Valter Shpottel, doktor Qadriy Bilgemre, Salohiddin Botu kabi olimlar yordamida tajribasini yanada oshiradi. 1937-yili bu dargohda rahbarlik darajasiga qadar koʻtariladi. Keyingi yil “Oʻrta Onadoʻlu mintaqasi sigir turlari, ularni boqish, oziqlantirish va koʻpaytirish yoʻllari” mavzusida nomzodlik ishini muvaffaqqiyatli himoya qiladi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng esa Zootexnika fanlari boʻyicha professor unvonini oladi. Mashhur olim boʻlib yetishgan Ibrohim Yorqin 1951-yildan 1972-yilga qadar, yaʼni nafaqaga chiqquncha Anqara universitetining Ziroat fakultetida ishlaydi.

 

Ibrohim Yorqin ilmiy faoliyati davomida yetuk olim sifatida tanildi. Uning shogirdi Oyxon Elchin taʼkidlashicha, olim 1953-yil Germaniya, Gollandiya va Angliyadagi zootexnika ilmiy muassasalari va universitetlarda izlanishlar olib borgan. 1956-yili AQShdagi Nebraska universiteti Ziroat fakultetida tajriba orttirgan. 1966-yili esa yana bir bor Germaniyadagi turli tadqiqot markazlarida zootexnika sohasi bilan bogʻliq yangiliklarni oʻrganib, yangi tadqiqot natijalarini toʻplagan. Oʻzbek jadidchilik maktabi bitiruvchisi samarali faoliyati tufayli AQSH “Sigir sutchiligi” jamiyati va Yevropa Zootexnika federatsiyasi aʼzoligiga saylangan va bir necha marta xalqaro konferensiyalarda ilmiy maʼruzalar bilan chiqish qilgan.

 

Ibrohim Yorqindan oʻzi shugʻullangan fan doirasida 8 ta darslik, 31 maqola, 5 ta ilmiy ishlanma, 5 ta saylanma, 2 ta hisobot-axborot, 2 ta xalqaro konferensiya materiali meros qoldirdi. Bulardan tashqari olimning Turkiston tarixining turli jihatlari – milliy harakatlar, jadidchilik, shoir va adiblar hayoti hamda iqtisodiy hayotni aks ettirgan 45 ta maqolasi ham mavjud.

 

Ibrohim Yorqin 1993-yili uzoq davom etgan ogʻir kasallikdan soʻng Anqarada vafot etgan.

 

Asadullo Xasanov
O‘zFA Tarix instituti tayanch doktoranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//