Gitlerning “Buyuk yolgʻon” propagandasi, uchinchi shaxs effekti – media bizni qanday boshqaradi? 2-maqola


Saqlash
10:51 / 10.07.2025 168 0

Uchinchi shaxs effekti: Media hammani zombilashtiryapti, mendan tashqari...

Tabiatan shunday: odam bolasining oʻziga bahosi qancha baland boʻlsa, boshqalarga shuncha quyi nazardan qaraydi. Bu axborot muhitida ham koʻrinadi. Kishilar oʻzini har qanday manipulyatsiyadan himoyalangan – boshqalarni esa ojiz va moʻrt, oʻzini reklama, fishing yoki propagandani “hidi”dan biladigan daho – oʻzgalarni esa laqqaga yem boʻladigan “chuvalchang” deb oʻylaydi. Natijada oʻzlari oʻljaga aylanganini sezmay qoladi.

 

Bu hodisa psixologiyada “Uchinchi shaxs effekti” deb ataladi va uni ilk bor amerikalik olim Filip Devidson 1983-yilda fanga kiritgan. Uning ushbu fenomen ustidagi izlanishlariga Ikkinchi jahon urushi paytida yaponlarning Uzoq Sharqdagi orollarning biridan amerikalik harbiylarni bironta oʻqni isrof qilmasdan haydab solgani sabab boʻlgan. Urush yillarida yaponlar Tinch okeanidagi koʻplab kichik, ammo strategik muhim orollar uchun kurashardi. Ulardan birini amerikalik harbiylar kontingenti himoya qilar, askarlarning aksariyatini qora tanlilar tashkil etar, faqat kam sonli ofitserlar “oqlar”dan tanlangan edi.

 

Osiyoliklar jang maydonida ular bilan yuzma-yuz olishish halokatli ekanini tushunadi va puxta oʻylangan manipulyatsion reja tuzadi – ularning ustiga uchoqlardan varaqalar yogʻdiradi. Qogʻozlarda taxminan shunday yozilgan edi: “Askarlar, siz bu yerda nima qilyapsiz? Joningiz aziz emasmi? Axir bu sizning emas, bizning, oqlarning urushi-ku!”. Reja ish beradi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay AQSH harbiylari orolni tark etadi. Qizigʻi shundaki, varaqa va undagi ehtirosli soʻzlarga oddiy afroamerikalik jangchilar parvo ham qilmaydi. Ammo, bu ofitserlarni jiddiy qoʻrqitadi, qoʻl ostidagi harbiylar bunt koʻtarishidan qattiq xavotirga tushadi va orolni yaponlarga boʻshatib beradi. Vaholanki, qogʻozga tushirilgan soʻzlar ofitserlarga emas, aynan askarlarga taʼsir qilishi kutilgan.

 

 

Devidsonning fikricha, “Uchinchi shaxs effekti”da odamlar ommaviy kommunikatsiyalarning boshqalar xulq-atvoriga taʼsirini ortiqcha, keragidan koʻp chamalaydi, aksincha, oʻziga kelganda yetarlicha baholay olmaydi. Boshqacha aytganda, manipulyatsiya yoki propaganda yoʻnaltirilgan shaxslar guruhi: “boshqalar bizdan koʻra koʻproq taʼsirlanadi” degan yolgʻon kutilma, xomxayolda yuradi.

 

Koʻp kashandalar “boshqalardan farqli ravishda oʻzimni nazorat qila olaman, istagan vaqtimda chekishni tashlayman” deb ishonch bilan gapirib, aslida sekin oʻlayotganini payqamaydi. Bu effektda ham shunday: bir yahudiyning terisini seskanmay shilgan fashist gazandasi oʻsha qiligʻidan besh-olti yil avval ham “fyurerning gaplari menga chikora” deb yurgan boʻlishi ham mumkin, masalan.

 

Deviant xulq-atvorni boʻrttirib koʻrsatish spirali

Shu yaqin orada internet tarmogʻining oʻzbek segmentida Xitoy mavzusi “portladi”. Qayerga qarama, qaysi ijtimoiy tarmoqqa kirma shuning muhokamasi: “oʻzbekning yeri chinlarga koʻtarasiga sotib yuborilyapti, hamma joyni xitoy yozuvi bosib ketdi, xitoyliklar mahalliy aholini mensimayapti” kabi gaplar. Aslida vaziyat umuman boshqacha ekani, davlat mulki sotilmasligi, globallashuv sharoitida xorijiy, jumladan, xitoylik investorlar kirib kelishi mutlaqo tabiiy ekani, boshqa rivojlangan davlatlarda yuz minglab xitoyliklar yashab/faoliyat yuritadigan butun boshli Chayna-taunlar (xitoycha kvartallar) mavjudligini fikri bor, dunyo koʻrgan odam yaxshi biladi. Ammo koʻpchilikda, masalan yoshi kattalar, koʻp ham tanqidiy fikrlashga hushi yoʻq kimsalarda yolgʻon taassurot va oʻrinsiz sarosima uygʻonyapti.

 

Deviant xulq-atvorni boʻrttirib koʻrsatish spirali aynan ommaviy axborot vositalarida biror bir salbiy ijtimoiy hodisa yoki boshqa noxush – jamiyatning axloqiy meʼyorlariga mos kelmaydigan holatlar toʻgʻrisidagi xabarlar soni keskin ortishi, natijada auditoriyada muammoning real koʻlami haqida yanglish tasavvur paydo boʻlishi va ommaviy vahima yuzaga kelishini ifodalaydi.

 

Boʻrttirilgan ovozalar va koreyaliklar qirgʻini. 1972-yilda amerikalik sotsiolog Stenli Koen “Xalq yovuzlari va axloqiy vahimalar” nomli kitobida ushbu fenomenning paydo boʻlishi, xususiyatlari, taʼsiri va bosqichlari haqida toʻliq yozib qoldirgan. Olimning fikricha, ayrim shaxslar guruhi maʼlum davrda xalq nazarida “dushman” timsoliga aylanishi mumkin. Ijtimoiy ongda ular “xalq yovuzlari”ga aylanadi: “...baʼzi guruhlar ijtimoiy qadriyatlar va manfaatlarga tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin. Vahima obyekti nisbatan yangi yoki allaqachon mavjud boʻlgan va toʻsatdan eʼtibor markaziga tushgan hodisa boʻlishi ham mumkin. Ijtimoiy muammolar tasvirini shakllantirishda medianing oʻrni beqiyos. OAV oʻzi sezmagan holda axloqiy gʻazab (maʼnaviy norozilik) qoʻzgʻatuvchisi vazifasini bajaradi. Ularning maʼlum faktlarni taqdim etish usuli nafrat, tashvish yoki vahima uygʻotish uchun kifoya qilishi mumkin”.

 

Tarixda bu fikrlarni tasdiqlaydigan misollar koʻp. Eng ogʻriqlisi 1923-yilga koreyslar qirgʻini boʻlsa kerak. XX asr I-choragida Yaponiyada yuz mingdan ziyod koreyalik mehnat muhojiri ishlardi. 1923-yili eng yirik viloyatlardan biri Kantoda chiqadigan ilk nashr-varaqalarda “koreys guruhlari qoʻzgʻolon boshlamoqchi” degan asossiz mish-mishlar tarqaladi. Keyingi toʻlqin “koreyaliklar uylarga oʻt qoʻyayotgani” haqidagi xabarlar bilan davom etadi. Natijada kunchiqar yurtda ommaviy vahima paydo boʻladi, birgina Kantoda uch mingdan koʻproq koreyalik oʻldiriladi. Va bu faqat rasmiy raqamlar...

 

 

Bu fenomen shuningdek, muayyan nomaqbul, umumaxloqiy meʼyorlarga zid xatti-harakatni boʻrttirib koʻrsatish/tasvirlash uni qanday qilib yanada kuchaytirishi mumkinligi ham tushuntiradi:

1. Biror deviant xulq-atvor, jamiyat axloqan qabul qilmaydigan yoqimsiz hodisa, deylik Tik-tokda “harakatlanayotgan mashinaga sakrab chiqish” chellenji paydo boʻladi.

2. OAV bu hodisani katta shov-shuv bilan yoritadi – “Shok”, “Tezkor”, “Hushyor boʻling, bu xavfli!” kabi qizil undovli ruknlarda haddan tashqari koʻp xabarlar tarqaladi.

3. Jamoatchilik xavotirga tushadi, odamlar bunday xulq-atvorga qarshi jiddiy choralar koʻrishni talab qiladi.

4. Hukumat va huquq-tartibot organlari reaksiya bildiradi, boshqa davlat idoralari sarosimani bartaraf etish uchun qattiqroq qoidalar joriy qiladi.

5. Biroq bu deviant xulq-atvor yanada koʻproq sodir boʻlishiga olib keladi, chunki ayni hodisaga qiziqish oshadi, baʼzilar oʻzini “yangi trend”ning bir qismi deb his qila boshlaydi. Spiral davom etadi – ommaviy axborot vositalari yana koʻproq yoritadi, jamoatchilik yana xavotirga tushadi, hukumat yana qattiqroq choralar koʻradi.

 

Deviant xulq-atvorni boʻrttirib koʻrsatish spirali kichik bir muammo media va jamoatchilik eʼtibori taʼsirida sunʼiy ravishda juda katta, global muammoga aylanadi. Yaʼni bu – muayyan salbiy holat yoki tendensiyaga axborot muhitida soxta rezonans qoʻzgʻatish, shu orqali omma va hukumat eʼtiborini jalb etish yechim emas, balki ehtimoliy qoʻshimcha xavf, degani. Shuning uchun ommaviy medianing har qanday voqeani yoritishda muvozanatni unutmasligi, avvalo ehtirosga emas, faktlarga tayanishi juda muhim.

 

“Buyuk yolgʻon” propaganda texnologiyasi

Juda ulkan, shok effekt beruvchi va jamoatchilikni hayratda qoldiruvchi yolgʻon maʼlumot tarqatishga asoslangan tashviqot texnologiyasi. Bu usulga koʻra, odamlar katta va jiddiy daʼvolarga ishonadi, chunki ular “bunday yolgʻon gapirishga hech kim jurʼat etolmaydi”, deb oʻylaydi. Asoschisi – Gitler. “Taraqqiyot choʻqqisi”ga esa Gebbels yetaklagan. Adolf oʻzining “Mening kurashim” asarida shunday yozgan: “Qanchalik dahshatli yolgʻon gapirilsa, shunchalik tez ishonch qozoniladi. Oddiy odamlar kichik yolgʻondan koʻra katta yolgʻonga ishonishga koʻproq moyil. Bu ularning sodda tabiatiga mos.

 

Buyuk yolgʻon ularning xayoliga ham kelmaydi. Shuning uchun ham omma boshqalarning oʻta dahshatli yolgʻon gapirishga, faktlarni vijdonsizlarcha buzib koʻrsatishga qodir ekanini tasavvur qila olmaydi. Hatto ularga gap juda katta uydirma haqida ketayotganini tushuntirishsa ham, ular shubhalanishda davom etadi, bu yerda haqiqatning bir qismi bor, deb oʻylaydi”.

 

 

Qanday ishlaydi?

1. Ulkan va ishontiradigan daʼvo – gap shunday yolgʻon haqida boradiki, u jamoatchilik uchun yoqimli yoki gʻazablantiradigan boʻladi.

2. Takrorlash va tarqatish – bu yolgʻon turli OAV, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy shaxslar orqali uzluksiz takrorlanadi.

3. Emotsional taʼsir – yolgʻon shunchalik kuchli boʻladiki, odamlar unga shubha qilish oʻrniga, hissiyotlarga beriladi.

4. Dalillar rad etiladi – yolgʻon fosh qilinsa ham, uning tarafdorlari qarshi faktlarni safsata deb ataydi yoki mavzuni oʻzgartirishga harakat qiladi.

Bugungi kunda ham bu texnologiya ijtimoiy tarmoqlar va internetda faol ishlatilyapti. Darvoqe, hozir juda koʻp guvoh boʻladiganimiz, baʼzan Feysbukdan shaxsiyga yuboriladigan yoki telegram guruhlarda aylantiriladigan – “nigeriyalik qarindoshing senga falon ming dollar vasiyat qilgan”, “Roman Abramovich ishsiz oʻzbeklarga pul tarqatyapti, shoshilib qoling” mazmunidagi xabarlar kiberfiribgarlar ham “Katta yolgʻon” texnologiyasini juda puxta oʻzlashtirganini koʻrsatib turibdi.

 

Freyming effekti

2020-yil 6-martda mahalliy internet nashrlarning birida “Nogironligi yaqqol koʻrinib turgan odam qayta tibbiy koʻrikdan oʻtishi shartmi?” sarlavhali material joylashtiriladi. Unda – Oliy Majlis Senatida nogironlik masalalaridagi muammolar muhokama etilgani, Senat raisi: “tibbiy koʻrikdan oʻtish tartibi murakkablashib ketgani, nogironlar sarson boʻlayotgani, yaʼni “qoʻli yoʻq boʻlgan fuqaro har yili 2-3-martadan shifoxonada yotib, nogironligini tasdiqlashga majbur qolayotgani” haqida gapirgani xabar qilingan.

 

Biroz vaqtdan keyin xuddi shu maʼlumot ayrim xorijiy, ayniqsa Oʻzbekistondagi narsa-hodisalarni odatda “chap koʻzda” koʻradigan ommaviy axborot vositalarida: “Tanzila Norboyeva: “Qoʻli yoʻq fuqaro yiliga 2-3-marta shifoxonada yotib nogironligini isbotlashi kerak” koʻrinishida ommaga taqdim etiladi.

 

 

Farqni sezyapsizmi? Birinchi sarlavha mazmunidan mamlakatda ijtimoiy sohaning maʼlum yoʻnalishida muammolar borligi darhol seziladi, ikkinchisida esa asl mazmunga mutlaqo teskari, Senat raisi bir qarashda nogironlarni “ovora qilish tarafdori” sifatida taassurot uygʻotadigan jumla yasalganini koʻrish mumkin.

 

Bir xil axborotni muayyan “freym”, yaʼni ramkaga solib talqin/taqdim etish, shu orqali odamlar ongi va idrokiga taʼsir koʻrsatish, ularni manipulyator manfaati uchun qaror qabul qilishga undashni ifodalaydigan psixologik konsepsiya – Freyming effekti (framing effect, inglizcha “frame” — ramka, hoshiya) deyiladi.

 

Bu boradagi ilk amaliy eksperimentlarni 1981-yilda AQSH va isroillik olimlar Amos Tverski va Daniyel Kaneman boshlagan. Ular ogʻir dardga chalingan koʻngillilar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazgan: “Sizda ikkita davo chorasi bor. Birinchisida, yuzdan toʻqson kishi shifo topadi. Ikkinchisida, yuzdan oʻn odam vafot etadi”. Aslida, har ikki holatda ham oqibat oʻzgarishsiz, bir xil boʻlsa-da, natijalar 72 foiz ishtirokchi dastlabki variantni tanlaganini koʻrsatgan.

 

Freyming effekti – marketologlar, siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari foydalanadigan kuchli vositadir. Infosferada bu konsepsiya oʻzining oddiyligi bilan ayniqsa xatarli. Yaʼni, sizning miyangizga quyishmoqchi boʻlgan fikr mohiyatan notoʻgʻri boʻlmagan axborotga asoslanishi mumkin, ammo, unga qoʻyilgan urgʻu (ramka, freym) natijasida maʼlumot qanday taqdim etilsa, shunday talqin qila boshlaysiz. Masalan, 2022-yilda “Russia Today” nashrida “Shvetsiya va Finlyandiya oʻzlarida yadro quroli joylashtirilishi mumkinligini tasdiqladi” degan sarlavha bilan maqola eʼlon qilingan, intervyusida bu taʼkid mustahkamlangan: “Shvetsiya va Finlyandiya bosh vazirlari NATOga qoʻshilish uchun oʻz mamlakatlari hududida yadro qurolini joylashtirishga qarshi emas”.

 

Aslida, materialning Bloomberg dagi originalida “NATOga aʼzo boʻlishga nomzod shimoliy davlatlar oʻz hududida yadro qurolini joylashtirish imkoniyatini istisno etmaydi” deyilgan. Toʻgʻri iboralar mohiyatan bir xil maʼno anglatadi. Biroq, “Russia Today”dagi nisbatan vahimali sarlavha, birlamchi maqsad – oʻquvchini yangilikdan xabardor etish emas, balki ularda kerakli kayfiyatni shakllantirish ekanini koʻrsatadi.

 

Masalaning ifoda etilish tarzi bizning tushunchalarimizga, ongimizga, ruhimizga bevosita taʼsir qilishi mumkinligini doimo yodda tutish lozim. Bu – ongli va oqilona qarorlar qabul qilish, manipulyatorlar nogʻorasiga oʻynamaslikning muhim shartlaridan biri.

 

Qabih dunyo sindromi yoxud yovvoyi kontent oqibati

Sezasizmi, keyingi paytlarda odamlar juda agressiv, asabiy. Toqatsizlik urchigan. Yoʻlchiroqda sal turib qolsangiz peshanangizdan otishmaydi, xolos. Yo nonsizlik, yo nonkoʻrlikdanmi, deb oʻylaysiz. Aslida, bu manzaraga raqamli infomuhitni egallab olgan – “oʻldirdi”, “soʻydi”, “otib tashladi”, “samosud qildi”, “halokatga uchradi”, “qamaldi”, “zoʻrladi” va hokazo yangligʻ “qora” xabarlar, yana qon, urush, zoʻravonlik, baxtsiz hodisa, korrupsiya, oilaviy qoʻydi-chiqdi va boshqa maishiy muammolar aks etgan yovvoyi kontent ham sabab boʻlayotgani xayolimizga kelmaydi.

 

1970-yillar boshida amerikalik psixolog, Pensilvaniya universiteti professori Jorj Gerbner oʻzining kommunikatsiya bilan bogʻliq tadqiqotlarida odamlar qancha koʻp televizor qarshisida oʻtirsa, ekrandagi voqealar individ ongida shuncha koʻp va “nusxalanishi”, natijada, kishilar soxta dunyoga kirib qolib, obyektiv voqelik bilan aloqasi uzilishini asoslab bergan.

 

Gerbnerga koʻra, ommaviy axborot vositalari, ayniqsa televideniyedagi salbiy axborot oqimi – shafqatsizlik, oʻlim yoki turli fojialar tasviri/bayoni kishilarning “xavfli va qabih dunyoda yashayapman” degan notoʻgʻri, reallikdan uzoq fikrga borishga, xavotirlanishga majbur qiladi. Masalan, mediadagi aviahalokatlar haqidagi xabarlar uning isteʼmolchilarida aerofobiyani kuchaytirishi yoki har kuni qandaydir jinoyat tafsilotini oʻqiydigan odam “mamlakatda jinoyatchilik koʻpayib ketgan” degan asl vaziyatga teskari xulosaga kelishi mumkin.

 

Yovvoyi kontent taʼsirida, ular har kuni oʻn minglab uchoqlar yoʻlovchilarga eson-omon xizmat koʻrsatishi, huquqbuzarlik borasidagi aniq statistika umuman boshqacha boʻlishi mumkinligini unutadi. Deylik 2019-yilda oʻtkazilgan tadqiqotlar AQSHda soʻnggi besh yilda jinoyatchilik darajasi pasaygani, u haqdagi xabarlar esa aksincha uch barobar oshganini koʻrsatgan.

 

Sababi nimada? Oʻzimiz. Inson tabiatan salbiy maʼlumotga oshiq. Bu illat ehtimol ibtidoiy davrda shakllangan. Chunki, boshqa qabila yoki mamontlar hujumi, sel kelishi, kasallik tarqalishi va hаkоzo xatarlardan ogoh boʻlib turish – yashab qolishning shartlaridan edi. Balki shuning uchun ham salbiy axborot oʻqiganda/koʻrganda zamonaviy odam miyasi uni yana va yana qoʻmsayveradi.

 

Reyting ortidan yugurish. Yomon xabarning shaydolari koʻp boʻlishini marketologlar ham allaqachon payqagan albatta. Hozir kim “Tezkor”, “Shok”, “Yuragi chatoqlar koʻrmasin”, “Dahshat” kabi vahimali ruknlar poygasida ildamroq boʻlsa, oʻshaning oshigʻi olchi, obunachilari moʻl.

 

Manipulyatsiya. Masalan, bir paytlar sobiq ittifoq nashrlarining bosh mavzusi gʻarbdagi “xunrezliklar” – jinoyatlar, turli gʻalayonlar, irqchilik muammolari, qurolli toʻqnashuvlar, tabiiy ofatlarni koʻrsatish boʻlgan, shu orqali aholini qoʻrquvda ushlab turgan, goʻyoki sovet hukumatidan boshqa adolatli tuzum yoʻqligiga ishontirgan.

 

Qanday oqibatlari bor? Ruhshunoslarning qayd etishicha, mazkur sindrom nafaqat odamlarni xavotir ichida yashashga mahkum etadi, balki jamiyatda agressiv muhitni kuchaytiradi, “biz aslida yaxshimiz, ammo hayot shunday” degan illyuzor mantiq fonida destruktiv va tajovuzkor xulq-atvorga moyillik oshadi. Keyin, unga chalinganlarda chorasizlik, harakatsizlik alomatlari namoyon boʻladi, ruhiy tushkunlik kuzatiladi.

 

Gazlayting. “Oloviddinning sehrli chirogʻi” filmi esingizdami? Jinning karomati bilan bandi qilingan “qul” (Oloviddin) ozod boʻlib, shohning qizi (Budur) bilan uning koʻz oldida unashtiriladi, saroyda bazmi-jamshid uyushtiriladi, orada bechora shoh echki sogʻib ham qaytadi, voqealardan aqli shoshayotgan “olampanoh”ni bu hodisalar uning “tushida” sodir boʻlayotganiga ishontirishadi. Odamni koʻzi bilan koʻrgan narsasiga emas, unga uqtirilayotgan narsaga ishontirishga qaratilgan manipulyatsion texnologiya psixologiyada “Gazlayting” deyiladi.

 

Bu termin ingliz tili lugʻatiga 1944-yilda “Gaz chiroq” filmi orqali kirib kelgan. Film syujetida yosh ayol eri qachon uyida boʻlmasa xonalarda yorugʻlik pasayib qolishini payqaydi va buni turmush oʻrtogʻiga maʼlum qiladi. Biroq er xotiniga bu – gallyutsinatsiya ekani, unda ruhiy parokandalik boshlanayotganini takror va takror taʼkidlaydi va oqibatda ayol rostdan ham aqli zaiflashayotganiga ishonadi (bosh rolni oʻynagan Ingrid Bergman “Oskar” mukofotiga sazovor boʻlgan). Aslida, er jinoyatchi boʻlib, u xotinini ruhiy kasal deb eʼlon qilish va jinnixonaga joʻnatib, uning boyligiga ega chiqishni maqsad qiladi. Shuning uchun u koʻchaga chiqib ketayotib chiroqni pasaytirib qoʻyar, uyga qaytgach esa xotinining “chiroq pasayib qolayotgani” haqidagi xavotirini – ruhiy kasallik alomatiga yoʻyardi.

 

 

Ingliz tili lugʻatining asosiy tahririyatlaridan biri boʻlgan Merriam-Webster 2022-yilda Gaslighting atamasini “Yil soʻzi” sifatida eʼtirof etdi. Sababi shuki, ushbu manipulyatsion texnologiya raqamli axborot muhitida turli guruhlar, deylik – yirik brendlar, siyosatchilar, muxolifat vakillari, ekstremistlarning asosiy quroliga aylanmoqda, shu orqali ular odamlarni koʻzlari, fikrlari va quloqlariga emas, oʻzlariga ishontirishga harakat qilayotir.

 

Dilshod NURILLOH,

jurnalist

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:07 / 11.07.2025 0 77
Qanday qilib arzonroq sayohat qilish mumkin?

Vatandosh

13:07 / 11.07.2025 0 159
Tomchi effekti – ikki doʻstni oʻzgartirgan sayohat





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//