Ekran bolasi virtual bozordan nimalar olyapti?


Saqlash
10:12 / 30.12.2021 1146 0

Shaxsning mafkuraviy immunitetiga salbiy ta’sir ko‘rsatish jarayoni manipulyatsiya deb ataladi. Manipulyatsiya botiniy parokandalikka olib keladi. U, ayniqsa, soxta diniy tashkilotlar, missionerlar va aqidaparast guruhlar faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunda, avvalo, haqiqiy holatni yashirish yoki buzib ko‘rsatish, tafakkurni nazorat etish orqali har qanday vazifa yoki topshiriqni bajaradigan, muayyan g‘oyaga tobe, o‘zligidan mahrum bo‘lgan kimsalar shakllantiriladi.

 

XX asr ijtimoiy ongni boshqarish borasida burilish asri bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida millionlab odamlarni o‘z ta’siriga olish imkonini beradigan yangi texnologiyalar vujudga keldi. Bundan unumli foydalanayotgan missionerlar ham inson ongini boshqarishda ilgari tasavvur etib bo‘lmaydigan ko‘lamda faoliyat yuritmoqda. Ular bir tomondan yoshlarni yo‘ldan urishga bevosita harakat qilayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan esa ularga mediasanoat, ya’ni televideniye, radio, kinematografiya, ommaviy nashrlar, internet qo‘l kelmoqda. Endilikda minglab targ‘ibotchilarga zarurat qolmayotir.

 

Bugun asosiy axborot tashuvchi – ekran. AQShlik tadqiqotchi R.Makneyl qayd etganidek, omma ongini manipulyatsiya qilishda televideniye kabi tub burilish yasagan vosita yo‘qdir (www/kara-murza.ru/books/manipul/manipul5).

 

Televideniye haqiqat va yolg‘on chegarasini yo‘qqa chiqaradi. Yolg‘onning haqiqat sifatida uqtirilishi ham tomoshabinda shubha uyg‘otmaydi. Negaki, televizor tomosha qilayotgan odam ko‘pincha psixologik himoya signallarini o‘chirgan bo‘ladi.

 

Manipulyativ ko‘rsatuvlarni uzoq vaqt tomosha qilgan odamlar unga shu qadar o‘rganib qoladiki, busiz ularda tajang kayfiyat vujudga keladi. Inson psixologiyasining shu kabi jihatlaridan foydalanish aksar manipulyativ metodlarning asosini tashkil qiladi. Teleefir davomida axborot tarqatishning bir necha usulidan foydalaniladi. Xususan, bir vaqtning o‘zida ko‘rish va eshitish orqali axborot qabul qilinishi manipulyatsiya samarasini bir necha barobar oshiradi.

 

“Telemahsulot inson ruhiyatiga narkotik singari ta’sir qiladi, – deb yozadi professor Sergey Kara-Murza. – Shahar sivilizatsiyasi odami televizorga bog‘lanib qolgan. Bunda u o‘z erkinligini qisman yo‘qotadi, ya’ni ekran qarshisida axboriy ehtiyojlari taqozo etganidan ancha ko‘p vaqt o‘tkazadi. Xuddi giyohvand singari buning o‘z ruhiyati va salomatligiga ta’sirini ongli baholayolmaydi (Кара-Мурза С. Манипуляция сознанием. Москва, “Эксмо”, 2003. Стр. 32).

 

Oynai jahonda mazmun-mohiyati jihatidan sharqona qadriyatlar, o‘zbekona urf-odatlar, din-u diyonatimizga to‘g‘ri kelmaydigan film, multfilm va seriallar ko‘paygan. Statistik ma’lumotga ko‘ra, 18 yashar AQShlik kompyuter o‘yinlaridagi 40 mingga yaqin qotillik “muallifi”, kinofilmlar orqali 200 mingga yaqin zo‘ravonlik shohidi bo‘lar ekan (Азроянц Э. Глобализация: катастрофа или путь к развитию? Москва, “Новый век”, 2002. Стр.40). AQShda jinoyatchilarning 61 foizi teleqahramonlarga taqlid qilgan holda qonunlarni buzadi (Otamuratov S. Globallashuv: millatni asrash mas’uliyati. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2018. 123-bet).

 

Mashhur siyosatshunos Z.Bzejinskiyning yozishicha, “AQSh televizion dasturlari va filmlari dunyo bozorining deyarli to‘rtdan uch qismini, ommabop musiqasi esa eng yetakchi pog‘onani egallagan” (o‘sha manba,124-bet). Ushbu ma’lumot nima uchun missionerlar so‘nggi vaqtda mediamissionerlikka ko‘proq e’tibor qaratayotgani sababini oydinlashtiradi.

 

2006-yilda missionerlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan 118 ta film suratga olingan bo‘lib, ular Hollivudda yaratilgan barcha filmlarning 41 foizini tashkil etadi (q.: Ochildiev A., Najmiddinov J. Missionerlik: mohiyat, maqsadlar, oqibatlar va oldini olish yo‘llari. Toshkent, 2013. 100-bet).

 

BBC News xabar berishicha, Niderlandiyada pedofillar huquqini himoya qiluvchi “Rahmdillik, erkinlik va rang-baranglik” nomli partiya ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ushbu harakat hayvonlar bilan jinsiy munosabat (zoofiliya) hamda bolalar pornografiyasini ham qonuniylashtirish taklifini kiritgan. Bunday jaholat va fahshni targ‘ib qiluvchi ko‘rsatuvlar ta’sirida tomoshabinning fe’l-atvori, yurish-turishi, hayot va atrofdagilarga munosabati salbiy tomonga o‘zgarmaydi deb kim kafolat beradi? Aslida, bunday ko‘rsatuvlarni efirga uzatishdan maqsad nima? Axir, ularni muntazam tomosha qilish tufayli mehr va hayo yo‘qolib, o‘rnini toshbag‘irlik, shafqatsizlik, fahsh hamda axloqsizlik egallashi muqarrar-ku.

Nafaqat chet el, hatto milliy telekanallarimiz orqali efirga uzatilayotgan mazmunan sayoz, g‘oyaviy buzuq G‘arb serial va filmlari hayo, andisha kabi milliy tuyg‘ularni yemirmoqda. Ushbu seriallarning ko‘pi qolipdan chiqqandek bir xil, bir-biridan bachkana, siyqa, soxta munosabatlar asosiga qurilgan. Aksarida zino, behayolik, buzuqlik, boylik, pul topish uchun hech narsadan qaytmaslik kabi illatlar ochiq-oydin targ‘ib qilinadi. Serial qahramonlari uchun muqaddas narsaning o‘zi yo‘q. Ular na dinni, na ota-onani, na insoniy qadriyatlarni hurmat qiladi. Eng dahshatlisi, behayo va buzuq filmlarni aksar xonadonlarda yosh bolalar, qizlar ham bemalol ko‘rmoqda. Axloqsizlik, xudbinlik va individualizm g‘oyalarining hammabop “qadriyat” sifatida tiqishtirilishi esa ma’naviyatni qashshoqlashtirib, “madaniy” gegemoniya o‘rnatish uchun qulay zamin yaratmoqda.

 

Mediamahsulotlarning ovoz, tasvir, matnni sinxron tarzda uzatish, tezkor ma’lumot yetkazish, auditoriyani jalb qilish singari xususiyatlari mediamissionerlikning qudratli manipulyativ mexanizm bo‘lishini ta’minlayapti. Tushunchalar buzilishi bilan hurmat, iltimos va uzr ma’nolarini bildiruvchi so‘zlar o‘rnini haqoratli so‘zlar egallamoqda.

 

Shunday bo‘lishiga qaramay, xalqimiz xorijiy teledasturlarni ko‘rishda davom etyapti. Chunki aholining qiziqish va ehtiyojiga javob beradigan televizion dastur va ko‘rsatuvlarni tayyorlashda muammo talaygina. Hatto yangilik dasturlari ham xalq ehtiyojini qondirmaydi. Aksincha, telekanallarimizda qimor elementlari mavjud bo‘lgan ko‘rsatuvlar ko‘paymoqda. Televideniye aslida mediabozor quroli emas, milliy tarbiya vositasi ekanini unutmaslik kerak. Shunday ekan, har bir teledasturga mas’uliyat bilan yondashish, ayrim ko‘rsatuvlardan voz kechish, ularni teletomoshabin ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlash, tezkor va xolis axborot bilan xalq ishonchini qozonish zarur. Bu sohada faoliyat olib borayotgan mas’ullar javobgarligini oshirish bo‘yicha tegishli me’yoriy hujjat qabul qilish lozim.

 

Ko‘rsatuv ezgu hissiyot uyg‘otishi, yoshlarga mo‘ljallangan dastur ularning yoshiga mos bo‘lishi shart. Unda hayotiy va ibratli voqealar aks etmog‘i lozim. Chunki yoshlar beixtiyor o‘zini qahramon bilan solishtiradi, xayolan uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘radi. Shuning uchun mohiyati jihatidan milliy ma’naviyatimizga, texnik jihatdan zamon talabiga to‘g‘ri keladigan telemahsulot tayyorlab, chetdan kelayotgan film, seriallarning o‘rnini to‘ldirishimiz zarur. Zero, beozordek ko‘ringan reklama ham ma’naviy o‘zakni qo‘porishning kuchli vositasi ekani g‘oyaga qarshi g‘oya bilan kurashish nechog‘li zarurligini anglatadi.

 

Pedagogika fanlari doktori, professor M.Quronov bunday yozadi: “Media – ma’naviy mahsulotlarning virtual bozori. Bu bozorda hech kim molim yomon demaydi. Buzg‘unchi, jinoyatchi, johillar ham o‘z g‘oya-mahsulotini eng yaxshi deydi. Bu bozorda bunyodkorlik, taraqqiyot uchun zarur manbalar ham ko‘p. Gap odamning ana shu virtual bozor taklif etayotgan mahsulotlarni xarid qilishda adashmasligida. Bugungi tilda aytganda, media madaniyatida (Quronov Q. Internet sodda yoshlarni qopqonga tushirish, mediafiribgarlik maydoni hamdir. http://vatandosh.uz/2014/0).

 

Alqissa, mediaxatarga qarshi kurashda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etmog‘i zarur. Shundagina manipulyatsiyaning oldi olinadi.

 

Ergash AHMEDOV,

Toshkent Kimyo-texnologiya

instituti doktoranti

 

Tafakkur jurnali, 2020-yil 1-son.

Ekran bolasi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 249
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 119
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15389
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi