Amir Umarxon va Nodirabegimning “Xon” taxallusi bilan she’r yozgan o‘g‘li


Saqlash
17:28 / 20.06.2025 14 0

Jahon va milliy adabiyotimiz tarixida er-xotinning shoir-u shoira ekaniga misollar ko‘p. Lekin oilada, ota-onadan tashqari, farzandning ham yetuk shoir bo‘lishi noyob hol. Qo‘qon adabiy muhitining yorqin vakillaridan bo‘lmish Amir Umarxon va Nodirabegimning o‘g‘li Muhammad Alixon (taxminan 1803/06 – 1842-yillar) ham “Xon” taxallusi bilan she’rlar bitgan. Uning Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy ijodiga ixlosi baland bo‘lgan (qarang: Rossiya FAning Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari instituti fondi, D400 raqamli qo‘lyozma, 3a-b-varaq).

 

Muhammad Alixon ikki ulug‘ shoir ijodini xalq orasida keng targ‘ib qilishda ibratli tashabbuslar ko‘rsatgan. “1889-yilda uning maxsus farmoyishi bilan “Xazoyin ul-maoniy” 300 nusxada ko‘chirtirilib, xonlikning turli shaharlariga jo‘natilgan” (Jo‘raboyev O. Xon adabiy merosiga doir. “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnali. 2017-yil, 6-son. 127-bet).

 

Xonning shu kungacha aniqlangan ijodiy merosi yuzga yaqin she’r va bir necha maktubdan iborat. O‘zbek tilida g‘azal va muxammas, fors-tojik tilida esa ruboiy va fard yozgan. Bizgacha yetib kelgan adabiy merosi ichida mustaqil asarlar qatorida Navoiy, ayniqsa, Fuzuliyga ergashib yozilgan tatabbu’ va taxmislar alohida o‘rin tutadi. Xon Fuzuliyning “Sayr qil, ko‘rkim, gulistonning na obu tobi vor, / Har taraf ming sarvi sarsabz-u guli serobi vor” (Muhammad Fuzuliy. Qalb gavhari. Toshkent, “Hilol nashr”, 2014. 114-bet) degan matla’ bilan boshlanadigan g‘azaliga Xon “Dizmaki, mujgona chashmim gavhari serobi vor, / Ko‘yida yori nisor etmakka xush asbobi vor” (“Xon adabiy merosiga doir”, 128-bet) deb javob yozgan. Fuzuliyning “Ul parivashkim malohat mulkining sultonidur, / Hukm oning hukmidur, farmon aning farmonidur” (“Qalb gavhari”, 110-bet) deb boshlanuvchi g‘azaliga Xon tatabbu’ bog‘lab, maqta’da “O‘tlig‘ ohi toji zardur, qon yoshi taxti ravon / Bu chashm birla malomat kishvarining Xonidur” (“Xon adabiy merosiga doir”, 129-bet) deydi. Ozarboyjon shoiri yorni “malohat mulkining sultoni” desa, Xon “malomat kishvarining xoni” deya o‘zining ijtimoiy mavqei va taxallusiga ishora qilgan holda nozik so‘z o‘yini qo‘llaydi.

 

Xonning bu kabi muvaffaqiyatli chiqqan tatabbu’lari talaygina. Fuzuliyning “Karam qil, kesma soqiy...” so‘zlari bilan boshlanadigan g‘azaliga Xon taxmis ham bog‘lagan. Asos g‘azal 9 bayt, Xon faqat 5 baytdan foydalanib, muxammas yaratgan. Ba’zi parchalarni tahlil qilsak:

 

Fig‘onkim, jismimi poymol qildi aqdi xalxoli,

Biraxti dudi savdo boshim uzra anbarin xoli,

Banga ma’lum emaz ul ko‘ya dushti ko‘nglim ahvoli,

Sabo, ko‘yinda dildoring nadur aftodalar holi,

Bizim yerdin kelursan, bir xabar ver oshnolardan.

 

Mumtoz adabiyotda oshiq aksar hollarda sabo – mayin shamol orqali ma’shuqa bilan xabarlashadi. Lekin Fuzuliyning lirik qahramoni safdoshlari – dildor ko‘yida aftoda bo‘lgan oshnolaridan xabar olgisi kelib saboga murojaat qilmoqda. Nega? Chunki ishq yo‘li nihoyatda og‘ir, yana halokatli ham. Bu yo‘lda faqat hamdard oshiqqina oshiqning taftini oladi. O‘sha hamdardlardan biri Xonning lirik qahramoni bo‘lib, Fuzuliyning lirik qahramoniga yorning “aqdi xalxoli” – oyog‘iga taqilgan taqinchoq tugunidan poymol bo‘lgani, “anbarin” – xushbuy qora xoli boshida qora tutun paydo qilgani va natijada ko‘ngli noma’lum holatga tushganidan fig‘on qiladi. “Og‘uning shifosi – og‘u” deganlaridek, bu fig‘on fuzuliyona dardga xonvor tasalli bo‘ladi va u qalbda bir qatim nurday visol tamannosi – orzusini uyg‘otadi:

 

Dili zorimda yasongach anbarin mo‘lar tamannosin,

Degil: “Tark etmakim gulrux sanamlar zulfi savdosin”,

Sani hinding-la mushkuldur qatlim-u dardim mudovosin,

Dema zohidki: “Tark et siymbar butlar tamoshosin”,

Banikim, qutqarar Tangri sotoshdurmish balolardan.

 

O‘qirman xayolida hamdard oshiqlar suhbat qilayotgandek bo‘ladi. Go‘yo biri (Xonning lirik qahramoni) ikkinchisiga (Fuzuliyning lirik qahramoni) qarab “Zor dilimda “anbarin mo‘lar” – xushbo‘y qora sochlar tamannosi uyg‘onsa, ey zohid, sen “Gulrux sanamlarning zulfi savdosini tark et” deb aytma” degan kabi bo‘ladi.

 

Xon uchinchi misrada nega aynan “hind” so‘zini qo‘llagan? Mumtoz she’riyatimiz, jumladan, Navoiy ijodida yor sochi rangi vajhidan hindga qiyoslanadi. Masalan, “Zulfing ochilib orazi diljo‘ bila o‘ynar, / Hindu bachae sho‘xdurur su bila o‘ynar” (Alisher Navoiy. Bir pari paykar g‘ami. Toshkent, “Sharq”, 2006. 82-bet) degan bayt bejiz yozilmagan.

 

“Hind” so‘zi yorning qora sochiga taalluqliligini bildik, lekin uning misradagi “dard” va “mudavo” – davo so‘zlariga nima aloqasi bo‘lishi mumkin?

 

Taxminimizcha, Xon qadimdan Hindistonda rivojlangan hind tabobatiga ishora qilgan holda “zohid” – dunyoviy noz-ne’matlardan voz kechib, faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlarga qarata bunday demoqda: “Ey zohid, yorning qaro zulfi – men uchun dordir va u meni qatl qilishi muqarrar. Bu dardga sening hind millatiga mansub eng mahoratli tabibing ham shifo topa olmaydi. Bas, mening halok bo‘lishim aniq ekan, kumushtan go‘zallarni tomosha qilishimga mone bo‘lma. Zero, Tangri mening boshimga solib, holdan toydirgan bu balolardan go‘zallarning visolidan boshqa nima qutqarishi mumkin?!”

 

Taxmisning navbatdagi bandiga yuzlanamiz:

 

Dagil behuda manzur etdugum ul ko‘y tamkini,

Ki dufrog‘i-la ravshan etmisham chashmi jahonbini,

Gar istarsen sirishkim selini daf’ etmak oyini,

Tabibo, xoki ko‘yi yordindur ashk taskini,

Biza ortturma zahmat, ko‘z yoshitur to‘tiyolardan.

 

Ushbu bandda hind tabobati mavzusi dardmand oshiqlarga doim sog‘liq istab nasihat qiladigan “tabib”ga ulanadi. Ammo ishq dardidan begona tabibning nasihati oshiqqa yoqmaydi. Shu bois oshiq uning har qanday g‘amxo‘rligini rad etadi. Bu safar ham shu hol takrorlanib, tabib oshiqqa yorning “ul ko‘y tamkini” – og‘ir, tahlikali ko‘chasiga kirgani “behuda” ekanini bildiradi. Oshiq esa yor ko‘chasining tufrog‘i sabab uning ko‘zi yanada ravshan tortganini, aksincha, tabib ko‘zyosh selini bartaraf qilmoqchi bo‘lsa, ma’shuq ko‘chasi xokini ko‘zga surishiga monelik qilmasligini, zero, mahbub poyining tutiyosi ko‘z nuriga nur qo‘shishini ta’kidlaydi.

 

Musulmon olamida har qanday go‘zal suhbatlar duo bilan yakunlangani singari, ushbu taxmisning so‘nggi bandida iltijo ruhi ustuvor:

 

Banga, ey charxi kajraftor, javr-u qahr oz ayla,

Damodam o‘dlug‘ ohim shu’lasindan axtar oz ayla,

Parivashlarga Xontek nag‘mai “Ushshoq” soz ayla,

Fuzuliy, nozaninlar ko‘rsang, izhori niyoz ayla,

Tarahhum umsa ayb o‘lmaz gadolar podsholardan.

 

Fuzuliy ijodiga ota-onasi singari muhabbati cheksiz bo‘lgan Xon mazkur taxmisida buyuk ozarboyjon shoiri an’analarini o‘ziga xos tarzda davom ettirib, asos g‘azaldagi manzarani o‘quvchi ko‘z o‘ngida yanada rangin va ta’sirchan gavdalantirishga erishgan.

 

Rustam TURSUNOV,

mustaqil tadqiqotchi

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Xonning Fuzuliyga taxmisi” maqolasi 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//