
Har qanday badiiy asar, eng avvalo, individual hodisa. Bu individuallik kattaroq nasriy asarlarda yaqqol ko‘rinadi. She’rda esa uning o‘ziga xos ruhiy holati, ilk marta ishlatilayotgan tashbehlar, ko‘chimlar, metaforalar, obrazlar, detal va tafsilotlar – faqat o‘sha shoirgagina tegishli bo‘lgan alohidalikni ko‘rsatib turadi. Shoir shu xalqning tilida, shu xalqning qadriyatlari asosida, shu xalqning ilmi va donoligiga tayanib an’anaviy she’riyatni davom ettirar ekan, shu an’anaviylik doirasida o‘zining individual tashbehlari, metaforalarini yaratadi.
Osima – Abduvali Qutbiddinning o‘zbek she’riyatiga olib kirgan individual badiiy topilmalaridan biri:
Sendan ko‘rgan kunim, Osima,
Sendan neki topgan bo‘lsam, tasalli.
Bir qoshiq qonimdan kechgan gulxayri
O‘zingsan, jabrimga
Sabring masalliq.
Gʻamzada shahrimda quyoshim o‘zing,
Ivirsib qoqilsam, sen ko‘targuvchim.
Qo‘ynimda avaylab yurgan yulduzim,
Osimam,
Holim bilguvchim.
She’rning birinchi bandida murojaat bor. Xuddi shoir kimgadir murojaat qilayotgandek. Ikkinchi bandda ham Osima bilan bog‘liq holat garchi izohlovchi-izohlanmish munosabatiga o‘xshasa-da, shoir bu yo‘lni tutmaydi. Ya’ni, holatni “Osimam – holim bilguvchim” shaklida bermaydi. Bu yerda ham murojaat qiladi.
Zamonaviy she’riyatimizda murojaatga qurilgan she’rlar ko‘p. “Ko‘ngil, sen bunchalar nega, / Kishanlar birla do‘stlashding?” (Cho‘lpon), “Yurak, sensan mening sozim” (U.Nosir), “Qachon xalq bo‘lasan, sen, ey olomon?” (A.Oripov), “Qolgan bo‘lsa biror zil tosh, / Bolam, kuchim yetmagandir...” (U.Azim), “O‘tinchim tepamda yig‘lama uzoq, / Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq” (M.Yusuf) kabi satrlardagi murojaatlar shu she’r doirasida aytiladi va aksariyat hollarda boshqa she’rlarda takrorlanmaydi. Abduvali Qutbiddining “Osima”ga murojaati esa bir necha o‘nlab she’rlarida takror kelaveradi. Ushbu murojaatlarda ba’zan umid, ba’zan taskin ilinji, ba’zi hollarda esa to‘g‘ridan to‘g‘ri ayol kishiga qarata aytilishi (ismga yaqin) holatlari ham uchraydi:
Osima!
Bizga yot tevarak — chovut,
Atrof qisirlaydi.
Qisadi — panja,
Yupunsan, kiygali sovuting yo‘qmi,
Jirkanchdir iskanja.
Bu yerda Osimaga murojaat bilan birgalikda bir butunlikni his qilish holati ham bor: tevarak – chovut “senga yot...” emas, “bizga yot...”. Shoir o‘zini ham Osimaning yonida ifoda qilyapti. Shu bilan birga, Osimani asrash, uni “jirkanch iskanja”dan ehtiyot qilish istagi ham bor.
Osima!
Tovoning qoni oqdimi,
Shimirgan maysaning rangi alvondir.
Ranjlisan. Bekinsang yupanching yo‘qmi?
Burdsiz zamondir.
Yana Osimani ehtiyotlash, avaylash, erkalash holati davom etyapti. Lirik qahramon va u murojaat qilayotgan obraz bilan bir butunlik hosil qilinganini hisobga olsak, bu yerda ko‘ngilning ismi – Osima. Mazkur she’rda ko‘ngil metaforik holatda Osimaga aylanib ketyapti.
Osima – shoir yaratgan ideal obraz. O‘sha ideal obraz faqat uninggina xayollarida, demakki, uninggina she’rlarida mavjud. Bu yerda shoir va u yaratgan ideal obraz bir butunlikni hosil qiladi, deganimizning sababi ham shunda. Mana shu yerda Osima obraziga yuklangan sirning jilvalari ko‘rina boshlaydi. Ideal obraz, metaforik holatda an’anaviylikdan chiqib, to‘la individuallikka o‘tadi. Inson tafakkuridagi voqelikning estetik idealga aylanish jarayoni individual metafora sifatida bo‘y ko‘rsatyapti.
Osima orqali Abduvali Qutbiddin o‘z idealini yaratmoqchi bo‘lgan, desak, bu ideal faqatgina shoirning emas, tildan tilga, qondan qonga, nasldan naslga o‘tib kelayotgan mezonlarning umumlashgan ifodasi deyish mumkin. Bu ifodani esa shoir umumlashtirgan. Uning individualligi aynan mana shu yerda.
Ko‘zimdan o‘pib qo‘y, Osima!
Senga olma bergum mag‘z-mag‘zi oltin.
Tishlasang, tishlaring hammasi tilla,
Lablaring yolqin…
Bu yerda ham Osima – undalma. Ikkinchi satr esa ushbu undalmaning metaforik holatda kelayotganini bildiradi: “Senga olma bergum mag‘z-mag‘zi oltin”. Adabiyotda oshiqning ma’shuqaga olma tutishi holati ko‘p uchraydi. She’rda aytilayotgan olma esa oddiy olma emas, uning “mag‘z-mag‘zi oltin”. Aynan Odam Atoning Momo Havvoga meva tutishi tasviri badiiy adabiyotda u yoki bu holatda ko‘p takrorlanadi. Ana shu meva tutish holatining badiiy adabiyotda olmaga yo‘g‘rilib ketganini hisobga olsak, o‘zbek xalq qo‘shiqlaridagi olma turlicha ramziy ma’nolarni – muhabbat, sevgi izhori, ana shu izhordagi ishonchni ifodalab kelishi ham tabiiy tasavvur hosil qiladi.
Yuqoridagi murojaatda Osima metaforasida Momo Havvoga nisbat berilishi bilan mazmun yana-da teranlashadi. Ammo Momo Havvo – bu mumtoz adabiyotda ham, zamonaviy she’riyatda ham takror-takror gavdalanadigan obraz, timsol. Biroq Osima timsol bo‘la oladimi? Agar shu mohiyatdan kelib chiqilsa, bir obrazning boshqa bir obrazga o‘xshatilishi ham metaforani hosil qiladi. Momo Havvo metaforik holatda Osimaga ko‘chyapti. Ya’ni bu timsol metafora bo‘lib Osimaga aylanyapti.
Osima Abduvali Qutbiddinning o‘nlab she’rlarida takror kelaveradi, dedik. Takrorning ham alohida xususiyati shundaki, Osima orqali boshqa ayollarga, boshqa obrazlarga murojaat yo‘q. Biror bir joyda Osimaning ta’rifi ham keltirilmaydi. U Abduvali Qutbiddinga xos bo‘lgan siqiq metaforali she’rlarning ichida o‘zi ham metaforik holatda bo‘y ko‘rsatadi. Osima orqali boshqa ayollarga, boshqa obrazlarga murojaat yo‘q, deganda to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatni nazarda tutyapmiz. Garchi ushbu obraz qatnashgan ba’zi she’rlarda xuddiki ayol kishining ismi aytilib, unga murojaat qilinganday ko‘rinsa-da, she’rning mohiyati mazkur maishiylikdan ancha balandda ekanligi ko‘rinadi. Masalan:
Sendan qafas hidi ufurar nechun?
Sendan chirqillaydi qayg‘u, vahima.
Agar jonim kerak bo‘lsa, ola qol,
Faqat,
Yig‘lama, Osima...
“Sendan qafas hidi ufurar nechun?” – bu odatda insonga beriladigan nisbat emas. Bu yerda aytilayotgan qafas hidi ufuradigan narsa nima yoki u qanday obyekt? O‘zi qafasning hidi qanday bo‘ladi? Qafas hidi – bu yerda ramziy holatda. Tutqunlik, asirlikning qafas hidi shaklida ifodalanishi keyingi satrga yo‘l ochadi: “Sendan chirqillaydi qayg‘u, vahima”. Tutqunlik, qafasdan hadik qayg‘uni, vahimani yetaklab kelyapti. Ko‘ngilda ozodlikka, erkinlikka tashnalik bor. Shu tashnalik qafasni, tutqunlikni, qayg‘uni rad qilyapti. Ana shunday tashbehlardan keyingi bandning so‘ngi misralarini insonga nisbatan aytilayotgan gap deyishi mushkul:
Agar jonim kerak bo‘lsa, ola qol,
Faqat,
Yig‘lama, Osima...
Yig‘lash insonga xos xislat bo‘lsa-da, Osima, deya insonga murojaat etilmayotganiga amin bo‘lamiz. She’rning keyingi bandi bu fikrni ham rad etadi:
Yetti gul husningni tomosha qilsin,
Yetti qush seni deb cheksin dard-u g‘am.
Tila tilagingni, ko‘zim ko‘r bo‘lsin,
Faqat,
Yig‘lama, Osima.
Ushbu bandni to‘liq ayolga ta’rif, uni e’zozlash, qadrini baland ko‘tarish, deb ayta olamiz. She’rning keyingi bandlarida ham ushbu holat qisman bo‘lsa-da, davom etadi. Ammo so‘nggi bandda yana ko‘ngilga, ruhga murojaat tasvirlanadi:
Dunyoning boshi nur, oxiri g‘orat —
Tushga borayapmiz, qo‘lda gulsavat,
Men unga tush va baxt solaman g‘alat,
Yig‘lama, Osima!
Faqat...
Qo‘lda gulsavat bilan tushga borayotgan, ana shu gulsavatning o‘ziga ham tush va baxt solingan holat. Dunyoning boshi va oxiri haqidagi tasavvurlar, tush va hush haqidagi tasvirlar Osimaning insonga nisbatan munosabat emasligini ko‘rsatadi. Shoirning “Ushmundoq” she’ridagi holat haqida ham ayolga nisbat berilayotganini aytish mumkin, biroq bu – yuzaki qarash. Xususan, she’rning quyidagi bandiga e’tibor qaratamiz:
Osima,
Alarga ko‘p ham inonma,
Ular qush ko‘mganlar xiyobonlarga.
Qumlari zarlangan
Bo‘lsa ham bordir,
Lek harom o‘rmalar tovonlarida…
Ushbu satrlarda garchi gap “xiyobonlarga qush ko‘mgan”, “tovonlarida harom o‘rmalagan”lar haqida ketayotgan bo‘lsa-da, “ularga inonma”, – deya insonga murojaat qilinayotgandek tuyiladi.
Osima,
Sen haqsan,
Men tugab botdim,
Bu qissa so‘ngida, shudir qasida.
Go‘zal borlig‘imni maydalab sotdim,
Yo‘g‘imni qaytardim
O‘z egasiga…
Murojaat etilayotgan obrazga nisbatan: “Sen haqsan”, – deyilishi bilan ikki inson o‘rtasida dialog bo‘lgani, nimalarnidir gaplashgani, bu suhbatda qandaydir e’tirozlar bo‘lganligi anglashiladi. Ushbu banddagi “qissa so‘ngi”, “borlig‘ini maydalab sotish”, “yo‘g‘ini O‘z egasiga qaytarish” holatlari ham insonning turli vaziyatlarini ko‘rsatib beradi. Bu tasavvurlar esa o‘quvchini yana she’rning boshiga qaytishga majbur qiladi:
Osima,
Ne qilay ko‘nglim ushmundoq,
Bir cheti osmon-u, bir cheti tuproq
deb boshlangan she’r insonning moddiy va ta’bir joiz bo‘lsa, maishiy tasavvurlaridan ancha baland ekanini ko‘rsatib turadi.
Shu o‘rinda Osima ismining lug‘aviy ma’nosini ham keltirib o‘tish joiz. Manbalarda bu so‘zning ma’nosi “qo‘riqlangan, himoyaga olingan” yoki “iffatli” tarzida keltirilgan. Demakki, ismning o‘zida ham birmuncha mavhumlik bor. Ushbu obraz qatnashgan har bitta she’rda unga ma’lum bir yuk yuklanadi. Sir mana shu yerda ochila boshlaydi:
Ichikdim. Sog‘indim seni, shekilli,
Tongim rangi sariq, xasta kunduzim.
Ihrab quyosh chiqar, o‘qchib oy sho‘rlik,
Osima —
Sen kimning qizi!
Nega shoir dastlabki uchta satrda o‘zining og‘ir ruhiy holatini tasvirlayapti-yu, so‘ng birdan Osimaga murojaat qilyapti? Murojaat qilganda ham, o‘sha og‘ir ruhiy holatga bog‘liq holatda emas, “Osima – sen kimning qizi?”, – deyapti. Sariq tongda, xasta kunduzda yashayotgan, quyoshlari ihrab, oylari o‘qchib chiqadigan olamdagi ruhiy holatda bandning so‘nggi satrlaridagi savol qanchalik o‘rinli? Bu savollarga javob topish uchun she’rning davomini ham ko‘rish kerak:
Ko‘rpaga burkansam, ko‘rpa ilvirar,
Yostiqqa yopishsam, ilvirar yostiq.
O‘y menga sig‘maydi, uy menga sig‘mas,
bosiriq — bosiriq…
Zirillar borlig‘im yursam, yo‘l ko‘nmas,
Qoyaga tirmashsam, puchmayar qoya.
Qarg‘asam, qarg‘ishim duoga o‘xshar,
voooya…
Osima – qismat izmidan chiqolmagan, ammo ko‘ngil maylidan ham umid uzmagan, ham odamdek gunohkor va zabun, ham malaklardek xayoliy bir obraz. Shoirning ruhiy holati banddan bandga, satrdan satrga mavhumlashib, ta’bir joiz bo‘lsa, og‘irlashib boraveradi. She’rdagi zich metaforalarni bemalol tahlil qilish mumkin. Biroq birgina Osima metaforasini izohlash uchun shuning o‘zi ham yetarli.
Ichikdim. Sog‘indim seni, shekilli,
Xo‘rligim keltirar g‘alati gina.
Nimaga odamlar shod, hurram, mamnun,
Bizlar odammasmi,
Osima?!
Aynan ana shu so‘nggi satrda Osimaning kimligi bir qadar anglashilgandek. Birinchi banddagi “Osima – sen kimning qizi?” so‘rog‘i birgina bu she’rga tegishli emas. Umuman, boshqa she’rlardagi osimalarning mohiyati anglanadi bu yerda. Ilviragan ko‘rpa, ilviragan yostiq, o‘yga ham, uyga ham sig‘mayotgan oshiq holati. Hatto qarg‘ishi ham duoga yo‘g‘rilib ketadigan oshiqning Osimaga munosabati shu yerda yana-da ochiqlanadi. “Bizlar odammasmi, / Osima?!”. Oshiq ham, ma’shuqa ham hech kimga o’xshamaydi, ular bu yerning odami emas.
Osima – xayolning bir chetida uzoq yillar miltillab turgan tuyg‘ularning surati. Yoki o‘sha tuyg‘ular siyratning suratlanishi. Osima – Abduvali Qutbiddin she’rlari doirasida ramziy ma’no kasb etayotgan, timsoliy mazmunga yo‘g‘rilib borayotgan metaforik obraz.
Folklorshunos olim Shomirza Turdimov adabiyotdagi biror bir o‘xshatish timsoliy mazmun kasb etishi uchun quyidagi bosqichlarni o‘tishi lozimligini aytadi:
o‘xshatish metofra ramz timsol inkor/tadsiq
Bu yerda obraz avval o‘xshatish bo‘lib kelishi ko‘rinyapti. Ya’ni “-dek”, “-day” qo‘shimchalari, “kabi”, “singari” so‘zlari bilan qo‘shilib, o‘xshatuvchi so‘z o‘xshatilmishning ma’lum bir xususiyatlarini aks ettiradi. So‘ngra o‘xshatuvchi va o‘xshatilmish so‘zlari yaxlitlanib, matnda o‘xshatuvchi so‘zning o‘zi qoladi va u metafora (istiora)ga aylanadi. Metafora esa bora-bora matn talabi yoki jarayon zaruratidan kelib chiqib, ramz sifatida ko‘rsatiladi. Ramz esa vaqtlar o‘tib timsol darajasiga ko‘tariladi.
Hozircha Osimani Abduvali Qutbiddin she’rlari doirasidagi (individual) timsol deya olmaymiz. Chunki timsol darajasiga borish uchun u, avvalo, ramziy ma’no kasb etishi kerak. Ramz bo‘lishi uchun esa avval metaforik holatda bo‘lishi lozim. Osima metaforik holatni ushbu obraz qatnashgan har bitta she’ri doirasida o‘tab bo‘lgan. Ya’ni o‘sha she’rlarning har birida mazkur obrazga u yoki bu mazmun yuklangan. Umumiy holatda olib qarasak, Osima – umid, taskin va orzuning yaxlit ifodasi. Bu ifodani bir nechta o‘xshatishlarga asoslangan, o‘sha o‘xshatishlar yaxlitlangan metaforik obraz deyish mumkin.
Xo‘sh, u qachon ramzga, qachon timsolga aylanadi? Aslini olganda, u ramzga, timsolga aylanadimi? Aylanishi kerakmi? Yoki she’r doirasida qolishining o‘zi yetarlimi?
Shu o‘rinda yana Sh.Turdimov keltirgan misolga tayanamiz. Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asaridagi Jo‘lomon dastlab asar doirasidagi badiiy qahramon edi. Asar voqealari jarayonida u manqurtga aylantirildi. Bora-bora manqurt obrazi asardan tashqariga ham chiqa boshladi. “Asrga tatigulik kun”dagi manqurt endi faqatgina shu asar doirasida emas, badiiy adabiyotning boshqa namunalarida ham uchray boshladi, so‘zlashuvlarda tilga olinadigan bo‘ldi. Shu tariqa bora-bora ramzga aylandi. Xuddi shunday Farhod, Shirin, Layli, Majnun obrazlari ham yillar o‘tib-o‘tib timsol darajasiga chiqqan obrazlardir. Hatto Alisher Navoiyning o‘zi ham Layli yoki Majnun obrazini timsol sifatida ishlatgani ko‘rinadi. Chunki bu obrazlar Navoiyga qadar ham timsol bo‘lib bo‘lgan edi.
Endi Osimaning ramz va timsol borasidagi taqdiriga keladigan bo‘lsak, bu jarayonni mazkur obrazning vaqt o‘tib matn doirasidan chiqishi belgilaydi. Xuddi Jo‘lomon, Nayman ona, Layli, Shirin kabi. O‘shanda Osimani faqatgina Abduvali Qutbiddin she’rlari doirasida emas, umumiy mazmundagi ramz yoki timsol desak bo‘ladi. Hozircha u individual metafora.
Matn doirasidan chiqishi nima? Bu degani Osima obrazi faqatgina Abduvali Qutbiddin she’rlarida qolib ketmasligini anglatadi. Albatta bu oson emas. Chunki keyingi shoirlar orasidan kimdir bu obrazni ishlatadigan bo‘lsa, kamida A.Qutbiddin darajasiga olib chiqishi kerak bo‘ladi. Bo‘lmasa, o‘zining individul topilmalarini yaratgani ma’qul. Ammo san’attalab, adabiyottalab, she’rtalab bu xalq ichidan Abduvali Qutbiddinday butun shiorlar chiqqan ekan, Osimani o‘sha darajaga olib chiqa oladigan shoirlar yana chiqishi ham tabiiydir.
Dadaxon MUHAMMADIYEV,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q