G‘oya – taraqqiyotga doya


Saqlash
12:12 / 29.12.2021 1153 0

Tahlil va tadqiqqa ixtisoslashgan “aql markazlari” (ingliz tilida think tanks) mutaraqqiy dunyoda katta nufuz hamda ta’sirga ega. Ular ichki va tashqi siyosatga daxldor dolzarb masalalarda izlanish olib borib, davlat boshqaruvi idoralariga yo‘riq, tavsiya, maslahatlar beradi.

 

Ilm va siyosat o‘rtasidagi ko‘prik

 

Tadqiqotchi-jurnalist Nil Mak Kartining qayd etishicha, “aql markazlari” tom ma’noda siyosiy tashkilot emas, balki siyosiy arboblarning muayyan masalalarda qaror qabul qilishiga tadqiqot vositasida ko‘maklashuvchi nodavlat muassasadir (www.forbes.co).

 

AQShdagi Pensilvaniya universiteti har yili Butunjahon “aql markazlari” reytingini (Global Go To Think TankIndex Report) e’lon qiladi. Mazkur reytingga dunyo bo‘ylab 6500 ga yaqin “aql markazi” kiritiladi. Pensilvaniya universiteti talqiniga ko‘ra, “aql markazlari”: a) ichki va xalqaro muammolar bo‘yicha tadqiqot, tahlil va tavsiyalar ishlab chiqadi; b) jamoatchilikning davlat siyosati masalalari borasidagi xabardorligini oshiradi; v) shu tariqa jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarda oqilona yechim topishga ko‘maklashadi (www.gotothinktank.com).

 

“Aql markazlari”, ta’bir joiz bo‘lsa, ilm va siyosat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib, jamoatchilik manfaatlarini himoya qiluvchi mustaqil va muqobil minbar hisoblanadi.

 

Tahlil muassasalari davlat idoralari, siyosiy tashkilotlar hamda ishbilarmon doiralar qoshida yoki nodavlat tashkilotlar sifatida faoliyat yuritadi. Shunga ko‘ra ularning maqsad-mo‘ljali farqlanishi mumkin. Qayd etish joizki, aksar “aql markazlari” nodavlat muassasa bo‘lib, ular AQSh va Kanadada soliqlardan ozod etilgan.

 

Markazlar faoliyati turli manbalardan moliyalashtiriladi. Deylik, partiya yoki kompaniya qoshida faoliyat olib borayotgan markaz o‘sha muassis tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanadi, uning buyurtmasini bajaradi. Qaysi manbadan moliyalashtirilishidan qat’iy nazar, “aql markazlari” o‘z daromadi va homiylari haqida jamoatchilikka doimo ochiq axborot berishi shart. Aks holda, yomonotliq bo‘lishi, eng xatarlisi, jamoatchilik ishonchini yo‘qotishi hech gap emas. Gohida ayrim “aql markazlari” muayyan shaxslar, homiylarning buyurtmasi bilan izlanish olib borgani vajidan tanqidga uchrab, buyurtma bo‘yicha hozirlangan tadqiqotning xolisligi so‘roq ostiga olinadi. Bunday noxush holatlar yuz bermasligi uchun, avvalo, muassasaning moliyaviy faoliyati ochiq bo‘lishi, qolaversa, har qanday holatda ham tadqiqotlar xolislik, obyektivlik mezonlari asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. 

 

“Forbes” jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha tahlil markazlarining 90,5 foizi 1951-yildan keyin tashkil etilgan. Ularning qariyb 55 foizi Shimoliy Amerika va Yevropada joylashgan. Raqamlarga nazar tashlasak, tadqiqot markazlari soni bo‘yicha AQSh yetakchi o‘rinda: ushbu mamlakatda 1872 ta muassasa faoliyat yuritib kelmoqda. Birgina poytaxt Vashington shahrida 397 ta markaz mavjud. Reytingning keyingi o‘rinlarini Xitoy (512 ta markaz), Buyuk Britaniya (444), Hindiston (293), Germaniya (225) egallagan.

 

Sayyoramizdagi eng nomdor va eng nufuzli 10 ta “aql markazi”ning beshtasi, jumladan, Brukings instituti (Brookings Institution), Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi (Carnegie Endowmentfor International Peace),Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (Center for Strategic and International Studies), Meros jamg‘armasi (TheHeritage Foundation) va RAND korporatsiyasi Qo‘shma Shtatlarda faoliyat yuritmoqda. Fransiya xalqaro munosabatlar instituti ham peshqadamlar sirasiga kiradi.

 

Nega O‘zbekistonda “aql markazlari” soni kam?

 

Ayni vaqtda mamlakatimizda “aql markazlari” soni juda kam, binobarin, bu yo‘nalishda rivojlanishimiz xiyla sust kechmoqda. Buning sabablari xususida maqola davomida batafsil to‘xtalamiz. Hozircha yurtimiz tadqiqot muassasalarining xalqaro reytinglardagi o‘rniga e’tibor qilsak.

 

Pensilvaniya universiteti e’lon qilgan Markaziy Osiyodagi peshqadam ilmiy markazlar reytingida O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 10-o‘rinda qayd etilgan (ro‘yxatga mintaqadagi 63 ilmiy muassasa kiritilgan). ITIM ushbu reytingda 2016-yilga nisbatan uch pog‘ona, 2018-yilga qaraganda esa bir pog‘ona yuqorilagan (www.review.uz). Pensilvaniya universiteti ro‘yxatidan Siyosiy tadqiqotlar markazi (23-o‘rin), Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (27-o‘rin), “Tahlil” ijtimoiy markazi (34-o‘rin) ham o‘rin olgan. Yurtimizdagi yana bir tahlil dargohi – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi 2018-yilda Pensilvaniya universiteti tomonidan dunyoda yangi tashkil etilgan 50 ta “aql markazi”dan biri deb e’tirof etilgan edi.

 

Bir qarashda, bu borada natijalarimiz yomon emasdek. Lekin mintaqa bo‘yicha muqoyasa biz ham son, ham sifat o‘zgarishiga erishishimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. “Global Go To Think Tank Index” hisobotiga ko‘ra, Qozog‘istonda 31 ta, Qirg‘izistonda 28 ta, mamlakatimizda esa 12 ta “aql markazi” faoliyat yuritmoqda. Biz mintaqada faqat Tojikistondan (7 ta) oldindamiz.

 

Xo‘sh, O‘zbekistonda “aql markazlari” rivojiga nimalar to‘sqinlik qilmoqda?


Birinchidan,
qayd etilgandek, mamlakatimizda tahlil dargohlari soni kam va ularning ham aksari davlat tasarrufida yoki davlat ko‘magida tashkil etilgan. Albatta, davlat buyurtmasini bajaruvchi tahlil markazi mavjudligi tabiiy hol. Ammo markazlarning barchasi yoki aksari hukumat buyurtmasini bajarishi, uning qarashlarini aks ettirishi maqbul holat emas. Nega? “Aql markazi”ning asosiy vazifasi jamoatchilik hamda davlat idoralariga asosli, ishonchli va amaliy ahamiyatga ega tadqiqotlarni taqdim etish ekani ma’lum. Buning uchun esa muassasa nisbatan mustaqil faoliyat olib borishi kerak. Aks holda, buyurtma ijrochisi o‘laroq mafkuraviy va siyosiy maqsadlarga muvofiq tadqiqotlar bilangina cheklanib qolishi hech gap emas. Bu esa nafaqat jamoatchilik, balki buyurtmachi, ya’ni davlat idorasining ham manfaatlariga ziddir.

 

Ikkinchidan, ma’lumotlarning yo‘qligi yoki yetarli emasligi tadqiqot o‘tkazishda jiddiy mushkulot tug‘diradi. Ishonchli va sifatli tadqiqot olib borish uchun shart-sharoit yo‘qligi qisman birinchi omil bilan bog‘liq. Odatda, hukumat qoshida yoki uning yordamida faoliyat olib borayotgan markazlargina ma’lumotga ega bo‘lar, qolgan muassasalar bunday imkondan mahrum edi. Ma’lumotga ega bo‘lgan va shu asosda tadqiqot olib borgan markazlar esa tadqiq etilgan mavzuda qisqa rezyume e’lon qilib, umumiy tushuncha berish bilan cheklanar edi. Birlamchi ma’lumotlar (primary data), uni yig‘ish va qo‘llash metodlari hamda metodologiyasi bilan o‘rtoqlashmasdi. Aslida, tadqiqotlar yashirilmasligi, ma’lumotlar va ular asosida chiqarilgan xulosalar qayta tekshirish mumkin bo‘lgan darajada ochiq bo‘lmog‘i lozim. Ma’lumot – tadqiqotning o‘zagi. Axborot taqchilligi muhitida esa “aql markazlari” o‘z vazifasini bajarolmasligi kundek ravshan. 

 

Uchinchidan, tahlilchilarni tarbiyalash va tayyorlash maktabi yaratilmagan, mavjud o‘qitish uslublari esa eskirgan. Masalan, bizda siyosiy fanlarni o‘qitishda “yaxshi mutaxassis albatta milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda tahlil olib borishi kerak”ligi ta’kidlanadi. Holbuki, xorijdagi ilmiy izlanishlarim davomida biron mamlakatda bunday mezonga duch kelmadim. Aslida, izlanuvchiga qo‘yiladigan talablar – tahlil usullarini teran anglash va to‘g‘ri qo‘llash, tadqiqot xalqaro andozalarga uyg‘un holda bo‘lishi, ya’ni ishonchli va qayta-qayta tekshirilgan ma’lumotlarga tayanish, tadqiqot metodologiyasiga ko‘ra ularni mustaqil ravishda talqin-tasnif etish, kompyuter dasturlaridan unumli foydalanish, sifatli matn hozirlash kabilardan iboratdir. Albatta, muayyan davlatda faoliyat yuritayotgan mutaxassis boshqaruv idoralari vakillari qo‘ygan talab-vazifalar doirasida ish tutadi. Bu – tabiiy hol. Ammo mazkur jihat mutaxassis malakasini belgilovchi asosiy mezon bo‘lmasligi kerak.

 

To‘rtinchidan, boshqa jabhalarda, oz sonli bo‘lsa-da, tadqiqotchilar mavjud. Ammo, afsuski, aynan siyosiy mavzularda teran tahlil malakasiga ega mutaxassislar kam. Bu muammo yuqorida sanalgan omillarga, inchunin, ta’lim sifatiga bog‘liq. Malakali tahlilchi tarbiyalamoq uchun ta’lim dargohlarida bilim berish darajasi yuqori bo‘lishi lozim. Mukammal ilm olmagan kadrlar maxsus bilim va ko‘nikmalarni egallashda ham qiyinchiliklarga duch keladi. Masalan, ingliz tili bugungi davr kishisi uchun suv bilan havodek zarur. Dunyodagi ilmiy adabiyot hamda manbalarning asosiy qismi ana shu tilda. Demak, “aql markazlari”, ilmiy muassasalarda faoliyat yurituvchi xodim va tadqiqotchilar ilmiy ingliz tilini mukammal bilishi shart. Xo‘sh, endi ayting-chi, bizda ushbu mezonga javob beradigan tahlilchilar qancha? Ulardan qay birlari nufuzli va eng ko‘p iqtibos olinadigan ilmiy majallalarda maqolalar chop etmoqda? Bizningcha, ular barmoq bilan sanarli. Hatto ingliz tilini bilmasligiga uzr qolmagan yangi davr yoshlari orasida ham bu talabga javob bermaydiganlar ko‘p topiladi. Ingliz tilini mukammal egallash haqida so‘z borar ekan, ona tilining maqom-mavqeyini aslo pasaytirmoqchi emasmiz. Aksincha, bugun o‘zbek tilidagi ilmiy-tahliliy matnlarga ham talab oshib borayotir. Ammo O‘zbekistondagi “aql markazlari” va tahlilchilar xalqaro maydonda o‘rin topmoq, dunyoga o‘z so‘zini aytmoqni istasa, ingliz tilini bilishi shart. Chunki hatto rus, yapon, olmon tillarida tayyorlangan ilmiy materiallar ham ingliz tilidagi kabi ulkan auditoriyaga ta’sir ko‘rsatolmaydi.  

 

Beshinchidan, O‘zbekistondagi “aql markazlari va tahlilchilarimiz yaqindan boshlab jamoatchilik bilan faol muloqotga kirishdi. Ilgari ma’lumotlar ommaga yetarli darajada, ochiq yetkazilmasdi. Hozir ham vaziyat butkul o‘zgargan deb bo‘lmaydi, ammo yangilanish, evrilishlar yuz berayotgani rost. Mutaraqqiy dunyoda dolzarb masalalarda mutaxassislarning fikri ayricha qadrlanadi. O‘zbekistonda bu hol endi-endi urfga kiryapti. Ijtimoiy tarmoqda tahlilchilar va “aql markazlarining sahifalari asta-sekin ko‘paymoqda. Sirasini aytsak, ochiqlik siyosati va mutaxassis fikriga talab oshib borayotgani sabab avval tor doiraga mo‘ljallangan tahliliy materiallar ijtimoiy tarmoqda tobora kengroq auditoriyaga taqdim etilmoqda.

 

Yana bir jihat shuki, yurtimizda keyingi vaqtlarda siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishlarda tadqiqot o‘tkazuvchi konsalting kompaniyalar tashkil etila boshladi. Bu, bir tomondan, daromadli biznes bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mamlakat ochiqlik tomon yuz burgani, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistondagi jarayonlarga qiziqayotganidan dalolatdir.

 

“Aql markazlari” sonining oshishi nainki jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarda oqilona qaror qabul qilishga ko‘mak beradi, ayni choqda millatning umumiy intellektual saviyasi yuksalishi, yangi olamshumul g‘oyalar tug‘ilishiga xizmat qiladi. Demak, zimmasidagi vazifalarini to‘laqonli bajarishi uchun tahlil muassasalari o‘z faoliyatini ochiqlik, mustaqillik, xolislik tamoyillari asosida olib bormog‘i darkor. Bu esa ta’lim sifatini oshirish, xorijiy tillar, xususan, ingliz tili o‘qitishni takomillashtirishni talab etadi. Qolaversa, “aql markazlari” mutaxassislari axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasida maxsus ko‘nikmaga ega bo‘lishi lozim.

 

Bahrom RAJABOV,

Siyosiy iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassis,

PhD (Sukuba universiteti, Yaponiya)

 

Tafakkur jurnali, 2020-yil 3-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19274
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16339
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi