Shoir Nosirjon Jo‘rayev mutolaa qiladi.
Botqoqdan binafsha izlaganlar
Federiko Garsia Lorka. Eng qayg‘uli shodlik. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989.
Odam bolasining hayotida hadeb ham aql peshvolik qilavermaydi, ba’zan-ba’zan junun degan ichkin bir bezovtalik yuzaga chiqishi ham bor. Bu hol peshonasini chitro‘mol bilan tang‘ib bog‘lagan dehqondayam, bo‘ynini bo‘yinbog‘ bilan sirib qisgan amaldordayam sodir bo‘lib turadi. Chunki inson tiynatida, xamirturushida tabiatdan yuqqan isyon bor – u gohi-gohi bosh ko‘tarib qoladi.
Lorka janoblari ana shu jununni go‘yo musavvirdek chizib ko‘rsata bilgan, hech bir shaklga sig‘maydigan jazavalarni so‘zlar handasasiga solgan, iztiroblarni majoz orqali qurama shakllarga puxta yashira olgan shoirdir. Ko‘hna ispan xalq og‘zaki ijodi bergan quvvat esa uni chinakam ruhiyat va timsol qiroliga aylantirdi. Baqalar, chigirtka-yu kapalaklar, qo‘ng‘iz-u shilliqqurtlardan tortib oy-u yulduzlargacha – barini satrlarga birma-bir bog‘lab chiqqan Lorka inson iztirobi nomli manzarani chizadi.
Lorkaning chinakam oshig‘i va omonatdor tarjimoni Shavkat Rahmon ta’biri bilan aytganda, “gul yig‘isini she’rda yangratgan” shoir butun yozganlarida allanechuk tushunarsiz chiziqlardan, qorishib yotgan ranglardan favqulodda tushunarli adabiyot yaratgan edi.
Bugun ikki karra ikki to‘rtdek sap-sayoz yozmalardan, minbarlarda atayin yasama bayramona tus berib o‘qilayotgan maddoh tizmalardan qochib eson-omon uyimga yetib olsam, xuddi yuragi o‘ynagan odam korvalolga chopganday, men ham Lorkaga oshiqaman. Kitobning istalgan varag‘ini ochaman-da, masalan:
Shivit, ilon, qamish,
hid va iz, soya,
havo, yer, yolg‘izlik.
(Oyga uch zinapoya), –
degan satrlarini yoki:
Qurigan o‘tlar yo‘ldan
borar daryo boshiga.
Bu yo‘l yorug‘, ulug‘dir –
borar daryo boshiga.
(Yo‘lga tushmaymizmi deb,
yurak g‘amgin so‘raydi), –
kabi misralarini yutoqib o‘qiyman. Yuragimga Andalusiyaning bepoyon kengliklari havosi va inson deb atalmish yaratiqning qafasga solib bo‘lmas ruhi inadi. Shunda manovi hayot deb atalgan moddiyat olamining zil-zambil yuki yelkamdan tushib, o‘rnida chayir qanotlar o‘sa boshlaydi. Atrofimdagi odamlar gul, minora, shamol, kaltakesak, chivin kabilarga aylanib, tabiatning ziynati va... sarqiti bo‘lib so‘zlay ketadilar. Shoir meni zamindan uzib, ramzlar olamiga g‘arq qiladi.
Shu o‘rinda o‘zining, qilich ruhining ispancha muqobilini adashmay topa olgan Shavkat Rahmonga tasanno deyman. Ruscha tarjimadan ko‘ngli to‘lmay, sakkiz oy ichida ispan tilini o‘rganib, Lorkani asliyatdan tarjima qilishni uddalagan shoir matonati meni hamon hayratda qoldiradi. Lorkaning o‘zi aytgan – beligacha botqoqqa botib binafsha izlash, qora mehnat bilan yop-yorug‘ dunyolar yaratish asli mana shudir balki...
Siylov ortidagi sinov
Onore de Balzak. Muhabbat tilsimi (Sag‘ri teri tilsimi). Toshkent, “Extremum Press” nashriyoti, 2010.
“Tila tilagingni!” deguvchi qudrati cheksiz hojatbaror personajlar dunyo xalqlari og‘zaki va yozma ijodida, xususan, ertak va rivoyatlarda istagancha topiladi. Ularning qiyofasi, shakl-shamoyili esa turfa. Masalan, ruslarda teshik tog‘oradan qutqarib ko‘shk-saroy tuhfa qiladigan tilla baliq, armanlarda tukdor sumbati va yakka ko‘zi bilan o‘ta vajohatli ko‘rinadigan, biroq o‘zi rahmdil dev, arab xalqlarida ko‘zadan chiqib keluvchi jin, bizda goh turna yo laylak, goh mo‘ysafid chol yo kampir, uchratib qolganda bosh barmog‘ini mahkam ushlab olish kerakligi uqtiriladigan Xizr siymosida keladi. Nega bunday qahramonlar barcha xalqlar adabiyotida keng tarqalgan? Odam zoti yaralibdiki, hamisha sehr-makrga ishqiboz, mo‘jiza ro‘y berib tez va oson boyish, kuchli va qudratli bo‘lish istagi yuragida har doim lovillab turadi. Qizig‘i shundaki, hojatbaror mavjudot odam bolasiga qay yo‘sinda, qay makon va qay fursatda ro‘para kelmasin, albatta bir sharti, to‘lash og‘ir bo‘lgan tovoni bo‘ladi – bajargan odamga yo tole kuladi, yo...
Balzak oddiy bir parcha hayvon terisini ana shunday jodu vositasiga aylantirib, butun boshli roman yaratgan sehrgar adibdir.
Fizika qonuniyati jihatdan o‘ylab ko‘rilsa, issiqda yoyilib-yumshab, sovuqda tortishib-tirishib qolish har qanday tabiiy teriga xos xususiyatdir. Biroq har tilak aytganda o‘sha bir parcha terining kichrayishi va inson umri ham shunga mos ravishda poyonlab borishini o‘zaro bog‘lab falsafa yaratish muallifning ulkan mahoratiga shohidlik beradi. G‘ayritabiiy cholning almisoqdan qolgan do‘konidan, lash-lushlar ichidan hayotdan siqilib yurgan bir sharqshunos yigitga taklif etilgan parcha matoh – sag‘ri teri bu dunyoning ramzi-timsoli asli!
Asarni talabalikda – semestr imtihonlarini topshirish mahali, xonadoshlar bitta buxankaga chaqalab pul to‘plagan kezlarimizda, ya’ni hayotimizga sehr, mo‘jiza juda zarur bo‘lib turgan bir choqda o‘qiganim uchun, anavi sharqshunos yigit ham o‘zimizga o‘xshab yupungina, rangpargina, tushkungina bo‘lgani uchun, menga qiziqarli voqealar yig‘indisidek, taxminan “Sariq devni minib” asaridek taassurot qoldirgan edi. Biroq yoshim ulg‘aygan sari, boshimdan issiq-sovuq o‘tgani sari, bu dunyo hech narsani shunchaki, evazsiz bermasligini anglaganim sayin Balzakning tagdor falsafasini tushuna boshladim.
Mening sharqshunos Rafaeldan nima kamim bor? Qirqqa kirgunimcha hayot menga cheksiz mukofotlar berdi – ularning sanog‘i yo‘q, Yaratgan Egam yorlaqab ne martabalarga erishdim, taqdir siylab ne orzularim amalga oshdi, ilhom ko‘nglimga baqamti kelib nelardir yozdim... Biroq olayotgan har bir nafasim boy berishlar, yo‘qotishlar, o‘rni to‘lmas achchiq to‘lovlar evaziga bo‘layotganini bilmaymanmi?! Hech qachon cho‘kmaydigan tog‘lardek ko‘ringan ota-onam nurab borayotgani, yoshligim tashlab ketgani, qalbimni kuzgi bog‘lar xazonidek ustma-ust armonlar egallagani, beg‘ubor yillarda topgan do‘stlarim manfaatlar bo‘ronida yo‘qolib-yitgani, aziz ustozlarim birma-bir tark etgani – bular bari “sag‘ri teri”mning qanchalik tez qisqarib borayotganiga isbot emasmi?!
Balzak daho adib edi. U faqat insongagina xos bo‘lgan fikr va shukr tushunchalarini bir parcha teri ustida jamladi. Tilaklar va imkonlar, orzular va armonlar bahsini bir bo‘lak matoh misolida ko‘rsatdi. Bechora yigit orzu qilishdan, tilak aytishdan ham qo‘rqish mumkinligini mening, sizning, butun bashariyatning oldida isbotladi.
Shukrki, bizda ta’limot boshqa, e’tiqod boshqa. Bizda sag‘ri terilar emas, duolar bor. O‘zini shart daryoga tashlab o‘lib ketaverishdan avval ota-onani, farzandlarni o‘ylamoq ne’mati, farosati bor. Biroq Balzak jamiyat og‘rig‘ini donishmandona idrok etib, uning yuziga ko‘zgu tutdi. Darvoqe, farang adibi bilan bir yilda tug‘ilgan rus shoiri Pushkin (1799-yil) ham ertak yo‘sinida bo‘lsin, “Oltin baliq” fojiasini bitgan edi. Daholar – insoniyatning Haq oldida ojiz ekanini anglatuvchi xoslardir.
Hayot ustidan o‘qilgan hukm
Chingiz Aytmatov. Tanlangan asarlar. Qissalar. Toshkent, “Sharq” NMAK Bosh tahririyati, 2016.
“Sharq” nashriyotida ishlab yurgan kezlarim. 2016-yil 30-may kuni jonimizning bir parchasini yulganday bo‘lib o‘zbek adabiyotining yana bir ustuni, chinakam ustoz, dilbar shoir, noyob shaxs Erkin Vohidovni ulkan izdihom ishtirokida tuproqqa qo‘ydik. “Chig‘atoy”dan ikki aka-uka, Erkin akaning chin oshuftalari – Ahror Ahmedov va kamina bir-birimizga suyanishib qaytar ekanmiz, to‘satdan Ahror aka so‘rab qoldi:
– Erkin akaning hamma she’rlari sizda jam bo‘lib turibdimi?
– Ha, tap-tayyor, – dedim uning miyasiga yangi bir g‘oya kelganini anglab.
Gap shundaki, ustozning vafotigacha uning sakkiz jildga mo‘ljallangan asarlar to‘plamining dastlabki to‘rt jildi chop etilgan, ularni Erkin akaning o‘zi ham ko‘rishga ulgurgan edi. Bu to‘rt jildda shoirning faqat nazmiy ijodi kulliyot sifatida tayyorlangan edi.
– Biron nima qilmasak, yurakning hovuri bosilmaydi, Nosirjon! – dedi Ahror aka.
Shu “biron nima” oradan bir oz vaqt o‘tib muhtasham kitoblar turkumini boshlab berdi. Bu turkumdagi kitoblar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Xullas, muvaffaqiyat ila boshlangan seriya jahon adabiyotiga ham ko‘chdi, keyingi kitob Chingiz Aytmatov qissalaridan iborat jamlanma bo‘ldi. Vafo Fayzulloh yig‘ib turgan 10 ta qissani zudlik bilan nashrga tayyorlab, ikkinchi o‘qni ham nishonga bexato urdik. Oddiy o‘quvchidan tortib amaldorlargacha bir-biriga sovg‘a qiladigan go‘zal kitob dunyoga keldi.
“Sarvqomat dilbarim”ni eng avval – o‘smirlik yillarim o‘qiganim bois uni muallifning boshqa asarlaridan ko‘proq yaxshi ko‘rganman. Mo‘ylabim endi sabza urayotgan vaqtlardayoq Ilyos bo‘lib yashaganlarim, uning iztiroblarini tuyganlarim yodimda. Hatto unikiga o‘xshash yuk mashinalarini ko‘rib qolsam, xayolan necha bor rul chambaragida Ilyos bo‘lib o‘tirganim-u necha bor yo‘ldan qizil durrachali qizni yonimga o‘tqazganimni o‘zim bilaman. Keyin Toshkentga o‘qishga kirib, Qamchiqdan har o‘tganda Pomirdagi Ilyos ishlagan dovon ham shunday bo‘lsa kerak, yo‘ldagi Tangatopdi, Ko‘kko‘l, Serkaqirildi degan qishloqlar Asal yashagan joylardek bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edim.
Keyin-keyin Aytmatovni butunlay xatm qildim. Hatto “Qiyomat”ni bir o‘tirishda, yetti soatda joyimdan jilmay o‘qib tugatdim. “Jamila”dan tortib “Oq kema”gacha barcha qissalarni deyarli yod oldim. Qissalar bamisoli qo‘shiq, romanlar yaxlit bir girya edi.
To‘g‘ri, hammaning o‘z Aytmatovi bor. Ammo men uchun u olislardagi qo‘l yetmas yozuvchi emas, har kuni bir piyola choy ustida suhbatlashib o‘tiradigan qadrdon inson. Mushtariylar manmanlikka yo‘ymasinlar, fe’l-atvorimdan kelib chiqib aytamanki, agar men Remark, Dumbadze yo Aytmatov bilan teng-to‘sh, zamondosh bo‘lganimda, adabiy maqomdan qat’i nazar, ular bilan yaxshi do‘st bo‘lardim.
Aslida, ulkan iste’dodlar toqqa, ummonga, dashtga o‘xshaydi – bir dona tosh olsang yo qo‘ysang, bir hovuch suv ichsang yo quysang, bir kaft tuproq ayirsang yo uysang, o‘zgarib qolmaydi. Ular kichraymaydi. Yana nazarimda, iste’dod egalari ikki xil bo‘ladi: birinchisi – buyuk san’atkor, ular yuksak izhorlar bilan cheklanadi, bundaylar ko‘p; ikkinchisi – shaxslar, ular hayotni, his-tuyg‘ularni, umuman, borliqni beayov tahlil qila oladi. Bu toifadagilar shunchaki asar yaratmaydi, balki hayot haqiqatini ko‘rsatib beradi.
Chingiz Aytmatov ham hayot ustidan hukm o‘qishga qodir adib edi.
Meni hech kim sog‘inmagan shom
Usmon Azim. Kuz. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2001.
Maktab darsliklari ta’siridan endi xalos bo‘lgan kezlarim edi. Toshkent havosiga ko‘nikib ulgurmay, qo‘limga Usmon Azimning “Kuz”i tushib qoldi. Ko‘p o‘qidim, takror o‘qidim. She’rdan she’rga ko‘chayotib angladimki, bu shoirning charsligi, murosasizligi, hamma bir yoqdan kelsa – uning tamoman boshqa yoqdan kelishi ruhimga yaqin ekan. Keyin do‘st bo‘ldim, so‘ng qadrdon, pirovardida esa aka-uka bo‘ldim bu she’rlar bilan. Muallifning o‘zi bilan ancha keyin – poytaxtning kibr-u havosi vujudimga singib ketgan vaqtlarda ko‘rishdim. Bu orada shoirning “Jodu”si, “Sog‘inch”-u “Fonus” ham chop etilgan, men ham avvalroq dunyo yuzini ko‘rgan “G‘ussa”, “Surat parchalari”, “Dars”-u “Ikkinchi aprel”larni o‘qib bo‘lgan edim.
Sirdaryoda qandaydir tadbir edi – bu uncha muhim emas – yig‘indan keyin dasturxon ustida tanishdik Usmon aka bilan. U kishi men o‘ylagandan ko‘ra ancha erka, o‘jar, olifta va juda yaxshi notiq edi. Shu suhbatdan so‘ng o‘zimdagi istak-ixtiyorni yengib, u bilan kamroq ko‘rishishga harakat qila boshladim. Chunki uning ta’siriga tushib qolishim mumkin edi-da.
Usmon Azim ko‘ngilni aldamaydi. She’rlari odamga orom baxsh etmaydi, hasratning hovurini bosmaydi, yurakni tinchlantirmaydi. Uning yozganlarini dam olish uchun o‘qib bo‘lmaydi. Aksincha, istirohatni yo‘qqa chiqaradi, oromni buzadi, yurakka sanchiq soladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, uyqusirab-mudrab yurgan o‘quvchining ikki yuziga shapaloq tortib yuboradi. G‘ubor bosgan ko‘zguni avval yap-yangi paltosining yengi bilan artib yarqiratadi-da, keyin sizning yelkangizdan g‘ijimlab yetaklagancha toshoyna qarshisiga olib boradi. “Mana shu g‘aflat bosgan nusxa sensan! Loqayd va erinchoq tanang ichida yurak degan zormanda bor. O‘zingga rahm qilmasang, hech yo‘q yuragingga rahming kelsin. Vujudingni yechib, ot. Yuragingni tashqariga chiqar!” deydi. Siz esa unga favqultabiiy hayrat-la qaraysiz. Shunda ko‘rasizki, ikkinchi qo‘lida o‘z yuragini tutib turgan bo‘ladi.
Usmon Azim ko‘ngilni aldamaydi. O‘zi his qilmagan dardni birovga yuqtirishga urinmaydi. Barmog‘ini kesib olmay turib, barmoqni kesib olgandagi og‘riqdan lof urmaydi. Tishi og‘risa yoki shamollab qolsa, darrov o‘lim haqida ayyuhannos solmaydi...
Talay shoirlarning she’rini o‘z og‘zidan eshitganman. Ularni tinglab shunga amin bo‘lganmanki, xudo bergan ovoz o‘sha shoirning she’rlariga aksaran mos keladi. Abdulla Oripov she’r o‘qiyotganda, xayolimda yunon faylasuflari gavdalanadi. Erkin Vohidovning ovozi mahorat bilan ijro etilayotgan Sharq mumtoz kuylarini yodga soladi. Rauf Parfi ohangida xuddi jangdan horib qaytayotgan qo‘shinning qadam tovushlari... Usmon Azimda esa tog‘dan dumalayotgan toshning gumburidek sado bor. Bu shoirlarning birontasida quruq shovqin yo‘q – ovozida ham, ijodida ham. Olatasir, to‘s-to‘polon, tomoq yirtilguncha qichqirish ularga begona.
E’tibor bersangiz, quv, ayyor va maddoh shoirlarning ohangi ham she’rlariga chippa yopishib tushadi. Shunda o‘ylab qolaman, o‘pkadan tovush bo‘lib chiqayotgan havo yo‘l-yo‘lakay yurakka ham kirib o‘tarmikan, a?..
Shoirning mashhur bir she’rini har gal o‘qiganimda, u nega aynan “O‘sha meni hech kim sog‘inmagan shom...” satri bilan boshlangan deb o‘ylayman. Muallif (yoki uning lirik qahramoni) to‘satdan o‘zini hech kim sog‘inmayotgan shom haqida gap boshlab, she’rning ilk satridanoq o‘quvchining yoqasidan changallab o‘ziga qaratib oladi. Keyin tamom – hech qayoqqa qochib bo‘lmaydi. Bu xuddi Kamyuning qissago‘ylikni “Bugun onam o‘ldi, yo kechamidi...” deya boshlaganidek bir usul.
Ilk bor o‘qiganimda, shoir meni yetaklab o‘sha shom qo‘yniga, avtobekat yoniga, yigit bilan qizning qarshisiga olib bordi. Hamma-hamma detalni – palto, uning belbog‘i-yu tugmasi, hatto qiz manglayidagi bir tutam sochni ham bittama-bitta ko‘rsatdi. Ammo... “Yigit! Yigit bilan qancha ishim bor!” misrasiga kelgach, shom ham, bekat ham, she’r ham, taqdir ham tamoman meniki bo‘ldi-qoldi – endi menga Usmon Azimning keragi yo‘q edi. Endi o‘zim qorning sovug‘ini seza boshladim, yonimdan o‘tayotgan avtolar shovqinini aniq-tiniq eshitdim, hadeb lipillab o‘chib-yonayotgan yo‘lchiroqning ranglari ko‘zimga sanchildi. Va men – bekatda hayrona turgan yigit she’rni ichkin ovozda yakunladim:
Yigit... Ammo nega seni o‘ylayman,
Hozir ham havasdan muzlaydi etim.
Men qorli bekatda vayron turgan shom,
Sen mendan, hammadan baxtiyor eding!
Ha, men o‘zim haqimda shunday hukm chiqardim. Biroq she’r tugashi bilan qarshimda asl muallif paydo bo‘ldi. Ajabki, mening she’rimni bir baxtli shoir avvalroq yozib bo‘lgan ekan...
Men Usmon Azimning she’rlarida yashaganim – qushdek uchganim, bargdek to‘kilganim, momaguldirakdek qaldiraganim, suvdek oqqanim, royal chalganim, qahvaxonada tamaki burqsitib o‘tirganim, sevganim, rad etilganim... – xullas, o‘z holimcha yashaganim uchun ham uni umrbod hurmat qilmoqqa majburman.
Bo‘yalmagan qiyofalar
Shukur Xolmirzayev. Saylanma. Besh jildlik. 1-jild. Hikoyalar. Toshkent, “Sharq” NMAK Bosh tahririyati, 2003.
Dastlab sakkizinchi sinf adabiyot darsligida “O‘zbek xarakteri”ni o‘qib, vijdon azobi degan tushunchani aniq-tiniq anglagan edim. Boysun dalalarida bo‘lib o‘tgan voqeani qishlog‘imdagi odamlar va paxtazorlarga ko‘chirib ko‘p dilgir bo‘lib yurganman. Birinchi kursligimizda esa Aziza ismli kursdoshim ul-bul qoralab turishimni bilib, Shukur Xolmirzayevni o‘qishingiz kerak, deb qo‘limga bir jurnal berdi. Jurnalda adibning “Bodom qishda gulladi” degan hikoyasi bosilgan ekan. Qizig‘i, qahramon – bemor yigit otdoshim ekan. Shu-shu Shukur Xolmirzayevga mubtalo bo‘ldim.
Bizga o‘xshagan Shukur akaning ishqibozlari uchun bir-ikki yildan so‘ng uning tomligi nashr etila boshlandi. Men ham uning ulkan ijodini bir boshdan o‘qimoqqa tushdim. To‘g‘ri, ungacha Chexov va Qahhor, fransuz hikoya ustasi Andre Morua laboratoriyasiga bir qur bosh suqib ko‘rgan edim. Biroq Shukur Xolmirzayev tog‘lar-u kakliklari, jaydari odamlar-u hayotiy voqealari bilan chin ma’noda o‘zimizniki edi.
Meni hamisha hayratga soladigan jihat: adibda bironta to‘qima voqea, sun’iy xarakter yoki yolg‘ondakam drama yo‘q. Indallosini aytganda, u kundalik yozib yurgan-u har bir yozgani keyinchalik hikoyaga aylangandek tuyuladi menga. Bunday sodda va ortiqcha ohanjamasiz yuksak badiiy asar yaratish, oddiy odamlarning jo‘n turmushidan chinakam drama yasay olish uchun o‘sha hayotda yashab ko‘rish kerak.
2003-yilning kech kuzi. Men u kezlar Iqbol Mirzo bilan Rahmon Qo‘chqor davrasiga ergashib yurardim. Ular esa haftada bir marta Nabijon Boqiyning Do‘rmondagi dalahovlisida osh qilib, tongotar suhbatlar qurishardi. O‘sha davralarning birida meni nima jin urdi-yu O‘tkir Xidirov degan shoir akamizning ko‘cha eshik oldida turgan yap-yangi mashinasini minib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Hali rulga o‘tirmagan men notavon uni beton ustunga qarsillatib soldim. Hovlidan yugurib chiqqan akalar mening ahvolimni ko‘rib indashmadi, biroq o‘rtaga muztarlik tushdi. Kamina esa, Iqbol aka ta’rifi bilan aytganda, mag‘rur qahramondek rulda o‘tirardim.
Mening “sharofatim” bilan hech kimga osh tatimay turganda, ko‘cha tomondan “Nabi, uydamisan?” degan qaldiroqdek ovoz keldi – Shukur aka ekan. “Rahmon bilan Iqbol kepti, bir uramizmi deb chiqyotuvdim, kelgunimcha urib bo‘libsanlar-da...” dedi u ko‘chaga – majaqlangan mashinaga ishora qilib. Uning tashrifimi, kelasolib tagdor hazil qilishimi, hammadan g‘uborni chiqarib yubordi. Adabiy suhbatdan davra qo‘r oldi. Shukur aka mening hozirgacha u haqda eshitgan “afsona”lar ta’sirida paydo bo‘lgan tasavvurimga zid o‘laroq, davra to‘rida chinakam metin qoyadek, o‘zbek adabiyotining muhtasham ustunidek turar, har bir gapini dalillab, salmoqlab gurung berar edi.
U gapiryapti-yu shu vaqtgacha o‘qigan hikoyalarim birma-bir xayolimdan o‘tadi: asarlardagi goh kaklik ketidan poylab yurgan o‘smir yigitcha, goh shahardan qishloqqa borib boychechak teradigan boysunlik, goh qaysidir darada gulxan atrofida o‘tirgan ovchilar – hammasi Shukur aka bo‘lib ko‘rina boshlaydi. Shunda adib guldirak ovozi bilan yana meni hayratda qoldiradi:
– Rahmon, manavi behilarga qara! – deya u hovli girdida tarvaqaylab o‘sib yotgan, har bir mevasi kosadek keladigan daraxtlarga imo qiladi. – Mana shu behilarga qarasam, o‘pkam to‘lib ketadi – rangimi, ustidagi mayin tuklarimi qanaqadir ma’yuslikni eslataveradi menga!
Davradagilar jim qolishdi, oqsoqol kuz tasvirini shu qadar aniq chizib bergan ediki, hatto Nabi akaning ko‘zida yosh g‘iltillab ketdi. Adib hammaning ko‘nglida kuzning faromush lahzalari, ezgin xayollari, otini topib bo‘lmaydigan nedir shikastaliklari bo‘lishini shu birgina ta’rifda ifodalab bergan edi.
Shukur Xolmirzayev o‘sha gurungdan ikki yilcha o‘tib vafot etdi. Qalbimda uning o‘sha chehrasi, qo‘limda tomligi qoldi. Garchi dastavval uch jild (ikki jildda hikoyalar, uchinchisida esselar) nashr etilishi belgilangan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib qissa va romanlari jamlangan 4-5-jildlar ham chiqdi. Oxirgi ikki jildni muallifning o‘zi ko‘rganmi-yo‘qmi, bilmayman, ammo ularni o‘zbek adabiyoti ko‘rdi. Alqissa, adabiyot o‘lmadi, o‘lmagay!..
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Huzunvor xurramlik” mutolaasi.
Adabiyot
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q