Chempion boʻlolmagan bolalar va maydon chekkasidagi qiz – futbolchilar sheʼr “yozganda”


Saqlash
09:42 / 20.06.2025 400 0

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatiga chiqqani, 34 yillik orzuning ushalishi va saralash bosqichining oxirgi turida Qatar terma jamoasi bilan kechgan fantastik oʻyin koʻp fikrlarni uygʻotdi. Bir paytlar shoir akalarimizdan biri “Millat futbolining darajasi uning adabiyoti bilan toʻgʻri proporsional” degandi. Bu biroz bahsli fikr boʻlsa-da, jon bordek. Qanchalik olifta ifoda boʻlmasin, terma jamoa millat umumruhining mikro koʻrinishini oʻzida ifoda qiladi. Shu jihatdan ham oʻzbek futboli haqida soʻz yuritish bevosita millat haqida fikrlashga aylanib ketadi odatda. 

 

Futbolga adabiy motiv sifatida qarash yana koʻplab xulosalarga yoʻl ochadi. Oʻzbek sheʼriyatida shunday asarlar borki, unda lirik qahramon bevosita futbol bilan shugʻullanadi yoki u haqda oʻylaydi. Bu sheʼrlar bugun futbolchilarimiz sharafiga bitilayotgan madhnomalar yoki mamlakatning sportga boʻlgan eʼtiborining qofiyaga solingan ifodalaridan iborat emas. Ularda lirik qahramon tamoman estetik koʻrinish kasb etadi, shoir oʻz lirik kechinmalarini qalamga oladi bu sheʼrlarda.

 

Anvar Obidjon. “PIDBOʻL”

Oʻzbekistondagi ilk futbol jamoasi 1912-yilda Qoʻqon shahrida tuzilgan. Lekin jarayon qanday kechgani koʻpchilikka ayon emas. Fargʻona vodiysiga joylashtirilgan oʻris harbiy garnizonining askarlari xizmatdan boʻsh vaqtlari futbol musobaqalari oʻtkazib turadi. Qoʻqonlik yigitlar bu jarayonni kuzatib, oʻyin qoidalarini oʻrganib olishadi. Maydon masalasi hal qilinsa-da, toʻp topish qiyinchilik tugʻdiradi. Chunki rus harbiylaridan toʻp sotib olish juda qimmatga tushardi. Shunda qoʻqonlik kosiblar oʻzlari charm toʻp yasashni uddalaydilar. Ammo uni havo bilan toʻldirish imkoni boʻlmagani uchun ichiga latta-puttalar solinadi. Keyinchalik harbiylardan haqiqiysi ham sotib olinadi. Shunday qilib, oʻlkamizda futbol degan sport turi yoyila boshlaydi.

 

Bu jarayon haqida sheʼriyatda biror satr qoralanganmi, degan savol bizni oʻylantirdi. Qarangki, ayni shu davr haqida bitilgan bir sheʼrga duch keldik. Anvar Obidjon qalamiga mansub “Kambagʻalbop Gulmatiy” nomli hajviy sheʼriy turkum 20-asr boshlarida yashab oʻtgan Gulmat ismli shoir tilidan yozilgan boʻlib, muallif goʻyoki uning devonini yangi imloga tabdil qilib eʼlon qiladi. Hajviy devonning 37-raqamli “Pidboʻl” gʻazali “1984-yildan tiklandi” deb koʻrsatilishiga koʻra, sheʼr yozilgan sanasi shu yilda ekani anglashiladi. Shoir futbolning yaralish tarixi va oʻris zaminiga kirib kelishini shunday taʼriflaydi:

 

Ingliz otligʻ bir orolcha tarqatibdur, qarang, pidboʻl.

Oʻynar ermish emdi qoʻrqmay Roʻsiyo-la Farang pidboʻl.

Yarasloʻvda sotib pashmak tutildim bu tamoshshoga,

Kangul ochmoq edi ahdim, mani qildi tajang pidboʻl…

 

Bu jamoa hozir Qoʻqonda faoliyat yuritayotgan “Qoʻqon-1912” klubidan butkul farq qilgani shubhasiz. Ilk oʻzbek futbol klubi “Muskomanda”, yaʼni “musulmonlar jamoasi” deb atalgan. Chunki u mahalliy musulmon yigitlardan tuzilgan ilk futbol jamoasi edi. Ular asosan rus garnizoni jamoalari bilan oʻynagan. Shu yerda bir jihat ahamiyatli. Futbol dunyoning turli mintaqalarida turli darajada qadrlanadi. Misol uchun Braziliya aholisi uchun u milliy qadriyatga aylanib ulgurgan boʻlsa, Afrika xalqlari uchun qashshoqlikdan chiqishning eng tezkor yoʻli sifatida qaraladi. “El klassiko” nomini olgan ikki ispan klubining mumtoz raqobati esa futboldan koʻra chuqurroq ildizlarga ega. Ispaniya qirollik oilasi homiyligidagi “Real Madrid” va mamlakatning avtonom hududi boʻlmish Kataloniya jamoasi “Barselona” oʻrtasidagi raqobat saltanat egalari va xalq vakillari kurashi, hukmronlik va ozodlik tarafdorlari qarama-qarshiligiga borib ulanadi.  Ayni shunday “al-mumtoz” bahsi oʻzbek futboliga ham begona emasligini ilk futbol musobaqalari musulmon-gʻayridin, mazlum-zolim, oddiy xalq-bosqinchi harbiylar raqibligida oʻtganida koʻramiz.

 

Muskomanda – 1912

 

Musulmon yigitlarning omadli yurishlari futbolning xalq orasida ommalashib ketishiga sabab boʻldi. Bu esa toʻp va futbol oyoq kiyimi (butsa)ga ehtiyojni oshirib yuboradi. “Muskomanda” aʼzolari aka-uka Roʻzimat va Ismoil Niyozovlar kosiblikda tajribaga ega edi. Ular tez orada toʻp ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. Futbol toʻpining mahalliylashtirilishi juda omadli kechadi va hatto Rossiyaning oʻzidan 400 ta toʻpga buyurtma olinadi. Anvar Obidjon oʻsha davr kishisining koʻzi bilan futbolga baho berar ekan, shunday xulosaga boradi:

 

Tarqasa biz taraflargʻa, qoʻrqamanki, ayo Gulmat,

Oʻshni Shoshga raqib aylab qilur elni garang pidboʻl.

 

Shoir va uning ajabtovur lirik qahramoni bashorat qilganidek, bu yil jahon chempionati uchun kechgan saralash bahslaridagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston terma jamoalari oʻyinlari butun Markaziy Osiyo xalqlari diqqat markazida boʻldi.

 

Usmon Azim. “GARRINCHA”

Katta avlod vakillari uchun Garrincha nomi yaxshi tanish. Asl ismi Manuel Fransisko dos Santos boʻlgan Braziliya terma jamoasi futbolchisi, mamlakat futbol tarixida Peledan keyingi ikkinchi oʻringa qoʻyiladigan isteʼdod edi. Ammo uning ayanchli taqdiri butun dunyo ishqibozlarini larzaga solgandi. Bu larza Usmon Azim ijodida ham boʻy koʻrsatgan. Sheʼr Garrinchaning gol urish jarayonining badiiy tasviri bilan boshlanadi. Uning goldan keyingi kechinmalari, darvoza toʻri karaxtlikda silkinishi, ishqibozlardan biri shlyapasini burdalab otishi, himoyachining gʻijinib qarashi, “magʻlub gʻazablar”ni koʻrishdan bezgan futbolchini doʻstlari Pele va Didi tabriklab yelkasiga qoqib qoʻyishi... Shoir stadion manzarasini shunday chizadi:

 

Raqib yecholmagay xayolida ham

Mening aldashlarim kalavalarin.

Dahoning oʻyini hamisha ulkan,

Sanʼatdir dahoning gʻalabalari…

 

Bu bandda muallif futbol maydonidan yuqorilaydi. Soʻz sanʼatga borib ulanadi. Bir oyogʻi tugʻma kalta boʻlgan Garrincha maydonda sehrgarlik qilib yurar ekan, hakamning hushtagi jaladay boshiga yogʻiladi. Garrincha yiqiladi, lekin toʻp unda: “Garrincha oson oʻlmaydi”. Ammo realda jarohatlar va tartibsiz hayot futbol dahosining zavoliga aylanadi, U Pelening soyasida qolib ketadi. Sheʼrda lirik qahramon futbolchi emas, istalgan sanʼatkor boʻlishi mumkin va unda futbol butkul metaforaga aylanadi. Shoir uchun sheʼr qanday ahamiyat kasb etsa, Garrincha uchun futbol shunday maʼnoga ega:

 

Futbol! Meni asra shu futbol haqqi!

Nahot, xatolarga kunlarim bogʻliq?

Umrim – yuzga nogoh tushgan tarsaki,

Yam-yashil maydonda qoldi daholik!

 

Garrincha – oʻz taqdirini iziga sololmagan daho. Adabiyot olami qancha “garrinchalar”ni koʻrdi? Endi u stadionga qayta kira olmaydi. Oʻyinlarini koʻrib esidan ogʻgan tomoshabinlar endi unga qoʻl siltaydi. Garrinchaning tarjimayi holi Usmon Azimni shu uchun ham taʼsirlantirgan, natijada shoir dunyoning narigi tomonida toʻp tepib oʻtgan dahoni badiiy obrazga aylantirib, oʻzbek sheʼriyati fuqaroligiga qabul qilgan! Usmon Azim Braziliya futbolining vitse-qiroli haqida emas, goʻyoki ichkilik sabab oʻz hayoti va ijodini barbod qilgan bir shoir haqida soʻzlayotgandek. U esa stadion – adabiy jarayon atrofida kezib yuradi, endi bu maydon uni tan olmasligini oʻylab iztirobga tushadi.

 

Garrincha

 

“Garrincha – futbol” birikmasini “shoir – adabiyot” yoki “inson — hayot” deya talqin qilish mumkin va sheʼrning har bir bandida bu oʻzini toʻla oqlaydi. Garrincha stadionga qaraganda, safdoshlari Pele va Didining daldasini sezadi. Usmon Azim mansub adabiy avlod ham oʻzbek adabiyotiga ayni futbolda Pele va Garrinchalar porlagan paytlarda kirib kelgan. Bu avlodning ham oʻz Pele va Garrinchalari boʻlgan. Shu sabab ham shoir “futbol va adabiyot” assotsiativ bogʻlamini muvaffaqiyatli tasvirlaydi, oʻquvchi sezimlarini qitiqlaydi. Futbol va adabiyot muxlislari uchun birdek tushunarli boʻlgan sheʼrga shunday nuqta qoʻyadi:

 

Meni tanimaysan, qilmaysan parvo,

Qoʻy meni… tegrangda biroz kezaman.

Axir, seni koʻrsam, yelkamda nogoh

Pele va Didining qoʻlin sezaman.

 

Sirojiddin Sayyid. “CHEMPION”

Sirojiddin Sayyidning bu sheʼri avtobiografik xarakterga egaligi bilan farq qiladi. Shunday boʻlsa ham futbolga metaforik maʼno yuklangan. Futbolda chempion boʻla olmagan bolalarning hayotda ham “chempion” boʻla olmagani aytiladi:

 

Bizlardan boʻlmadi hech kim chempion,

Sportni tark etdi bolalar koʻpi.

Hanuz meni qiynar u stadion,

Hanuz meni qiynar u futbol toʻpi

.

Lirik qahramon uchun futboldan koʻra, u bergan hislar, u tufayli uygʻongan xotiralar qadrliroq. Futbol, shuningdek, armon va sogʻinch motivlari bilan uygʻun keladi. Futbol haqidagi xotiralar maydon ichidan uning chetiga koʻchadi:

 

Hanuz men qoʻmsayman maydon chetida

Chempion boʻlishim istagan qizni.

 

Shu ikki satrdan keyin muallif yana oʻzining sobiq komandadoshlari qismati haqida oʻylaydi. Chempion boʻlish uchun yelib-yugurgan bolalar goh gʻolib, gohida magʻlub kelaverishadi, ammo chempionlik qoʻl yetmas manzilligicha qoladi:

 

Hayqirdi radio, televizorlar,

Koʻklarga koʻtarib Pelelarini.

Taʼzirin berardi ota-onalar

Futbol, deb yugurgan bolalarini.

 

Shunday soʻng lirik qahramon xotiralardan chekinib, hozirgi hayoti haqida oʻylaydi. Avval qushday uchib yurishiga sabab boʻlgan ketalar (oyoqqa bogʻlangan qanot) oʻrniga hayot ogʻir poyabzallar kiydiradi. Boshqalar-chi? Qani u chempion boʻlishga orzumand bolalar:

 

Changlarga belangan komandam, qani

Chempion boʻlmagan futbolchilaring?

 

 

Ular uchun ham futbol unut boʻlgan, biri tirikchilik oʻrmonlarida yoʻqolgan, biri ilk sevgisi dardida mayxonalarda “chempion” boʻldi, xullas, har kim taqdir bilan murosa qilib yashashga oʻtdi. Endi chempionlik kurashi pul topish musobaqasiga almashgan:

 

Birov puldor boʻlib yashay boshladi,

Birovning baxtiga yetmay qoldi pul.

 

Sheʼrda xotira va bugungi kun qarama-qarshi qoʻyiladi, bu tazod esa sheʼrning ritmini belgilab beradi. Futbol – bolalik, begʻamlik, sof tuygʻular timsoli. Hayot esa uning aksi. Shu uchun ham lirik qahramonga hayotdan koʻra futbolda chempion boʻla olmagani koʻproq alam qiladi. Shoir xotiralar qaʼridan oʻz jamoasini yigʻib, ularning bugungi hayotiga nazar tashlar ekan, bir vaqtda uni boshqa savol qiynaydi:

 

Maydon chekkasida turgan qiz, qani?!

 

Ayni shu savol sheʼrdagi tuygʻular tizginini birlashtiradi. Aslida shu 11 nafar yigit faqat shu qizning olqishi uchun chempion boʻlishni orzu qilishgan, tabassumi uchun kurashishgan. Bolalar hamon hayot maydonida yurarkan, xotiralarni yoritib turgan qiz maydon chekkasida ham yoʻq. Balki, “mayxonalarda chempion boʻlgan” jamoadosh yigitning ilk sevgisi ham shu qiz boʻlgandir… Xullas, sheʼrning oxirgi satri orqali futbolning aslida yetishilmagan sevgi, armon boʻlgan muhabbat timsoli ekani anglashiladi. Butun sheʼr shu bir misra uchun yozilgani va sheʼrning asosiy motivini belgilovchi “maydon chekkasida turgan qiz” syujet maydoni chekkasida turib ham ichkaridagi voqealarga taʼsir qila olgani asarning badiiy jihatdan muvaffaqiyatini belgilagan.

 

Xurshid Abdurashid. Krishtianu Ronalduning Leonel Messiga yozgan maktubi

Katta avlod shoirlari ijodida Garrincha, Pele, Maradona kabi yulduzlar tilgan olingan boʻlsa, hozirgi davr yoshlar sheʼriyatida Ronaldu va Messi eslanadi. Bu ikki “oʻzga sayyoralik” oʻz faoliyatini yakunlagach, ularning oʻyinlarini koʻrib ulgʻaygan bizning avlod ular haqida hali koʻp yozishlari, shubhasiz. Xurshid Abdurashid bu jabhada ildamroq boʻlib “Krishtianu Ronalduning Leonel Messiga yozgan maktubi” sheʼrini yozdi. Butun dunyo shu ikkisini deb ikki qutbga ajralgan paytda ularning oʻzaro sirlashishi qiziq kayfiyat paydo qiladi oʻquvchida. Ammo bu hozirgi oʻquvchi uchun muhim boʻlishi mumkin, keyinchalik uning ahamiyati kamaymasmikan?! Muallifning Ronalduga nisbatan simpatiyasini sheʼr konteksti koʻrsatib turibdi. Oʻzidagi ayrim tanqid qilingan jihatlarni ham futbolchi oqlab ketadi:

 

Balki, rostdir muxlislar gapi,

Sanʼatimga kerilishim bor.

Ammo ona vatan shaʼni deb

Sal koʻz yoshga berilishim bor.

 

Ronalduning futbol haqidagi Messiga aytayotgan fikrlari falsafiylashib boradi. U bu raqobat faqat futbol maydonidaligi, undan tashqarida ham hayot bor ekani haqidagi mushohadalarga aylanadi:

 

Oʻyla, axir, maydonda mangu

Yulduz boʻlib qololamizmi?

 

 

Futbolning shunchaki bir oʻyin ekanini muallif futbolchi-lirik qahramon tilidan bayon qilarkan, undan avval ham, undan keyin ham yulduzlar chiqaverishini aytadi. Futbol qonuni – shu! Hayot qonuni – shu! Futbolchilar kelib ketaveradi, faqat maydon qoladi. Maydon esa dunyoning oʻzi. Shu maydonda haqiqiy sir. Shu sirni shoirlarimiz lirik qahramonga aylangan futbolchilar orqali sharhlab berishadi xolos. Har biri oʻz qahramoni va oʻz talqini bilan:

 

Kel, qoʻlni ber, toʻp tepaverib

Zaxa boʻldi shundogʻam poshna.

Biz shunchaki oʻtkinchi, qolsa

Faqat maydon qoladi, oshna...

 

Mansur Jumayev. FUTBOL (Tarjimaga muhtoj boʻlmagan yagona sheʼr)

Mansur Jumayev adabiy eksperimentlardan choʻchimaydigan shoir edi. Ammo bunday eksperimentlar doim ham eʼlon qilinavermaydi. Bu sheʼrni oʻqiganimda futbolchilarning ismidan musiqiylik yarata olgan muallifning ishi menda ijobiy taassurot uygʻotgan. Shoir uni ijodiy kanalida eʼlon qilib, biroz vaqtdan keyin olib tashlagandi. Oʻzi izohlagandek “tarjimaga muhtoj boʻlmagan” bu bitik futbol shaxslarining umumiy kompozitsiyasidan iborat. Har bir nom ortida bir taqdir bor. Darhaqiqat, futbolni tushunmagan kishi uchun bu tushunarsiz soʻzlar uyumidan boshqa narsa emas, lekin futbol muxlisi uchun bu nomlar turli millatlarning milliy terma jamoalari, futbol klublarining rang-barang formalari, betakror gollar va fintlarni oʻzi bilan ergashtirib keladi. Eksperiment sheʼr futbolda sadoqat timsoliga aylana olgan italiyalik afsona Totti nomi bilan boshlanadi:

 

Totti, Vardi, Ian, Vea, Marta, Rio,

Omar, Igor, Lotar, Kaka, Eysebio,

Di Stefano!

 

Soʻzlar orasidagi ichki musiqa ham italyancha ohanglar beradi. Xuddi shunday keyingi bandlar ham shunchaki futbolchi nomlaridan iborat. Shu xolos. Buning nimasi sheʼr, deysizmi? Buni oʻqigan dunyoning istalgan burchagidagi futbol ishqibozi oʻz mamlakatiga mansub nomni izlaydi yoki oʻzi muxlislik qilgan biror yulduzni. Shu jarayonda shoir oʻquvchini futbol olamiga olib kirib qoʻyadi. Buyuk nomlar orasida adashib qolgan muxlis esa sheʼr oʻqiyotganini esidan ham chiqarib, u nomlar va ularning moʻjizaviy oʻyinlari haqida oʻylay boshlaydi. Bunda sir maʼnoda emas, soʻzlar orqali oʻquvchiga yuqayotgan kayfiyatda. Istalgan matn oʻquvchida lirik kayfiyat, sezimlarini uygʻota oldimi, demak, uning badiiy qiymati bor. Shu sabab yuqoridagi asarni ham sheʼr sifatida qabul qilish mumkin.

 

Yuqoridagi sheʼriy tahlillarni umumlashtirganda, quyidagi xulosalarga kelishi mumkin:

1.     Oʻzbek sheʼriyatida futbol asosiy mavzulardan boʻlmasa-da, turli davrlarda unga murojaat qilingan va bu davom etmoqda.

2.     Sheʼrlarda lirik qahramon ishqiboz, antiishqiboz, futbolchi va shoirning lirik “meni” kabi koʻrinishlarda namoyon boʻlgan.

3.     Futbolchi lirik qahramon sifatida shoir badiiy maqsadiga xizmat qiladi.

4.     Futbol, stadion, futbolchi assostioativ aksariyat hollarda ravishda metaforik maʼno kasb etadi.

 

Suhrob ZIYO,

OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

17:07 / 11.07.2025 0 69
Qanday qilib arzonroq sayohat qilish mumkin?

Vatandosh

13:07 / 11.07.2025 0 154
Tomchi effekti – ikki doʻstni oʻzgartirgan sayohat





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//