Sherdor madrasasidagi sher tasviri nimani anglatadi?


Saqlash
15:17 / 17.06.2025 8 0

Qadimiy Xorazm, Sug‘d, Baqtriya va keyinchalik Turk xoqonligi davrida sher hukmdor qudrati va xalqni himoya qiluvchi sifatida tasvirlangan. 

 

Xo‘sh, bu ramzning ildizi qayerga borib taqaladi?

 

Aslida bu sher Samarqand ramzi hisoblanadi. Arslon timsoli Samarqand yerlariga eronliklar tomonidan olib kelingan, ammo arablar va turklar davrida uning o‘rnini qoplon timsoli egallagan.

 

Qadimgi tarixchi Abusaid Ibn Muhammad Idrisning yozishicha, Samarqand shahriga asos solinganda Zarafshon tog‘laridan qoplon tushib, devorlarni aylangan. Go‘yoki qurilishga o‘z roziligini berib, yana iziga qaytib ketgan. Shundan beri qorqoplon Samarqand shahri timsoli hisoblanadi. Haqiqatdan ham samarqandliklarning ramzi sifatida me’morchilik, haykaltaroshlik va hunarmandchilik mahsulotlarida qoplon tasvirlangan. Shuningdek, shaharning rasmiy gerbida qanotli qoplonni ko‘rishimiz mumkin. Uning eng mashhur surati Sherdor madrasasida joylashgan. Sherdor nomidagi “sher” so‘zi ham bejiz emas. Madrasa peshtoqini bezab turgan, ortida quyosh bilan tasvirlangan sher hukmdorni ifodalaydi. Uni yer va osmon ustidan hukmronlik qiluvchi kuch bilan tenglashtiradi.  

 

Samarqand shahri tarixi XVII asrning birinchi yarmida, ashtarxoniylar sulolasining olchin urug‘idan chiqqan o‘zbek zodagonlarining yirik vakili Yalangto‘sh Bahodirning faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

 

Samarqandda ashtarxoniylar davrida Yalangto‘sh Bahodir ta’siri sababli qurilish ishlari yanada jonlanadi. Ushbu ma’rifatparvar va saxovatpesha hokimning bevosita tashabbusi va farmoni bilan Registon maydonidagi vayronalikka yuz tutgan hashamatli Mirzo Ulug‘bek madrasasida ta’mirlash ishlarini olib borish hamda batamom buzilib ketgan Mirzo Ulug‘bek qurdirgan xonaqoh, Mirzoyi hammomi va karvon saroylari o‘rnida ikkita hashamatli inshoot – Sherdor madrasasi (1619–1636) va Tillakori madrasa-masjidi (1646–1660) bunyod etilgan. Buzib yuborilgan diametri 15 metr bo‘lgan katta gumbazli xonaqoh o‘rnida Mirzo Ulug‘bek madrasasining nusxasi sifatida unga qarama-qarshi turgan Sherdor madrasasi bunyod etilgan. Sherdor madrasasining peshtoqi Mirzo Ulug‘bek madrasasi peshtoqi bilan asosan bir xil, binolar bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, sifat va me’morchilik jihatidan farq qiladi.

 

Sherdor madrasasi sathi 70x57 metr, ya’ni to‘rt burchakli shaklda bo‘lib, hovlisi ikki qavatli hujralar bilan o‘rab olingan, ularning soni 52 ta, hovlining burchaklarida darsxonalar joylashgan. Ammo bu obidada masjid yo‘q, janubi-g‘arbiy darsxona esa ziyoratxona hisoblangan, chunki unga tashqi tomondan bevosita Imom Muhammad ibn Ja’fari Sodiq mozori maqbarasi tutashgan.

 

Sherdor madrasasi fasadidagi minora va gumbazlari Ulug‘bek madrasasiga o‘xshash, ammo orqa tomondagi fasadlar burchagi guldasta minoralar bilan o‘ralgan. XVII asrga kelib yer sathi madaniy qatlamlarining ko‘tarilishi tufayli XV asrdagi dastlabki yer sathidan ikki metrga yaqin baland ko‘tarilgan. Ana shuning uchun bir muncha past ko‘ringan Ulug‘bek madrasasining qisqargan shaklidek barpo etilgan. Sherdor madrasasi qurilganda XVII asr me’morchiligiga xos ancha yangiliklar qo‘llanilgan, qurilish jarayonini tezlashtiruvchi va arzonlashtiruvchi ilg‘or usullardan foydalanilgan, ammo badiiy bezaklarning ta’sir kuchi bir muncha pasayib ketgani sezilib turibdi. Lekin ranglarning o‘z o‘rnida ishlatilgani va ayrim pannolarning g‘oyat nafis bajarilgani bu yodgorlikni yaratgan me’mor va naqqoshlarning yuksak mahoratidan dalolat beradi.

 

Naqshlar butun obida yuzini qoplagan. Ularda chok, yirik xandasaviy suls, kufiy yozuv naqshlari va gul bandlari tasvirlarda uyg‘unlashgan bo‘lib, faqatgina Samarqand obidalariga xos tarzda ishlangan. Aynan shu usul Samarqand me’moriy bezaklar maktabini tashkil qiladi.

 

Ulkan peshtoq ravog‘i tepasidagi timsol diqqatga sazovordir: Qizg‘ish zarhal sher oq ohuni quvib ketmoqda. Quyosh bodomqovoq, kiyik ko‘zli doira shaklida tasvirlangan. Uning yuzi esa zarhal yog‘du bilan hoshiyalangan.

 

Butun kompozitsiyasi zangori asosda bo‘lib, firuza va zarhal bo‘yoqlar bilan tasvirlangan hamda bir-biriga chirmashib ketgan navdalar, ochilib yotgan oq gullardan iborat. Ana shu ajoyib tasvir tufayli u Sherdor nomini olgan, ya’ni Sherlarga ega bo‘lgan mumtoz musulmon astronomiyasida quyoshning Asad burjida Sher ustida bo‘lishi sa’d, baxtiyor zamonga belgidir. Bundan ushbu binoning abjad hisobida: Yalangto‘sh – 816, Bahodir – 212, jami 1028 hijriy hisobi, milodiy hisobda 1619 raqamining kelib chiqishi Sherdor madrasasining qurilishi 1619-yilda boshlanganiga ishoradir.

 

Madrasa hovlisining dekorativ bezalishi ham uning tashqi devorlari singari boy va xilma-xildir. Madrasa devorlariga bitilgan yozuvlarga uni yaratgan mashhur me’morlar usta Abdu Jabbor va o‘ymakor naqqosh Avaz Samarqandiy nomlari ham yozib qoldirilgan.

 

Sherdor madrasasi haqida Mahmudxo‘ja Behbudiy

 

Ushbu madrasai oliya Turkiston podsholaridan Imomqulixon hazratlarining davrinda sipohsolor va ham Samarqandg‘a voliy bo‘lg‘on Abdulkarim Yalangto‘sh Bahodir tarafindan bino qilingandur.

 

Yalangto‘sh Bahodir Samarqand askari ila Xuroson va Mashhadni istilo etib, ul tarafdan kelturg‘on amvol, g‘anoyim ila Samarqandg‘a ushbu Sherdor va ham Tillakori madrasalarini bino etibdur. Bu madrasalar doxilan va xorijan chiniy mulavvi koshi ila ziynat berilib koshilarining aksari go‘yo bugun usto va san’atkor qo‘lidin chiqg‘on kabidur.

 

Tarix binosi Sherdor madrasasini doxiliy va g‘arbiy toqinda chiniy muzoyiq ila zerdagi vajh uzra nazman yozilgandur...

 

Sherdor madrasasining madxali va jabhasi g‘arbdagi Madrasai Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragoniy madrasasi mohazisinda mutavajjih va ikkisi yuz ba yuz bir shaklda bino qilingan. Ikkisi fosilasi yuz arshin va orasi tosh farsh qilingan vasi’ bir maydondurki, Registon atalur.

 

Registonning shimoli va janubi katta yo‘l bo‘lub, shimolidagi kanorinda boloda zikr qilingon ikki madrasa rukn va zoviyalariga muqobil Tillakori madrasasi mabnidur. Sherdorning samti xorijdan haddi g‘arbiya va sharqiyasi 82 arshindan, shimoliy va janubiy jihatlari 95 arshindan bo‘lub, jam’an 779 murabba’ arshin yerni muhtaviydur.

 

Sherdorning sahni doxiliyasining g‘arbiy va sharqiy hadlari 54 arshindan, shimoliy va janubiy taraflari 52 arshindan bo‘lub, vus’ati 2808 murabba’ arshin va yeri marmartosh ila farsh bo‘lub, to‘rt jihatdan hujralar va to‘rt katta ravoqning jabhasi ushbu murabba’ sahnga mutavajjih va nafsi imoratning o‘rni 4910 murabba’ arshin yerni shog‘ildur. Madrasa ikki oshiyona bo‘lub, 64 hujra, ikki katta darsxona, doxilan to‘rt katta toqni mujtamildur...

 

Peshtoqning xorijiy jabhasinda mehrobning ikki tarafinda bir-birig‘a muqobil ikki sher (arslon) shaklini musattah chiniy va koshilar ila arslon rangida mulavvan tasvir qilingani uchun Madrasai Sherdor atalibdur. Arslon naqshasining asari bu kunda ham ma’lumdur. Madrasa va minoraning boshqa jihatlarinda tasvir yo‘q va aksariyat ila oyati hadis va tarixi abyotni marmarlarg‘a muzoyiqlangan va koshi mulavvan chiniylar ila yozilgandur. Madrasa minora va qubbalarining butun sathini arab, eron, hind uslub naqqoshisi uzra mulavvun chiniy va rangorang koshi ila nihoyat nafis suratda naqshlangandurki, to‘rt asr bo‘lgan bo‘lsa ham koshilar oftob va oy nurini aks etdurar va ko‘zni qamashdurar.

 

Minora madxalig‘a yetgandan so‘ngra minora ichindagi 56 zina vositasila minoraning sharafasi ustinda minilur. Endi ushbu buyuk minora ustidan Samarqand firdavsmonandining zumurraddin bog‘-u bo‘stonlari, xushohang latif nahrlari, to‘g‘ri va avajojlik yo‘llarini tamosho etib, Samarqand shahri ofoqning atroshom, sog‘lom, nafis havosini shimitmali va bu muborak ofoqdagi yuzlar ila tariz tog‘ parchalaridek madrasa, daxma, qubba, masjidlarni sayr qilmali.

 

U muborak qubba, daxma va buq’alar boniy va sokinlarining moziyg‘a madfun va mujassam tarixiy va diniy qahramonliklarini yod etib, bahri taommiqig‘a mahv va g‘arq o‘lmali.

 

Prezident tashabbusi bilan barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Xonliklar davri” ekspozitsiyasidan Registon maydoni maketi o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//