“AQSh ta’lim tizimi biznikidan ancha farq qiladi”. Okeanortida yashayotgan Sobirjon Mo‘minovning Amerikaga ketish tarixi va davom etayotgan ijodi haqida


Saqlash
15:12 / 27.12.2021 1558 0

Oyina.uz’ning bugungi mehmoni – hozirda Amerikada yashab, ijod qilayotgan  o‘zbek xalqining sevimli xonandasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sobirjon Mo‘minov. O‘zbek san’atining okeanortida tanilishiga hissa qo‘shib kelayotgan san’atkorimiz bilan Amerikaga ketish tarixi, u yerda ta’lim olayotgan farzandlari, boshqa davlatda ham to‘xtamagan ijodi va yurt sog‘inchi haqida suhbatlashamiz.

 

– Amerikaga ketish hikoyangiz, oilangiz, okeanortidagi bugungi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

 

– Boshqa yurtga non-tuz nasibamiz qo‘shilishiga sabab, o‘g‘lim Amerika va Germaniyadagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga topshirib, bir necha universitetga qabul qilindi. Keyin Amerikani tanladi. O‘qishga ketish chog‘ida bir o‘zi ketgisi kelmadi.  “Green Card” yutganimiz va o‘g‘lim o‘qishga kirgani bizni turmush o‘rtog‘im bilan birga bolalarni yolg‘iz qoldirmasdan, ota-onalik vazifamizni yanada mas’uliyat bilan bajarish uchun ko‘p halovatlardan kechib, shu yerga kelishimizni taqozo kildi. Bu ham Allohning bizga bergan ne’mati. Undan to‘g‘ri va unumli foydalanishga qo‘limizdan kelgancha harakat qilyapmiz, sabr bilan borib kelib yuribmiz.

 

 

– Bilamizki, Amerikada bo‘lishingizga qaramasdan faoliyatingiz to‘xtab qolgani yo‘q. O‘zbekistondan tashqarida o‘zbek tilida ijod qilishning o‘ziga xosliklari qanday?

 

– AQShda hozirda kompaniyamiz bor, unda o‘z yurtdoshlarimizga yaxshi kunlarida xizmat qilish, elchixona, o‘zbek jamiyatlarida turli bayram-tadbirlarida ijodimiz bilan ishtirok etish asosiy vazifa qilib belgilangan. Amerikada ham o‘zbekona to‘ylar bo‘ladi, bundan tashqari, O‘zbekistondagi barcha milliy bayramlar vatandoshlar ishtirokida o‘tkaziladi. Ana o‘sha kompaniyada faoliyatimni, ijodimni davom ettirib kelyapman. Bir nafar farzandim Toshkentda. Uch farzandim Amerikada, hozirda o‘qib, ishlab, ilm olishda davom etishmoqda.

 

 

– Doimo xalq xizmatida, ardog‘ida bo‘lgan san’atkor uchun Vatandan uzoqda yashash, ijodni davom ettirish qanday kechdi? Qiyinchiliklar, O‘zbekistondagi sahna sog‘inchi va boshqa davlatga moslashish haqida to‘xtalsangiz.

 

– Albatta, avvaliga sal farqlari sezilarmikin deb o‘ylagandik,  ammo bu yerda ham vatandoshlar bilan konsert va tadbirlarda, to‘ylarda ko‘p birga bo‘lganimizgami, xuddi O‘zbekistonda yurgandek bo‘ldim. Lekin tug‘ilib o‘sgan joyimda faoliyat yuritganim men uchun afzalroq. Bilmadim, bunga yosh ulg‘aygani sari o‘z yurtimizni sog‘inishimiz, yanada ko‘proq sevganimiz sabab bo‘lsa kerak. Bolalar o‘qishlarini tugatgach, albatta, Toshkentga qaytamiz, ungacha biz ota-onalar oldida voyaga yetmagan farzandlar nazoratini kuchaytirib, bilim olishiga e’tibor berish majburiyati turibdi.

Ko‘rib turganingizdek, Amerikada ham ijodimning boshqa qirralarini ochishda davom etmoqdaman. Vatan sog‘inchi, yaqinlar, do‘stlar diydori, dushmanlar ozori va sevgi-muhabbat mavzulari olis yurtdan turib ijod qilishimga undamoqda.

 

 

– Amerika ta’lim tizimida o‘qiyotgan farzandlaringizni kuzatib bizdagi ta’lim o‘rtasida qanday farqlarni ko‘ryapsiz?

 

– AQSh ta’lim tizimi har tomonlama bizdan ancha farq qiladi. O‘rganishimiz kerak bo‘lgan omillar ko‘p. Darsliklarning tuzilishida bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Asosiysi, bolaning bilim darajasiga qarab qo‘shimcha darslar qo‘yilishi va ularga alohida e’tibor bilan o‘rgatilishi juda ham yoqdi. Lekin o‘quvchilarga berilgan o‘ziga xos erkinliklarning ba’zi jihatlari insonni quvontirsa, ba’zilari bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi.

Har yerning o‘z tosh-u tarozusi, yaxshi va yomon tomonlari bo‘lishi tabiiy, ammo  to‘g‘ri yo‘lini tanlab yurish insondagi tarbiya va e’tiborni yoshlikdan kuchaytirishga bog‘liqdir.

 

 

– Qo‘shiqlar uchun she’rni qanday tanlaysiz? O‘zbek ijodkorlari orasida kimlar bilan aloqa qilib turasiz? Amerikada ham ijoddagi raqobatni sezasizmi?

– Qo‘shiqlar uchun she’rlarni asosan kitoblardan olaman va hozirgi zamondosh shoirlarimiz o‘zlari she’rlarini tavsiya qilishadi, ba’zida esa kerakli mavzuda shoirlarga buyurtma berib yozdiraman.

Ijodda raqobat doim bo‘ladi, ammo uning sof bo‘lgani baribir yaxshi. Men hamisha to‘xtovsiz ijod qilib kelaman, raqobat deb boshqalar kabi birovlarni ishga solib, qabih yumushlarni qilib, nohaqliklar evaziga nimagadir erishishni umuman tanamga sig‘dira olmayman. Bir maromda Allohga tavvakkal etib, yangi ixtirolar – ijodlarga qo‘l uraveraman. Qolgani Alloh nimani ravo ko‘rsa, shukur qilib, ajrini olib o‘z yo‘limda davom etaveraman.

Ancha aytilmagan qo‘shiqlar tayyorlaganman, yaqin kunlarda Toshkentga borib, muxlislarga taqdim etish niyatidaman.

 

 

  Vatanga qaytish haqida siz va farzandlaringiz rejalari qanday?

 

– Bolalar o‘qishlarini tugatgach, albatta, O‘zbekistonga qaytib, har birimiz o‘z sohamiz bo‘yicha Vatanimiz rivojiga hissamizni qo‘shishda davom etish niyatida, harakatidamiz.

Yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan 2022-yil bilan chin dildan tabriklayman. Yangi yil har birimiz uchun Allohning marhamatlariga, fayz-u barakalariga to‘laversin. To‘y-u tantanalarda va tadbirlarda, xursandchiliklarda ko‘rishib yurish baxti davomiy bo‘lsin.

 

Оyina.uz” muxbiri

Zulxumor ORIFJONOVA suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19268
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16262
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi