
Bir hakim sahroda sayr etib yurarkan, nogoh oʻz patlarini yulayotgan tovusni koʻrib qoldi va unga dedi: “Ey tovus! Shunday ajoyib, koʻrkam patlaringni qanday qilib shafqatsizlik bilan tub-tubidan yulyapsan? Shunday noyob, qimmatbaho narsani yulib, loyga uloqtirishga qanday jurʼating yetdi? Har bir pating nodir va chiroyli boʻlgani uchun hofizlar uni Qurʼon sahifalari orasiga qoʻyadilar. Havoni foydali harakatlantirish maqsadida patlaringdan yelpigʻich yasaydilar. Bu qanday noshukurlik, bu qanday qoʻrquv bilmaslik? Uning Naqqoshi kim ekanini nahotki bilmasang? Yoki bila turib noz qilyapsanmi? Bu bezaklarni ataylab yulyapsanmi?
Tovus yigʻidan toʻxtab dedi: “Ket bu yerdan, chunki sen rang-u hid asirisan! Mana shu qanotlarim tufayli menga toʻrt tomondan yuzlab xavf-u xatarlar yogʻilayotganini nahotki koʻrmayotgan boʻlsang! Shu patlarimni deb har yerda menga tuzoq qoʻyayotgan rahmsiz ovchilarning son-sanogʻi yoʻq! Qanotlarimni deb, menga moʻljallangan oʻqlarini boʻshatayotgan yoyandozlar ham istagancha topiladi. Toki menda bu hukmga, bu hamlaga, bu sinovga qarshi kuch va iqtidor yoʻq ekan, togʻ-u sahrolarda xatardan yiroq boʻlishim uchun xunuk va badbashara boʻlganim afzalroqdir. Bu qilgan ishim manmanligimga, oʻzimga bino qoʻyishimga qarshi qurolga aylandi. Axir manmanlarga, takabburlarga yuzlab balolar yogʻdiradigan ham ularning manmanligi, takabburligi emasmi!”
* * *
Qobiliyat – tuzoq ichidagi donni koʻrib, tuzoqni koʻrmaydigan xomlar uchun halokatdir. “Allohdan qoʻrqing!”[1] daʼvatiga binoan oʻzini boshqarganlar uchun tanlov yaxshidir. Taqvo-yu parhezing boʻlmasa, ehtiyot boʻl! Oʻshanda asbob-uskunalarning bahridan oʻtib, tanlovdan voz kech. Patlarim oʻzni namoyon qilishim va tanlovimdir; patlarimni yulaman, axir ular boshimga balo yogʻdiradi! Sabri borlar oʻzlarining patlari bilan hisoblashmaydi, chunki patlari ularni balo va iztirobga giriftor etmaydi. Shunday ekan, patlari zarar keltirmaydiganlarga: “Ularni yulmagin!” deb ayt. Ularda uchayotgan oʻqlarni toʻsguvchi qalqoni bor. Ammo, toki oʻzimni namoyon qilishdan tiyilmas ekanman, chiroyli patlarim mening qattol dushmanlarimdir. Agar sabr-u kamtarligim men uchun rahnamo boʻlganda edi, tanlov imkoniyatidan ulugʻvorligim va shonim yuksalgan boʻlardi. Men xuddi goʻdak yoki mastga oʻxshayman: vasvasa ichra qoʻlim tigʻ tutishga loyiq emas. Agar menda jindak aql va barqarorlik boʻlganida edi, qilich mening qoʻlimda gʻalaba keltiruvchiga aylanardi. Menga quyoshdek nur taratguvchi, tegishli ravishda, zarur boʻlgandagina tigʻ bilan zarba beruvchi aql kerak. Modomiki, menda yarqiroq aql-u idrok va mulohazakorlik yoʻq ekan, qurol-yarogʻimni quduqqa tashlashdan oʻzga ne ilojim bor? Ayni damda qilich va qalqonimni quduqqa tashlayman, aks holda ular dushmanimning quroliga aylanadi, kuch, madad va tayanchim yoʻqligi boisidan dushmanlarim qilichimni mendan tortib olib, u bilan oʻzimga zarba beradi. Men yuzini yashirmagan, tuban xulq-atvorli nafsga qasdma-qasd ravishda, jamoli va kamolini kamaytirish uchun oʻz yuzimni yulaman. Qachonki, yuzimni goʻzallik tark etsa, koʻngilsizliklar va noqulay vaziyatlarga kamroq duchor boʻlaman. Agar men uni shu niyat bilan tirnasam, bu gunoh sanalmaydi, chunki bu yuzni jarohatlar ostida yashirishim kerak! Agar yuragim kamtarona xulq-atvorli boʻlganida edi, goʻzal chehram poklikdan oʻzga narsa paydo etmagan boʻlardi. Oʻzimda qudrat, qobiliyat, mulohazakorlik koʻrmaganimdan soʻng, dushmanimni koʻrgach, qilichim unga qoʻshimcha chora, vosita boʻlmay, xanjarim oʻzimga halokat keltirmay burun tezlik bilan qurollarimni sindirdim. Toki tomirimda qonim aylanar ekan, men qochaman. Oʻzdan qochish osonmi? Kimki boshqa birovdan qocharkan, undan uzoqlashgach tinchlanadi. Menkim, oʻzimga oʻzim dushman ekanman, qochish bilan ovoraman. Dam-badam irgʻib turish va qochish bir umrlik mashgʻulotimdir. Zero, dushmani oʻzining soyasi boʻlgan kimsani Hindda ham, Xoʻtanda ham xavf-u xatarlar taʼqib etaveradi.
Xulqi yomon kimsalarning ilm, molu davlat va martabaga ega boʻlishi ularga isnod keltirishi
Feʼlu atvori buzuq odamga ilmu hunar oʻrgatish – qaroqchining qoʻliga qilich tutqazish bilan barobar. Mast zanjining ilkiga tigʻ bergandan koʻra, nokasning qoʻliga ilmni topshirib qoʻyish chandon afzalroqdir. Ilm, mol-u mulk, yuqori mansab, yuksak martaba, omad – barchasi feʼl-u atvori buzuq odamning qoʻlida fitna hamda ofat quroliga aylanadi. Bu yovuz feʼl-atvorli kimsaning qoʻlidagi qilichini tezda tortib olgin. Yuksak lavozimning johillar bilan qilgan sharmandaligini yuzlab sherlar toʻdasi qila oladimi?! Nodon kimsa kuch-qudratga yoki boylikka yetmagunga qadar uning nuqson va illati koʻrinmaydi. Ammo u harakat qilish imkoniga ega boʻlganda nuqs-u illatlari yoriqdan ilonday sudralib chiqib keladi. Nodon farmoyishlar beruvchi shohga aylangach, u qaror topgan joy ilonlar va chayonlarga toʻlib ketadi.
Martaba va mol-u mulkka ega boʻlgan nokas kimsa hamisha oʻz badnomligini axtaradi: yo baxillik qilib kam ehson qiladi, yoki oʻrinsiz saxovat koʻrsatadi. Ahmoqning inʼomi – shohni piyodalar xonasiga qoʻyishdan boshqa narsa emas. Hokimiyat gumrohning qoʻliga tushib qolsa, u bu jarayonni yuksak maqom deb oʻylaydi, aslida esa u chuqurga qulayotgan boʻladi. Yoʻlni bilmay turib, yoʻl koʻrsatadi, qabih joni butun olamga fitna soladi.
Maʼnaviy qashshoqlik yoʻlidagi turmush tajribasiga ega boʻlmagan mishiqining rahnamolikni oʻz zimmasiga olishi – turli shakllarga kirib, odamlarni yoʻldan adashtiruvchi jinning yoʻl koʻrsatishiga oʻxshaydi. Uning oʻzi oyni hech qachon koʻrmagan boʻlsa-da: “Kelgin, men senga oyni koʻrsatay!” deydi. Qanday koʻrsatasan? Axir oʻzing hatto suvdagi oy aksini ham koʻrmagansan-ku, ey esi past! Ahmoqlar daho boʻldilar va allomalar vahm-u qoʻrquvdan boshlarini chakmonlariga burkab oldilar.
Jaloliddin RUMIY,
“Maʼnaviy masnaviy”dan hikoyatlar
Nasriy bayon mualliflari:
Odil IKROM va OYDINNISO
[1] “Oli Imron”, 200-oyatga ishora.
Til
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Tarix
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q