Qo‘qon xonligidan olib ketilgan nodir kitoblar


Saqlash
18:13 / 10.06.2025 167 0

Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligi hududlarini birin-ketin ishg‘ol etar ekan, istilochilar o‘z tasaruffiga olgan yerlardagi ko‘plab boshqa qimmatli boyliklar qatorida qo‘lyozma kitob jamg‘armalarini  ham qo‘lga kiritgan edilar.  Imperiya ma’muriyati xonlikdagi kitoblarni yig‘ib olish masalasini hali bu hududlarni egallamasdan oldin rejalariga kiritgandilar deyishga asos bor: bunday maqsadlari bo‘lmaganda sharqshunos A.L.Kunga K.P.Kaufman tomonidan hali to‘liq bosib olinmagan Qo‘qon xonligi hududlaridan qo‘lyozma kitoblarni yig‘ib olish topshirig‘i berilmagan bo‘lardi.

 

Sharqshunos A.L.Kun bilan birga Qo‘qondan qo‘lyozma kitoblarni yig‘ib olish ko‘rsatmasi general G.A.Kolpakovskiyga ham aytilgan edi. G.A.Kolpakovskiy rus bosqinchilarining Qo‘qon xonligi hududlarini bosib olishga qaratilgan harbiy harakatlari ishtirokchisi va qo‘shin qo‘mondoni bo‘lib, bir muddat Turkiston general-gubernatorligini ham boshqargan.

 

General G.A.Kolpakovskiy boshliq rus harbiylari Qo‘qonni egallash uchun harbiy harakatlarni amalga oshirar ekan, bu orada K.P.Kaufman general G.A.Kolpakovskiyga quyidagi mazmundagi telegramma yuboradi: “Birinchi imkoniyatdanoq Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijondan sharq qo‘lyozma asarlar va turkiy tilda daftar deb nomlangan yozuvlarni talab qilib oling”.

 

Ushbu topshiriqqa asosan general G.A.Kolpakovskiy Qo‘qondan fiqh, huquqshunoslik, tibbiyot, geografiya, tilshunoslik va tarixga oid sharq tillaridagi asarlarni yig‘ib oladi va ularning ro‘yxatini tuzgan holda Toshkentdagi Ommaviy kutubxonaga uzatadi. Bir muddat Toshkentda saqlangan mazkur kitoblar K.P.Kaufmanning so‘rovi bilan Sank-Peterburgga yuboriladi, u yerdagi imperator Ommaviy kutubxonasiga topshiriladi. Ta’kidlanganidek general G.A.Kolpakovskiy qo‘lga kiritgan kitoblar jamg‘armasining ro‘yxatini ham tuzgan edi. O‘zbekiston Milliy arxivi fondida saqlanuvchi ushbu ro‘yxatda nomi keltirilgan 119 ta kitoblarning o‘zbek tilidagi nomlanishi va ularning taqdiriga oid ma’lumotlar mazkur mavzuga oid arxiv hujjatlarini tadqiq etish orqali N.Mirzayev, M.Isaqovalar tomonidan o‘rganilgan.

 

General G.A.Kolpakovskiy bilan birgalikda Qo‘qon xonligidan kitob jamg‘armalarini yig‘ib olishda rus sharqshunos olimi N.Pantusov ham ishtirok etgan edi. N.Pantusov Qo‘qonda qo‘lga kiritgan manbalari va o‘zi guvohi bo‘lgan voqealar asosida Turkiston general-gubernatorligining  nashri “Туркестанские ведомости” gazetasining bir nechta sonlarida xonlik tarixiga oid qator maqolalarni e’lon qiladi. Qo‘qon xoni arxivi, “Tarixi Shohruxiy” asari, xonlik soliq tizimi, aholi mashg‘ulotlariga oid mazkur maqolalar orasida  “Туркестанские ведомости”ning  28–37-sonlarida “General-leytenant G.A.Kolpakovskiy Qo‘qon shahrida qo‘lga kiritgan ajoyib sharq qo‘lyozmalarining tavsifi” nomli maqolasi ham bor edi. Maqolaga ko‘ra 1876-yilning fevral oyida Qo‘qon shahrida Janobi oliylari (G.A.Kolpakovskiy) topshirig‘i va mablag‘lari hisobidan N.Pantusov ko‘plab sharq asarlari to‘plamini qo‘lga kiritadi va olingan asarlar orasida ilm-fan uchun muhim deb hisoblagan 4 ta asarning tavsifiy belgilari haqida to‘xtalib o‘tadi.

 

Dastlab Muhammad Vafo Karmanagiyning hijriy 1180-yilda ko‘chirilgan “Тухфетуль-хани или Тарихи-Рахимъхани”  (“Tuxfatul xoniy” yoki “Tarixi Rahimxon”) asari mazmuni haqida  qisqacha ma’lumotlar berib o‘tiladi va bu asarni N.Pantusov Qo‘qonda qo‘lga kiritgani, shuningdek Sankt-Peterburgda uning yana boshqa nusxalari ham mavjudligi ta’kidlanadi.

 

Ikkinchi asar katta hajmli, fors tilida yozilgan Faxruddin Aliy Safiy bin Husayn Voiz Koshifiyning “Решхатъ” (“Rashahot aynu-l-hayot” (“Hayot bulog‘i tomchilari”) asari bo‘lib, unda islom olamida mashhur bo‘lgan tasavvuf tariqatidagi avliyo zotlarning tarjimayi hollari, ular bilan sodir bo‘lgan voqealar yoritilgan. Kitob Qo‘qon bozoridan sotib olingan.

 

Uchinchi asar fors tilidagi “Тарихче” (“Tarixcha”) asari bo‘lib, 1243-yilda Buxoro shahrida Nasrulloxon davrida yaratilgan. Unda Amir Temurdan boshlab yana ko‘plab mashhur kishilarning tarjimayi holiga oid ma’lumotlar uchraydi. Ushbu asarning yana bir nusxasi Toshkent shahridan ham topilgan.

 

To‘rtinchi manba “Тарихи Миръ-Сеиди-Шерифъ-Мевляна-Рокимъ” asari bo‘lib, ushbu asar “Tarixiy tomm”, “Tarixi Roqimiy, “Tarixi Roqim”, “Tavorixi Mir Sayyid Sharif Roqim”, “Tarixi kasira” nomlari bilan mashhur va ma’lum. Asarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari keng tarqalgan bo‘lib, unda Amir Temur va temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davrida yashagan hukmdor va allomalar, ularning hayoti va faoliyati, ulkan bunyodkorlik ishlari haqida tarixiy faktlar mavjud. G.A.Kolpakovskiy qo‘lga kiritgan asarning nusxasi katta hajmli, xati chiroyli, matndagi sanalari rangli siyohlar bilan bitilgan. “Туркестанские ведомости”ning  28-sonida nomi keltirilgan kitoblar yuqoridagilardan iborat bo‘lib, bu N.Pantusov maqolasining birinchi qismi edi, maqolaning ikkinchi qismida yana 8 ta qo‘lyozma haqidagi ma’lumotlar  berilgan bo‘lib, nashrning 32-sonida e’lon qilingan.

 

Beshinchi manba balxlik tarixchi olim Muhammad Yusuf Munshiy ibn Xoʻja Baqoning “Тарихи Мукимъ-хани(“Tarixi Muqimxoniy”) asari. Asar Balx xoni Abu Muzaffar Said Muhammad Muqimxon (1702–1704)ga bag‘ishlab yozilgan. Qo‘qon shahrida N.Pantusov tomonidan sotib olingan ushbu kitob nusxasi Abul Hasan Xalilullohning “Rusumul muluk” (“Podshohlarning odatlari”) asari bilan bir muqovaga olingan edi.

 

Oltinchi asar qomusiy harakterdagi Aminiddinxon Hirotiyning “Рашахатуль-фунунъ(“Rashonax ul-funun”) asari bo‘lib, asar Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb davrida Hindistonda fors tilida yozilgan. Kichik hajmda 284 varaqdan iborat ushbu asarning boblari ilohiyot, hadis ilmi, fiqh, falsafa, tibbiyot va katta qismi 93–284-sahifalari umumiy tarixga bag‘ishlangan.

 

Yettinchi asar “Тарихи-Джеганъ-Нюмай(“Ta’rixi Jahonnamoyi”) asari bo‘lib, 131 varaqdan iborat, fors tilida nasx xatida bitilgan. Muallifi noma’lum. Asarda G‘arb mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va yana boshqa davlatlar tavsifi berilgan bo‘lib, ayniqsa Hirot shahri haqidagi ma’lumotlar ko‘proq bayon etiladi. Hirot haqidagi ma’lumotlar ko‘proq joy olganiga ko‘ra asar muallifini hirotlik deb taxmin qilish mumkin.

 

Sakkizinchi asar “Тарихи-Джегангири(“Ta’rixi Jahongiriy”) asari bo‘lib, asar Hindiston va Qobul hukmdori Nuriddin Muhammad Jahongirga atab shunday nomlangan. Unda avg‘on xalqi tarixi, Ko‘histon va Sulaymon tog‘i haqidagi ma’lumotlar bor. Asar katta hajmli 3 qismdan iborat, tugallanmagan. 1178-yil jumadul avval oyining 19-kunida kitobat bo‘lgan.

 

To‘qqizinchi diniy mazmundagi “Тарихи-Заркумъ(“Tarixi Zarqum”) asarining bayoni bo‘lib, u Iroq podshohi Zarqum haqidagi hikoyalardan iborat.

 

O‘ninchi “Тухфетуль-хани” (“Tuxfatul xoni”) fors tilidagi tibbiyotga oid asar. Muallifi Mahmud ibn Muhammad. Kitob 4 bob, 1 bo‘lim, 249 varaqdan iborat, tugallanmagan.

 

O‘n birinchisi fors tilidagi “Хаввосуль-ашья(“Xavosul ashyo”) tibbiyotga oid kitob bo‘lib, muallifi noma’lum ekani, kitobning boshi va oxirgi qismlari yo‘qligi bayon etiladi. Taxminimizcha, mazkur kitob 1990-yilda Mahmud Hasaniy tomonidan nashrga tayyorlangan “Xavosul ashyo” (“Ashyolarning hosiyatlari”) asarining nusxasi bo‘lgan.

 

Maqoladagi oxirgi o‘n ikkinchi “Дурджь-уль дуреръ ва дарджуль-Гурарь” asari bo‘lib, islom tarixiga bag‘ishlangan. Muallifi Abdullabek Abdurahmon Husayn Shafiiy, 1063-yilda yozilgan.

 

N.Pantusovning mazkur maqolasi Qo‘qon xonligi davri kitob tarixi masalalarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Maqolada keltirilgan 12 ta asarga oid tavsiflardan ma’lum bo‘lmoqdaki, ularning aksari xonlikdan tashqari hududlarda yaratilgan qo‘lyozmalar edi. Demak, bu asarlar Qo‘qonga xonlik savdogarlari orqali olib kelingan va maxsus kitoblar xaridi amalga oshiriladigan bozorlarda ularning savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur xulosamizni N.Pantusovning boshqa bir maqolasidagi ma’lumot ham tasdiqlaydi, unga ko‘ra muallif xonlikdagi soliqlar masalasini yoritar ekan kitob bozoridan olinadigan soliq miqdori haqida ham ma’lumotlar berib o‘tadi.

 

Ushbu maqolani tadqiq etish jarayonida e’tiborimizni tortgan yana bir jihat shuki, G.A.Kolpakovskiy Qo‘qonda qo‘lga kiritgan kitoblari ro‘yxatini tuzganini yuqorida ta’kidlab, ushbu ro‘yxat tadqiqi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ko‘rsatib o‘tgan edik. Endilikda ushbu ro‘yxat va N.Pantusovning maqolasidagi 12 ta asarni solishtirish imkoni mavjud. Har ikki manbadagi ma’lumotlar tahliliga ko‘ra gazeta sahifasida nomlari ko‘rsatilgan “Rashahot aynu-l-hayot”, “Tavorixi Mir Sayyid Sharif Roqim”, “Tarixi Muqimxoniy”, “Rashonax ul-funun”, “Tarixi Zarqum”, “Xavosul ashyo”,  Дурджь-уль дуреръ ва дарджуль-Гурарь” kabi asarlar Rossiyaga yuborilgan kitoblar ro‘yxatida uchramaydi. Bundan bilish mumkinki, istilochilar Qo‘qonda qo‘lga kiritgan qo‘lyozma kitoblari soni ular ko‘rsatgan raqamlardan anchayin ko‘p bo‘lgan.

 

Xonlik hududlaridan qo‘lyozma kitoblarni tashib ketishga oid tadbirlar shu bilan yakunlanmaydi, rus sharqshunoslari keyingi yillarda ham sobiq Qo‘qon xonligi hududlariga kelib, shaxsiy kutubxonalarda, masjid va madrasalarda saqlangan yana ko‘plab kitoblarni qo‘lga kiritadilar.

 

Ravshanjon ABDULLAYEV,

Qo‘qon universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O‘zbekiston tarixi VI jild. O‘zbekiston tarixi va manbalari. 18601917-yillar / mas’ul muharrir D.H.Ziyoyeva.  – Toshkent: O‘zbekiston, 2023. – 488-b.

2. Qushshaqov I. “Tarixi tomm” oʻtmishning muhim sanalaridan soʻzlaydi. https://www.bukhari.uz/?p=16448&lang=oz

3. Абул Ҳасан Халилуллоҳ. Русумул мулук (Подшоҳларнинг одатлари). Қадимий ёзма манбалар давлат реестри: https://manbalar.uz/ky/?page=109&

4. Исакова М.С. Қўқон хонлиги маҳаллий қўлёзма асарлари тарихидан. “Тарихий манбашунослик, тарихнавислик, тарих тадқиқотлари методлари ва методологиясининг долзарб масалалари” // Республика XII илмий-амалий конференция материаллари. 12-илмий тўплам [Тошкент давлат шарқшунослик университети. Масъул муҳаррир тар.ф.д., проф. М.М.Исҳоқов] Тошкент: 2020.

5. Кун А. Очерк Коканского ханства // Туркестанский сборник. Т. 149. – СПб.: 1876.

6. Пантусов Н. О. Описание наиболее замечательных восточных рукописей из числа приобретённых Генерал-Лейтенантом Г.А.Колпаковским в г. Коканде // Туркестанские ведомости. 1876. – № 28.

7. Пантусов Н. О. Описание наиболее замечательных восточных рукописей из числа приобретённых Генерал-Лейтенантом Г.А.Колпаковским в г. Коканде // Туркестанские ведомости. 1876. – № 37.

8. Пантусов Н. Податные сборы в г. Коканде // Туркестанские ведемости. 1876. – № 13.

9. Умурзоқов Б. “Рашаҳот айну-л-ҳаёт” асарининг автограф нусхаси топилди / https://uza.uz/uz/posts/rashahot-aynu-l-hayot-asarining-avtograf-nusxasi-topildi_235463

10. Хавосул ашё / нашрга тайёрловчи, таржимон ва изоҳлар муаллифи Маҳмуд Ҳасаний. – Тошкент: Меҳнат, 1990. – 48-б.

11. Шарафуддин Роқимий. Тарихи томм. – Тошкент: Маънавият, 1998. – 156-б.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:06 / 12.06.2025 0 4
Zamonaviy she’riyatda mavzu talqini

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 22
Hamzaning “maktublari”





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//