Kim xalqni talasa, boshi olinadi – jasurlik ramzi bo‘lgan Shayboniyxonning ukasi


Saqlash
14:59 / 09.06.2025 293 0

Tariximizda shunday shaxslar borki, ularning faoliyati deyarli o‘rganilmagan. Mana shunday shaxslardan biri shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shaboniyxonning ukasi, dovyurak sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Mahmud Sultondir.

 

Mahmud Sulton 1453-yilda tug‘ilgan, otasidan erta yetim qolgani sababli akasi ikkisi bobosi Abulxayrxon saroyida ulg‘ayishdi. Mahmud Sulton 3 yoshida qalmoqlar hukmdori O‘ztemur Toyshi qo‘liga asir tushib qoladi. 7 yillik asirlikdan so‘ng qalmoqlar izzat-ikrom bilan uni Abulxayrxonga yuboradi. Abulxayrxon ma’rifat va ilm ahllarini sevuvchi hukmdor bo‘lgani bois poytaxt Sig‘noqda olim-u fuzalolarni to‘plab tez-tez saroyda ilm majlislarini uyushtirib, ularning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan. Tabiiyki, Abulxayrxon saroyida o‘tkazgan bunday ilm majlislari va ilm-fanga homiyligi yosh sultonlarga ta’sir o‘tkazmay qolmagan. Muhammad Shayboniyxon va Mahmud Sultonlar 15-yuzyillikning 80-yillari boshlarida Buxoroda 2 yil davomida islom ilmlarini, xususan, qiroat, fiqh, aqida, hadis ilmi kabilarni egallab, yetuk hofizlardan bo‘lib yetishadi. Madrasa talabalari 10–15 yil davomida o‘rganadigan ilmlarni bu sultonlar ikki yil ichida puxta o‘zlashtirishi ularning tug‘ma iste’dodi va Abulxayrxon saroyidagi ilmiy muhitning nechog‘lik ta’sir o‘tkazganini ko‘rsatadi. Manbalarda, Mahmud Sultonning go‘zal qiroat qiluvchi hofizligi hamda kechalari qo‘lidan Qur’onni qo‘ymay xatm qilgani haqida ma’lumotlar uchratamiz.

 

Mahmud Sulton Muhammad Shayboniyxonning eng ishongan sarkardalaridan biri, g‘alabalarining asosiy kaliti bo‘lgan. Aka o‘zi ishtirok etolmagan, juda muhim bo‘lgan yurishlarni ukasiga ishonib topshirgan. Xususan, Muhammad Shayboniyxon o‘zbek qo‘shinlariga Mahmud Sultonni bosh qilib 1502-yilda Xorzamga yubordi. Mahmud Sulton kelganidan xabar topgan Kat aholisi jangsiz taslim bo‘ldi. Urganch shahri taslim bo‘lishni xohlamay, xorazmliklar ikki bor shahar tashqarisiga chiqib Mahmud Sulton bilan jang qildi. Qo‘shini nisbatan kam bo‘lishiga qaramay, Mahmud Sultonning mohir va jasur sarkardalari xorazmliklarni har safar mag‘lubiyatga uchratdi. Bundan tashqari, Mahmud Sulton Dabusiya, Samarqand, Xo‘jand va Sirdaryo bo‘yidagi shayboniylarning temuriylar va mo‘g‘ullarga qarshi janglarida ham katta jasoratlar ko‘rsatdi. U nafaqat jasur sarkarda, kuchli diplomat ham bo‘lgan. Aynan uning say-harakati bilan ko‘plab shaharlar osonlikcha shayboniylar tasarrufiga olingan.

 

 

1500–1504-yillar davomida Buxoro, Samarqand, O‘ratepa, Toshkent, Farg‘ona kabi Amudaryoning yuqori oqimida joylashgan hududlar shayboniylar tomonidan egallangach, bor e’tibor Amudaryoning quyi oqimidagi hududlarga qaratiladi.

 

Bu davrda Hisori-Shodmon, Qunduz, Bog‘lon kabi Amudaryoning shimolidan to Hindikush tog‘larigacha bo‘lgan hududlarga Xisravshoh hokimlik qilardi. Uning davrida xalq orasida axloqsizlik va notinchlik kuchaygan edi. Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida Xisravshohga quyidagicha ta’rif beradi: “…nechuk zolim va fosiq edi, bek va bekcha va navkar va savdari tamom zolim va fosiq edilarkim, Hisor eli alal xusus Xisravshohga taalluq el hamisha shurb va zinoga mashg‘ul edilar. Bu martabadakim, Xisravshohning navkarlaridin birov bir kishining xotunini tortib eltar, bu xotunning eri Xisravshohga kelib dodxohlik (arz) qilur, javob berurkim, necha yil sening bila edi, necha kun aning bila bo‘lsun”.

 

1505-yil Mahmud Sulton boshchiligidagi o‘zbeklar qo‘shini kelayotganidan xabar topgan Xisravshoh Qunduz shahrini tashlab Ko‘histonga qochadi. Bundan xabar topgan Badiuzzamon mirzoning amirlaridan Amir Zunnun Arg‘un Qunduzni o‘zbeklardan himoya qilish uchun keladi. Ammo Qunduz xalqi Amir Zunnun Arg‘un uchun qal’a darvozalarini berkitib, uni shaharga kiritmaydi. Chunki qunduzliklar o‘zaro urushlar va adolatsizliklardan charchagan edi. Bu davrga kelib esa Mahmud Sultonning odilligi butun mintaqada ma’lum edi. Xususan, Hisor viloyati Mahmud Sulton tomonidan egallanganidan so‘ng askarlariga aholini talamaslik haqida buyruq beradi. Kim xalqni talaydigan bo‘lsa, boshi olinishi haqida ogohlantiriladi.

 

Kimki el moliga tome’ boʻlsa,

Yaxshilik yoʻliga mone’ boʻlsa,

Tolanur evi-yu boshi kesilur,

Boshi qoʻrgʻon eshikidin osilur.

Chun bu yarligʻni bek etti hazrat,

Boʻlmadi hech kishiga qudrat.

Kim kishi mol sori koʻz solgʻoy,

Yo birovning borgohin olgoy,

Chun kishi solmadi koʻz mol sori,

Keldi Sulton qoshigʻa xalq bori.

Na raiyatgʻa sipohidin alam,

Na sipohigʻa raiyatdin gʻam.

Adli yoyildi Hisor ahligʻa,

Xukmi ul mulk-u diyor ahligʻa.

 

Noumid holda Amir Zunnun Arg‘un Mahmud Sulton yetib kelmasidan oldin Qunduz atrofidan qaytib ketadi. Qunduzliklar esa Mahmud Sultonni sovg‘a-salomlar va izzat-ikrom bilan kutib oladi.

 

Mahmud Sulton Qunduzda boshqaruvni qo‘lga olgach ma’naviy-ma’rifiy islohotlar o‘tkazishni boshladi. Xisravshoh davrida Qunduz aholisining dinga bo‘lgan e’tibori susaygani sababli dastlab Qunduz markazida masjid qurdirib, unga imom tayinlaydi. Masjid xizmatchilari uchun ta’minot ajratadi.

 

Oʻzi Sultoni Bahodir Mahmud,

Hazrati haqni qilay deb xushnud,

Qoʻydi Kunduzda binoyi islom,

Koʻz tekurdi ango ammo ayyom.

 

Mahmud Sulton ma’rifatparvar, ilm-fanni sevuvchi va madaniyat homiysi bo‘lganidan aholini savodli qilish maqsadida Qunduzning har bir ko‘chasida maktab ochtirdi.

 

Dedikim: “Har kim boʻlur maktabdor,

Aylaram lutf-u inoyat bisyor”.

Tuzdi ul Xusravi soʻfi mashrab

Har mahalla boshida bir maktab.

 

Bundan tashqari Mahmud Sulton shaharga shaxsan o‘zi shayxulislom, qozi va muhtasib (rais)larni tayinlab, tartib-intizom o‘rnatdi. Xisravshoh davrida avj olgan ichkilikbozlikni taqiqlab, barcha chog‘irlar (may)ni to‘ktiradi. Aholini islom dini ahkomlariga targ‘ib qiladi.

 

Shoh chun ayladi bu nav irshod,

Boʻldi Qur’on oʻqimoqlik bunyod.

Topti bir necha musulmon ando,

Muztar-u zor-u parishon ando,

Aybdin mazhab-u millatlari pok,

Oʻzlari faqr bila ishratnok.

Elladi birini shayx-ul-islom,

Biriga qildi qazoni in’om.

Birini muhtasib etti ul shox,

Amir-u nohiyi xalqi gumroh.

Har chogʻir kim bor edi toʻkturdi,

Muhtasib oni toʻka-oʻq turdi.

Boʻldi Qunduz aro islom ogʻoz,

Xalqigʻa ayladi targʻibi namoz.

Qirq yil Qunduz aro Xusravshoh

Boʻlmamish hech bu oyindin ogoh.

Ichk-u yeg-u bila mashgʻul ermish,

Nuql ila may ango maqbul ermish.

Yoʻq emish din soridin parvoyi,

Bor emish ichk-u bila-oʻq royi.

Emdi hazrati Sultoni zamon

Qildi islomni ul tavr ayon.

Ahli islom ayon boʻldilor,

Fosiq el borcha nihon boʻldilor.

 

Ammo taqdirning achchiq qismati bilan ma’rifatli sulton og‘ir xastalikka yo‘liqdi. Tabiblar harchand harakat qilishmasin, Mahmud Sultonni davolay olmadi. U 1505-yil Qunduzda vafot etdi. Uning o‘limi barchani qattiq qayg‘uga botirdi. Mahmud Sulton tarixda jasurlik va sadoqat ramzi, madaniyat va ma’rifat homiysi sifatida qoldi.

 

Qolmodi hech kishi g‘am yemogon,

Oh-u afsus bu g‘amdin demogon.

Har kishi kim koʻrub erdi oni,

Kuydi bu g‘am bila munglugʻ joni.

Ham raiyat qila qoldi faryod,

Kim berur emdi debon bizga dod.

Beklari borcha qaro kiydilar,

Xil’ati ahli qazo kiydilar.

Qoldi bechora Oʻrusbek oʻkurub,

Yaqosin chok qilib-u oh urub.

Sen boʻlub tengri visolidin shod,

Dahr zindonidin oʻldung ozod.

Bizni qoʻydung bu balo-yu gʻamda,

Benihoyat alam-u motamda.

Sendin ayru ne kerak bizga hayot,

Tilomosbiz bu jahon ichra sabot.

Qani boshing uza bechora onang,

Yaxshilik mulkida ovora onang.

Qani oʻgʻlung, shohi dindor Ubayd,

Koʻrmayin qoldi seni zor, Ubayd.

 

Abdullajon USMONOV, 

O‘zFA Tarix instituti tayanch doktaranti

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:06 / 10.06.2025 0 13
Qo‘qon xonligidan olib ketilgan nodir kitoblar

San’at

16:06 / 05.06.2025 0 192
Vatanga muhabbatini kuylarida aytolgan bastakor





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//