
Dunyo adabiyotdagi eng kuchli tiplar doimo eʼtiborimizni oʻziga tortgan: osmon olovini oʻgʻirlagan Prometey, iblis bilan shartnoma tuzgan Faust, noqobil farzandlardan aziyat chekkan Qirol Lir, ovsar va fojiaviy ritsar Don Kixot, inson qiyofasidagi iblis Yago. Va, albatta, goʻzal ayollar qalbini zabt etuvchi ishqparast Don Juan.
Don Juan – koʻplab ijodkorlarni oʻziga maftun etgan personaj. U kutilmaganda adabiy maydonga kirib keldi – yozuvchilar eʼtiborini boshqa qahramonlarga qaratayotgan pallada toʻsatdan butun diqqat u tomonga burildi. Don Juanning prototipi sifatida Sevilyaning zodagon sulolalari vakillaridan biri – don Xuan Tenorio qaraladi. Asrlar davomida ritsarlik rivoyatlari va xalqona sheʼriyatda shu kabi obrazlar – ehtirosli, jasur, lekin behayo va qonunga zid harakat qiluvchi qahramonlar haqida qissalar keng tarqalgan. Vaqt oʻtishi bilan bu tipdagi qahramonlar oʻzgardi: axloqning shakllanishi natijasida avvalgi qoʻpol va yovvoyi xislatlar oʻrnini jozibali va madaniy xulq-atvor egalladi. Ammo Don Juan nomi boricha yashab qoldi.
Don Juan obrazini ilk bora asar sifatida yaratgan ispan dramaturgi Tirso de Molina “Sevilyalik chaqimchi” nomli pyesasini 1630-yilda yozgan. Undagi qahramon xotinboz, sovuqqon, vasvasaga soluvchi, ayollarni oʻz irodasiga boʻysundirish gʻoyasi bilan yashaydigan kimsa. Tirso de Molina pyesasi nashr etilganidan 3-yil oʻtib, Don Juan Italiyada xalq sahnalarida katta muvaffaqiyat qozona boshladi. Fransiyaga esa 1658-yili olib kelingan. Molyer 1665-yilda oʻzining mashhur “Don Juan yoki Toshli ziyofat” komediyasida Don Juanni ispancha xususiyatlaridan mahrum qilgan va fransuz hayotini joriy etgan. Germaniyada XVIII asr boshlaridanoq Don Juan haqidagi pyesalar xalq sahnalarida juda mashhur boʻlgan. 1812-yilda yozilgan “Don Juan” novellasida nemis yozuvchisi Gofman obrazga ilk bor romantik talqin berdi. Uning talqinida Don Juan – yer yuzida yetib boʻlmas idealni izlovchi edi. U taqdirga qarshi isyon qiluvchi, xudbinlik va birovga ishonmaslik singari xislatlarni oʻzlarida mujassamlashtirgan. Lord Bayron boʻlsa mashhur “Don Juan” satirik poemasida (1818-1823) qahramonni butunlay muloyim qilib tasvirlaydi.
Don Juanning ishqiy sarguzashtlari ketma-ketligi quyidagicha kechadi: Ispaniyada oilali donya Yuliya bilan, falokatdan keyin orolda Gaide bilan, turk sultoni haramidagi kanizak bilan, Rossiyada Yekaterina II bilan, nihoyat London jamiyatidagi xonimlar. Biror joyda u ayollarni taʼqib qilmaydi, zoʻrlamaydi: ayollar oʻzlari uni tanlashadi, u esa qarshilik qilmaydi. Prosper Merime 1834-yildagi “Pokutxona ruhlari” novellasida Don Juan afsonasining turli variantlariga tayanadi va oʻz versiyasini taklif etadi. Bu talqinda asosiy mazmun – tavba va isloh. Qahramon Don Xuan sodir etgan jinoyatlarini anglab yetadi va monastirga yoʻl oladi. Oʻlimidan oldin u soʻnggi xohishini aytadi: oʻzini cherkov eshigida koʻmishsin, toki har bir cherkovga kiruvchi odam uning qabrini bosib oʻtsin. Qabrtoshida shunday yozuv boʻladi: Bu yerda yer yuzida yashagan eng yomon inson yotibdi.
Aleksey Tolstoy 1862-yildagi dramatik poema “Don Juan” orqali qahramonning jamiyat bilan ziddiyatini murakkab, lekin murosali yoʻl bilan hal qilishga harakat qilgan. Bayron esa Don Juandan romantik qahramon emas, balki hayot maʼnosini izlayotgan inson sifatida foydalanadi. Pushkinda Don Juan nafaqat ishqiy qahramon, balki tragik shaxs sifatida namoyon boʻladi. U birinchi marta chindan sevib qoladi va aynan shu chin muhabbat uni halok qiladi. Pushkin uchun Don Juan – muhabbat va sheʼriyat ramzi edi. N. Gumilyovda Don Juan abadiy yashaydigan kuch sifatida koʻrsatiladi. U hatto doʻzaxdan ham chiqib ketadi va yangi sevgi sari shoshiladi.
Yigirma birinchi asrda ham Don Juan obrazidan foydalanib kelinmoqda. Peter Xandkening “Don Juan: oʻz versiyasi” (2010) asarida Don Juan xotinboz emas, balki vaqt tomonidan taʼqib qilinayotgan, falsafiy shaxs sifatida tasvirlanadi. Leybnerning “Hozirgi zamon Don Juani: Kompyuter dunyosidagi shahvoniy sayohat” romanida 78 yoshli erkakning internet orqali yangidan yangi ishqiy sarguzashtlari aks etadi. Gregorio Morales tomonidan yozilgan “Nomadlar vaqti” (2005) asari Don Juan obrazini kvant estetikasi doirasida qayta koʻrib chiqadi.
Don Juan mualliflarga omad olib keluvchi obraz boʻlib, uning taqdirida ikki buyuk sir – erotika va mistika yotadi. Erotika hayot va tugʻilish timsoli sifatida mistikaga, yaʼni oʻlim ifodasiga qarshi qoʻyilgan. Muhabbat va oʻlim – inson azaldan oʻzaro bogʻliq deb hisoblagan tushunchalar. Hayot qaysiga yaqin: tugʻilishgami yoki oʻlimgami? Bu inson doim soʻraydigan, ammo hech qachon javob topolmaydigan savollar. Sanʼatkorning vazifasi nimada? Bir xil mavzuga, zamonga xos yangi nuqtayi nazar topishda. Bir necha asr ichida jamiyat oʻzgarishlari natijasida bu obraz shunchalik koʻp niqob almashtirdi-ki, oqibat har zamon va har muallif bir xil syujet asosida yangi axloqiy bagʻrikenglikni yaratib, yangi ijtimoiy muammolarni yozib keldi.
Don Juanning asosiy hissiyoti – baxt istagi va undan qoʻrqishdir: “Nima uchun baxt laʼnati narsa?” deydi u. U falsafiy jihatdan ekzistensializm gʻoyalariga yaqin. Don Juan “inson oʻz tanlovi orqali kim ekanini belgilaydi” degan gʻoyani namoyon etadi. Lekin masʼuliyatni qabul qilmaydi, bu esa inkorga va halokatga olib keladi. Bu obraz axloq va maʼnaviyat, iroda va jazo, muhabbat va beqarorlik kabi falsafiy tushunchalarni oʻzida birlashtiradi. Shu sababli, u har bir davr va har bir oʻquvchi uchun yangi maʼnolar bilan namoyon boʻladi, adabiy arxetip sifatida har bir zamonda qayta tahrir qilinadi.
Adabiyotda Don Juanga oʻxshagan qahramonlar koʻplab uchraydi, turli nomlar va qiyofalarda paydo boʻladi, lekin ularning badiiy mohiyati oʻxshash. Jumladan, M. Lermontovning “Zamonamiz qahramoni”dagi Pechorin. U ayollarning yuragini parchalaydi, muhabbatni oʻyin deb biladi. Unda ham oʻzini boshqalardan ustun tutish hissi bor. Pechorin murakkab ruhiy holatda boʻlib, oʻz-oʻzidan norozi, hayotdan katta maʼno izlaydi. Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asari qahramoni yengil-yelpi munosabatlarni boshdan kechiradi, ammo asl muhabbatni rad etadi, his-tuygʻularni hurmat qilmaydi. Ammo keyin xatosidan afsus kechadi. Stendalning “Qizil va qora”sidagi Julyen Sorel ham muhabbatni maqsadga erishish vositasi sifatida koʻradi. Ayollar orqali manfaat izlaydi. Oʻzbek ijod olamida esa “Parvona” spektaklidagi Oʻtkuriy shu tipdagi obraz sifatida yodimizda qolgan.
Xulosa qilib aytgancha, Don Juan – bu shunchaki ishqparast personaj emas. U tarixiy, falsafiy, adabiy, madaniy ildizlarga ega obraz. U insonning erkinligi, sevgiga boʻlgan intilishi, tuygʻudan maqsadlari yoʻlida foydalanishi va buning uchun jazolanishi kabi mavzularni koʻtarib chiqadi va zamon ruhini bildirib turadi.
Nodirabegim IBROHIMOVA,
Ijtimoiy-maʼnaviyat tadqiqotlar
instituti doktoranti
Tarix
Ma’naviyat
Tarix
Din
Vatandosh
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q