Til siyosiy qurolga aylandi. Bu “qurol”ning egalari kim?


Saqlash
18:08 / 15.05.2025 9 0

Har qanday madaniyat va uning tarkibiy qismi bo‘lgan til ramzlar olami hisoblanadi. Inson hayoti, olam va odamga munosabati, borliq va insonni baholash mezonlari, intilishlarining ma’no-mazmunini ramzlar belgilab beradi. So‘z va tildan ijtimoiy ongni boshqarishda foydalanish – dolzarb masala. Bu borada rus olimi Aleksandr Bogdanovning fikrlari diqqatga sazovor. U so‘z va uning zamirida shakllantiriladigan mafkurada ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni boshqarishning asosiy qurolini ko‘radi. Olim XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiyada g‘arbchilar va slavyanofillar o‘rtasidagi bahs qizigandan qizigan bir davrda ilk bor tilni omma ongini manipulyativ boshqarishning omili sifatida talqin etadi. U so‘zda yangi voqelikni, yangi tafakkur va harakat tarzini dasturlashtirish vositasini ko‘radi. Jamiyatda ijtimoiy birlikka erishish uchun tilning yagona qoidasini joriy etish lozimligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Til va u orqali ifoda etilgan g‘oya ham tarixni yaratuvchi, ham real voqelikni shakllantiruvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun yangi tilni yaratish ijtimoiy-siyosiy islohotlarning asosiy vositasi sifatida “mafkuralashgan tafakkur”ni shakllantirishga yordam beradi. Uning talqinida til va mafkura boshqaruv madaniyatining eng muhim jihatini tashkil etadi. Zero, til bir madaniyatni bekor qilish va dunyoni butunlay boshqa asosda qayta tashkil etishning qudratli vositasi hisoblanadi (qarang: Богданов А. Всеобщая организационная наука. Текстология. В 2-х кн. Кн. 1. Москва, 1989. Стр. 124–131). Bu fikrning royobini songgi yillardamanolar kompleksi intervensiyasiorqali ayrim mamlakatlar milliy manaviy-madaniy asoslarini yemirishga urinishda ham kuzatish qiyin emas.

 

Ba’zi olimlar tilning hokimiyatga erishishdagi o‘rni masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, fransuz tadqiqotchisi Per Burde tilning siyosiy maqsadlarni amalga oshirish vositasiga aylanishini kuzatib, “legitim” (qonuniy) yoki “to‘g‘ri” til hodisasiga e’tibor beradi. Til siyosiy qurolga aylangan ekan, bu “qurol”ni “ishlab chiqaruvchilar” hamda unga egalik qiluvchilar bo‘lishi tabiiy. Shu asosda P.Burde “lingvistik bozor”, “lingvistik kapital” va “lingvistik kapital egalari” tushunchalarini kiritadi. Aynan “lingvistik kapital egalari” til bozorida narx-navoni belgilash qoidalarini joriy etadi. Ular, fransuz sotsiologining fikriga ko‘ra, o‘zi ishlab chiqqan sanksiyalar tizimi orqali “rasmiy til”ni qonunlashtiradi, ya’ni qaysi so‘zlar qadrli va kerakli, uning ma’no ko‘lami qanday ekanini belgilaydi (Bourdieu P. Language and Simbolic Power. Harvard University Press, 1991. P. 51). Olim masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratadi. “Ramziy kapital egalari” mafkuraviy mahsulot buyurtmachilari sifatida ramziy zo‘ravonlikning zo‘ravonlik tarzida emas, balki butunlay boshqa, aniq belgilangan ma’noda talqin etilishini nazorat qilib boradi. Shunga muvofiq, “tayyorlangan mafkuraviy mahsulot uning asl ma’nosini ochishga bo‘lgan har qanday urinishni axloqsizlik yoki g‘ayriqonuniy harakat sifatida qay darajada ko‘rsata olsa, shunchalik samaradorligi oshadi” (o‘sha manba, 153-bet).

 

Shunga yaqin fikrlarni amerikalik tadqiqotchi Hyu Dankanda ham uchratamiz. “XX asrning ulkan ijtimoiy inqilobi ayni kommunikatsiya sohasida, ya’ni hokimiyat egalari uchun timsollar (obraz) yoki atamalarni yaratish va nazorat qilish hamda shu yo‘l bilan o‘z hokimiyatlarini qonunlashtirish imkoniyatini beradigan vositalar doirasida amalga oshirildi. Mafkuralar ramziy shakllardir. Ular aslida muayyan atama bo‘lib, bularni kim yaratayotgan va nazorat qilayotgan bo‘lsa, o‘sha bizning hayotimizni nazorat qiladi. Har qanday “inqilobchi yo‘riqnomasi”da hokimiyatni egallash yo‘lidagi birinchi qadam – hokimiyatning barcha ramzlari va kommunikatsiya vositalari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish ekani haqida gap bor. Biz hokimiyatni kuch bilan olishimiz mumkin, ammo xatti-harakatlarimiz aynan kundalik muloqotda ishlatiladigan timsollar bilan belgilanadi va bularni yaratish hamda ommalashtirishni nazorat qilganlar jamiyatni boshqaradi” (Dunsan H. Symbols in Society. Oxford University Press, 1968. P. 33).

 

Bu ikki mutaxassis “ramziy hokimiyat”, “ramziy zo‘ravonlik” masalalarini alohida olingan jamiyat va davlat boshqaruvi bilan bog‘liq tarzda tahlil etgan. Ammo hozirgi davrda ularning fikr-xulosalari xalqaro munosabatlarda ham ifoda topayotganini sezish mumkin. Globallashuv sharoitida “global lingvistik bozor” shakllanayotgani ochiq-oydin ko‘zga tashlanmoqda. Bu bozorni boshqarayotganlar, ya’ni lingvistik kapital egalari ham ayon. Ayni shular bu bozordagi ob-havo-yu narx-navoni belgilamoqda.

 

Shunga muvofiq, “legitim” (qonunlashgan) atamalarning mazmuni va “ayon haqiqatlar” jamlamasi, avvalo, mazkur guruh manfaatlarini ifodalayotganini anglash qiyin emas. Ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, dunyoga yetakchilikni da’vo qilayotganlar, bir tomondan, bu legitim til doirasiga kirmaydigan tushunchalarni va ular ifodalagan voqea-hodisalarni “noto‘g‘ri”, “insonparvarlikka zid”, “dahshatli” deya talqin qilishga intilsa; ikkinchi tomondan, yetakchilik mavqeini saqlab qolishga xizmat qiladigan tegishli so‘z va iboralarni faol muomalaga kiritmoqda. Shu tariqa, masalan, harbiy kampaniyani qonunlashtirish uchun noma’qul davlat yoki hudud tizimiga nisbatan “to‘g‘ri so‘zlar”ga teskari atamalarni, olaylik, “diktatura”, “inson huquqlarini poymol etuvchi”, “erkin fikrni bo‘g‘uvchi” kabilarni qo‘llash kifoya qiladi.

 

Dunyodagi boshqa siyosiy kuchlar ham muayyan ijtimoiy fikrni shakllantirish uchun o‘z legitim tillari lug‘atini faol ishga solmoqda. Ommaviy axborot vositalarida bunday kuchlar, bir tomondan, qonunlashtirilgan tilga, “to‘g‘ri so‘z”larga o‘zicha ma’no yuklasa, ikkinchi tomondan, vaziyatga qarab, ularning ma’no ko‘lamini o‘zgartiradi.

 

Inson ong-u tafakkurini o‘zgartirish orqali, uni milliy an’ana, urf-odat, lo‘nda qilib aytganda, madaniyatidan ajratish gegemon davlat yoki davlatlarning “ochiq jamiyat modellari” haqidagi orzulariga yo‘l ochadi va dunyo ustidan hukmronlik qilishni osonlashtiradi. Tabiiyki, o‘zligini tanigan xalq bunga, qanday bo‘lmasin, to‘siq qo‘yishga, mafkuraviy tazyiqlarga qarshi kurashishga intiladi.

 

Ispan sotsiologi Manuel Kastels so‘zlari bilan aytganda, “Axborotlashgan jamiyatda hokimiyat fundamental pog‘onada madaniy kodlarga kirib boradi... Shu ma’noda, hokimiyat, u real bo‘lganda, nomoddiy bo‘ladi... Madaniy olishuvlar mohiyatan axborot asridagi hokimiyat uchun kurashdir. Hokimiyat xatti-harakatlar me’yorlarini belgilash imkoniyatini beradigan axborot tarmoqlari va ular orqali tarqatiladigan ramzlarda yashiringan” (Кастельс М. Информационная эпоха: экономика, общества, культура. Москва, ВШЭ, 2000. Стр. 502–503). Ramzlar esa, avvalambor, so‘zda aks etadi. So‘zda xalqning ruhiyati mujassam. “Har bir odamning holi so‘zi ortida yashiringandir” deydi kalomda ruhni ko‘rgan va unga ma’no yuklab, hushyorlik bilan yondashishga undagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy.

 

Dunyoda hukmronlikka intilayotgan kuchlarning ta’siridan xoli bo‘lishning eng maqbul vositasi – taraqqiyot yo‘lini milliy xususiyatlarga, azaliy shakllangan urf-odat va qadriyatlarga muvofiq tarzda belgilash. O‘zbekiston ayni shu yo‘lni tanladi, fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishning eng muhim tarkibiy qismi ma’naviyat va ma’rifat sohasida, shaxsni muntazam kamol toptirish borasida uzluksiz ish olib borishdan iborat, deb belgiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, “O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi” (Sh. Mirziyoyevning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan).

 

Xullas, global hokimiyat global ramzlashtirish orqali amalga oshirilar ekan, davlatchilikni saqlash, jamiyatdagi barqarorlikning asosiy garovi bo‘lgan xalqning ma’naviy quvvatini oshirish – avvalambor, milliy-ma’naviy ramzlar olamini o‘zida mujassam etgan tilni asrash masalasi bilan chambarchas bog‘liq.

 

Ulug‘bek SAIDOV,

O‘zR Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi

dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 

Tafakkur jurnali, 2025-yil 1-son.

Globallashuv: lison va inson” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//