Kreativlikni rivojlantirish nima uchun kerak?


Saqlash
12:12 / 23.12.2021 3325 0

Kreativlik bu – chuqurroq qidirish, e’tiborliroq qarash, xatolarni

to‘g‘rilash, mushuklar bilan suhbatlashish, chuqurlikka

sho‘ng‘ish, devorlar ichra o‘tish, quyoshni yoqish,

qumdan qasrlar qurish, kelajakka sayohat qilishdir.

Y.Torrens

 

O‘qituvchi faoliyatining maqsadi bu – ta’lim oluvchining har tomonlama: psixik, intellektual, axloqiy va hokazolar taraqqiyotidir. Oliy maktab pedagogikasining o‘ziga xosligi shundaki, o‘qituvchidan jamiyatning ijtimoiy vazifalarini shaxsiy qabul qilish, maqsad, burch va aniq xatti-harakatlarni tushunish, talabalarning ehtiyojlarini inobatga olib, belgilangan o‘quv faoliyatini maqsadli tashkillashtirish talab etiladi. Ta’limdagi samarali o‘zaro-ta’sir modeli negizida yotuvchi bir qancha tamoyillarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

 

Kreativlikni rivojlantirish treningi

 

Taqdim etilayotgan kreativlik treningi katta maktab yoshidagi o‘quvchilarga va kichik bosqich talabalariga mo‘ljallangan, lekin dasturga ayrim qayta ishlanmalar kiritilsa boshqa yosh toifasidagilar bilan ham o‘tkazish mumkin. Guruhdagi ishtirokchilarning eng optimal soni 8–16 kishi, ayrim holatlarda 25–30 gacha ham bo‘lishi mumkin. Dasturdagi asosiy urg‘u quyidagi muammolar yechimiga qaratilgan:

 

1. Kreativlik tarkibiga kiruvchi xususiyatlarni rivojlantirish: ko‘z yugurtirish, egiluvchanlik va tafakkurning o‘ziga xosligi, kutilmagan assotsiatsiyalarni qidirib topishga;

 

2. Hayotiy muammolarni hal qilishda kreativlikdan foydalanish imkonikiyatlarini namoyon etish, shuningdek, shaxsiy va kasbiy maqsadlarga erishishga;

 

3. Jamoaviy ijodiy ish ko‘nikmasini shakllantirishga.

 

Trening mashqlari 12 mashg‘ulotga birlashtirilgan bo‘lib, ularning har biri 3 akademik soatga mo‘ljallangan. Shunday qilib, dasturning umumiy davomiyligi 36 soatni tashkil etadi.

 

Biroq, unutmaslik lozimki, ko‘rsatilgan vaqt nisbiy bo‘lib, ishning haqiqiy davomiyligi bir qator omillarga qaram, xususan, guruhdagi ishtirokchilar soniga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘pincha, aksariyat mashqlarda vaqt belgilab berilgan bo‘lsa-da, ularning umumiy davomiyligi mashqlarni bajarishda aniq bosqichlarga (g‘oyalarni yaratish, chizish, taqdimotni tayyorlash va h.k.) bog‘liq. Ko‘rsatilgan vaqt berilgan mashqlar sonidan ko‘proq bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lib, trener uchun mashqlarni tanlash imkoniyati tug‘iladi.

 

Har bir mashg‘ulotni tasniflash qisqa tushuntirishlardan boshlanadi, shundan so‘ng uning tarkibiga kiruvchi mashqlar tasvirlanadi. Ular yagona tizim bo‘yicha bajarilgan: mashqni o‘tkazish jarayoni, uning psixologik mohiyati, muhokama va ayrim holatlarda bajarish misollarini keltirishdan iborat. Mashg‘ulotlar va uning tarkibidagi mashqlarning ketma-ketligi ma’lumotlarni taqdim etishda tizimlilik tamoyiliga, hamda ijtimoiy-psixologik treninglarni tashkil etish qonun-qoidalariga amal qilgan holda tuziladi. Albatta, aynan bunday ketma-ketlik yagona me’yor emas, malakali trenerlar mashqlar jamlanmasidan “konstruktor” sifatida foydalanib, aniq vazifa va faoliyat talablaridan kelib chiqib, shaxsiy trening dasturlarini ishlab chiqishlari mumkin.

 

Tanishuv va birlashtiruv

 

Mashg‘ulotning vazifasi: ishtirokchilarni tanishtirish, birlashtirish, kreativlik hamda trening texnologiyalari va ularning rivojlanishining mohiyati haqida umumiy tasavvurlarni yaratish. Qisqa tanishtiruv va 2-3 tanishuv texnikalarini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Keyingi mashqlarga o‘tishdan avval 15–20 daqiqa kreativlik, uning tarkibiy qismlari va qanday vaziyatlarda zarur bo‘lishi haqida so‘zlab berish lozim. Shuningdek, guruhda ishlash qoidalarini muhokama va qabul qilish kerak:

 

– Faollik namoyon etish;

 

Bir-birini xalal bermasdan tinglash;

 

– Faqatgina o‘z nomidan gapirish;

 

– Agar ma’lumot aniq bir insonga taalluqli bo‘lsa, bevosita uchunchi shaxsdan foydalanmay gapirish;

 

– Mashg‘ulotdan tashqari trening ishtirokchilari haqida shaxsiy ma’lumotlarni tarqatmaslik va muhokama qilmaslik;

 

Mashqlarni bajarish jarayonida tanqiddan qochish, agar tanqid qilish ehtiyoji vujudga kelgan bo‘lsa, mashq yakuninida bo‘ladigan muhokamani kutish;

 

– Ishtirokchi biron mashqni sababini tushuntirmay bajarishdan bosh tortishga haqqi bor, lekin qatnashmasligini barchaga eshittirishi lozim.

 

Tanishuv texnikalari

 

“Ismdan tashqari barchasi”. Ishtirokchilar juftliklarda tanishadilar (2-3 daqiqa, tanishuv shakli ixtiyoriy, undan tashqari har biri o‘z sherigini qolganlarga tanishtiradi. Ismning haqiqiysi aytiladi, qolgan ma’lumotlar ismi boshqa ishtirokchilarning yodida qolishi uchun to‘qib chiqariladi).

 

“Uch fakt”. Har bir ishtirokchi o‘z ismi va o‘zi haqidagi uchta faktni aytadi. Ulardan biri haqiqiy va ikkitasi yolg‘on. Qolgan ishtirokchilarning vazifasi taqdim etilgan faktlarning qaysi biri rost ekanligini aniqlash (har bir faktning haqiqiy yoki haqiqiy emasligiga ovoz berish taklif etiladi). So‘ngra o‘zini tanishtirgan ishtrokchi haqiqatni oshkor etib: faktlardan qay biri rost ekanligini tan oladi.

 

“Men bilaman...”. Ishtirokchi koptokchani ushlab gapiradi: “Men (ism-sharifi), men bilaman (biron bir mashhur insonning nomini aytadi)”, undan so‘ng koptokni o‘zga ishtirokchiga oshiradi, qabul qilgan ishtirokchi ham o‘zini xuddi shu tartibda tanishtiradi. Undan avvalgi ishtirokchining ismining bosh harfiga mashhur insonning familiyasi bosh harfi boshlanishi lozim. Koptok bir ishtirokchiga ikki marotaba uzatilmaydi. Har bir ishtirokchi o‘zini tanishtirgandan so‘ng, koptok uzatilgan ketma-ketlikning teskari yo‘nalishida uzatilib, ishtirokchi uzatmoqchi bo‘lgan ishtirokchining ismi aytib oshiriladi.

 

“Charxpalak” mashqi

 

Mashqning tasnifi. Ishtirokchilar soni teng ravishda ikki kichik guruhlarga bo‘linadi (agar ishtirokchilar soni toq bo‘lsa, guruhlarning biriga olib boruvchi qo‘shiladi). Birinchi kichik guruhga tushgan ishtirokchilar ichki doiraga joylashib, tashqi tomonga yuzlanadi, ikkinchi guruh a’zolari tashqi doiraga joylashib, birinchi doiraga yuzlanadilar. Shunday qilib, hamma ishtirokchining jufti bo‘ladi. So‘ng olib boruvchi (trener) muhokama uchun mavzuni taqdim etadi hamda rollarni taqsimlaydi. Masalan, ichki doirada o‘tirganlar passiv rolni (diqqat bilan tinglashadi va yo‘naltiruvchi savollar berishadi) bersa, tashqi doiradagi ishtirokchilarga – faol (so‘zlab berishadi va berilgan savollarga javob beradilar) rolni taqsimlaydi. Bir yarim daqiqadan so‘ng, trenerning yo‘riqnomasiga asosan tashqi doira ichki doiraga nisbatan chapga yoki o‘nga suriladi (ya’ni, juftliklar tarkibi o‘zgaradi). Shuningdek, rollar taqsimotida ham o‘zgarish sodir bo‘ladi: tinglaganlar so‘zlaydi, so‘zlaganlar sukut saqlaydilar va trener muhokama uchun boshqa mavzu taklif etadi. 2-3 mavzu muhokama qilinadi, ular qo‘yidagicha bo‘lishi mumkin:

 

– mening yutuqlarim;

 

– mening malaka va ko‘nikmalarim;

 

– men haqimda atrofdagilar ... bilmaydilar.

 

Mavzular jamlanmasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin, lekin ular ham shaxsga ijobiy nuqtayi nazardan o‘z-o‘zini kashf etish, ijobiy xislatlari, kuchli tomonlari, qobiliyatlarini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Ishtirokchining zaif tomonlari va kamchiliklarini muhokama qilish kerak emas.

 

Mashqning psixologik ma’nosi. Tanishuv, pozitivlik nuqtayi nazaridan o‘z-o‘zini kashf qilish, o‘zining kuchli tomonlarini qidirish va anglash. Mashqda an’anaviy muloqotda uncha oqlanmaydigan, biroq ijodiy jihatdan o‘z-o‘zini kashf etish uchun ozgina maqtanish imkoni beriladi.

 

Muhokama. Mashg‘ulotdagi muloqot natijasida sherigingiz haqida qanday yangi va hayratlanarli ma’lumotlarga ega bo‘ldingiz, o‘zingiz haqingizdachi? Qanday rolda o‘zingizni qulay his qildingiz – so‘zlashdami yoki tinglashda? Bu holat nima bilan bog‘liq edi? Kundalik hayotimizda yutuqlarimiz va kuchli tomonlarimiz haqida gapirish urf emas... Nima uchun deb o‘ylaysiz? Qaysi holatlarda yutuqlaringiz haqida gapirish tavsiya etilmaydi, qanday psixologik vaziyatlarda aksincha, ozroq maqtanish mumkin?

 

Xulosa o‘rnida insonning ijodiy salohiyatini rivojlantiruvchi shart-sharoitlarni keltirib o‘tamiz:

 

Bilim va malaka bazasini rivojlantirish asosida ijod qila olish imkonini beruvchi axborotlar zahirasini yig‘ish va tizimlashtirish, shuningdek, ushbu faoliyat turiga muvofiq keluvchi zaruriy malakalarni takomillashtirish;

 

Ijod qilishga undovchi muhitni yaratish. Ushbu muhitning kalit tavsifi – g‘oyalar vujudga kelish bosqichida tanqiddan yiroq bo‘lish, muammoni yangi tomondan ko‘rishga xalal berayotgan ichki to‘siqlarni yengishga imkon berish;

 

Analogiyalar (taqqoslashlar) qidirish. Vazifaning ijodiy yechimi boshqa muammoli vaziyatlar o‘rtasida umumiy bo‘lsa-da, analogiyasi qidirib topilganda, yechim imkoniyatlari sezilarli darajada o‘sadi.

 

 

Umida LATIPOVA,

Urganch davlat universiteti

mustaqil izlanuvchisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19258
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16121
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi