Bolsheviklar jiddiy dushman sanagan “Obid Chatoq” kim edi?


Saqlash
16:24 / 13.05.2025 568 0

Barchaga ma’lum bir haqiqat bor – har davr, sivilizatsiya o‘zining yorqin siymolari – davlat arboblari, sarkarda, olimlar va mutafakkirlari orqali rivojlanib, tarix sahifalarida iz qoldiradi. Ularning jasorati, zukkoligi, buyuk g‘oyalari va fidokorona mehnati nafaqat o‘z zamonasiga, balki keyingi avlodlariga ham chuqur ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, tarixni faqat voqealar ketma-ketligi emas, balki bu voqealarni shakllantirgan shaxslar orqali o‘rganish ham muhim. Faylasuf va yozuvchi Ralf Uoldo Emerson yozganidek “Tarix – bu buyuk insonlarning biografiyasidir”. 

 

Azim Turkistonning XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi murakkab ijtimoiy-siyosiy muhit ham Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Saidrizo Alizoda, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Hoji Muin, G‘oziy Yunus, Ashurali Zohiriy, Elbek kabi yirik shaxsiyatlarni bizga tuhfa etdi. Bu buyuk siymolarning ichida Obidjon Mahmudovning ham o‘z o‘rni bor.

 

Obidjon Mahmudov 1871-yilda Qo‘qonda tug‘ilgan. Bu haqda atoqli olim Naim Karimov o‘zining “Farg‘ona jadidlarining sarvari” maqolasida ilmiy jihatdan ancha asosli fikrlarni ilgari surgan. Muallif ushbu maqolasida XX asrning 20-yillari oxiri, 30-yillari avvalida O.Mahmudovning sog‘ligidan boxabar bo‘lib turgan shifokor G.Shaxanovich qo‘li bilan yozilgan ma’lumotnomani keltirgan. Mana, rus tilida yozilgan osha malumotnoma: “Дана сия гр-у Махмудову Абиджану, 71 года в том, что с 25-го ноября по 1-го июня болел обостренем хронического эндокардита, находясь все время в тяжелом состоянии в постели…”.

 

Malumotnomadan yaqqol korinib turibdiki, Obidjon Mahmudov 1871-yilda tugilgan, [Naim Karimovning fikricha] hujjatdagi71 года “71-yil tugilgandegan manoni anglatadi.

 

Obidjon Mahmudov 1897–1901-yillarda Peterburg tog‘-kon universitetida o‘qib, bu soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. Qahramonimiz o‘qishni tamomlagach Qo‘qonga qaytib neft konlarida ish boshlaydi. Biroq, tez orada u Turkistonni ozod etmasdan turib chinakam milliy iqtisodiy tizimni yo‘lga qo‘yib bo‘lmasligini tushunib yetadi.

 

Bu og‘ir masalaning yechimini eng avvalo ta’limda ko‘radi. Shu maqsadda u 1911-yilda Haydarbek mahallasida yangi usul maktabini ochadi. Obidjon iqtisodiy jihatdan ancha baquvvat shaxs bo‘lgani uchun, o‘zi ochgan maktabni zamonaga mos tarzda jihozlaydi, turli xil o‘quv qurollarini sotib olib, maktabga tuhfa etadi. Bundan tashqari u Qo‘qondagi boshqa yangi usul maktablarini ham iqtisodiy jihatdan uzluksiz qo‘llab-quvvatlab turadi.

 

1914-yilda Avstrya-Vengriya imperiyasining valiahd shahzodasi Frans Ferdinandning o‘ldirilishi bilan boshlanib ketgan I jahon urushi Obidjon Mahmudovning ong va tafakkurida katta evrilishlar yasadi. U murakkab davrning chigal jarayonlarini Turkiston xalqiga atroflicha tushuntirib berish, davr qo‘yayotgan og‘ir talablarni millatga teran anglatish maqsadida shu yilning o‘zida “Sadoyi Farg‘ona” gazetasiga asos soldi.

 

“Sadoyi Farg‘ona” gazetasining ilk soni 1914-yil 1-aprelda chop etiladi. Obidjon Mahmudov undagi “Maslak va maqsad” nomli kirish maqolasida: “Ko‘p zamondan [beri] bu taraf Ho‘qandda musulmoncha bir gazetaning nashr etilishini orzu qilmoqda edik”, deb yozgan va gazetaning vazifasi millatga xizmat qilish ekanini, Turkiston xalqining kasali ham, dardi ham, o‘z navbatida, darmoni ham bir ekanini qayd etib, faqat ilmgina xalqni jaholatning qora ko‘lankasidan qutqarishi mumkinligini dadil ta’kidlaydi. U ushbu kirish maqolasida gazeta moddiy tarafdan to‘la ta’minlanganini urg‘ulab, faqatgina zamondosh ziyolilar o‘z qalamlari bilan gazeta faoliyatiga yordam berib turishlarini iltimos qiladi.

 

1917-yil 26-noyabrda o‘lka musulmonlari Qo‘qonda o‘zlarining favqulodda IV qurultoyiga to‘plandilar. Ertasi, 27-noyabr kuni kechasi qurultoy Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilganini e’lon qildi. Obidjon Mahmudov Muxtoriyat hukumatining oziq-ovqat noziri etib tayinlandi. Biroq, oradan yetmish ikki kun o‘tib Muxtoriyatning bolsheviklar tomonidan vaxshiylarcha bostirilishi ko‘plab ziyolilar singari Obidjon Mahmudovning ham hayotini ostin-ustun qilib yubordi. Keyinchalik, muhojir jadidlardan bo‘lmish Abdulvahob O‘qtoy o‘sha dahshatli kunlarni shunday xotirlagan: “O‘sha paytda Qo‘qon hukumati a’zolari o‘q vizillashlari orasida Qo‘qonning eski shahar ko‘chalari ichiga tarqaldilar. O‘sha payt hukumat a’zolaridan Mustafo Cho‘qay, Mirodil, Abdurahmon O‘rozoy, Xiyoyatbek Yurg‘ulu (agronom, Ozarboyjon qishloq xo‘jaligi noziri) Qo‘qonda edilar. Nosirxon To‘ra Namanganda (Turkiston Muxtoriyatining Maorif noziri), Salamon Hersfeld (Da’vo vakili, avstraliyalik, yahudiy, milliy ozchiliklar noziri) Samarqandda, Ubaydullaxo‘ja Ashhobod-Samarqand yo‘lida, Obidjon [Mahmud] Buxoroda, Shox Ahmadbey esa Qo‘qon qo‘rg‘oni ichida ekan, bolsheviklarning qo‘liga tushgan edilar”. Obidjon Mahmud Kavkazga safar qilib, u yerdan Qo‘qonga bug‘doy olib kelishni maqsad qilgan edi, biroq Muxtoriyat qonga botirilgach uning ta’sischilaridan biri bo‘lgan Obidjon Mahmud ham qidiruvga beriladi va Buxoroda qo‘lga olinadi.

 

Tadqiqotchi olim Nodirbek Komilovning qayd etishicha Obidjon Mahmudov ikki marotaba qamoqqa olingan. Dastlab u 1921-yilning noyabrida Turkistonda ingliz-yapon intervensiyasini tashkillash va “bosmachilar” bilan aloqa o‘rnatganlikda, noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanganlikda, yashirin yig‘ilishlar uyushtirganlikda, “sovetlarga qarshi tizimli tashviqot ishlari olib borganlikda” ayblanib hibsga olingan. Ammo Obidjon Mahmudov o‘z ixtiyoridagi barcha mol-mulklaridan voz kechish evaziga hibsdan ozod qilingan.

 

Uning keyingi qamoqqa olinishi 1926-yilda yuz berib, OGPU kollegiyasining qaroriga muvofiq 5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq, biroz vaqtdan so‘ng (mol-mulkidan voz kechish evaziga) qamoqdan ozod etilgan.

 

Uzoq yillik ta’qib va qamoq jazolari Obidjon Mahmudovning jismoniy va ruhiy holatiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada u 1936-yil 21-noyabrda og‘ir kasallik natijasida vafot etadi. Uning vafoti sovet hokimiyatining milliy zulm va genotsidi sabab Turkistondan hijrat qilishga majbur bo‘lgan muhojir jadidlarni ham chuqur qayg‘uga soldi.

 

Obidjon Mahmudning vafoti munosabati ila Mustafo Cho‘qay tomonidan “Yosh Turkiston” jurnalining 1937-yil iyul-avgust sonlarida bir xotira e’lon qilingan. Ushbu yodnoma Obidjon Mahmudning hayoti va faoliyatiga doir hali bizga ma’lum bo‘lmagan qirralar to‘g‘risida ma’lumot beradi. Qayd etish joizki, ushbu noyob xotira – Obidjon Mahmudning hayoti va faoliyatini o‘rganish tadqiqotchilar nazaridan chetda qolgan.

 

Mustafo Cho‘qay xotira maqolasining kirish qismida: “Obidjon Mahmudning Toshkentda vafot etganligi bildirilmakdadir. Bu xabar Obidjon Mahmudni tanig‘on butun turkistonliklar yuragida so‘ngsiz bir qayg‘u uyg‘otajakdir. Uni deyarli butun turkistonliklar tanirdi. Asli qo‘qonlik Obidjon Turkistonning har tarafida mashhur bir shaxsiyat edi. Ayniqsa uning shuhrati 1917-yilgi inqilobdan keyin ko‘p kengaydi. Shaxsan, men ham uning-la yaqindan do‘stlashmog‘im 1917-yili aprelinda to‘plang‘on Birinchi Turkiston inqilobchi ijtimoiy tashkilotlari qurultoyindan boshlandi. U bu qurultoyg‘a Qo‘qon vakili sifatida qatnashg‘on edi. Favqulodda muvaffaqiyatli chiqishlari va faoliyati uni tezgina jamoat xodimlarimizning oldi safiga chiqarib yubordi. Shu zamondan boshlab Obidjon bizning butun viloyat ham o‘lka konferens va boshqa to‘planishlarimizg‘a saylana bordi. Qo‘qonning savdo va umuman ish muhiti ham uni yaxshi tanir va unga yaxshi qiymat berar edi. Shuni unutmasliq kerakki, Qo‘qon Turkistonning paxtachiliq markazi va eng boy shahri sanalar edi. Eng katta rus korxonalari va banklari, ularning Qo‘qondagi sho‘balari bo‘lur edi. Shuning uchun bu yerning savdo va ish doirasi ichiga kira bilmak u qadar ham oson emas edi. Obidjon o‘zi nutqi kuchli odam ham emas edi. Unga bu doiralar amaliy ish belgisi, har turli mushkulotdan chiqish yo‘lini tez topa bilish qobiliyati uchun ko‘p qiymat berarlar edi. Qo‘qon aholisi uni ko‘p sevar va unga so‘ng darajada yuksak qiymat berar edi”, deb yozadi.

 

Mustafo Cho‘qay ushbu xotira maqolasida Obidjon Mahmudovning Turkiston Muxtoriyati va undan keyingi murakkab davrlardagi faoliyati xususida ham qimmatli ma’lumotlarni keltirib o‘tgan: “Bolsheviklar bilan qurolli to‘qnashish bo‘lg‘on zamon Obidjon Qo‘qonda emas edi. Arzoq (oziq-ovqat) oluv uchun Qo‘qon milliy hukumati tarafidan Shimoliy Kafkaziyaga yuborilg‘on Obidjon Buxoroda to‘xtab qolg‘on edi. U yerda ham bo‘sh o‘tirmadi, umumiy harakat etuvimizni yo‘lg‘a qo‘yish uchun buxoroliklar bilan muzokara yuritdi. Amir Olimxon va uning ma’murlari bizning Rusiyadan ayri mustaqil siyosat yurtimizni istamaslar va o‘zlari hech bir suvratla Rusiya va uning himoyasindan ayrilmoqni xohlamaslar edi… Shu Shimoliy Kafkaziyaga yuborilg‘on kundan, ya’ni 1918-yili yanvar boshindan so‘ng men Obidjonni ko‘ra olmadim. Buning-la barobar men uzoqdan har zamon uning turmush va faoliyatini kuzatib keldim. Uni necha martalab qamadilar. Turkistondag‘i sovet siyosatining tubdan o‘zgarishi shart ekanligi haqida ochiq so‘ylag‘on bir necha turkistonlikning biri ham shu Obidjon edi. Munavvarqori kabi Obidjonga ham qulayliq bilan mamlakat tashqarisiga chiqib ketish taklifi berilgan edi. Biroq u ham vatanda qolishlikni tanladi…”.

 

Obidjon Mahmudning “Yosh Turkiston” jurnalida chop etilgan surati.

 

Obidjon Mahmudga mustamlakachi ruslar tomonidan “Obid Chatoq” nomli haqoratomuz laqab berilgan. Mustafo Cho‘qay “Chatoq” laqabi aslida uning xarakteriga mutlaqo uyg‘un bo‘lmag‘on bir laqab ekanini, agar Obidjon o‘zida axloq nuqtayi nazaridan biror kamchilikni sezadigan bo‘lsa uni darhol bartaraf etishga kirishadigan ziyoli kishi bo‘lganini, u o‘z millati uchun katta xizmatlar qilishga intilgani sabab rus bolsheviklari uchun “chatoq”liklar chiqarganini yozadi.

 

Jumladan, Mustafo Cho‘qay Muxtoriyat qonga botirilganidan keyin Qo‘qon shahar boshlig‘i etib tayinlangan Gurpich va Obidjon Mahmud o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahsni quyidagicha eslaydi: Obidjon Qo‘qon baladiya raisligiga saylang‘on edi va uning bu yerdagi faoliyati so‘ng darajada samarali bo‘lg‘on edi. U shahar ta’mir ishlarida eski shaharni yangi shahar bilan tenglash uchun ko‘p kurashdi. Uning shahar boshlig‘i sotsialist revolyutsioner Gurpich bilan bo‘lg‘on bir munoqashasini shaxsan o‘zim o‘tirib tinglag‘on edim. Ular ko‘pdan bir-biri ila yaqin tanish edilar. Muzokara yangi shaharda bir necha ko‘chaga tosh yotqizish ustida edi. Obidjon shahar boshlig‘ini to‘xtatdi va “Masalani umumiyat-la Qo‘qon shahrining ta’mir va islohi ustida qo‘yish kerak. Eski shaharda tashlang‘on yo‘llar bo‘lmag‘oni kabi ko‘chalarda-da yetarlik darajada yorug‘liq ham yo‘q. Shuning uchun bunday tuzatuv ishini eski shahardan boshlash kerak. Biz siz bilan eski do‘stlarmiz. Endi tortisha boshlasak bir-birimizga teskari, hamda jiddiy qarama-qarshi bo‘lib qolamiz. Har turli ta’mir va islohot ishi eski shahardan boshlanishi lozim”, dedi. Obidjonning uddaburonligini avvaldan bilgan Gurpich menga qarab kulib: “Bu bekorga “Chatoq” deb atalmag‘on. Bu bilan tortishish qiyin. Chunki uni fikridan qaytarish hech mumkin emas”, dedi. Obidjon haqiqatdan ham shunday bir kishi edi. Uni rus ishchilari doirasi, ayniqsa soldatlar hech yoqtirmas edilar. Bu ham g‘oyatda tabiiy, anglashirliq bir narsa edi. Chunki Obidjon ularning Turkiston xalqi ustidagi mutlaq hokimiyatlariga mone bo‘lib turg‘on eng muhim to‘siq edi.

 

Obidjon Mahmudovga sovet mustamlakachilari tomonidan “Obid Chatoq” deb laqab berilgani uning bosqinchilar oldida hech qachon bosh egmaydigan, qat’iyatli va kurashchan xarakter egasi bo‘lganidan darak beradi. Aynan shu mustahkam pozitsiyasi tufayli u mustamlakachi kuchlar uchun “Chatoq” shaxsga aylangandi.

 

Maqolamizni Mustafo Cho‘qayning Obidjon Mahmudga bag‘ishlangan quyidagi so‘zlari bilan yakunlashni lozim topdik: “Uning ismi Turkiston qurtulish [ozodlik] harakati tarixinda mumtoz bir o‘rin tutgani kabi, uning aziz xotirasi ham Turkiston millatparvarlari ko‘nglida abadiy yashajakdir. Uning aziz ruhi qarshisida hurmat bilan bosh egamiz va tuprog‘ining yengil bo‘lishini tilaymiz”.

 

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1)                N.Karimov. Farg‘ona jadidlarining sarvari // “Vodiynoma” jurnali. 2016-yil 1-son. – B. 63.

2)                Doktor A.O‘qtoy. Turkiston milliy harakati va Mustafo Cho‘qay [Nazarbek Rahim tarjimasi]. – T.: “Navro‘z” nashriyoti. 2019. – B. 76-77.

3)                Komilov Nodirbek. Turkiston jadidlaridan Obidjon Mahmudovning hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy faoliyati (1871–1936 y.y.). Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (phd) dissertatsiyasi avtoreferati. Andijon – 2021. – B. 17.

4)                Mustafo Cho‘qay. Obidjon Mahmud // “Yosh Turkiston”. 1937-yil iyul-avgust. – №. 92-93.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

14:06 / 11.06.2025 0 43
Hamzaning “maktublari”





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//